frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Nurul izoh: HAJ KITOBI (3-qism)

17.11.2020   9807   17 min.
Nurul izoh: HAJ KITOBI (3-qism)

Jinoyatlar

(Hajda qilinishi taqiqlangan amallar)

Jinoyatlar:

a) ehrom talabini bajarilmaganlik;

b) Harami Sharif hurmatini toptash sababli sodir bo'ladi.

  1. Agar farz tavofni tahoratsiz bajarsa, bitga qo'y, junub holda bajarsa, bitta tuya so'yishi vojib.
  2. Vojib sunnat yo tavoflarni tahoratsiz qilsa, bitta fitr sadaqasi miqdorida sadaqa berishi, junub holda qilsa, bir qo'y so'yishi kerak bo'ladi.
  3. Ayol hayz yo nifos qon to'xtamay vojib va sunnat tavoflarni bajarsa, bir qo'y, farz bo'lgan tavofni bajarsa bir tuya so'yadi.
  4. Hayzda, nifosda yoki junub bo'lib tavof qilgach, poklanib, g'usul qilib, qaytadan tavof qilsa, lozim bo'lgan jazo afv etiladi.

Tavofni istisno qilgan holda, hajning butun farz, vojib va sunnat amallarini junub, hayz va nifosli holda bajarish mumkin.

Jinoyatlar

  1. Qurbonlikni vojib qiladigan jinoyatlar.
  2. Fitr sadaqasini berishni vojib qiladigan jinoyatlar.
  3. Fitr sadaqasidan ham ozroq miqdorda jazo beriladigan jinoyatlar.
  4. Berilgan zararning o'rnini qoplash, qiymatini to'lashi lozim qiladigan jinoyatlar.

Qurbonlik so'yishni vojib qiladigan jinoyatlar

Haj asnosida badaniga xushbo'ylik surish, boshiga xina qo'yish, zaygun yog'i yoki har xil yog'lar bilan sochini yog'lash, bir kun davomida tikilgan libos kiyish, boshini berkitish, sochning to'rtdan bir qismini oldirishi, bir erda ikki qo'li va ikki oyoqning tirnoqlarini olish, hajning vojiblaridan birini tark qilish.

Fitr sadaqasi miqdoricha sadaqani vojib qiladigan jinoyatlar

Bir a'zoning ozigina qismiga hushbo'ylik surish, bir kundan ozroq muddat tikilgan kiyim kiyish yoki boshni yopish, sochning to'rtdan bir qismidan ozrog'ini oldirish, bitta barmoqning tirnog'ini olish, qudum yoki vado tavofini tahoratsiz qilish, vido tavofining birini qoldirish yoki shaytonga tosh otishda belgilangan etti toshdan birini otmay qoldirish.

Kishi bit, burga, chigirtka o'ldirgani uchun fitr sadaqasidan kam miqdordaga istagan sadaqasini beradi.

Zararning o'rnini qoplash, qiymatini to'lashni lozim qiladigan jinoyatlar

Ovlanadigan hayvonni o'ldirish. Hayvon o'ldirilgan joyida ishonarli ikki kishi tomonidan qiymati baholanadi. Agar hayvon bitta qurbonlik qiymatiga teng bo'lsa yo qurbonlik sotib olib so'yadi yoki qurbonlik qiymatida taom olib, yarim so'dan faqirlarga tarqatadi. Yoki yarim so' berish o'rniga bir kundan ro'za tutadi. Qarg'a, kalxat, chayon, ilon, quturgan it, toshbaqa kabi ov hayvoni bo'lmagan hayvonlarni va pashsha kabi barcha hashoratlarni o'ldirganga jazo yo'qdir.

Qurbonlik (hady)

Hady Harami Sharifda so'yib, qurbat hosil qilish uchun u erga in'om qilingan katta yoki kichik boshli qurbonlik hayvonidir. Bu tuya, sigr yoki qo'y bo'lishi mumkin. Qurbonlik qilinishi joiz bo'lgan hayvonlar hady o'laroq so'yilishi mumkin. Ko'r, cho'loq va shunga o'xshash aybi bo'lmasligi shartdir. Ziyorat tavofini junub bo'lib ado etganlik va Arafotda vuqufdan oldin jinsiy aloqa qilishdan boshqa barcha jinoyat uchun qo'y so'yishi kifoya qiladi.

