Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Payg'ambar alayhissalomning o'z sahobalariga ijtihod qilishga izn berishlari

16.11.2020   2338   12 min.
Payg'ambar alayhissalomning o'z sahobalariga ijtihod qilishga izn berishlari

Payg'ambar alayhissalomning sahobalarga ijtihod qilishga izn berishlariga Muoz ibn Jabal raziyallohu anhuning hadislari dalil bo'la oladi. Rivoyat qilinishicha, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabalni Yamanga qozi qilib tayinlaganlarida shunday deganlar: “Agar sen biror muammoga duch kelsang, qanday hukm qilasan?”. Shunda u: Qur'ondan hukm chiqaraman, dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Agar Qur'ondan uning hukmini topa olmasangchi?” – deb so'radilar. Unda Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan hukm izlayman, dedi. “Agar Rasulullohning sunnatlaridan ham topa olmasangchi?”, deb so'raganlarida, - Unda aqlimni ishlataman, dedi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Muozning elkasiga qoqib: “Rasulullohning elchisini U rozi bo'ladigan ishga muvaffaq qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo'lsin”, dedilar.

Muoz ibn Jabal raziyallohu anhuning ijtihodga suyanganligini ko'rgan Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunchalar sevindilar. Shuningdek, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning huzurlarida yoki u kishi mavjud bo'lmagan vaqtlarda sahobalar tomonidan bunday ijtihodlar ko'plab sodir bo'lgan. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ularning chiqargan hukmlaridan to'g'risini tasdiqlab, xatolarini tuzatib qo'yar edilar. Quyida sahobalarning ijtihodlaridan ba'zilarini keltirib o'tamiz:

  1. Musulmonlar Bani Qurayza qabilasi ustidan g'alaba qozonib, ularni o'z qal'alarida qamal qilganlaridan so'ng, ular ustidan hukm chiqarishga Sa'd ibn Mu'oz raziyallohu anhuni tayinladilar va uning chiqargan hukmiga ko'nishga kelishib oldilar. Shunda Sa'd Bani Qurayzaning erkaklarini qatl qilib, ayollar va bolalarni asir olishga hukm qildi. Bundan xabar topgan Rasulullo sallallohu alayhi vasallam Sa'dga: “Ularning ustida sen Allohning hukmi bilan hukm qilibsan”, dedilar. Sa'd hukm chiqarishda ijtihod qilib, qo'lga tushganlarni Moida surasining 33-oyatida zikr qilingan muhoriblarga qiyos qilgan edi. Oyat quyidagicha:

إِنَّمَا جَزَاءُ الَّذِينَ يُحَارِبُونَ اللَّهَ وَرَسُولَهُ وَيَسْعَوْنَ فِي الْأَرْضِ فَسَادًا أَنْ يُقَتَّلُوا أَوْ يُصَلَّبُوا أَوْ تُقَطَّعَ أَيْدِيهِمْ وَأَرْجُلُهُمْ مِنْ خِلَافٍ أَوْ يُنْفَوْا مِنَ الْأَرْضِ ذَلِكَ لَهُمْ خِزْيٌ فِي الدُّنْيَا وَلَهُمْ فِي الْآَخِرَةِ عَذَابٌ عَظِيمٌ

ya'ni: “Darhaqiqat, Alloh va Uning payg'ambariga qarshi jang qiladigan va Yer yuzida buzg'unchilik qilib yuruvchilarning jazosi – o'ldirilish yo chormixlanish yoki oyoq-qo'llarining qarama-qarshi tomondan kesilishi yoxud erdan (vatandan) quvg'in qilinishdir. Ana shu (jazo) ular uchun bu dunyoda sharmandalik va oxiratda ular uchun ulkan azob (ham bor)dir”.

         Chunki, bu qabila kishilari Ahzob g'azotida musulmonlarga qarshi urushishda Qurayshliklar bilan bitim tuzganlar hamda musulmonlar bilan o'rtalarida tuzilgan kelishuvni buzganlar.

