Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Aprel, 2025   |   18 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:18
Quyosh
05:42
Peshin
12:28
Asr
17:07
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
16 Aprel, 2025, 18 Shavvol, 1446

2. BAQARA SURASI, 208–210 OYaTLAR

16.11.2020   5320   4 min.
2. BAQARA SURASI, 208–210 OYaTLAR

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ ٱدۡخُلُواْ فِي ٱلسِّلۡمِ كَآفَّةٗ وَلَا تَتَّبِعُواْ خُطُوَٰتِ ٱلشَّيۡطَٰنِۚ إِنَّهُۥ لَكُمۡ عَدُوّٞ مُّبِينٞ٢٠٨

208. Ey imon keltirganlar, Islomga to'lig'icha kiringlar va shaytonning izidan ergashmanglar, chunki u ochiq dushmaningizdir.

Ba'zi mufassirlar (masalan, Zamaxshariy va Roziy) ushbu oyati karima yangi musulmon bo'lgan Ahli kitoblarga qaratilgan, deyishadi. Yahudiylardan bir guruhi musulmon bo'lgan edi. Ular Islomda turib ham Tavrot hukmlariga amal qilishardi, chunonchi shanba kuni ibodat qilishar, tuya go'shti va sutini harom deb e'tiqodda bo'lishar, Tavrot ham tilovat qilib turishar edi. Yuqoridagi oyati karima shular xususida tushirilib: "Islomga kirsangizlar, bu din hukmlariga mukammal itoat qilinglar, ba'zisiga amal qilib, ba'zisini tark etmanglar" deb buyurilmoqda.

Ko'rib turibsizki, gumroh, o'z foydasini bilmagan qavmlar doimo adashishda bo'lgan. Hamisha shayton vasvasasiga uchib, Alloh taoloning haq yo'lidan chekinishgan. Chunki dunyo hayotining rohat-farog'atlari insonga chiroyli ko'rsatib qo'yilgan. Shayton hamisha uni yo'ldan ozdiradi. Toat-ibodatdan, solih amallardan qaytaradi. Ular orasiga bug'zu-adovat, nifoq soladi. Shaytonga murid bo'lganlarning quloqlariga payg'ambarning da'vat va iltijolari aslo kirmaydi. Ko'zlari Alloh taolo har qadamda ko'rsatib qo'ygan ibrat, mo''jizalarni ko'rmaydi. Noqis aqllari Alloh dinining, Alloh shariatining isbot talab etmaydigan oliy haqiqatlarini ilg'ab olishga yaramaydi. Ular bu dunyoda Alloh taolo bergan behisob ne'matlarni, mo'l rizqlarini go'yo o'zlari ishlab topganday eb-ichib, hatto shukrini qilishmaydi. Bu dunyoning jurmu isyonlariga g'arq bo'lib, oxiratni esdan chiqarishadi. Arzimas martaba yoki matoh deya ulug'lariga sajda qilishadiyu, ammo butun olamlarning Egasi, zaminu koinotning haqiqiy Hojasi, barcha mavjudotlarning Yaratuvchisi bo'lmish buyuk Zotga ibodat qilishga, Uning amr-farmonlarini bajarishga erinishadi, or qilishadi, beparvo bo'lishadi. Bundan ortiq nodonlik, bundan ziyod gumrohlik, bundan-da osiylik bormi?!

فَإِن زَلَلۡتُم مِّنۢ بَعۡدِ مَا جَآءَتۡكُمُ ٱلۡبَيِّنَٰتُ فَٱعۡلَمُوٓاْ أَنَّ ٱللَّهَ عَزِيزٌ حَكِيمٌ٢٠٩

209. Agar sizlarga ravshan hukmlar kelganidan keyin ham toyib ketsangizlar, bilinglarki, Alloh albatta qudrat va hikmat egasidir.

Alloh taolo O'z payg'ambarlari orqali insonlarga vahiylarini yubordi, faqat O'ziga sig'inishni, yagona Ilohga boshqa but-sanamlarni, o'zga narsalarni sherik qilmaslikni buyurdi. Yana U zot imon va kufrni, hidoyat va zalolat yo'llarini ajratib berdi, halol va haromni anglatdi, yaxshi ishlarga amr etdi, yomonliklardan qaytardi. Oqil insonlar ibrat olsinlar, xulosa chiqarsinlar, deya ko'p mo''jizalarni, dalil-isbotlarni ko'rsatib qo'ydi. Agar shundan keyin ham insonlar haq yo'ldan toyib ketishadigan bo'lsa, u holda ular Parvardigorning alamli jazosi, abadiy qiynoqlarga giriftor bo'lishadi. Chunki Alloh taolo buyuk qudrat va hikmat egasi bo'lgani uchun ham oyatlari orqali insonlarni mana shunday ogohlantirib qo'ygan. Alloh taolo aytadi: "U Allohni qo'yib, o'ziga zarar ham, foyda ham bera olmaydigan narsalarga iltijo qilur. Bu qattiq adashishning o'zidir. U zarari foydasidan yaqinroq bo'lgan "kimsa"ga iltijo qilur. U naqadar yomon "do'st" va naqadar yomon "oshno"dir" (Haj, 12-13).

هَلۡ يَنظُرُونَ إِلَّآ أَن يَأۡتِيَهُمُ ٱللَّهُ فِي ظُلَلٖ مِّنَ ٱلۡغَمَامِ وَٱلۡمَلَٰٓئِكَةُ وَقُضِيَ ٱلۡأَمۡرُۚ وَإِلَى ٱللَّهِ تُرۡجَعُ ٱلۡأُمُورُ٢١٠

210. Nahotki ular faqat Allohning hamda farishtalarning bulutlar soyasida oldilariga kelishini va ishning tugashini kutishayotgan bo'lsa?! Barcha ishlar Allohga qaytajakdir.

Alloh taoloning ochiq-oydin amr-farmonlarini ko'ra-bila turib ham qaysarliklari tufayli ularni bajarishdan bo'yin tovlaydigan kimsalar ham bor. Ular Alloh va Uning Payg'ambariga imon keltirishmagan, Qur'onga ishonishmaydi. Buning ustiga ular "Agar Alloh o'z farishtalari bilan oldimizga tushsaydi, har kimning qilmishiga yarasha jazo va tanbehini bersa, bo'ladigan ish bo'laqolsaydi", deb betoqat bo'lishadi. Parvardigor marhamat etadiki, hamma ish Allohning O'ziga havola etiladi, hammaga munosib muomalani Uning O'zi qiladi, qachon qilishini ham yolg'iz O'zi biladi, inkor etuvchilar betoqat bo'lavermasinlarki, ular imonsizliklarining qattiq azobini totishlari muqarrardir!

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Samarqanddagi Registon maydoni dunyodagi eng go‘zal 44 ta joy qatoriga kiritildi.

16.04.2025   734   1 min.
Samarqanddagi Registon maydoni dunyodagi eng go‘zal 44 ta joy qatoriga kiritildi.

“TimeOut” jurnali dunyo bo‘ylab tajribali sayohatchilarning fikrlarini to‘plab, ular tashrif buyurgan eng go‘zal joylar haqida so‘zlab berdi. Natijada, sayyoramizning eng ajoyib go‘shalariga yo‘l ko‘rsatuvchi qo‘llanma sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan ro‘yxat tuzildi.

 

Samarqandga tashrif buyurgan sayohatchilar Registon maydonini shunday ta’riflashadi:

 

"Uchta ulug‘vor inshoot bilan o‘ralgan keng maydon - Registon Samarqandning qadimiy qalbi, zamonaviy O‘zbekistondagi Ipak yo‘li shahrining timsoli hisoblanadi.

 

Registonning XV-XVII asrlarda qurilgan uchta madrasasi ravoqli peshtoqlari, yaltiroq gumbazlari va baland minoralari bilan manzarani tasvirlab beradi. Ular g‘isht, koshin va mozaikalardan yasalgan geometrik naqshlar bilan bezatilgan.

 

Bu binolar ulug‘vorligi va nafosat uyg‘unligida, maftunkorligi va mehmondo‘stligi bilan ajralib turadi. Qosh qorayishi bilan esa ular butun go‘zalligini namoyon etib, nurga burkanadilar".

 

"TimeOut" - Londonda joylashgan xalqaro kompaniya bo‘lib, dunyoning 60 ta shahrida ko‘ngilochar va madaniy hayot haqida aynan shu nomdagi haftalik jurnalni nashr etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari