بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ للهِ الذِّي قَالَ فِي كِتَابِهِ: "وَاعْتَصِمُوا بِحَبْلِ اللَّهِ جَمِيعًا وَلَا تَفَرَّقُوا"، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الذِّي قَالَ: "إيَّاكُمْ وَالفُرْقَةَ" وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَالتَّابِعِيْنَ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنْ أَمَّا بَعْدُ
HAR KIM HAM QUR_''ON VA HADISDAN HUKM OLIShGA HAQLI EMAS!
Muhtaram jamoat! Ushbu mavzuni yoritishimizdan maqsad, hozirgi kunda ba'zilar o'zicha oyat va hadislardan hukm chiqarib, noto'g'ri fatvolar berib, o'zini va o'zgalarni adashtirmoqda. Aslida, Qur'on karim va hadisi sharifdan hukm olish yoki bir masala chiqarish har kimning ham qo'lidan kelmaydi. Bu mas'uliyatli ishni ijtihod (oyat va hadislardan hukm chiqarish) darajasiga etgan mujtahid zotlargina amalga oshirishlari mumkin.
“Nurul-anvor” kitobida Qur'on va hadisdan hukm chiqarish uchun quyidagi shartlar topilishi bayon qilingan:
وَشَرْطُ الْاِجْتِهَادِ أَنْ یَحْوِیَ عِلْمَ الْکِتَابِ بِمَعَانِيْهِ اللُّغَوِیَّةِ وَالْشَرْعِیَّةِ وَعِلْمَ السُّنَّةِ بِطُرُقِهَا
وَأَنْ یَعْرِفَ وُجُوهَ الْقِیَاسِ بِطُرُقٍ
ya'ni: “Ijtihod qilishning sharti – Qur'oni karimni lug'aviy va shar'iy ma'nolarini puxta bilish, hadis va uning etib kelish yo'llarini hamda qiyosning turlarini chuqur anglab etishdir”.
Qur'oni karimni bilishdegani – Qur'onning ma'nolarini qisqacha tushunish emas, balki, Qur'oni karimga doir barcha ilmlarni chuqur bilish va bu sohada mohir bo'lish kerak. Ya'ni, nosix (o'zidan oldingi oyatning hukmini bekor qiluvchi) va mansux (hukmi to'xtatilgan) oyatlar haqidagi ilm, mutlaq (umumiy ma'noda kelgan) va muqayyad (maxsus bir ma'noda kelgan) oyatlar haqidagi ilm, sababi nuzul – oyatlarning tushish sabablariga doir ilm, arab tili, usulul fiqh, balog'at va fasohat fanlarida mohir bo'lishi va bunga doir zaruriy ilmlarni o'zida hosil qilgan bo'lishi kerak.
Hadis ilmini bilish degani – “sahih”, “hasan” va “zaif” hadislarni bilish, hadis roviylarining tarixini bilish, nosix (o'zidan oldingi hadisning hukmini bekor qiluvchi) va mansux (hukmi to'xtatilgan ) hadislarni bilish va bunga doir zaruriy ilmlarni o'zida hosil qilgan bo'lishi zarur.
Qiyos yo'llarini yaxshi bilish degani – oyat yoki hadis yoxud ijmoda dalili kelgan masalaning illati (sababi) shar'iy hukmi bo'yicha dalil kelmagan masalada topilib, unga tenglashtirishdir. Qiyos qilishning bir qancha shartlari va qonun-qoidalari bor. Qiyos qiluvchi kishi mana shu ilmlarni barchasini bilishi lozim.
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hayotlik davrlarida oyatlardan hukm chiqarganlar va asosiy barcha masalarning echimini bayon qilganlar. Bu haqda Alloh taolo Rusululloh alayhissalomga xitob qilib, shunday marhamat qilgan:
وَأَنْزَلْنَا إِلَيْكَ الذِّكْرَ لِتُبَيِّنَ لِلنَّاسِ مَا نُزِّلَ إِلَيْهِمْ
ya'ni: “Odamlarga nozil qilingan narsani ularga bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun sizga zikr (Qur'on)ni nozil qildik” (Nahl surasi, 44-oyat).