  1. Ikki sahobiy safarga chiqishib, namoz vaqti kirganda suv topa olmay, tayammum qilib namoz o'qishadi. Lekin, namoz vaqti chiqib ulgurmasidan oldin suv topiladi. Shunda birlari, tahorat qilib namozni qaytadan o'qiydi, ikkinchisi esa, qaytadan o'qimay, tayammum qilib o'qigan namozi bilan kifoyalanadi. Safardan so'ng voqeani Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga bayon qilishganda, u zot ikkalalarining ijtihodlarini to'g'ri deb tasdiqlaydilar hamda namozni qaytadan o'qimagan sahobiyga: “Sunnatga amal qilibsan, namozing joiz”, deydilar. Namozni qaytadan o'qigan sahobiyga esa: “Sen esa, ikki marta savob olibsan”, deb aytadilar.
  2. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Ahzob g'azotidan qaytib, jang liboslarini echmoqchi bo'lib turgan vaqtlarida Alloh taolo u kishiga Bani Qurayza qabilasi ustiga yurish qilishga amr qiladi. Shunda, u zot sahobalariga: “Birortangiz ham to Bani Qurayza qabilasiga etib bormagunicha asr namozini o'qimasin”, deydilar. Hammalari tezlik bilan Bani Qurayza qabilasi tomon yuradilar. Lekin, yo'lda asr namozining vaqti kirib qolib, ba'zi sahobalar yo'lda asr namozini o'qib oldilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning so'zlarini o'zlaricha ta'vil qilishib, u zot bizdan tez yurishimizni talab qilganlar holos deyishadi. Qolgan sahobalar esa, gapning zohiriy ma'nosiga e'tibor berib, asr namozini Bani Qurayzaga etib borganlaridan keyin o'qishdi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga murojaat qilishganda ularning birortalarining ham ishlarini inkor qilmadilar.
  3. Umar ibn Hattob va Muoz ibn Jabal bir guruh sahobalar bilan safarga chiqishadi. Umar va Muoz g'usl qilishga majbur bo'lib qolishadi, ammo suv topa olmaydilar. Shunda, ikkalalari ham o'zlaricha ijtihod qilishadi. Ya'ni, Muoz tufroq bilan poklanishni suv bilan poklanishga qiyos qiladi va tayammum qilib namoz o'qiydi. Umar esa, tayammum kifoya qilmaydi deb, namozni suv topilguncha kechiktiradi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib masalani bayon qilishganida, u kishi har ikkalalarining ijtihodlarini tahlil qilib, to'g'ri-noto'g'riligini aytdilar. Ya'ni, Muozning qiyosi fosidligiga ishora beradilar. Chunki, Moida surasining 6-oyatida: “Pokiza tuproq bilan tayammum qilingiz, yuzingiz va qo'llaringizni silangiz”, degan tayammum haqida aniq hujjat mavjud. Hujjat mavjud bo'lgan vaqtda esa qiyos qilinmasligini aytadilar. Umarga esa, tayammum tahoratni o'rniga o'tganidek, g'uslning ham o'rniga o'tishligini tushuntiradilar hamda oyatdagi “ayolni ushlash”dan murod jimo'dan oldingi ishlar emas, balki aynan jimo'ning o'zi ekanligini aytadilar.
  4. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Ali karramallohu vajhahuni Yamanga qozi qilib tayinlaganlarida, u kishi o'sha erda o'raga yiqilib tushib o'lgan kishilarning diyalarini belgilash masalasida ijtihod qiladilar. U quyidagicha bo'ladi: Odamlar ov uchun o'ra qazishadi. O'raga sher tushib qoladi. Uni tomosha qilgani kelganlarning izdihomidan bir kishi o'raga yiqilib tushadi. U tushib keta turib boshqa bir odamga osiladi va og'irligi bilan uni ham o'zi bilan olib tushib ketadi. O'raga yiqilayotgan ikkinchi odam uchinchi odamni, unisi esa, to'rtinchi odamni tortadi va bir yo'la to'rt kishi o'raga tushib halok bo'ladi. Shunda Ali raziyallohu anhu o'raga birinchi yiqilgan kishiga diyaning to'rtdan bir qismini belgilaydi. Chunki, u odamlarning bir-birlari bilan izdihom qilishlari hamda ustida uchta kishini o'zi tortganidan keyin yiqilib tushishlari sababli o'lgan edi. Shuning uchun, uning qilgan ishi, ya'ni uchta kishini tortgani uchun diyaning to'rtdan uch qismini olib tashlaydi. Ikkinchi kishiga diyaning uchdan bir qismini ta'yin qiladi. Chunki, u birinchi kishi uni tortib yuborganligi hamda uning ustiga ikki kishi yiqilib tushganligi uchun o'raga tushib o'lgan edi. Shuning uchun keyingi ikki kishining qulashiga uning o'zi sabab bo'lgani uchun, diyaning ma'lum miqdorini chegirib tashladi, u ham bo'lsa uchdan ikki qismidir. Uchinchi kishiga diyaning yarmini belgiladi. Chunki, u ikkinchi kishi uni tortib yuborganligi uchun hamda o'zi tortib yuborgan to'rtinchi kishining qulab tushganligi uchun o'raga yiqilib halok bo'lgan edi. Shuning uchun uning qilgan ishi, ya'ni to'rtinchi kishini tortib yuborgani, natijada u ham halok bo'lgani uchun undan diyaning yarmini chegirib tashlaydi. To'rtinchi kishiga to'liq diya belgilaydi. Buning sababi, u o'zidan oldingi kishining tortib yuborishi natijasida qulab o'lgan edi. Lekin o'zi hech kimning o'limiga sabab bo'lmagani uchun, unga to'liq diya belgilaydi. Diyalarni to'lashni esa, o'ra atrofiga yig'ilgan qabilalarning zimmasiga yuklaydi. Shunda ular bu hukmni qabul qilishdan bosh tortib, Payg'ambar alayhissalomning oldilariga Ali raziyallohu anhudan shikoyat qilib borishganda, U zot alayhissalom: “Hukm aynan Ali chiqargandek bo'ladi”, deganlar.