Bu ikki jinoyat uchun esa sigir yoki tuya qurbonlik qilish vojib bo'ladi.

Qurbonlikni so'yish vaqti

Qiron va Tamattu' hajlari uchun jonliq Qurbon hayitining uch kuni ichida (aqabada) tosh otganidan so'ng so'yiladi.

Qurbonlik so'yiladigan joy

Hady joyi Harami Sharifdir va qurbon kunlari so'ymoqchi bo'lsa, minoda so'yish sunnatdir. Boshqa kunlarda Makkada so'yish afzal. Nazr qilingan tuyani Harami Sharifda so'yish shart emas.

Payg'ambarimizni, sollallohu alayhi va sallam, ziyorat qilish

Alloh taoloning inoyati bilan hajni ado etgan hoji Payg'ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam, shaharlari Madinai Munavvaraga borib, muborak qabrlarini ziyorat qilishi lozim.

Bu ziyorat eng fazilatli mustahab ibodatlardandir. Ba'zi kitoblarda vojib ham deyilgan. Bu erni ziyorat qilish mo'min uchun sharaf va ulug' baxtdir. Bu erda hojining qalbi Nabaviy nurlarga to'lib toshadi. Muhammadiy barakot uning har tarafini qamrab oladi. Ruhi samolarga yuksalib, qalbi gunohlardan pok bo'ladi va umrining qolgan qismida Payg'ambarimiz shafoatlaridan fayz oladi. Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, shunday deganlar: «Qabrimni ziyorat qilgan kishiga qiyomat kuni shafoatim vojib bo'ladi».

Shuningdek, bu xususda Payg'ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, yana shunday marhamat qilganlar: «Vafotimdan so'ng meni ziyorat qilgan kishi, hayotlik davrimda ziyorat qilgan kishi kabidir». Boshqa bir hadisda esa: «Kim Baytullohni haj qilib, meni ziyorat qilmasa, menga jafo qilgan bo'ladi», deganlari rivoyat qilinadi.

Payg'ambarimizni ziyorat qilish maqsadida yo'lga chiqqan hoji ko'p salavot aytmog'i lozim. Madina devorlarini ko'rgach, «Allohumma haza haromu nabiyyika, vaj'alhu viqoyatan liy minan-nar va amanan minal-azobi va suil hisabi», deb duo qiladi. (Ma'nosi: Parvardigorim! Mana shu sening Rasuling hazrat Muhammadning, sollallohu alayhi va sallam, harami, abadiy istirohatgohi, bu erni men uchun do'zax otashidan himoya vositasi qilgin, azob va og'ir hisob berishdan ozod bo'lishimga bir sabab qilgin).

So'ngra yuvinib, xushbo'ylik sepadi va eng go'zal, yangi liboslarini kiyadi. Chunki bu hurmat va ehtiromga eng loyiq amaldir. So'ng tavoze', viqor bilan Madinaga kiradi va ravzai muborakni ziyorat qiladi. Payg'ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam, minbarlari bilan qabrlari orasida ikki rakat namoz o'qiydi. Chunki u zot, sollallohu alayhi va sallam, «Qabrim va minbarim orasi jannat bosharidan bir bog', minbarim esa hovuzimning ustidadir», deganlar.

So'ngra bunday sharafga muvaffaq qilgani uchun Alloh taologa shuqr sajdasi qiladi va xohlagan duosini o'qiydi. Bundan so'ng o'rnidan turib, Payg'ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam, qabrlariga yuzlanadi va qabrning bosh tarafida qiblaga qarab, namozga turgandek, qad rostlaydi va: «Ey Rasululloh, sizga Allohning salomi, marhamati va barakoti bo'lsin! Assalomu alayka, yo Rasululloh! Assalomu alayka, yo xayri xalqulloh! Allohdan boshqa iloh yo'qligiga iqrorman va Allohning sherigi yo'qdir. Siz Uning bandasi, rasuli va amini ekanligingizga iqrorman. Guvohlik beramanki, siz risolat (Payg'ambarlik vazifalari)ni batamom etkazdingiz va omonatni egalariga toshpirdingiz. Ummatingazga nasihat qilib, ularga to'g'ri yo'lni ko'rsatdingiz, kufr va jaholatni yo'q qildingiz. Biz tufayli Alloh Sizga boshqa ummatlari tufayli payg'ambarlarga bergan mukofotlardan ham ziyoda ajr mukofotlar bersin», deydi.

So'ngra Allohdan ehtiyojlarini so'raydi. Chunki bu er duolar ijobat bo'ladigan, yaxshi talablar ravo ko'riladigan xayrli maqomdir. Hajni ado etib, Payg'ambarimizni, sollallohu alayhi va sallam, ziyorat qilgan kishi qalbi pok, yangi tug'ilgandek barcha gunohlardan forig' bo'lgan holda vataniga qaytadi. Alloh taolo bizlarni ham Baytullohni haj qilishga va Rasulullohning, sollallohu alayhi va sallam, ravza va qabrlarni ziyorat qilishga muvaffaq aylasin. Shubhasiz, Alloh mo'minlarning duolarini ijobat qilguvchi Zotdir. Omin.

Takrorlash uchun savollar

  1. Hajni ta'riflang, hukmlarini, hikmatini va farz bo'lish dalilini aytib bering.
  2. Hajning farz bo'lish sababini, bajarilishi va sahih bo'lishining shartlarini bayon qiling.
  3. Hajning arkonlarini, vojib va sunnatlarining eng muhimlarini sanab, vaqtini aytib bering.
  4. Ehromni ta'riflab, nima uchun ehromga kirish lozimligini bayon qiling. Ehromga kirish joylarini ayting.
  5. Ehromga kirgach, haj ado etilgunicha qilish lozim bo'lgan amallarini tartibi bilan aytib bering.
  6. Umrani ta'riflang, hukmlarini ayting? Qachon va qayerda umra uchun ehromga kiriladi? Umraning ruknlari, shartlari va vojiblari nimalar?
  7. Umraning bajarilish tartibi va hajdan farqli tomonlarini ayting.
  8. Qiron hajini ta'riflab, hukmini, shartlarini va ado etish tartibini tushuntiring.
  9. Tamattu' hajini ta'riflab, hukmini, shartlarini va bajarish tartibini tushuntiring. Makkaliklar nima uchun Qiron va Tamattu' haj qila olmaydilar?
  10. Ehromga kirgan kishining hajga zarar beruvchi harakatlari necha qismga bo'linadi? Har bir qism haqida ma'lumot bering.
  11. 1 Haj qurbonligini (hady) ta'riflang. Hady qachon va qayerda so'yiladi?
  12. Payg'ambarimizni, sollallohu alayhi va sallam, ziyorat qilishi xususida ma'lumot bering.

Qurbonlik va nazr

Ma'lumki, Ibrohim, alayhissalom, o'zlaridan so'ng adashganlarni to'g'ri yo'lga chaqirish vazifasini bo'yniga oladigan o'g'il farzand ato qilishini Allohdan yolvorib so'rardilar. Shu bois o'g'il ko'rsalar, o'zi sevgan, eng qimmatli narsani Alloh yo'lida qurbon keltirishni nazr qilgan edilar. Intizor kutilgan yillar so'ngida Ismoil, alayhissalom, dunyoga keldilar va oradan ko'p o'tmay, otalarining Allohdan keyin eng sevikli va qiymatli kishisiga aylandi. Bu xursandchilik kunlarida Ibrohim, alayhissalom, va'dalarining ustidan chiqish uchun juda ko'p qo'y va tuyalarni qurbon qilsalar ham, tushlarida har safar ushbu nidoni eshitib uyg'onardilar:

– Ey Ibrohim, so'zingning ustidan chiqmayapsan, eng suyukli narsangni qurbon qilishing kerak edi.

Shunda u zot farzandlari Ismoilni, alayhissalom, qurbon qilishi kerakligini fahmladilar. Hazrat Ismoil, alayhissalom, ham masalaning mohiyatini yaxshi angladilar, rozi bo'ldilar.