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin sahobai kiromlar, tobe'inlar va taba'a tobe'inlar ba'zi masalalarda ijmo qilganlar (yakdil fikrga kelishganlar) va masalalarni bir-biriga qiyos qilganlar. Natijada, to'rt mo''tabar mazhab shakllandi va bu to'rt mazhabni to'g'ri ekanligiga barcha ulamolar ittifoq qildilar. O'sha paytdan beri yangi zamonaviy masala paydo bo'lsa, etuk ulamolar Qur'on, hadis, ijmo va qiyoslarga suyanib masalaga echim topganlar. To'rt mazhabni tashkil topishi hijriy 2-3 asrlarga to'g'ri kelsa-da, bular hozirgi hijriy 15 asrgacha bir-birlari bilan ahl-inoq, o'zaro hurmat-ehtirom va tinch-totuv yashab kelmoqdalar. To'rt mazhab imomlari qilgan ishni quyidagi rivoyat qo'llab-quvvatlaydi:
وَقَدْ وَرَدَ اَنَّهُ سَأَلَ عَلِيٌ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ رَسُولَ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: يَا رَسُولَ اللهِ! مَا اَفْعَلُ اِنْ اِعْتَرَضَنِي اَمْرٌ وَلَمْ اَجِدْ فِيْهِ فِي كِتَابِ اللهِ وَلاَ فِي سُنَّةِ رَسُولِهِ شَيْأً؟ فَقَالَ: "شَاوِرُوا الْفُقَهَاءَ وَالْعَابِدِيْنَ وَلاَ تَمْضُوا فِيْهِ رَاْيَ خَاصَّةٍ"
(رواه الإمامُ الطبرني)
ya'ni: Hazrati Ali raziyallohu anhu Nabiy sallallohu alayhi vasallamdan so'radilar: “Ey Allohning Rasuli, agar menga bir masala ro'baro' bo'lsa-yu men uning echimini Allohning kitobdan ham Rasulining sunnatidan ham topolmasam unda qanday yo'l tutay? Payg'ambarimiz alayhissalom: “Faqih va obidlar bilan maslahatlashinglar, bu ishda xos bir fikrni joriy qilmang” dedilar (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Ammo oxirgi ikki asrda toifalar chiqib, odamlarni mazhabsizlikka chaqirib, o'zlarini go'yo Qur'on va hadisga amal qiluvchilardek ko'rsatmoqdalar. Ularning iddaolaricha har bir musulmon Qur'on va hadisdan to'g'ridan to'g'ri hukm olishga haqli va mazhablar islom ummatini tafriqaga solgan emish. Biz faqat Qur'on va hadisga amal qilib, hamma ummatni bir qilamiz, deydilar. Vaholanki, ushbu mazhabsizlar o'tgan ikki asr mobaynida o'zlarini oralarida bir qancha firqalarga bo'linib ketdilar. Ularda muayyan maslak va mustahkam umumiy qoidalar yo'qligi bois o'zaro, kelisha olmasdan turli ixtiloflarga bordilar.
Mazhabsizlikka targ'ib qiluvchilar: “Kelinglar, mazhablarni qo'yaylik, Qur'on va sunnatga birlashaylik”, deydilar. “Qur'on va hadisga qanday birlashamiz”, deyilsa, “Ijtihod qilamiz”, deyishadi. Paydo bo'lganiga endigina ikki asrdan ortiqroq vaqt o'tgan salafiylik oqimi hozirning o'zida bir necha toifaga bo'lingan. Jumladan, As-salafiyatul-ilmiya, As-salafiyatul-jihodiya, As-salafiyatus-sururiya, As-salafiyatul-jomiya.
Ahli sunna val jamoa mujtahidlarining mazhablarini 14 asrdan beri butun islom ummati bir ovozdan haq, deb qabul qilganlar. Bemazhablarning yo'llari esa, boshlangandan hozirgacha aksar olimlarning e'tiroziga sabab bo'lib kelmoqda. Ularning mazhabini o'zlari va hissiyotga berilgan yuzaki ilm bilan mashg'ul bo'lganlar qabul qilishdi xolos.
Afsuslar bo'lsinki, barcha etuk olimlar e'tirof qilib turgan mazhabdan ba'zi yurtdoshlarimiz yuz o'girib, “men Qur'on va hadisdan o'zim hukm olaman” deb, katta xato qilmoqdalar. Sababi, kishi Qur'oni karim tarjimasini o'zini bilishi yoki bir nechta hadislardan xabardor bo'lishini o'zi hukm chiqarishga kifoya qilmaydi. Yuqorida sanaganimizdek, hukm chiqarish uchun ko'plab ilmlardan xabardor bo'lib, ularni puxta o'zlashtirish lozim. Sababi, ilmsiz fatvo berish shariatimiz ko'rsatmalariga ko'ra, harom hisoblanadi. Chunki ilmsiz fatvo berish Alloh va Uning Rasuli nomidan yolg'on gapirishdir. Ilmsiz fatvo berish boshqalarni adashtirishdir. Insonlarni adashtirish, zalolatga boshlash esa katta gunohdir. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deganlar:
"مَنْ أَفْتَى بِغَيْرِ عِلْمٍ كَانَ إِثْمُهُ عَلَى مَنْ أَفْتَاهُ وَمَنْ أَشَارَ إِلَى أَخِيْهِ بِأَمْرٍ يَعْلَمُ أَنَّ الرُّشْدَ فِي غَيْرِهِ فَقَدْ خَانَهُ"
(رواه الإمامُ أبو داود)
ya'ni: “Kim ilmsiz fatvo bersa, uning gunohi fatvo bergan kishiga bo'ladi. Kim o'z birodariga to'g'ri yo'l boshqa tomonda ekanini bilib turib, ikkinchi bir yo'lga ishora qilsa, unga xiyonat qilibdi” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Hadislardan hukm chiqargan mujtahid ulamolarimiz bir mavzuda nechta hadis bo'lsa, shularni jamlab va saralab keyin fatvo berganlar. Chunki bir mavzudagi hadislarni to'liq o'rganmasdan turib berilgan fatvo xato bo'lishini ehtimoli kattadir. Zero, ba'zi sahih hadislar mansux (hukmi bekor) bo'lgan bo'lishi mumkin.
Buyuk muhadis olim Yahyo ibn Ma'indan so'rashdi: “Mingta hadis bilgan odam fatvo berishi mumkinmi?”. U zot: “Yo'q”, – dedi. “Ikki ming hadis bilgan odamchi?”, – deb yana so'rashdi. U zot: “Yo'q”, – dedi. “Besh ming hadis yodlaganchi?”, – deyishganida: “Bu ham fatvo berishga kamlik qiladi”, – degan ekanlar.
Abu Aliy azZarirdan rivoyat qilinadi: “Men Ahmad ibn Hanbalga: “Kishiga fatvo berishi uchun qancha hadis etarli, yuz ming hadis etadimi?” – dedim. U: “Yo'q”, – dedi. Men: “Ikki yuz mingchi?” – dedim. U: “Yo'q”, – dedi. Men: “Uch yuz mingchi?”, – dedim. U: “Yo'q”, – dedi. Men: “To'rt yuz mingchi?” – dedim. U yana: “Yo'q”, dedi. Shunda men: “Besh yuz ming bo'lsachi?”, – degan edim, u: “Umid qilaman”, – deb aytdi”.
Shuni ham unutmaslik kerakki, dindan bexabar bo'la turib diniy savollarga javob berishga jur'at qilish juda katta xatar hisoblanadi. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:
أَجْرَؤُكُمْ عَلَى الْفُتْيَا أَجْرَؤُكُمْ عَلَى النَّارِ
(رواه الامام الدارمي عن عبد الله بن أبي جعفر رضي الله عنه)
ya'ni: “Fatvoga jur'atli bo'lganlaringiz do'zaxga jur'atli bo'lganingizdir”, – deganlar (Imom Doramiy rivoyatlari).
Shunday ekan, diniy savolga javob berishni o'z mutaxassislariga topshirgan maqsadga muvofiqdir.
Hatib Bag'dodiy o'zining “Nasihatu ahlil hadis” kitobida quyidagi rivoyatni keltirgan:
وكَانَ الْأَعْمَشُ يَسْأَلُ أَبَا حَنِيْفَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا عَنِ الْمَسَائِل فَيُجِيْبُهُ فَيَقُولُ: مِنْ أَيْنَ لَكَ هَذَا فَيَقُولُ: أَنْتَ حَدَّثْتَنَا عَنِ النَّخَعِي بِكَذَا أَوْ عَنِ الشَّعْبِي بِكَذَا فَيَقُولُ: الْأَعْمَشُ عِنْدَ ذَلِكَ يَا مَعْشَرَ الْفُقَهَاء أَنْتُمُ الْأَطِبَّاءُ وَنَحْنُ الصَّيَادِلَةُ
ya'ni: Imom A'mash (Bu zotdan Imomi A'zam rahmatullohi alayh ko'p hadislarni o'rganganlar) Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan ayrim masalalar borasida so'rar va Abu Hanifa u kishiga javoblarini aytardilar. Imom A'mash hayratlanib: “Bu narsalarni qayerdan bilding?”, desalar, Abu Hanifa rahmatullohi alayh: “o'zingiz bizlarga Ibrohim Naxaiydan falon hadisni, Sha'biydan falon hadisni aytib bergansizku?! (ana o'shalardan chiqarganman)” der edilar. Shunda A'mash: “Ey faqihlar jamoasi! Sizlar tabiblarsiz, biz esa dori tayyorlovchilarmiz”, degandilar.
Shundan ham bilamizki, qadimda faqihlar albatta hadisdan ilmi bo'lgan yoki aksincha, muhaddislarning fiqhdan nasibasi bo'lgan va ular faqih olimlar so'zini e'tiborli sanaganlar. Ulardan keyingilarda ham shu holat kuzatilgan. Ibn Hajar Asqaloniy faqihlardan bo'lishlari bilan bir qatorda hadis ilmida peshqadam bo'lganliklari hech kimga sir emas. Badruddin Ayniy ham katta alloma, faqih va muhaddis bo'lganlar. U kishi hanafiy fiqhida mashhur bo'lgan “Al-Hidoya” kitobini sharhlash bilan bir qatorda imom Buxoriyning “Al-Jome as-sahih”lariga ham nihoyatda mukammal sharh yozganlar. Shu ikki Imom va boshqa ko'plab zabardast ulamolar ham mazhabni tark qilib, “men oyat hadisdan o'zim hukm olaman” deganlari yo'q, balki, so'zsiz mazhabni mahkam ushlab, shunga amal qildilar.
Ma'lumki, vatandoshimiz Burhoniddin Marg'inoniyning “Hidoya” asarlarini butun islom olami o'qiydi. Ayniqsa, “Al Hidoya” ni bugungi kunda ham dunyodagi ko'zga ko'ringan al-Azhar kabi universitetlarda darslik sifatida o'qitilmoqda. Ushbu mo''tabar kitob ingliz, rus tillariga va boshqa tillarga ham tarjima qilingan. Eng e'tiborlisi, Burhoniddin Marg'inoniy xazratlari biron masalada o'zlaricha Qur'on va hadisdan hukm olmaganlar. Faqatgina mazhab sohiblari, mujtahidlarning olgan hukmlarini keltirganlar. Shunday ulug' zotlar ham to'g'ridan to'g'ri hukm olishga jur'at etmadilar. Ular dinimizni sof holatda bizgacha etib kelishiga xolis xizmat qilgan zotlardan edilar.
Hijriy 10 asrda yashab o'tgan olim Jaloliddin Suyutiy 600 ga yaqin ustozdan ta'lim olgan, 750 ta kitob yozgan, 200 mingta hadisni sanadlari ila yod olgan edilar. Shu zot ham shofe'iy mazhabiga amal qilganlar.
Hulosa qilib aytganda, mujtahidlar kabi sifatlarga ega bo'lmasdan turib hozirgi kunda Qur'ondan yoki hadisdan o'zim hukm olaman degan kishilar Qur'on va hadisning zohiriy ma'nolaridan hukm olib, o'zlari ham adashadilar va o'zgalarni ham adashtiradilar.
Alloh taolo barchamizni ota-bobolarimizning mazhablari bo'lmish Imomi A'zam rahmatullohi alayhning yo'llarini ushlab, bir yoqadan bosh chiqarib, ixtilof va tafriqachilikka berilmasdan, o'zaro hamjihatlikda hayot kechirib borishimizni nasib aylasin! Omin!
Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi “Qabriston ziyorati odoblari va unda bid'at va xurofotlardan tiyilish” haqida bo'ladi, inshaalloh.
Muhtarama singlim! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida yuz bergan eng og‘ir, u zotga eng ko‘p qayg‘u keltirgan musibat haqida o‘qishdan oldin fikringizni bir joyga jamlab, yaxshilab o‘ylab, quyidagi savollarga javob berib ko‘ring:
Hayotingizda qanday holatlar sizni qayg‘uga solgan?
Ularning sababi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?
O‘sha holatlarda o‘zingizni qanday tutgansiz?
Ularning qaysi birini eng og‘ir musibat deb bilgansiz?
Bu savollar haqida kengroq fikr yuritib javob bergan bo‘lsangiz, keling, endi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida yuz bergan eng og‘ir musibat bilan tanishamiz.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari Oisha roziyallohu anho bunday deganlar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamga «Boshingizga Uhud kunidan ham og‘irroq kun kelganmi?» dedim. U zot shunday dedilar: «Ha, bu qavm menga ko‘p ozorlar yetkazdi. Ammo ularning eng og‘iri Aqaba kuni bo‘lgan. O‘shanda Ibn Abdu Yalil ibn Abdukulolga meni himoyaga olishni taklif qilgan edim. Lekin u men istagan narsani qabul qilmadi. Men tashvishlanib, boshim oqqan tomonga qarab yurib ketdim. Bir joyga kelganda o‘zimga kelib, boshimni ko‘tardim. Qarasam, tepamda bir bulut menga soya solib turibdi. Razm solsam, uning ustida Jabroil bor ekan. U menga shunday nido qildi: «Alloh qavmingning senga aytgan gapini, senga nima javob qaytarganini eshitdi. U Zot huzuringga tog‘ farishtasini yubordi, ularni nima qilishni istasang, buyurishing mumkin», dedi. Shu payt tog‘ farishtasi menga salom berib, «Ey Muhammad! Nima desangiz, shuni qilaman. Istasangiz, ularning ustiga Makkadagi ikkita katta tog‘ni to‘ntarib tashlayman», dedi».
Oisha roziyallohu anho Uhud jangida Rasulullohning qanchalar mahzun bo‘lganlarini ko‘rgan edilar. Bu jangda yetmishta eng zabardast sahoba shahid bo‘lgan. O‘sha jangda mushriklardan biri Rasulullohning yuzlariga qilich bilan urganida yuzlari qonab ketgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzlaridagi qonni arta turib, «Allohga da’vat qilayotgan payg‘ambarining yuziga jarohat yetkazib, tishini sindirgan qavm qanday najot topadi?» deb, kuyingan edilar. Jang tugagach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shahid bo‘lganlarni birma-bir ko‘zdan kechira boshladilar. Amakilari Hamza ibn Abdulmuttalibning jasadi qarshisida to‘xtab qoldilar. Hamza u zot uchun eng suyukli, qarindoshlari ichida eng qadrli inson edi. Mushriklar Hamzaning qornini yorib, ichki a’zolarini chiqarib tashlashibdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni ko‘rib, qattiq iztirob chekdilar, «Endi menga sizning firoqingizdan og‘ir musibat yo‘q», dedilar.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Hamza ibn Abdulmuttalibga yig‘laganlaridek qattiq yig‘laganlarini ko‘rmaganmiz. U zot amakilarini qibla tarafga qo‘yib, janozasini o‘qishga turganlarida yig‘idan o‘zlariga sig‘may ketdilar».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlariga, sahobalariga yetgan musibatlarni duo bilan, sabr bilan yengar edilar.
Ubayd ibn Rifo’a Zuroqiy otasidan rivoyat qiladi:
Uhud jangi kuni ko‘z yoshlari qonlariga aralashib, nihoyatda og‘ir musibat yetib turgan lahzalarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tutgan yo‘llari eng to‘g‘ri yo‘l edi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarining oldida turib, Alloh taologa duo qilib, ularning qalbidagi iymonni yanada mustahkamladilar. Darhaqiqat, Alloh taolo bergan narsani to‘suvchi yo‘q, U Zot to‘sganini esa beruvchi yo‘q.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.