Sahobalarning ijtihodiga bu kabi misollarni ko'plab keltirish mumkin.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning ijtihodlarini o'sha davr shariatining asoslaridan biri deb bilmasligimiz ham mumkin. Chunki, siz bilasizki, Payg'ambar alayhissalomning ijtihodlari oxir oqibatda vahiyga kelib taqaladi. Ya'ni, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning ijtihodlari to'g'ri yoki noto'g'riligi Alloh taolo tomonidan oyat nozil qilinish bilan tasdiqlanar edi. Sahobalarning ijtihodlari esa, oxir oqibat sunnatga kelib taqalar edi. Ular asosan, Rasululloh alayhissalomdan ancha uzoq masofada bo'lgan vaqtlarida, gohida fursatni boy berib qo'yish xavfi bo'lganda ijtihod qilar edilar. So'ngra, albatta qilgan ijtihodlarini Rasululloh alayhissalomga bayon qilib, u kishidan ijtihodlarining to'g'ri yoki noto'g'riligini bilib olishar edi. 

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ijtihodlarining hamda sahobalariga ijtihod qilishga izn berilishining hikmati 

Islom shariati shariatlarning eng so'ngisi va yakunlovchisidir. U qiyomat kunigacha keladigan insonlarning dinidir. U dinning qoidalari va hujjatlari lo'nda va umumiy tarzda kelgan bo'lib, ularda mufassal bayonlar berilmagan. Holbuki, yangi voqea hodisalar ko'paygandan ko'payib boradi, bir chegarada to'xtab turmaydi. Har bir zamon xalqi o'zidan oldingi zamon kishilarida bo'lmagan yangiliklarga duch keladilar. Bas, shunday ekan, Payg'ambar alayhissalom sahobalarga istinbot qilish yo'llarini o'rgatishni, Qur'on va hadisdan kerakli hukmlarni olish kayfiyatini tajriba qilib ko'rishlarini iroda qildilar, toki ulardan keyin keladigan ahli ilmlar o'z voqeliklaridagi yangiliklarga Qur'on va sunnatning umumiy dalolatlaridan etarli va to'g'ri hukm olish imkoniyatiga ega bo'lsinlar. Shoyatki bu:

مَا فَرَّطْنَا فِي الْكِتَابِ مِنْ شَيْءٍ

ya'ni: “Kitobda (Lavhul-Mahfuzda) biror narsani (yozmasdan) qoldirmaganmiz” (An'om surasi, 38-oyat) hamda

وَنَزَّلْنَا عَلَيْكَ الْكِتَابَ تِبْيَانًا لِكُلِّ شَيْءٍ

ya'ni: “Sizga hamma narsani bayon qilib beruvchi Kitob (Qur'on)ni nozil qildik” (Nahl surasi, 89-oyat) oyatlarida ko'zda tutilgan ma'no bo'lsa ajab emas.

         Demak, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o'z ijtihodlari hamda sahobalarga ijtihod qilishga ruxsat berishlari bilan, ummatlariga namuna bo'ldilar. Islom shariati zamonlar osha, avloddan avlodga quvvatlanib, rivojlanib borishi uchun ularga buning yo'lini ko'rsatib ketdilar.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi

raisining birinchi o'rinbosari

Homidjon Ishmatbekov

https://t.me/tuhur

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   3813   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.