Ilmsizlik va jaholat – jamiyatimizning eng katta dushmani, ayni paytda jamiyat uchun – katta ofatdir. Islom dini ilm-marifatga targ'ib etib, olamni nurga to'ldirishidan oldingi davrni bejizga johiliyat davri deb atalmagan. Yillab davom etadigan urushlar, qon to'kishlar, boy-badavlat kishilar tomonidan faqiru muhtojlarning mudom ezilishi, sudxo'rlik, zinokorlik, haromxo'rlikning avjiga chiqishi, budparastlik, otashparastlikning muqaddaslashtirilishi ayni johiliyat davrining eng ko'zga ko'ringan jihatlari edi. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ana shunday hayot kechirayotgan kishilarni ilmu ma'rifat bilan bir ota-onadan tug'ilgan birodarlardek ahil va inoq kishilarga aylanishlariga sabab bo'ldilar. Natijada, ilm-fan va madaniyatda butun dunyoga o'rnak va ustoz bo'ladigan avlodlar etishib chiqdi. Hususan, Movarounnahrdan etishib chiqqan ilm-fanning barcha sohasida peshqadam bo'lgan ulug' allomalar hozirgi zamon avlodlari bo'lmish – bizlarning faxru iftixorimiz sanaladilar.
Ming afsuslar bo'lsinki, hozirgi kunimizda ham ilm-marifatni qo'yib, jaholat yo'lini tutgan kimsalar ham yo'q emas. Ma'rifat dini bo'lmish Islom dinidan g'arazli maqsadlar yo'lida foydalanayotgan kuchlar ilmsiz yoshlarni yo'ldan urib, jaholat girdobiga tortayotgani sir emas. Minglab yoshlar turli oqimlarning ta'siriga tushib, ana shunday jaholat qurboniga aylangani ham barchaga ma'lum. Shuning uchun yoshlarni ilm olishga undash, kitob o'qishga targ'ib etish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri bo'lib qolmoqda.
Ma'lumki, jaholat va johillikning davosi – bir qancha bo'lib, ulardan eng asosiysi – kitob o'qishdir. Darhaqiqat, kitob o'qish qalb chigalliklarini yozadi, ko'ngilga huzur bag'ishlaydi, jaholatga barham beradi, turli-tuman vasvasalarni kishi ongidan quvib chiqaradi. Kitob –hayotning qorong'u yo'llarini yoritib boruvchi chiroqdir! Ko'p kitob o'qiydigan inson hayotda ulkan muvaffaqiyatlarga erishadi. Dunyoda ham, oxiratda ham insonga ilmdan ko'ra ko'proq foyda keltiradigan narsa yo'q! Shuningdek, jaholatdan ko'ra zararliroq narsa ham yo'q!
Mashhur sahoba hazrati Ali karramallohu vajhahu: “Insonlarning eng qadri ozi – ilmi ozidir” deganlar.
Ilmsizlik, jaholat insoniyatni tubanlikka, halokatga olib borishi muqarrar. Insonlar ilm orqali Parvardigorlarini taniydilar. Dunyo va oxiratlarini ilm bilan obod qiladilar.
Shafiq Al-Balxiy aytadilar: Biz odatda masjiddan chiqib, bir erga to'planib, gaplashib utirar edik. Ammo, Abdulloh Ibn Muborak biz bilan masjiddan chiqsada, suhbatimizga qo'shilmay ketar edi. Biz undan: “Nima uchun namoz o'qib bo'lganimizdan so'ng biz bilan birga o'tirmaysiz?”, – deb so'radik. U kishi: “Sahobalar va tobeinlar bilan birga o'tirishga ketaman”, – dedilar. Bizhayron bo'ldik, ular vafot etib ketishgan bo'lsa, qanday qilib ular bilan utiradi? hayron bo'lib “Sahobalar qayerda ekan?”, – deb, yana so'radik. Shunda u zot: “Kitob o'qiyman, shunda ular haqida, qilgan ishlari haqida bilib olaman. Sizlar bilan o'tirib nima qilaman? Sizlar bekorchilikdan odamlarni g'iybatini qilib o'tirasizlar”, – deb javob berdilar”.
Hasan Al-Lu'luiy aytadilar: “Qirq yildirki, turganimda ham, uxlaganimda ham ko'ksimdan kitob tushgan emas”.
Buyuk ajdodimiz Amir Temur ham: “Kitob – barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu-donishning asosidir. Hayotni o'rgatuvchi murabbiydir”, – deganlar.
Buyuk muhaddis Imom Abu Dovud As-Sijistoniy kiyim tiktirganlarida engiga kitob solish uchun keng qilib tiktirar ekanlar. U kishi ko'p kitob o'qishni yaxshi ko'rar edilar. Qayerga bormasinlar, albatta o'zlari bilan birga kitoblarini olib yurar, bo'sh vaqt topildi deguncha englaridan kitoblarini olib o'qir ekanlar.
Abul Faraj Ibn Javziy kitob mutolaasiga bo'lgan muhabbati haqida shunday yozadi: “Men o'z holim haqida aytadigan bo'lsam, kitob mutolaasidan hech to'ymaganman. Agar o'zim o'qib ko'rmagan biror kitobni ko'rib qolsam, go'yo xazinaning ichiga tushgandek bo'lib qolardim. Agar men: “yigirma ming mujallad kitob o'qib chiqqanman” desam ham, mubolag'a qilgan bo'lmayman, lekin kitob o'qishda davom etyapman”.
Donolarimiz: “Kitoblarni yoqib yuborish og'ir jinoyat, biroq dunyoda undan-da og'irroq jinoyat bor, u – kitob o'qimaslik”,– deganlar.
Hulosa qilib ytadigan bo'lsak, ajdodlarimiz nima yutuq va ulug'likka erishgan bo'lsalar ilm-ma'rifat bilan erishganlar. Shunday ekan, o'zimiz va farzandlarimizni ham kitob o'qishga o'rgataylik, bo'sh vaqtlarimizni kitob o'qish, ilm-ma'rifat hosil qilish va kasb-hunar o'rganish kabi foydali ishlar bilan utkazaylik. Unutmaylikki, kelajak avlodlarning farovon hayot kechirishi bugun olinayotgan ilm va hunarga bog'liqdir!
Tursunov Abdulboqiy
Hidoya o'rta maxsus islom
bilim yurti o'qituvchisi
Osmonlaru yerni yaratgan Zotning qarshisiga ma’siyatlar ila chiqa ko‘rmang, g‘azabiga toqatingiz, iqobiga sabringiz va azobiga qudratingiz yetmaydi.
Doktor Abdul Muhsin Ahmad o‘zining bir qarindoshi bilan bo‘lgan voqeani aytib berdi. Voqeaga ko‘ra bir yigit ukasiga doim “Allohga hamd aytgin” desa, ukasi: “Nima uchun Allohga hamd aytishim kerak?” – der, Yaratganga bo‘yin eggisi kelmasdi.
Axir uning bu gapini olamlar Rabbi bo‘lgan Zot eshitib turibdi! Alloh uni ikki oyog‘i bilan yurg‘izib qo‘yibdi, qancha odamlar yura olishmaydi. Necha-necha insonlar ko‘rish ne’matidan mosuvo bo‘lganida, uning ko‘zlari ko‘rib turibdi.
Vaqt o‘tib yigit avtohalokatga uchraydi. Uning a’zolari qattiq shikastlanadi. Operatsiyadan so‘ng doktor Abdul Muhsin Ahmad uni bir umr nogiron bo‘lib qolganligini, tanasining yarmi ishlamasligini, aniqrog‘i, bir o‘limdan qolganligini aytadi.
Alloh buyuk! Uning ne’matlari cheksiz. Biz bandalar doim shukrda bo‘lmog‘imiz lozim. Zero, Alloh taolo aytadi: «...Albatta, Uning ushlashi alamli va shiddatlidir»[1].
Tasavvur qiling, bordi-yu, siz do‘zaxiylardan bo‘lsangiz, u yerdagi azobga chiday olasizmi?! Albatta, yo‘q.
Shunday ekan Allohga tavba qiling! U Zotga xush kelmaydigan ishlardan qayting. Solih amallar ila Rabbingizga yaqinlashing.
Alloh bergan ne’matlarga shukr qiling. Gunoh va ma’siyatning kichikligiga qaramang. Allohning buyukligini nazaringizdan qochirmang.
Alloh buyuk! U Zot sizni kutilmaganda ushlamasidan avval qalbingizni qo‘rquv ila to‘ldiring. Qazoingiz yaqinlashmasidan avval poklaning. O‘lim kelgandagi pushaymondan naf yo‘q va buning uchun imkon berilmas...
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Hud surasi, 102-oyat.