Hojati tushganda o'zini xoru zor tutib, siniqlik ko'rsatib, yalinib-yolvorib yurgan odamlardan ba'zilari ishi bitib, hojati ravo bo'lganidan keyin qarzni inkor qilish darajasigacha etib bormoqdalar. Tanishlardan birining aytishicha, bir odam boshqasidan yalinib yurib qarz olgan. Ishi bitgach, qarzni qaytarmay cho'zib yurgan. Qarz bergan odamning o'ziga pul kerak bo'lib, qarzni qaytarishini so'rab borgan. Avvaliga «Keyinroq keling», degan javobni olgan. Keyin aldash davom etgan. Oxiri borib, «Men sendan qarz olganim yo'q, yana kelsang, mirshablarni chaqirib, menga tuhmat qilyapti, deb qamatvoraman», deyishga o'tgan.
Internet orqali menga bu borada keladigan savollardan birini e'tiboringizga taqdim etishga ruxsatingizni so'rayman:
«Assalomu alaykum, hurmatli shayx Hazratlari!
Mening savolim quyidagicha: bundan 4 yil oldin men bir yaqin tanishimga katta miqdorda pul berganman. Albatta, qarz sifatida. U menga «10 kunda qaytaraman», deb aytgan edi. «Tilxat yoz», desam, u menga: «Hudo bor-ku, 10 kunda beraman», degandi. Men ham Hudoni tilga olgani uchun ishondim. Mana, 4 yil bo'ldiki, hanuz qaytarmadi. Lekin ma'lum qismini, ozginasini qaytargan. Bir necha bor uyiga bordim. «Qaytaraman», deb aldab keldi. Men undan qarzni sud orqali qaytarib olmoqchi bo'ldim va IIB xodimlariga murojaat qildim. Ularning oldida: «Men pul olganim yo'q, olgan bo'lsam, Hudo ursin», deb qasam ichdi. Mening esa Hudodan boshqa guvohim yo'q. Shuning uchun sizga murojaat qilmoqdaman. Iltimos, menga maslahat bering. Oldindan katta rahmat».
Bunga o'xshash maktublar juda ko'p. Ba'zi odamlar birovning haqini eb ketishdan mutlaqo qo'rqishmaydi. Bir odam o'zining molidan o'ziga ishlatmasdan, muhtoj bo'lib turgan kishiga berib, uning mushkulini oson qilsa-yu, muhtoj odamning ishi bitib, muhtojligi ketgach, «Men sendan qarz olganim yo'q», deb tonib ketsa! Bundan yomon, bundan pastkash odam bormi dunyoda?!
Alloh taolo Niso surasida marhamat qiladi:
«Ey iymon keltirganlar! Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo'l bilan emang» (29-oyat).
Birovning molini botil yo'l bilan eyishga ribo, qimor, poraxo'rlik, aldamchilik, narxni sun'iy ravishda ko'tarish, o'g'rilik, qimorbozlik, tovlamachilik, qarzni inkor qilish kabi ishlar kiradi.
Bir-birining molini botil yo'l bilan eyish odati bor jamiyatlar o'zini o'zi halokatga olib borganini va borayotganini hamma ko'rib-bilib turibdi. Umuman, Allohning aytganidan chiqish, Unga ma'siyat qilish halokatga eltishi aniq ekaniga shubha yo'q. Jumladan, botil yo'l bilan mol eyish ham katta ma'siyat sifatida halokatga sabab bo'ladi. Shuning uchun bunday jamiyatlarning a'zolari ham qarz egasi tarafida bo'lishlari, qarzni inkor qilayotgan nobakorga qarshi turishlari, qarz egasiga o'zining halol mulkini qaytarib olishida yordamchi bo'lishlari lozim.
Shu bilan birga, qarzdan tonayotgan taraf bilib qo'ysinki, oxiratdagi ashaddiy azoblarning ustiga boshqa narslar ham mavjud.
Muoviyaning mavlosi Qosimdan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:
«Kim ado qilish niyati bilan qarz olsa, uni ado qilishga qat'iyatli bo'lib turib, qarzni ado qilmasidan oldin o'lsa, albatta, Alloh taolo uning talabgorini O'z huzuridagi istagan narsa bilan rozi qilishga qodirdir. Vafot etganni ham mag'firat qiladi. Kim ado qilmaslik niyati bilan qarz olsa va o'sha holida, qarzini ado qilmay o'lib qolsa, unga «Sen falonchining haqini sendan to'liq olib bermasligimizni gumon qilganmiding?» deyiladi. Uning yaxshiliklaridan olinib, qarz egasining yaxshiliklariga ziyoda o'laroq qo'shiladi. Agar uning yaxshiliklari bo'lmasa, qarz egasining yomonliklaridan olinadi va qarzdorning yomonliklariga qo'shiladi». Bayhaqiy rivoyat qilgan.
Niyati buzuqning holi shu bo'lsa, qarzdan tonib o'tib ketganning holi qanday bo'lishini har kim o'zi bilib olaversin.
Avvalo qarz olishgacha borib qolmaslik chorasini ko'rish kerak. Mabodo qarz olishga ehtiyoj tushganda ham, yaxshi niyat bilan «Alloh taoloning yordamida albatta qarzimni uzaman», degan niyatni qilib, uni amalga oshirish uchun g'ayrat qilish lozim. Ana o'shanda Alloh taolo O'zi yordamchi bo'ladi, ishlar yaxshilikka buriladi. Yaxshi niyat yor bo'ladi. Ammo kishi ishni yomon niyat bilan boshlasa, yomon niyati o'zining boshiga etadi. Qarzini uzmay o'tib ketganidan keyin ham qutula olmaydi. U dunyoda Alloh taoloning O'zi uning jazosini beradi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
(Qarz va unga bog'liq masalalar kitobidan)
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.