Ibrohim, alayhissalom, o'g'lini olib, ham qayg'uli, ham Allohning amriga taslimiyat bilan o'g'illarini qurbonlik qilish uchun Minoga bordilar. Hazrat Ismoil, alayhissalom, ham dadasiga, ham Robbiga itoatkor edi. Hech qanday to'sqinlik qilmay, osuda ko'ngil bilan, otalarining jasoratini oshiruvchi so'zlar aytib, yo'lga chiqdilar. Hazrat Ibrohim, alayhissalom, endigina pichoqni o'g'lining bo'g'ziga tiragan choqda, farishtalar sultoni Jabroil, alayhissalom, bir qo'chqorni ko'tarib erga tushdilar. Allohning buyrug'i bajarildi. Amrdan murod Ismoilni, alayhissalom, bo'g'izlash emas, balki Allohga itoatkor banda ekanini sinash-ko'rsatish edi.

Ibrohimning, alayhissalom, bu qahramonligini doimo yodda tutish va nafs ziqnaligini qalbdan o'chirib, Alloh uchun eng qimmatli dunyo molidan voz kecha olishlari uchun mo'minlarga, qurbonlik qilish buyurilgan. Qurbonlik qilgan mo''minning oilasiga bir ziyofat kabi Allohning lutfi ehsoni yog'iladi. Qurbonlik ibodatning bolalarni juda kichik yoshdan dinsevar ruhda tarbiya qilish, faqir xonadonlarga go'sht ulashib, ularni xursand qilish, musulmonlar orasida o'zaro yordam ruhi kuchayishi kabi ijtimoiy foydalari ham bor.

Qurbonlikka oid hukmlar

Qurbonlik qilish Imomi A'zam va Imom Muhammadga ko'ra, vojib, Imom Abu Yusufga ko'ra, sunnatdir.

Muqim, hojati asliyadan ortiqcha mollarining qiymati zakot nisobiga etgan kipsh o'z hisobidan qurbonlik so'yadi. Hotini, bola-chaqasi uchun qurbonlik qilishga majbur emas. Ularning mulklari bo'lsa, o'zlari alohida qurbonlik qiladilar. Biroq boy ota balog'atga etmagan farzandlari nomidan qurbonlik qilishi kerak degan olimlar ham bor.

Qurbonlik uchun qo'y, sigir, tuya kabi hayvonlar so'yilishi mumkin. Yetti kishi birgaliqda katta bosh hayvon so'yishlari ham mumkin. Ularning bari musulmon va boy, qurbonlik qilish niyatida bir joyga to'plangan bo'lishlari kerak. Ulardan biri kofir yoki uyiga go'sht olib borish uchun sheriklik qilgan bo'lsa, bu etti kishining qurbonligi joiz emas. Bu etti kishi teng sherik bo'lishlari shart. Oralaridan hatto bir kishining hissasi ettidan bir ulushdan kam bo'lsa, qurbonlik joiz emas. Ikki yoki uch kishi sheriklikda qurbonlik qilishlari ham mumkin.

Qurbon hayitining birinchi kuni hayit namozidan so'ng hayitning uchinchi kuni shomgacha qurbonlik qilish mumkin. Kishiga qurbonlik qilish vojib yo vojib emasligi uning ayni o'sha paytdagi ahvoliga ko'ra ma'lum bo'ladi. Masalan, hayitning uchinchi kuni quyosh botay deganda boy bo'lib, qurbonlik qilishga qodir kishi darrov qurbonlik qilinishi lozim. Huddi shu paytda mol-mulkidan ajralib qolgan kishi, hayitning ilk kunlarida bu ishga qodir bo'lgan bo'lsa ham, unga jonliq so'yish vojib emas. Belgilangan muddatda qurbonlik qilolmasdan, vaqtini o'tkazib yuborgan kishi qurbonlik hayvoni yo uning qiymatini kambag'al kimsaga sadaqa qilib, qarzidan qutuladi.

Olti oylik qo'zi, besh yashar tuya, ikki yillik mol (sigir), tug'ilishda shoxsiz bo'lgan katta-kichik hayvonlarni qurbonlik qilish mumkin. Bir yoki ikki ko'zi ko'r, tik turolmaydigan darajada kuchsiz, so'yiladigan joygacha yurib borolmaydigan darajada nimjon hayvonlar qurbonlik qilinmaydi. Chunki Alloh taolo oyati karimada: "Molingizning sizlarga eng qimmatligidan Alloh uchun fido qilmaguingizcha, ehson qilguvchilardan bo'la olmaysiz" (mazmuni) deb amr etgan.

Qurbonlik go'shtining bir qismini o'zi oilasi bilan esa, uchdan bir qismidan kam bo'lmaganini kambag'allarga, bir qismi esa boy qo'shnilarga ham tarqatiladi. Oilada ko'pchilik bo'lsa, qo'shnilarga tarqatmay, go'shtni to'liq uy ichida ishlatishi ham mumkin. Qurbonlik so'yuvchi hayvon terisini vaqf muassasalariga berishi mumkin yoki o'z ehtiyoji uchun ishlatishi mumkin.

Jonliqni egasi so'yishi juda fazilatlidir, buni eplay olmasa, o'rniga vakil qo'yadi. Faqat musulmon bo'lmagan kishiga so'ydirmaydi. Qurbonlikni "Bismillahi Allohu akbar (Ulug' Alloh nomi bilan)" deb Allohning ismini zikr qilib so'yadi.

«Shu maqsadim amalga oshsa, shu xil hayvonni qurbonlik qilaman», deb va'da qilish nazr deyiladi. Berilgan so'z, va'dani bajarish vojibdir. Nazr yo «shu ishim hal bo'lsa, falon payt shu xil jonliq so'yaman» kabi ma'lum bir payti aniq yoki «shu ishim amalga oshsa, shunaqa jonliq so'yaman» kabi payti noaniq bo'lishi mumkii.

Vaqti ma'lum nazrning vaqti kelsa, bajarilishi kerak. Vaqti noma'lum bo'lgan nazrlar sabab bo'lgan ishlar amalga oshganda qilinishi kerak. Nazr qilinadigan hayvon qurbonlikka joiz bo'lgan hayvonlardan bo'lishi lozim. Bunga ko'ra, nogiron hayvon va tovuq, xo'roz kabi qurbonlik qilinmaydigan hayvonlar nazr qilinmaydi. Nazr qilingan go'shtdan nazr qiluvchi ham, oila a'zolari ham emasligi kerak. Zakot berish joiz bo'lmagan kishilarga (yaqin qarindoshlar: ota-ona, farzand) berishi mumkin. Go'shtidan albatta kambag'allarga tarqatish kerak.

 

Kitob Allohning izni bilan bitdi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

25.08.2026   47617   5 min.
Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

Ba’zi shaharlarni kitobdan o‘qib tanimaysiz — ularni ko‘rish, his qilish, ko‘hna devorlariga boqish, tor ko‘chalaridagi tarix nafasini tuyish kerak. Buxoro dunyodagi ana shunday betakror, g‘aroyib shaharlardan biri hisoblanadi.

Ming yillik tarix, noyob me’moriy obidalar, qadimiy hunarmandchilik va boy madaniy meros uyg‘unlashgan Buxoro bugun nafaqat sayyohlarni o‘ziga chorlamoqda, balki zamonaviy media imkoniyatlari orqali dunyo auditoriyasiga yanada keng tanitilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahonga keng targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Malayziyaning “Universiti Teknologi MARA” oliy ta’lim muassasasi San’at, dizayn va media fakultetining talaba hamda o‘qituvchilaridan iborat 18 kishilik ijodiy guruh Buxoro viloyatida bo‘ldi, xabar bermoqda O‘zA.

Malayziyalik ijodkorlarning Buxoroga tashrifi oddiy turistik safardan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Ularning asosiy maqsadi — Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy obidalari, betakror me’moriy muhiti va turistik salohiyatini zamonaviy media platformalar orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishdan iborat bo‘ldi.

Ijodiy guruh vakillari shaharning har bir manzilidan o‘ziga xos syujet izladi. Ular uchun asrlar silsilasida qad rostlagan obidalar shunchaki tarixiy yodgorlik emas, balki zamonaviy avlodga so‘zlab berilishi lozim bo‘lgan ulkan tarixiy hikoyaga aylandi.

Malayziyalik yosh fotograf va dizaynerlar Ark qo‘rg‘oni, Labi Hovuz ansambli, Poyi Kalon majmuasi, qadimiy savdo toqlari, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chashmai Ayub kabi ko‘p asrlik tarixdan darak beruvchi maskanlarda tasvirga olish ishlarini olib bordi.

Shuningdek, ijodkorlar Buxoroning an’anaviy hunarmandchilik markazlariga tashrif buyurib, ustalarning mehnati, milliy san’at namunalari, qadimiy kasblarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jarayonlarini ham obyektiv orqali muhrlashdi.

Bugun axborot makoni jadal o‘zgarayotgan bir paytda biror mamlakat yoki shahar haqida tasavvur uyg‘otishning eng ta’sirchan vositalaridan biri — sifatli vizual kontent. Shu ma’noda, tashrif davomida tayyorlangan foto va videomateriallar “storytelling” — voqeani ta’sirchan hikoya qilish uslubida yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, bir suratda Buxoroning ko‘hna gumbazi, yana bir kadrda hunarmandning mohir qo‘llari, boshqa bir lavhada esa qadimiy ko‘chalardagi hayot aks etishi mumkin. Bu tasvirlar orqali Buxoro haqidagi ma’lumot oddiy matndan ko‘ra, ta’sirchanroq tarzda millionlab insonlarga yetib borishi mumkin.

Ijodkorlar tomonidan yaratilgan kontentlar ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube platformasi orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu esa Buxoroning turistik salohiyatini, avvalo, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari auditoriyasiga keng targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.

Bunday xalqaro ijodiy tashriflar Buxoroning turistik brendini yanada kuchaytirish, xorijiy auditoriyada shahar haqida yangi va jozibador tasavvur uyg‘otishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, bu jarayonda Buxoro tarixi muzeylarda qolib ketmayapti. U zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va ijodkorlar nigohida yangi avlodga yetkazilmoqda.

Buxoroning qadimiy ko‘chalarida olingan har bir kadr, hunarmand qo‘lidan chiqqan har bir buyum, obidalar bag‘rida aks etgan har bir lavha dunyoning turli burchaklaridagi insonlarni “Bu qanday shahar?”, “Uning tarixi qanday?”, “Men ham bu joyni ko‘rishni istayman” degan qiziqishga chorlashi mumkin. Bu esa turizm targ‘ibotining eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biridir.

Malayziyalik talaba va ustozlarning Buxoroga tashrifi yana bir muhim jihati bilan ahamiyatli. Turli madaniyat va ta’lim maktablariga mansub yosh ijodkorlar Buxoro misolida Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo madaniyatlari o‘rtasida yangi ijodiy ko‘prik yaratdi. Bu nafaqat turizm, balki madaniy diplomatiya, ta’lim va ijodiy hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.

Bugun Buxoroning ko‘hna obidalariga qarayotgan malayziyalik yosh fotografning kamerasida nafaqat tarix, balki O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi ham aks etmoqda. Ertaga ushbu tasvirlarni ko‘rgan minglab yoshlar Buxoroni o‘zlari uchun yangi, qiziqarli va albatta borib ko‘rishga arziydigan manzil sifatida kashf etishlari mumkin. Shu bois, bu tashrifni bir necha kunlik ijodiy safar emas, balki Buxorodan dunyoga yo‘l olgan ulkan vizual hikoyaning boshlanishi, deyish mumkin. Zero, tarixni asrash — uni kelajak avlodga yetkazishdir. Turizmni rivojlantirish esa ana shu tarixni dunyoga tanitish bilan chambarchas bog‘liq.

O‘tmishda Buxoro karvonlar yo‘li orqali dunyo bilan bog‘langan edi. Bugun esa uning tarixi kameralar, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar orqali butun dunyoga tarqalmoqda. Eng muhimi, bu jarayon davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yurtimizning turistik salohiyatini jahonga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonni yanada jozibador va raqobatbardosh turistik maskan sifatida namoyon etish yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari