Olamlarga Rahmat Payg'ambar qilib, Alloh taolo tomonidan yuborilgan, zalolatdan hidoyatni farqini bizlarga bildirgan, vahiy qilingan Qur'oni karimdan ta'lim bergan, shafoatidan barcha mo'minu mo'minalar umidvor bo'lgan yo Rasulalloh sollallohu alayhi va sallam, ich-ichimdan, yuragimning tub-tubidan sizga bo'lgan muhabbatim sabab bu muhabbatni qalbimga solgan Alloh taologa hamd aytib, yo Rasulalloh, sizni sog'indim!
Alloh taolo bergan sinovli musibat kunlarda o'zimga sabr so'rab, Allohning rahmatidan umidvor bo'ldim. Shoyadki musibatlar sababidan Alloh taolo meni gunohlarimni mag'firat qilsa, yoinki darajotlarimni ko'paytirsa!
Dardlarimni ota-onamga aytolmayman. Dardlasha olmayman. Ular bu dunyodan rixlat qilishgan. Men ularni faqat duo bilan yodga olaman xolos. Ularning hollari Alloh taolodan o'zgaga ayon emas. Agar tirik bo'lishsa, dardlarimni eshitar, yupanch berar edilar. Afsus, buni endi iloji yo'q.
Musibat va sirlaringni bir sirdoshga aytasan, u senga achinadi, yupatganday bo'ladi. Lekin bundan ne foyda? O'z siring ichingda turganida sir, ming yaqin bo'lgan do'stingga aytganingda esa u sir bo'lmay qoladi, ochilib fosh bo'ladi. Shuning uchun Qur'on tilovat qilib, o'zimga yupanch olaman.
Siz bilan xuddi meni ko'rib turganingizdek tasavvur qilib, sizga salavot, salom aytib, dardlarimni sizga to'kaman. Yo Rasulalloh. Shunda yana sizni sog'inaman. Gar ko'rmasam-da, o'zingiz aytganingizdek, salomu salavotlarimni eshitib, alik olyapsiz-ku, deb yana sizni sog'inaveraman.
Mo'minlar doimo sinovda, umr o'tkinchi. Dunyo g'ildiragi aylanaveradi. Umrimiz tobora oxirat sari yaqinlashyapti. Alloh taolodan qolgan umrimni imonda, Islomda, sog'-salomatlikda o'tishini so'rab, duo qilaman. Sog'ingan kishimni, sizni yo Rasulalloh, Qiyomatda ko'rishni, shafoatingizga muyassar bo'lishni Yaratgandan so'rab, duo qilaman. To Qiyomatda sizning shafoatingizni olmagunimcha sizni sog'inaveraman, yo Rasulalloh, sog'inaveraman.
Sollallohu alayhi va sallam. Allohumma solli va sallim va barik alayh.
Yo Rabbi! Sendan so'raganim:
Qalbimdan faqat O'zingga bo'lgan muhabbatimni ziyoda qil!
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga bo'lgan muhabbatimni ziyoda qil!
Sog'inchimga ilojni faqatgina Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni ko'rganimdagina qonishini, Sizga bo'lgan sog'inchim shunday holatdagina bosilishini Alloh taolodan so'rayman.
Insonning boshiga musibat, tashvishlar, hayot qiyinchiliklari, yaqinlardan ayrilish, ko'ngliga yolg'izlik zahqumlari cho'kkanida faqatgina unga yupanch, yolg'iz panoh, yolg'iz taskinlik bo'ladi. Mana shu taskinlik va yupanchni Alloh taolo Kalomini o'qib, tilovat qilganimda topdim. Shu Kalomni bizlarga siz etkazgansiz, yo Rasulalloh! Shuning uchun sizni sog'inaveraman. Qiyomatda siz bilan uchrashishi nasib qilsin.
Yo Rasulalloh, Sizni sog'indim...
Ummu Muslima
#Qur’on_va_tajvid_o‘quv_kursi
Toshkent islom instituti qoshidagi “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursining navbatdagi 62-davra tinglovchilari o‘qishni boshlamoqda. Shu munosabat bilan “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursi bo‘limi boshlig‘i Ahmadxon qori Rashidov tinglovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda kursning ahamiyati va o‘quv jarayoni haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, tinglovchilarning fikrlari tinglanib, ularga tavsiyalar berildi.
Ma’lumot uchun:
- Qabul: har shanba kuni, soat 09:00 – 14:00;
- To‘lov: 3 oylik kurs uchun 1 648 000 so‘m;
- Ro‘yxatdan o‘tgach, tinglovchilar navbat bilan o‘qishga chaqiriladi.
Manzil:
Toshkent shahar, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘cha, 47-uy. (https://goo.gl/maps/Ng8xP1yVfJwJvB3e7)
Bog‘lanish uchun:
71-227-23-47
Alloh taolo barchamizga Qur’onni to‘g‘ri va chiroyli o‘qishni, uning hikmatlaridan bahramand bo‘lishni nasib qilsin!
11 ta filiallar (https://t.me/oliymahad/21683)
t.me/oliymahad