Barcha olamlarning Parvardigori bo'lgan Alloh taboraka va taologa hamdu sanolar bo'lsin!
“Elchilarning Imomi” Janobi Payg'ambarimiz Muhammad Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga salovotu shariflar bo'lsin!
Qabriston – insonlarning bu dunyodagi eng so'nggi manzili. Har birimiz shuncha ming-ming yillardan buyon rishtalari uzilmay davom etib kelayotgan qaysidir odamlarning zurriyotlarimiz. Kelajak avlod bizni yaxshilik bilan yodga olib turishi uchun ham biz o'zimizdan oldin o'tganlarni xotirlab turishimiz, shu an'anani farzandlarimizga qoldirib, ular ong-tafakkuriga singdirib ketishimiz zarur. Ana shu burch, ana shu zarurat, jumladan, har birimizdan qabristonlarimizga nihoyat darajada e'tiborli bo'lishni taqozo etadi.
Har bir insonning jamiyatda o'z o'rni, mavqei, izzat-hurmati bo'lgani kabi, u o'tganidan keyin ham ortda qolganlar xotirasida shu izzat-hurmat saqlanishi kerak. Muqaddas dinimizda o'tganlar qabrini ziyorat qilish ham eng katta savoblar qatoriga kiritilgan.
Azizlar, o'tganlarimizni yodga olib, ularning ruhlarini shod etish ulug' savobli amallardandir. Zero marhumlarning hoki poklari qo'nim topgan maskanlarni obod qilish va ularning haqlariga duolar qilish – barchamizning insoniy burchimizdir. Bu haqda Alloh taolo O'zining Kalomi majidida marhamat qilib aytadiki: “Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: “Ey Rabbimiz! O'zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o'tganlarni mag'firat etgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey Rabbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan!” (Qur'oni karim, Hashr surasi 10 oyat).
Ushbu oyatda insonning vafotidan keyingi haqlaridan biri uni yaxshilik bilan eslash, xotiralash va haqqiga xayrli duo qilish, mag'firat so'rash ekani aytilmoqda. Imom Nasafiy o'zlarining “Madorikut tanzil va haqoiqul ta'vil” nomli tafsirlarida keltirishlaricha, Hazrat Umar raziyallohu anhu oyatda zikr qilingan kishilar haqida: “Bu jamoaga Qiyomatgacha Islomda tavallud topganlar barchasi kiradi”, degan ekanlar.
Muborak dini mubinimizda o'tganlarimizning qabrlarini ziyorat qilish – sunnat amallardir. Janobi Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam Madinai munavvaraga kelganlaridan keyin shunday marhamat qildilar: “Sizlarga qabrlar ziyoratini taqiqlagan edim. Mana endi qabrlarni ziyorat etavering, zero u sizlarga oxiratni eslatadi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Demak, qabristonga borganda u erda yotgan marhumlarning ahvolini o'ylab, undan har kim o'ziga dars va ibrat olishi lozim.
Shunga qaramasdan, diyorimizning ayrim qabristonlarida ahvol ko'ngildagidek emasligi ma'lum bo'lib qolyapti. Afsuski, ba'zi mozorlar qarovsiz holda yotgani, u erda nomunosib xatti-harakatlar qilinayotgani, qabrlarni payxon qilinayotgani, qabr oralab, o'zboshimchalik bilan o'tish yo'li qilingani ayon bo'lmoqda. Shuningdek, ba'zi qabrlarning yillab (!) tozalanmagani ham juda tashvishlanarli holatlardir. Ayrim qabristonlarda chiqindilar yig'ilib yotganidan ham ko'z yumib bo'lmaydi.
Qabriston, aslini olganda, faqat Arafa, Hayit, Ramazon yoki boshqa bayramlar kunlari emas, balki muntazam e'tiborda bo'lishi lozim! Mahallalar, korxona va tashkilotlar jamoalari tashabbus ko'rsatib, yaqin hududlardagi kabristonlar, qarindosh-urug'larining xilxonalarini tozalab, obod etishga bosh qo'shishga, qabristonlarni obodonlashtirish ishlariga bel bog'lasak, ayni muddao bo'lar edi.
Taassufki, shu kunlarda qabristonlar yoki uning yonidagi biror joyga keluvchilar qabriston oralab, mozorlarni bosib kelish holatlari kuzatilayotgani, qabristonga ziyoratga borganda ziyorat odoblariga rioya qilinmayotgani, xususan, qabrlarni bosish, oyoqosti qilish va boshqa shu kabi holatlari uchramoqda.
Islom dinimizda vafot etganlarga ehtirom ko'rsatish, musulmon kishi tiriklar tugul, mayyitlarga ham ozor bermasligi haqida ko'p bayon etilgan. Barcha o'tgan ajdodlar xotirasini ulug'lash, ularga hurmat-ehtirom ko'rsatish va qabristonlarni obodonlashtirish – ham diniy, ham dunyoviy burchimizdir!
Halqimizda “mozorga, bozorga e'tibor bergan elning kelajagi bor” deb bejiz aytilmagan. Ajdodlar xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, o'tganlarimizning manzil-makonlarini obod qilish, ozoda saqlash – tengi yo'q savobli ish!
Demak, qabristonlarni obod qilish, qabrlar atrofini tartibga keltirish va mozorlarni payxon qilmaslik har birimizning muhim ishlarimizdan ekanini unutmasligimiz zarur.
Qabristonlarni toza tutish, manzarali daraxtlar va gullar ekib obod qilish xayrli va namunali ishlardan sanaladi. Shariatimizda qabrlarni bosib, ustidan o'tish makruh hisoblanadi. Demak, insonning qadri shunchalik ulug' va aziz, yuksak va balandki, u tiriklik davrida ham, vafot etgandan keyin ham birdek hurmatga loyiq zotdir!
Yana shu narsani ta'kidlash lozimki, bizning dono xalqimiz vafot etgan marhumlar qabrlarini muntazam ziyorat qilib turish bilan birga, ularning qabr va mozorlarini ko'rkamli xolatga keltirib qo'yishni ham chiroyli odat tusiga aylantirganlar.
Yoshi ulug' insonlarimiz vaqti-vaqti bilan o'z farzandlari, nabiralari, evaralarini qabristonga olib kelib, ajdodlari yotgan makonni ziyorat qilishi: «Bu erda buvang, bu erda buving, bu erda tog'ang, bu erda amaking, bu erda xolang, bu erda ammang... yotibdi», – deb tushuntirishi, o'tganlarning yaxshi ishlarini eslab, yod etishi, qabriston atrofini tozalab turishni o'rgatishi, ushbu joyning muqaddas va aziz ekanligi to'g'risida pand-nasihatlar berishlari dinimizning ham, xalqimizning ham maqsadiga muvofiq bo'ladi.
Dono xalqimiz “bu dunyo – qaytar dunyo” deb bejiz aytmagan. Hozir biz bu dunyodan o'tganlarimizga qanday munosabat qilsak, ertaga bizga ham farzandlarimiz shuni o'zginasini qaytaradilar... Voyaga etayotgan farzandlarimiz ongiga avlodlarimiz qabrini ziyorat qilib turishning muhim (!) ligini singdirib borish ulkan tarbiyaviy va ma'naviy ahamiyatga ega. Bugun biz farzandlarimizni u erga olib borib, o'z ajdodlarimiz yotgan joyni ziyorat qilib, qabr atrofini saranjom-sarishta tutishni o'rgatsak, bu beqiyos odat keyinchalik ulg'aygan farzandlarimizga bebaho ma'naviy boylik bo'lib qoladi. Zero, shuni unutmasligimiz kerakki, buni odat qilgan kishilar oilasida doim qut-baraka bo'ladi. Ko'ngliga avlodlar ruhi singgan yoshlar hargiz adashmaydi va hech qachon yomon yo'lni tutmaydi.
Yoshlarimizni milliy qadriyatlarimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash, yurtimizdagi tarixiy qadamjolarni, qabriston va ziyoratgohlarni obod qilish va bu kabi joylarni qadrlash kabi tuyg'ularni ularda shakllantirishga joylardagi jamoat tadbirlarida alohida e'tibor qaratish – ham zamon-ham davr talabi, ham hayot-ham shariat talabidir!
Qabr ziyorati muborak juma, yakshanba, dushanba va payshanba kunlari bo'lganda fazilati ko'proq hisoblanadi. Hasan Basriy rahmatullohi alayhi hazratlari aytadilar: "Ziyoratning afzali – ota-onaning qabrini ziyorat qilmoqdir. Ziyorat qilmoqqa kunlarning afzali odina, ya'ni, juma kunidir. Bu kunda tiriklarni ko'rsa xush bo'ladur. O'liklar ham ushbu kunda xushvaqt va osudadir".
Yoshlarda ajdodlarga bo'lgan hurmat va ehtirom tuyg'usini oshirish, ularga munosib voris bo'lish va ajdodlar ruhini shod etish insoniy fazilat ekani haqida ma'rifiy tadbirlarda ma'ruzalar qilish;
qabristonlarda yo'laklarga shag'al va beton yotqizish, gul va manzarali daraxt ko'chatlari o'tqazish masalalariga katta e'tibor berish zarur.
Shu o'rinda qabriston ziyorati odoblarining ba'zilarini keltirib o'tamiz:
1. niyatni to'g'rilamoq, ixlos bilan ibrat uchun ziyorat qilmoq.
2. tahoratli bo'lmoq;
3. qabristonga ayollar ochiq kiyimlarda kirmaydilar;
4. qabristonga kirishda ahli qabrlarga salom bermoq.
Hazrati Burayda raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sahobai kiromlarga, qachon ular qabristonga borsalar, ushbu duoni ta'lim qilar edilar:
“Assalomu alaykum, ey bu diyorning mo''min-musulmonlari! Hudo xoxlasa, bizlar ham sizlarga kelib qo'shilurmiz. Alloh taolodan bizlar va sizlar uchun ofiyat – tinchlik-omonlik tilayman!” (Imom Muslim, Imom Nasoiy, Imom Ibn Moja rivoyatlari);
5. qisqa muddat bo'lsa ham, dunyo ishlarini unutib, oxiratni o'ylamoq;
6. qabristonda viqor bilan, vazmin, sokin yuriladi. Baland ovozda so'zlanmaydi. Ehtiyoj zarur bo'lsa, zaruriy so'zlarni ohista va odob bilan gapiriladi;
7. qabr yoniga borganda qabrdagi zotga salom beriladi;
8. qabrlarni bosmaslik kerak, Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Birontangiz qabrning ustiga o'tirgandan ko'ra, cho'g'ning ustiga o'tirganingiz va cho'g' kiyimlaringizni kuydirib, teringizgacha etgani yaxshiroqdir”, – dedilar (Imom Muslim rivoyatlari);
9. o'tganlar qabri yoniga borganda dodlab, qabr ustiga o'zini tashlash, har xil nojo'ya so'zlarni aytishdan tilni tiyish zarur;
10. qabr yonida sham, pilik yoqish, daraxtlarga latta bog'lash makruh;
11. qabr toshini, temirlarini o'pish, qabrni aylanib tavof qilish makruh;
12. erkak-ayol aralashib, qabr ziyorati qilish makruh;
13. qabrga sag'analar qurish, marmar tosh qo'yish makruhdir, chunki qabrlardan o'sgan giyohlarni o'sishiga to'sqinlik qiladi. O'simliklar Alloh taologa tasbeh aytadi. Ularning tasbehlari sababli o'sha joyda yotgan mayyitlarga Allohning rahmati yog'ilib turadi;
14. belgi uchun kichikroq toshga qabrdagi zotni ismi, otasining ismi yozilishi mumkin;
15. qabristondagilarga atab, farzand tilab jonliklar so'yish man etiladi. Janobi Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam musulmonlarni bunday ishlardan qaytarib, o'z hadisi shariflarida: “Islom dinida mozorga atab hayvonlar so'yish yo'qdir”, – deganlar;
16. qabristonga borganlar hojatlarini qabrdagi zotdan emas, balki yordamni, najotni yolg'iz Allohdan tilamoq lozim;
17. qabr boshida, qabrlar zich bo'lsa, qabrlarni bosmaslik uchun yaqinroq joyda Qur'on tilovat qilinishi lozim;
18. ziyoratdan so'ng yana behad sokin va vazmin holatda chiqib ketiladi. Chiqish vaqtida qabrga ta'zim qilish joiz emas.
“Ota-onang, qarindosh qayon ketdi fikr qil –
To'rt oyoqli cho'pin ot bir kun senga etaro...”
(Ahmad Yassaviy)
Hulosa: inson bu dunyodan o'tganidan keyin ham uning ruhi abadiy qoladi. Biz o'tganlarimiz yodi bilan yashaymiz. Ular xotirasi – hammamiz uchun ulug' qadriyat! Kelinglar, shu muqaddas qadriyat va xotira oldidagi burchimizni teran anglaylik!
Ibrohimjon INOMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati