Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Yanvar, 2025   |   13 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:35
Shom
17:19
Xufton
18:38
Bismillah
13 Yanvar, 2025, 13 Rajab, 1446

Oilada farzand tarbiyasi: Emizish jihatidan nikohi ta'qiqlanganlar

11.11.2020   3188   30 min.
Oilada farzand tarbiyasi: Emizish jihatidan nikohi ta'qiqlanganlar

وَأُمَّهَٰتُكُمُ ٱلَّٰتِيٓ أَرۡضَعۡنَكُمۡ وَأَخَوَٰتُكُم مِّنَ ٱلرَّضَٰعَةِ

«...emizgan “ona”laringiz, emishgan “opa-singil”laringiz..» (Niso, 23).

Chaqaloq o'z onasidan boshqa ayolni emishi bilan bu ayol uning “emizgan ona”si hisoblanadi. Emizgan onaning qizlari esa emgan go'dakka opa-singil hisobida bo'ladi. Shuning uchun bu “emizgan ona” va “emishgan opa-singil”lar ham abadiy mahram bo'lib, “emgan bola”ning ularga uylanishi shariatga ziddir. Ammo “emgan bola”­ning tug'ishgan yoki tutingan aka-ukalarini mazkur ayollarga nikohlash mumkin.

Bu borada Payg'ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) quyidagi hadislari rivoyat qilingan.

قال النبي صلى الله عليه وسلم: يَحْرُمُ مِنَ الرَّضَاعَةِ مَا يَحْرُمُ مِنَ النَّسَبِ. (رواه مسلم)

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Nasab jihatidan (nikohi) taqiqlangani emizish jihatidan ham taqiqlanadi”,  dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Demak, nasab jihatidan nikohi man' etilgan – ona, qiz, singil, xola, amma, akaning qizi, opaning qizi qarindoshlar kabi, emizgan tomondagi – ona, qiz, singil, xola, amma, akaning qizi, opaning qizlari ham xuddi shunday qarindosh hisoblanib, nikohlanishi man' etiladi.

Erkak mahram nikohlanishi ta'qiqlangan ayolning, ya'ni mahramining ko'p hollarda ochiq bo'ladigan a'zolari: bosh, bo'yin, kaft, oyoq kafti va shunga o'xshash joylariga qarashi joiz. Ammo ko'pincha yopiq bo'ladigan a'zolariga qarashi joiz emas. Alloh taolo bu haqda shunday bayon qiladi:

وَلَا يُبۡدِينَ زِينَتَهُنَّ إِلَّا مَا ظَهَرَ مِنۡهَاۖ وَلۡيَضۡرِبۡنَ بِخُمُرِهِنَّ عَلَىٰ جُيُوبِهِنَّۖ وَلَا يُبۡدِينَ زِينَتَهُنَّ إِلَّا لِبُعُولَتِهِنَّ أَوۡ ءَابَآئِهِنَّ أَوۡ ءَابَآءِ بُعُولَتِهِنَّ أَوۡ أَبۡنَآئِهِنَّ أَوۡ أَبۡنَآءِ بُعُولَتِهِنَّ أَوۡ إِخۡوَٰنِهِنَّ أَوۡ بَنِيٓ إِخۡوَٰنِهِنَّ أَوۡ بَنِيٓ أَخَوَٰتِهِنَّ

«...Ular zeb-ziynatlarini erlari yo otalari, yo erlarining otalari, yo o'g'illari, yo erlarining o'g'illari, yo o'zlarining og'a-inilari, yo og'a-inilarining o'g'illari, yo opa-singillarining o'g'illari…dan boshqa kishilarga ko'rsatmasinlar»(Nur, 31).

Oyatdagi arabcha “bu'ul”, ya'ni “juft” so'zi istisno qilindi, chunki er-xotin bir-birining ziynatini ko'rishi joiz. Buning batafsil bayonini keyin keltiramiz.

Abu Dovud rivoyat qiladi: Sahla binti Suhayl: “Ey Allohning Rasuli, biz Solimni yosh bola sifatida ko'rardik. U men va Abu Huzayfa bilan bir uyda yotib qolardi. U meni hijobsiz (berkitish lozim bo'lgan joylarni berkitmagan) holda ko'rardi. Shu ma'noda oyat nozil bo'ldi, bunga nima deysiz?” deb so'radi. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Uni besh marta emizgin”, dedilar.

Solim emizilganidan so'ng o'z farzandi o'rniga o'tdi. Bu hadis Solimning ko'p holda ochiq bo'ladigan bosh, bo'yin va kaftga qarashi mumkinligiga dalildir.

Shariat nikohi man etilgan kishilarning berkitilgan a'zolariga nazar qilishni joiz hisoblamaydi. Chunki bu toifadagi mahramlarning berkitilgan a'zolariga qarashga hech bir ehtiyoj yo'q. Shuning uchun ham erkak odobi va ayol iffati bilan muvofiq bo'lmaydigan bunday holatdan saqlanish lozim. Bu bilan ba'zi fitnalarning oldi olinadi. Afsus, hayotda ayrim oilalarda ushbu o'zaro mahramlik odoblari doirasidan chetga chiqish oqibatida xunuk munosabatlar sodir bo'lmoqda.

Erkak kishi o'z mahram ayollarini hayosiz libosda ko'rishi ham mumkin emas. Lekin avratdagi a'zolar ya'ni: hatto u o'g'li, qizi, akasi, singlisi, otasi bo'lsa-da, nazari tushishi joiz emas. Bordi-yu, ota yoki aka-ukasini hammomda cho'miltirishga to'g'ri kelganida ham, avrat hisoblangan a'zolari yopiq holda bo'lishi shart. Alloh taolo bu haqda aniq hukmni bayon qilgan:

تِلۡكَ حُدُودُ ٱللَّهِ فَلَا تَعۡتَدُوهَاۚ وَمَن يَتَعَدَّ حُدُودَ ٱللَّهِ فَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلظَّٰلِمُونَ٢٢٩

«...Bu Allohning (belgilab qo'ygan) hudud (chegara)laridir. Ulardan (oshib) tajovuz qilmangiz! Kimki Allohning hududidan tajovuz qilsa, ana o'shalargina zolimlardir» (Baqara, 229).

Nazar solishga doir ushbu odoblarni hamma bilishi lozim.

Biroq shunday oilalar ham borki, o'z otasi ko'z o'ngida qizining  kiyinishiyu o'zini tutishini ko'rib: “Nahotki ota-bola bo'lishsa” deb, taajjubda qolmay ilojingiz yo'q. Ba'zi holatlarda balog'at yoshiga etgan qizlarning allambalo kiyimlarda hech tap tortmasdan otasi bilan ajabtovur ko'rishishiga nima deyish mumkin? Bunday toifa insonlar ota hurmati, qizlar iffati, ota-bola o'rtasidagi muomala me'yorlaridan bexabardir. Bunday sharmsiz tarbiyani olib voyaga etgan qiz birovning xonadoniga borgach, hech bir hijolatsiz boshqalarga ham ayni muomalani qilmasligiga kim kafolat bera oladi?

Hullas, tarbiyaga e'tiborsizlik, mahramlar o'rtasidagi dinimiz belgilab qo'ygan hududlarni buzish oqibatida ham ko'p muammolar kelib chiqadi. Qizning ahvolini birmuncha tushunsa bo'ladi, chunki unga yoshligidanoq bu tarbiyani ota-onasi singdirib bormagan. Ammo o'zini “mard”lardan hisoblab yuradigan, “ota” degan mas'uliyatga ega bo'lgan kishidagi nomus, oriyat, erkaklik hamiyati qayerda qoldi? Mayli, u diniy ta'limotlardan uzoqda deylik, ota-bobolarimiz amal qilib kelgan milliy g'urur, xalqimizning o'ziga xos bo'lgan or, andishasi qayerda qoldi? Bobolarimiz o'z qizlarini, ayollarini yuksak or-nomusli etib tarbiyalar edilarki, hatto sobiq sho'ro tuzumi chirkin g'oyalarini singdirmoqchi bo'lgan bir paytda, momolarimizning hayolarini toptamoqchi bo'lganida, mustahkam imonlari va iffatlari ustun kelib, o'z nomuslarini saqlaganlar.

Mana shunday go'zal tarbiyani berib, qizlarini sharmu hayoli, hurmatu ehtiromli qilib voyaga etkazgan otalargina yuksak hurmatga sazovordir.

Unashtirilayotganlarning bir-biriga nazar odobi. Islom dini unashtirilayotgan yigit va qizning bir-biriga nazar qilishini joiz hisoblaydi. Chunki har ikkisi ham hayotda umr yo'ldoshi tanlashda ixtiyorga egadir. Bu haqdagi muborak hadislarga murojaat qilamiz:

قال النبي صلى الله عليه وسلم: انظر إليها فإنه أحرى أن يؤدم بينكما. (رواه الترمذي والنسائي)

Imom Termiziy va Nasoiy rivoyat qiladi: Rasululloh (sol­lallohu alayhi va sallam): “Uni ko'rgin, chunki ko'rish o'rtangizdagi (muhabbat)ning mustahkam bo'lishiga sababchidir”,  dedilar.

عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ قَالَ كُنْتُ عِنْدَ النَّبِىِّ -صلى الله عليه وسلم- فَأَتَاهُ رَجُلٌ فَأَخْبَرَهُ أَنَّهُ تَزَوَّجَ امْرَأَةً مِنَ الأَنْصَارِ فَقَالَ لَهُ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- « أَنَظَرْتَ إِلَيْهَا ». قَالَ لاَ. قَالَ « فَاذْهَبْ فَانْظُرْ إِلَيْهَا فَإِنَّ فِى أَعْيُنِ الأَنْصَارِ شَيْئًا ». (رواه مسلم)

Imom Muslim rivoyat qiladi: “Bir kishi Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib, ansoriy ayollardan biriga uylanayotganini aytdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) so'radilar:

– Uni ko'rdingmi?

– Yo'q.

– Uni ko'rgin, chunki ansoriylarning ko'zlarida bir narsa bor”.

Ushbu hadislar turmush qurmoqchi bo'lgan yoshlar bir-biriga nazar qilishi joiz ekaniga dalil. Ulamolar bu holatning odoblarini bunday bayon qilganlar:

  1. Yigit qizga uylanishni qasd qilganidan keyin faqat uning yuzi va kaftiga qarashi mumkin.
  2. Takror ko'rishi joiz, toki uning ko'rinishi ongida o'rnashsin.
  3. Yigit qiz bilan ko'rishayotgan mahal guvohlar ishtirokida suhbatlashishi mumkin.
  4. Nikoh aqdi bo'lmasidan turib, unashtirilganlar boshqa nojoiz harakatlarni qilishi mumkin emas.

قالت عائشة رضي الله عنها: ما مست يد رسول الله صلى الله عليه وسلم يد امرأة قط غير أنه بايعهن بالكلام. (رواه البخاري)

Imom Buxoriy rivoyat qiladi. «Oysha (roziyallohu anho): “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qo'llari bay'at qilish paytida biror ayolning qo'lini ushlagani yo'q, ayollarning bay'ati so'z bilan bo'lar edi”, dedi».

Nikoh o'qilmaguncha unashtirilgan qiz va yigit bir-birlariga mahram xisoblanmaydi. Demak, ularning unashtirilishi boshqa nojoiz harakatlar qilishlariga aslo yo'l bermaydi.

  1. Unashtirilgan qiz nomahram yigit bilan xilvatda qolishi mumkin emas. Chunki dinimiz begona ayol va erkak kishi bilan xilvatda qolishni harom qilgan. Ushbu hadisga e'tibor qaratamiz:

قال النبي صلى الله عليه وسلم: لا يخلون رجل بامرأة ولا تسافرن امرأة وإلا معها محرم. (متفق عليه)

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qiladi: Ra­sululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ogoh bo'ling, erkak kishi ayol bilan xilvatda qolmasin va mahramsiz ayol safarga chiqmasin”, dedilar.

Mazkur hadis bilan Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bu boradagi hukmni qat'iy bayon etdilar. Hozirda xalqimiz orasida tarqalgan, hatto ommalashib ulgurgan yomon odatlardan biri unashtirilgan qiz va yigitning o'zaro xulqu odoblarini yaqindan bilish maqsadida tez-tez ko'rishishlaridir. Bunday holatlar, ko'p uchrashishlar unashtirilgan qizning sha'niga bora-bora noloyiq gap-so'zlar ko'payishiga sabab bo'ladi. O'z o'rnida bu hol yigitning ham olijanobligi va oriyatiga to'g'ri kelmaydigan nomaqbul ishdir. Agar holat shu tarzda davom etadigan bo'lsa, qiz yoki yigit turli fitnalar girdobida qolib, nikoh aqdi bo'lmasdan turib, unashtiruv bekor bo'lishi ehtimoldan holi emas. Afsus, bunday ko'ngilsizliklar hayotimizda uchrab turibdi. Bunday holatlarga yoshlarni unashtirib qo'yib, uzoq vaqt, hatto yillar o'tib ham, to'ylarini qilmaydigan beparvo ota-ona sababchi bo'ladi. Natijada nikoh aqdi bo'lib, bir oz vaqt o'tar-o'tmas, ajralishlar ham kuzatiladi.

Ana shunday beg'am otalardan biri dardini bunday bayon qiladi: “Bundan uch yil avval o'g'limning bir qizga ko'ngli tushib qoldi. Qiz onasi bilan yashaydigan yolg'iz farzand ekan. Ayolim bilan maslahatlashib, sovchilikka boradigan bo'ldik. O'g'lim aytgan manzil bo'yicha topib bordik. Ko'p qavatli uyning to'rtinchi qavatidagi xonadon eshigini taqillatdik. Ichkarida 45-50 yoshlar chamasi ayol kutib oldi. Ikki xonadangina iborat uyda orastalik barq urib turardi. Yo'lakdan tortib xonalargacha ozoda qilib yig'ishtirilgan, biz kirgan xonadagi barcha jihozlar o'ta nozik did bilan joylashtirilgan edi. Bu sarishtalik va uy sohibasining yaxshi muomalasiyu nurli chehrasi ko'nglimdagi allanechuk xayollarni uzoqlashtirdi. Boshida xushlamaygina yo'lga otlangan xotinimning yuzida ham mamnunlik paydo bo'ldi. Choy ustidagi biror soatcha suhbatdan ma'lum bo'ldiki, bir necha yil, aniqrog'i, o'n yil oldin eri vafot etgan bu ayol boshqa turmush qurmagan ekan. Yolg'izgina qizini tarbiyalab voyaga etkazaman, deb ko'p qiyinchilikni boshidan o'tkazgani ayolning yuzlariga barvaqt tushgan ajindan ham shundoqqina bilinib turardi.

Sovchilarga xos odob bilan sekingina muddaoni bayon qildik. Ayol: “Qizim hali o'n olti yoshda, qiz qilib olaman desangiz, mayli, ammo hali kelinlikka erta”,  dedi. Bu ayol boshqa viloyatda xususiy firmada ishlar, uyiga kam kelar ekan. Qarindoshlari ancha olisda yashashi bois qizi ko'pincha uyda yolg'iz qolar ekan.

Hullas, o'g'lim va onasi bilan maslahatlashib, qizni unashtirib uyimizga olib keladigan, hozircha nikoh qilib, ikki yildan keyin esa to'y qiladigan bo'ldik. O'g'lim bilan esa, garchi nikoh qilingan bo'lsa-da, qizga nisbatan masofa saqlashini kelishib oldim. Qizning onasi ham ushbu shartlar bilan rozi bo'ldi. O'g'lim aqlli, xushli yigit bo'lib, tadbirkorlik bilan shug'ullanar edi. Qizni ham ishga jalb etib, birgalikda ishlashdi. Ikki yil emas, oradan uch yil o'tdi. Bu orada qiz o'n to'qqizga, o'g'lim esa yigirma beshga to'ldi. Bu muddatni hech gap-so'zsiz, omonatga xiyonat qilmasdan o'tkazdik. To'y kunini ham belgilab katta xursandchiliklar bilan to'y bo'ldi. Kelin-kuyovni alohida uyga ko'chirdik. Nazarimda, barchasi ko'ngildagidek edi. Ammo barcha mashmasha to'ydan keyin boshlandi. Oradan bir hafta o'tar-o'tmas bir kuni ayolim, ular qovusha olishmayotganini, bir-birlariga munosabatlari ham ancha sovuqlashib qolganini aytdi. Avvaliga o'g'limga, so'ngra kelinni chaqirib, onasi ikkalamiz pandu nasihatlar qildik. Tavba, uch yildan buyon binoyigina yurgan, bir-biriga mehr qo'ygan yoshlarga aslo o'xshamas, tamoman o'zgarib qolishgan edi. Mana, oradan bir necha oy o'tganiga  qaramasdan, hali-hanuz ahvol o'zgargani yo'q. Nima qilarimni bilmasdan, boshim qotgan”, deya so'zini tamomladi bechora ota.

Bugungi kunlarda hayotimizda uchrab turgan bu kabi voqealardan  to'g'ri xulosa chiqarishimiz kerak.

Afsus ila eslatib o'tamiz, hozirgi kunlarda o'zboshimchalik bilan yuqorida aytilgan nikoh shartlari bo'yicha so'rab-surishtirmay yoshlarni nikohlash holatlari uchramoqda. Shu bois yuqoridagi kabi noxush holatlarning oldini olish maqsadida jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda bir qator tadbirlar o'tkazilmoqda.

Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish idorasi bergan guvohnoma bo'lishini ham qonuniy nikohning muhim shartlaridan biri deb e'tirof qilish o'rinlidir. Norasmiy kishilarning Fuqarolik holati bo'yicha dalolatnoma yozish idorasi bergan guvohnomani surishtirmay nikoh o'qishlari yosh oilalarning ijtimoiy huquqlarini kamsitish bo'lsa, rasmiy imomlarning bunday guvohnomani ko'rib, so'ngra nikoh o'qishlari jamiyatda yosh oilaning ijtimoiy huquqini muhofaza qilishdir.

O'z jufti haloliga nazar odobi. Oila qurib yashayotgan er-xotin bir-birining barcha a'zolarini shahvat bilan yoki shahvatsiz ko'rishi joiz. Zero, bir-biri bilan qo'shilishning joizligi ularning barcha a'zolariga nazar solishda hech bir mone'lik yo'qligini bildiradi. Biroq har ikkisi ham bir-birining avratlariga tik boqmasligi afzal. Chunki odob-hayo va dinimiz ta'limotlari yuksak axloqni talab etadi. Oysha  onamizdan (roziyallohu anho) rivoyat qilingan ushbu hadis shunga ishora qiladi:

قالت عائشة رضي الله عنها: وما رأيته من رسول الله صلى الله عليه وسلم ، ولا رآه مني. (رواه أبو الشيخ الأصبهاني)

Oysha (roziyallohu anho) aytadilar: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mendan biron narsani ko'rmadilar va men u kishidan biror narsa ko'rmay dunyodan o'tdilar”.

Alloh taolo marhamat qiladi:

وَٱلَّذِينَ هُمۡ لِفُرُوجِهِمۡ حَٰفِظُونَ٥ إِلَّا عَلَىٰٓ أَزۡوَٰجِهِمۡ أَوۡ مَا مَلَكَتۡ أَيۡمَٰنُهُمۡ فَإِنَّهُمۡ غَيۡرُ مَلُومِينَ٦

«Ular avratlarini (haromdan) saqlovchidirlar. Illo, o'z jufti halollari va qo'l ostidagilar (cho'rilar) bundan mustasnodir. Bas, albatta, ular malomat qilinuvchi emaslar» (Mo'minun, 5-6).

Begona ayolga nazar. Balog'at yoshiga etgan erkak kishining begona ayolga nazar qilishi, u bilan xilvatda holi qolishi, erkin suhbatlashishi, garchi ayolda erkak kishini o'ziga tortadigan jihatlar bo'lmasa-da va shahvatini o'yg'otmasa-da, nojoiz. Bu toifadagilar, ya'ni begona ayol kim-u, begona erkak kimligi haqida quyida bayon qilinadi.

Begona erkak – ayolni nikohiga olishi mumkin bo'lgan har qanday erkak kishi. Ya'ni, yuqorida zikr etilgan mahramlaridan boshqalar. Umuman notanish, begona erkaklardan tashqari, amma, amaki, tog'a va xolaning o'g'illari hamda singil, opa, xola va ammaning erlari, ya'ni pochchalar ham shu toifaga kiradi.

Begona erkak kishilar qatoriga yaxshi-yomonni ajrata oladigan, balog'at yoshiga yaqinlashgan o'smirlar ham kiradi.

Begona ayol – erkak nikohiga olishi mumkin bo'lgan, ya'ni nikohi durust bo'lib, mahramlardan bo'lmagan ayol. Butunlay begona bo'lgan ayollardan tashqari amaki, amma, tog'a va  xolaning qizlari hamda aka-uka, amaki, tog'aning xotinlari, shuningdek, xotinining opa-singillari, ammalari va xolalari ham begona ayollar sirasiga kiradi.

Bu toifadagi ayol yoki erkak kishi, pochcha yoki qaynsingil, amaki yoki xolaning bolalari kabi qarindosh hisoblansa-da, biroq mahram sirasiga kirmaydi. Shu bois, ular bilan muomala odob doirasida, boshqalar ishtirokida, ma'lum masofa saqlagan holda bo'lishi lozim.

Oyati karimada aytilgan:

قُل لِّلۡمُؤۡمِنِينَ يَغُضُّواْ مِنۡ أَبۡصَٰرِهِمۡ وَيَحۡفَظُواْ فُرُوجَهُمۡۚ ذَٰلِكَ أَزۡكَىٰ لَهُمۡۚ إِنَّ ٱللَّهَ خَبِيرُۢ بِمَا يَصۡنَعُونَ٣٠ وَقُل لِّلۡمُؤۡمِنَٰتِ يَغۡضُضۡنَ مِنۡ أَبۡصَٰرِهِنَّ وَيَحۡفَظۡنَ فُرُوجَهُنَّ

«(Ey Muhammad!) Mo'minlarga ayting, ko'zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo'l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir. Mo'minalarga ham ayting, ko'zlarini (nomahram erkaklardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar!..» (Nur, 30-31).

Bir necha hadislar keltiramiz:

قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: «النظرة سهم من سهام إبليس مسمومة فمن تركها من خوف الله أثابه جل وعز إيمانا يجد حلاوته في قلبه». (رواه الحاكم والطبراني)

Imom Tabaroniy va Hokim Abdulloh ibn Mas'uddan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi, “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “(Begona ayolga) qarash iblisning o'qlaridan bir o'q, kim uni Allohdan qo'rqib tark qilsa, uning o'rni­ga imonni qo'yadi, qalbida uning halovatini topadi”.

عن أبى أمامة عن النبى -صلى الله عليه وسلم- قال « ما من مسلم ينظر إلى محاسن امرأة أول مرة ثم يغض بصره إلا أحدث الله له عبادة يجد حلاوتها ». (رواه أحمد)

Imom Ahmad va Imom Tabaroniy Abu Umomadan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “(Begona) ayolning go'zalligiga qarashdan ko'zini yumgan musulmonga Alloh bir ibodat berur, uning halovatini qalbida topadi”, dedilar.

Zero, mo'minning intiladigan orzusi, butun xatti-harakati, barcha amallari ham ushbu yuksak ne'mat – “imon halovati”ga qaratilgan. Bu latif, laziz va rohatbaxsh imon halovatini bir bora totgan kishi aslo uni yo'qotgisi kelmaydi. Buni topish uchun esa Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qilganlaridek, nafsga moydek yoqadigan, ammo oqibati o'ta yomon bo'lgan, begona ayollarga nazar tashlashdek yaramas ishni tark etish zarur. Agar bu haris nazardan saqlanmasa, iblis o'qiga nishon bo'lishi bayon etilmoqda. Bu jirkanch o'qqa nishon bo'lgan qalb sohibi esa to qalbini poklab olmagunicha imon halovatidek aziz ne'matdan va ko'p ezguliklardan mosuvo bo'lib qoladi. Ana shunday ahvolga tushib qolgan mo'minning yuzini munavvar etib turgan nur ham yo'qoladi.

Hazrat Usmon (roziyallohu anhu) zamonalarida sahoba Anas (roziyallohu anhu) Madina ko'chalarida ketayotganida bir ayolga ko'zi tushib, xayoli ozgina chalg'idi. Dar­hol o'zini o'nglab, to'g'ri Hazrat Usmonning (roziyallohu anhu) huzurlariga keldi: “Assalomu alaykum, yo amiral mo'minin!” dedi. Usmon (roziyallo­hu anhu) esa: “Hoy Anas! Senga nima bo'ldi, ko'zingda zino izini ko'ryapman?” dedi. “Salomga vojib bo'lgan alikni olmay, meni zinoda ayblayapsiz, nima, vahiy tusha boshladimi?” deya Anas (roziyallohu anhu) javob berdi. Shunda Usmon (roziyallohu anhu): “Yo'q, aslo, Muhammad (alayhissalom) vafot etganlaridan keyin vahiy ham, payg'ambarlik ham to'xtagan. Lekin mo'minning farosatidan qo'rqqin, u Allohning nuri bilan qaraydi”, dedi.

Abu Said (roziyallohu anhu) aytadi. «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Mo'minning farosatidan qo'rqinglar. Chunki u har bir narsaga Allohning nuri bilan qaraydi”, dedilar. So'ng “Albatta, bu (hodisa)da farosatli kishilar uchun alomatlar bordir”(Hijr, 75) oyatini o'qidilar» (Imom Termiziy, Tabaroniy va Bayhaqiy rivoyati). 

Shuningdek, ushbu hadisi sharifda ko'rsatilgan fazilatlarga ega bo'lish afzaldir:

عن عبادة بن الصامت أن النبى -صلى الله عليه وسلم- قال « اضمنوا لى ستا من أنفسكم أضمن لكم الجنة اصدقوا إذا حدثتم وأوفوا إذا وعدتم وأدوا إذا ائتمنتم واحفظوا فروجكم وغضوا أبصاركم وكفوا أيديكم ». (رواه أحمد وابن حبان)

Imom Ahmad va Ibn Hibbon “Sahih” kitoblarida Uboda ibn Somitdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) “O'z nafsingizda olti narsaning kafolatini beringlar, men sizlarga jannatning kafolatini beraman. So'zlasanglar, to'g'ri so'zlanglar, va'da bersanglar, vafo qilinglar, omonat qo'yilsa, ado qilinglar, farjlaringni saqlanglar, ko'zlaringni (haromdan) tiyinglar, qo'llaringni (haromdan) saqlanglar”, dedilar.

عن أَبي هريرة - رضي الله عنه - : أنَّ النبيَّ - صلى الله عليه وسلم - ، قَالَ : (( كُتِبَ عَلَى ابْن آدَمَ نَصِيبُهُ مِنَ الزِّنَا مُدْرِكُ ذَلِكَ لا مَحَالَةَ : العَيْنَانِ زِنَاهُمَا النَّظَرُ ، وَالأُذُنَانِ زِنَاهُمَا الاسْتِمَاعُ ، وَاللِّسَانُ زِناهُ الكَلاَمُ ، وَاليَدُ زِنَاهَا البَطْشُ ، وَالرِّجْلُ زِنَاهَا الخُطَا ، والقَلْبُ يَهْوَى وَيَتَمَنَّى ، وَيُصَدِّقُ ذَلِكَ الفَرْجُ أَوْ يُكَذِّبُهُ )) . متفق عَلَيْهِ

Imom Buxoriy va Imom Muslim Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Odam bolasiga uning zinodan bo'lgan nasibasi yozilgan. Uni olmasligi amrimahol. Ikki ko'z zinosi – nazar. Ikki quloq zinosi – eshitish. Tilning zinosi – so'zlash. Qo'lning zinosi – ushlash. Oyoqning zinosi – yurib borish. Qalb uni ishtaha va orzu qiladi. Farj esa uni tasdiqlaydi yoki yolg'onga chiqaradi”, dedilar.

Darhaqiqat, kishi nojoiz joyga nazar qilishi oqibatida, avvalo, qalb buziladi. Chunki qalb zaiflashgach, quloqni eshitish joiz bo'lmagan so'zlarni eshitishga chorlaydi. Til ko'proq turli lag'v va sharmsiz so'zlarni gapirishga odatlanadi. Qo'l ushlash joiz bo'lmagan narsalarni ushlashga rag'bat qilsa, oyoq tinmasdan taqiqlangan joylarga borishga undaydi. Buning barchasi birlashib, insonni ochko'z va harismand holga keltirib qo'yadi. Endi zaharlangan qalbning zinoga bo'lgan ishtiyoqi kuchayadi. Agar darhol tavba yo'liga kirmasa, zino sodir bo'lishigacha olib boradi. Ayni holga tushmaslik uchun qalbni poklash, vasvasadan uzoqlashish uchun Payg'ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) quyidagi hadislariga qat'iy amal qilish zarur:

عن جرير - رضي الله عنه - قَالَ : سألت رسول الله - صلى الله عليه وسلم - عن نَظَرِ الفَجْأَةِ فَقَالَ : (( اصْرِفْ بَصَرَكَ )) . رواه مسلم

Imom Muslim va Imom Termiziy Jarirdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) to'satdan nazar tushib qolishi haqida so'radim. U zot (alayhissalom): “Ko'zingni boshqa tomonga bur”, dedilar.

Albatta, hamma balo nazardan boshlanadi. Birinchi nazar tushganida, Hudodan qo'rqib, o'zini tiygan odam yutadi. Lekin yana nazar solsa... Har bir erkak-ayol ushbu so'zlarni yodidan chiqarmasligi va nomahramlarga shahvat nazari bilan qarashdan o'zini tiyib yurmog'i lozim.

عن أُم سَلَمَة رَضِيَ اللهُ عنها ، قالت : كنتُ عِنْدَ رسول الله - صلى الله عليه وسلم - ، وعندهُ مَيْمُونَة ، فَأقْبَلَ ابنُ أُمِّ مَكْتُومٍ ، وَذَلِكَ بَعْدَ أنْ أُمِرْنَا بِالحِجَابِ فَقَالَ النبيُّ - صلى الله عليه وسلم - : (( احْتَجِبَا مِنْهُ )) فَقُلْنَا : يَا رسولَ اللهِ ، ألَيْسَ هُوَ أعْمَى ! لاَ يُبْصِرُنَا ، وَلاَ يَعْرِفُنَا ؟ فَقَالَ النَّبيُّ - صلى الله عليه وسلم - : (( أفَعَمْيَاوَانِ أنتُما أَلَسْتُمَا تُبْصِرَانِهِ !؟ )) . رواه أَبُو داود والترمذي

Abu Dovud va Imom Termiziy Ummu Salamadan (roziyallohu anho) rivoyat qiladi: «Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlarida edim. Maymuna ham u kishining huzurlarida edi. To'satdan Ummu Maktumning o'g'li kirib keldi. Bu voqea hijob qilishga buyurilganidan keyin bo'ldi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Undan ikkoving ham o'zlaringni berkitinglar”, dedilar. Biz: “Yo Rasullulloh, u bizni ko'rmaydigan va tanimaydigan ko'r emasmi?” dedik. Shunda ul zot: “Ikkovingiz ham ko'rmisiz? Ikkovingiz ham uni ko'rmayapsizmi?” dedilar».

Ushbu hadis nafaqat erkak kishi begona ayolga nazar qilmasligi, shuningdek, ayol kishi ham begona erkak kishiga qarashi joiz emasligini ta'kidlamoqda.

Zino barcha xalqlar tushunchasida begona erkak va ayolning nikohsiz jinsiy aloqada bo'lishidir. Bu barcha dinlar, xalqlar va ta'limotlarda qabih va razolat hisoblangan. Chunki insonning sof qalbi tabiatan bu qabih ishni qoralaydi. Halqimiz zinoni ulkan gunoh, kechirilmas ayb deb biladi. Alloh taolo xitob qilib: “Zinoga yaqinlashmanglar, albatta u fohisha ish va yomon yo'ldir”, degan (Isro, 32).

Chunki zino naslu nasabning buzilishi, oilalarning parchalanishi, insoniy munosabatlarning yomonlashuvi, turli kasalliklarning tarqalishi, axloqning emirilishi va boshqa ko'p balo-ofatlar sababidir.

Payg'ambarimiz Muhammad (alayhissalom): “Qaysi qavmda zino tarqalsa, Alloh taolo ularni ota-bobolari bilmagan kasallikka mubtalo qiladi”, deganlar. Bobolarimiz zinoni xayollariga ham keltirmagan. Chunki ular mahbub Payg'ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam): “Zinokor zino qilganida mo'minligida qolmaydi”, deganlarini bilishgan. Mo'minlik – imon bobolarimiz uchun hamma narsadan ustun bo'lgan. Ular oxirat azobidan qo'rqishgan, shu bois boshqa gunohlar qatori zinoga ham yaqinlashmaganlar.

 

KYeYINGI MAVZULAR:

Farzandni erta jinsiy qiziqishlardan saqlash;

Oila nazorati;

Atrofdagilarning salbiy ta'siridan himoya qilish;

Axloqsiz fil'mlar va tomoshalar zarari;

Hayosiz liboslar zarari;

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Amallarning o‘lchanishi va sirot haqidagi e’tiqodimiz

9.01.2025   13203   18 min.
Amallarning o‘lchanishi va sirot haqidagi e’tiqodimiz

 - 57وَحَقٌّ وَزْنُ أَعْمَالٍ وَجَرْيٌ عَلَى مَتْنِ الصِّرَاطِ بِلاَ اهْتِبَالِ

Ma’nolar tarjimasi: Amallarni tortib o‘lchash haqdir va Sirot uzra yugurish ham (sirotdan o‘tib ketishga intilib unga chiqish oldidan) hozirlik ko‘rishsizdir.

Nazmiy bayoni:

Amallar o‘lchanar, gar aql yetmas,
Sirotda yugurishga epchillik ketmas.

Lug‘atlar izohi:

حَقٌّ – mubtadosidan oldin keltirilgan xabar.

وَزْنُ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. Vazn kalimasi lug‘atda “biror narsaning og‘ir yo yengilligini tortib ko‘rish” ma’nosini anglatadi.

اَعْمَالٍ – muzofun ilayh, “harakat qilishlar” ma’nosini anglatadi.

جَرْيٌ – kalimasi وَزْنُ ga atf qilingan. Lug‘atda “yugurish” ma’nosini anglatadi.

عَلَى – “isti’lo” ma’nosida kelgan jor harfi.

مَتْن – matn lug‘atda biror narsaning asosiy ko‘rinib turadigan joyiga nisbatan ishlatiladi. Bu yerda ham sirotning qadam qo‘yiladigan joyi ma’nosida ishlatilgan. Jor va majrur جَرْيٌ ga mutaalliq.

بِلاَ – jor harfi bo‘lgan بِ va nafiy harfi bo‘lgan لا dan tarkib topgan bo‘lib, “...dan boshqa”, “...siz” ma’nolarini anglatadi.

اهْتِبَالِ – bu kalimaning “qo‘lga kiritish”, “chap berish”, “g‘animat bilish” va “hozirlik ko‘rish” kabi ma’nolari bo‘lib, bu yerda “hozirlik ko‘rish” ma’nosi iroda qilingan.

Matn sharhi:

Qiyomat kunida bu dunyoda qilingan barcha yaxshiyu yomon amallar tortib o‘lchanadi. Garchi barchaning holi ma’lum bo‘lsa-da, amallarning tortib o‘lchanishini Alloh taolo iroda qilgan. So‘fi Ollohyor bobomiz aytganidek:

Bilur Tangri agarchi holimizni,
Tarozug‘a solur a’molimizni.

* * *

Qilur ogoh qulin qilmishlarig‘a
Yetushmas aql egamning ishlarig‘a.

Ya’ni Alloh taologa maxfiy biror amalimiz bo‘lmasa ham, amallarimizni o‘lchattirib, bandalarning qilmishlarini o‘zlariga bildirib qo‘yadi.

Qur’oni karimda amallarning tortib o‘lchanishi haqligi shunday bayon qilingan:

“O‘sha kuni vazn (amallarning tarozida tortilishi) haqiqatdir. Kimning mezonlari (amallari) og‘ir kelsa, aynan o‘shalar najot topuvchilardir. Kimning mezonlari (amallari) yengil kelsa, ana o‘shalar oyatlarimizga zulm (inkor) qilganlari sababli, o‘zlariga ziyon qilganlardir”[1].

O‘sha kunda ba’zi insonlar hisob-kitob qilinmasdan jannatga kiradilar. Ularning sifatlari quyidagi hadisda kelgan:

عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ يَدْخُلُ الْجَنَّةَ مِنْ أُمَّتِي سَبْعُونَ أَلْفًا بِغَيْرِ حِسَابٍ هُمْ الَّذِينَ لَا يَسْتَرْقُونَ وَلَا يَتَطَيَّرُونَ وَعَلَى رَبِّهِمْ يَتَوَكَّلُونَ. رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jannatga ummatimdan yetmish mingtasi hisobsiz kiradi. Ular: Afsun qilishni so‘ramaydiganlar, qushlardan shumlanmaydiganlar va Robbilariga tavakkul qiladiganlardir”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Ba’zilari esa birma-bir qattiq hisob-kitob qilinib, omonat qilib berilgan narsalarni nimalarga sarflaganlaridan so‘ralmagunlarigacha joylaridan qimirlay olmaydilar:

عَنْ أَبِي بَرْزَةَ الأَسْلَمِيِّ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَا تَزُولُ قَدَمَا عَبْدٍ يَوْمَ الْقِيَامَةِ حَتَّى يُسْأَلَ عَنْ عُمُرِهِ فِيمَا أَفْنَاهُ وَعَنْ عِلْمِهِ فِيمَ فَعَلَ وَعَنْ مَالِهِ مِنْ أَيْنَ اكْتَسَبَهُ وَفِيمَ أَنْفَقَهُ وَعَنْ جِسْمِهِ فِيمَ أَبْلاَهُ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Abu Barza Aslamiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida bandaning qadamlari to umrini nimaga sarflaganidan, ilmi bilan nima amal qilganidan, molini qayerdan topib qayerga sarflaganidan, jismini nimaning yo‘lida horitganidan so‘ralmagunicha joyidan jilmaydi”, – dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.

Qattiq hisob-kitob qilingan kimsalar esa azobga uchrashlari aniq bo‘lib qoladi.

Bizlarga Abdulloh ibn Abu Mulayka gapirib berdi, u menga Qosim ibn Muhammad gapirib berdi degan, u esa menga Oisha gapirib berdi degan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida kim hisob-kitob qilinsa, halok bo‘libdi”, – dedilar. Shunda men: “Ey Allohning Rasuli, Alloh taolo: (Ammo kimning kitobi o‘ng tarafidan berilsa. Tezda, osongina hisob qilinur), demaganmi”, – dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U narsa ko‘rsatishdir. Qiyomat kunida hisob-kitobda muhokama qilingan kimsa, albatta, azoblanmasdan qolmaydi”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.


Tarozida o‘lchanadigan narsalar

Tarozida o‘lchanadigan narsa amallarmi, amallar yozilgan sahifalarmi yoki ulardan boshqa biror narsa bo‘lishi to‘g‘risida turli xil qarashlar bor. Bu qarashlar haqida doktor Ahmad Faridning “Bahrur Roiq” kitobida quyidagi ma’lumotlar kelgan: “Tarozida tortib o‘lchanadigan narsalar to‘g‘risida to‘rt xil so‘z bor:

1. Bajarilgan amallar tortib o‘lchanadi; ya’ni bandalarning xatti-harakatlari mujassam qilinib taroziga qo‘yiladi. Oyati karimada qilingan yaxshi-yomon amallar zarra miqdorida bo‘lsa ham ko‘rilishi bayon qilingan:

“Bas, kimki (dunyoda) zarra miqdorida yaxshilik qilgan bo‘lsa, (qiyomat kuni) uni ko‘rar. Kimki zarra miqdorida yomonlik qilgan bo‘lsa ham, uni ko‘rar”[2].

Hadisi sharifda aytilgan kalimaning tarozida og‘ir kelishi xabar berilgan:

 عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَاَل قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَلِمَتَانِ خَفِيفَتانِ على اللِّسانِ، ثَقِيلَتَانِ في المِيزَانِ حَبيبَتَانِ إلى الرَّحْمَنِ سُبْحَانَ اللَّهِ وَبِحَمْدِهِ، سُبْحَانَ اللَّهِ العَظيمِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ikki kalima borki, ular tilga yengil, tarozida og‘ir, ar-Rohmanga sevimlidir, “Subhanallohi va bihamdihi, Subhanallohil aziym”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

2. Amallar yozilgan sahifalar tortib o‘lchanadi; ya’ni tarozida bandalarning nomai a’mollari tortib o‘lchanadi. Bunga quyidagi hadisda ishora bor:

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرِو بْنِ الْعَاصِ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِنَّ اللَّهَ سَيُخَلِّصُ رَجُلاً مِنْ أُمَّتِي عَلَى رُؤُوسِ الْخَلاَئِقِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فَيَنْشُرُ عَلَيْهِ تِسْعَةً وَتِسْعِينَ سِجِلاًّ كُلُّ سِجِلٍّ مِثْلُ مَدِّ الْبَصَرِ ثُمَّ يَقُولُ أَتُنْكِرُ مِنْ هَذَا شَيْئًا أَظَلَمَكَ كَتَبَتِي الْحَافِظُونَ فَيَقُولُ لاَ يَا رَبِّ فَيَقُولُ أَفَلَكَ عُذْرٌ فَيَقُولُ لاَ يَا رَبِّ فَيَقُولُ بَلَى إِنَّ لَكَ عِنْدَنَا حَسَنَةً فَإِنَّهُ لاَ ظُلْمَ عَلَيْكَ الْيَوْمَ فَتَخْرُجُ بِطَاقَةٌ فِيهَا أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَأَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ فَيَقُولُ احْضُرْ وَزْنَكَ فَيَقُولُ يَا رَبِّ مَا هَذِهِ الْبِطَاقَةُ مَعَ هَذِهِ السِّجِلاَّتِ فَقَالَ إِنَّكَ لاَ تُظْلَمُ قَالَ فَتُوضَعُ السِّجِلاَّتُ فِي كَفَّةٍ وَالْبِطَاقَةُ فِي كَفَّةٍ فَطَاشَتْ السِّجِلاَّتُ وَثَقُلَتْ الْبِطَاقَةُ فَلاَ يَثْقُلُ مَعَ اسْمِ اللَّهِ شَيْءٌ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo ummatimdan bir kishini xaloyiqning ko‘z o‘ngida xalos qiladi. Uning zarariga guvohlik beradigan to‘qson to‘qqizta ro‘yxatni yoyib qo‘yadi. Har bir ro‘yxat ko‘z yetadigan joydek bo‘ladi. So‘ngra unga: “Bulardan birortasini inkor qilasanmi, senga mening saqlovchi yozuvchilarim zulm qilibdilarmi”, – deydi. U: “Yo‘q, ey Robbim”, – deydi. Unga: “Biror uzring bormi”, – deydi. U: “Yo‘q, ey Robbim”, – deydi. Shunda unga: “Ha, bizning huzurimizda sening bitta xayrli ishing bor, bugun senga hech qanday zulm yo‘q”, – deydi. So‘ngra bir yorliq chiqadi, unda “Guvohlik beramanki, Allohdan o‘zga iloh yo‘qdir va guvohlik beramanki, Muhammad Uning bandasi va elchisidir”, degan yozuv bo‘ladi. Unga: “O‘lchovinga kel”, – deydi. U: “Shuncha ro‘yxatlar oldida bu yorliq nima ham bo‘lardi”, – deydi. Unga: “Sen zulm qilinmaysan”, – deydi. Ro‘yxatlar bir pallaga, yorliq bir pallaga qo‘yiladi. Ro‘yxatlar yengil, yorliq og‘ir keladi. Allohning ismiga biror narsa barobar kelolmaydi”, –dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.

Sharh: “Tortib o‘lchanadigan narsa yoki amallar bitilgan ro‘yxatlar bo‘lib, holatlarga qarab turli xil bo‘ladi, yoki Alloh taolo qilingan ishlarni va so‘zlarni jism holiga keltiradi so‘ngra ular tortib o‘lchanadi. Toat-ibodatlar og‘ir, gunoh-ma’siyatlar yengil keladi. Toat-ibodatlarning og‘ir kelishi ularni dunyoda bajarish og‘ir bo‘lgani uchun bo‘lsa, ma’siyatlarning yengilligi ularni dunyoda bajarish kishiga yengil bo‘lgani uchundir. Shuning uchun ham: “Jannat qiyinchiliklar bilan o‘ralgan, do‘zax shahvatlar bilan o‘ralgan”, – deyilgan”[3].

3. Amallarning savobi tortib o‘lchanadi; bu haqida quyidagi hadisda ishora bor:

عَنْ زَيْدٍ أَنّهُ سَمِعَ أَبَا سَلاّمٍ يَقُولُ حَدّثَنِي أَبُو أُمَامَةَ الْبَاهِلِيّ قَالَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ اقْرَأُوا الْقُرْآنَ فَإِنّهُ يَأْتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ شَفِيعاً لأَصْحَابِهِ اقْرَأُوا الزّهْرَاوَيْنِ الْبَقَرَةَ وَسُورَةَ آلِ عِمْرَانَ فَإِنّهُمَا تَأْتِيَانِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ كَأَنّهُمَا غَمَامَتَانِ أَوْ كَأَنّهُمَا غَيَايَتَانِ أَوْ كَأَنّهُمَا فِرْقَانِ مِنْ طَيْرٍ صَوَافٍّ تُحَاجّانِ عَنْ أَصْحَابِهِمَا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ

Zayddan rivoyat qilinadi, u Abu Sallomning menga Abu Umoma Bohiliy gapirib berdi deyayotganini eshitgan. U aytganki: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Qur’on o‘qinglar, chunki u qiyomat kunida o‘z sohiblariga shafoatchi bo‘lib keladi, ikki nur sochuvchini, Baqara va Oli Imron suralarni o‘qinglar, chunki bu ikkalasi qiyomat kunida go‘yo ikki bulut kabi, yoki go‘yo ikki baland soyabon kabi, yoki go‘yo saf tortgan ikki qush to‘dasi kabi keladilar. Ikkalalari o‘z sohiblarining tarafini olib tortishadilar”, –deyayotganlarini eshitdim”. Muslim rivoyat qilgan.

Termiziy rahmatullohi alayh: “Sohiblarining tarafini olib tortishadilar”, degani qiroatlarining savoblari keltiriladi ma’nosini anglatadi,” – degan.

4. Amal qiluvchining o‘zi tortib o‘lchanadi. Quyidagi hadisda bunga dalil bor:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kunida katta semiz kishi keladi, Alloh taoloning huzurida pashshaning qanotichalik ham vazni bo‘lmaydi, dedilar-da, (Bas, Biz Qiyomat kunida ular uchun hech qanday vaznni qoim qilmasmiz!)[4] oyatini o‘qinglar”, deb qo‘shib qo‘ydilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Mazkur dalillar umumlashtirilsa, ularning bir-birlariga zid emasligi, amal qiluvchi ham, uning amali ham va amallari yozilgan sahifalar ham barchasi tortib o‘lchanishi kelib chiqadi”[5].

So‘fi Ollohyor bobomiz qiyomat tarozusi haqida qanday e’tiqod qilishni osongina tushuntirib qo‘ygan:

Tarozu boriga iqrorimiz bor,
Nechuk erkaniga ne korimiz bor.

* * *

Ilohi, qil og‘ir mezonimizni,
Salomat tut bizning iymonimizni.

Ya’ni tarozining qanday ekanini bilishga urinib o‘zimizni qiynamaymiz, balki uning haqligiga iymon keltirib, “ey Robbimiz, amallarimizni tarozida og‘ir qilgin”, – deya duo qilib boramiz.

O‘shiy rahmatullohi alayh so‘zlarining davomida tarozidan so‘ng barcha xaloyiqning sirot ko‘prigiga yuzlanishlariga ishora qilgan. Sirot do‘zax ustiga qurilgan uzun ko‘prik bo‘lib, undan o‘ta olgan insonlar jannatga erishadilar. Ammo Sirotdan yugurib o‘tib ketish barchaga ham nasib etmaydi. Hamma o‘zining qilgan amaliga yarasha kimdir tez, kimdir sekin, kimdir sudralib zo‘rg‘a o‘tib olsa, kimdir uning tagidagi do‘zaxga qulab tushadi. Abu Hurayra va Abu Rib’iy roziyallohu anhumolardan rivoyat qilingan hadisda sirotdan o‘tish holatlari tasvirlangan:

عَن أَبِي هُرَيْرَةَ وَأَبُو رِبْعِيٍّ عَن حُذَيْفَةَ قَالاَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَجْمَعُ اللَّهُ تَبَارَكَ وَتَعَالَى النَّاسَ فَيَقُومُ الْمُؤْمِنُونَ حَتَّى تُزْلَفَ لَهُمْ الْجَنَّةُ فَيَأْتُونَ آدَمَ فَيَقُولُونَ يَا أَبَانَا اسْتَفْتِحْ لَنَا الْجَنَّةَ فَيَقُولُ وَهَلْ أَخْرَجَكُمْ مِنْ الْجَنَّةِ إِلَّا خَطِيئَةُ أَبِيكُمْ آدَمَ لَسْتُ بِصَاحِبِ ذَلِكَ اذْهَبُوا إِلَى ابْنِي إِبْرَاهِيمَ خَلِيلِ اللَّهِ قَالَ فَيَقُولُ إِبْرَاهِيمُ لَسْتُ بِصَاحِبِ ذَلِكَ إِنَّمَا كُنْتُ خَلِيلًا مِنْ وَرَاءَ وَرَاءَ اعْمِدُوا إِلَى مُوسَى صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الَّذِي كَلَّمَهُ اللَّهُ تَكْلِيمًا فَيَأْتُونَ مُوسَى صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَيَقُولُ لَسْتُ بِصَاحِبِ ذَلِكَ اذْهَبُوا إِلَى عِيسَى كَلِمَةِ اللَّهِ وَرُوحِهِ فَيَقُولُ عِيسَى صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَسْتُ بِصَاحِبِ ذَلِكَ فَيَأْتُونَ مُحَمَّدًا صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَيَقُومُ فَيُؤْذَنُ لَهُ وَتُرْسَلُ الْأَمَانَةُ وَالرَّحِمُ فَتَقُومَانِ جَنَبَتَيْ الصِّرَاطِ يَمِينًا وَشِمَالاً فَيَمُرُّ أَوَّلُكُمْ كَالْبَرْقِ قَالَ قُلْتُ بِأَبِي أَنْتَ وَأُمِّي أَيُّ شَيْءٍ كَمَرِّ الْبَرْقِ قَالَ أَلَمْ تَرَوْا إِلَى الْبَرْقِ كَيْفَ يَمُرُّ وَيَرْجِعُ فِي طَرْفَةِ عَيْنٍ ثُمَّ كَمَرِّ الرِّيحِ ثُمَّ كَمَرِّ الطَّيْرِ وَشَدِّ الرِّجَالِ تَجْرِي بِهِمْ أَعْمَالُهُمْ وَنَبِيُّكُمْ قَائِمٌ عَلَى الصِّرَاطِ يَقُولُ رَبِّ سَلِّمْ سَلِّمْ حَتَّى تَعْجِزَ أَعْمَالُ الْعِبَادِ حَتَّى يَجِيءَ الرَّجُلُ فَلاَ يَسْتَطِيعُ السَّيْرَ إِلاَّ زَحْفًا قَالَ وَفِي حَافَتَيْ الصِّرَاطِ كَلاَلِيبُ مُعَلَّقَةٌ مَأْمُورَةٌ بِأَخْذِ مَنْ أُمِرَتْ بِهِ فَمَخْدُوشٌ نَاجٍ وَمَكْدُوسٌ فِي النَّارِ وَالَّذِي نَفْسُ أَبِي هُرَيْرَةَ بِيَدِهِ إِنَّ قَعْرَ جَهَنَّمَ لَسَبْعُونَ خَرِيفًا. رَوَاهُ مُسْلِمٌ

Abu Hurayra va Abu Rib’iy roziyallohu anhular Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilib aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh tabaroka va taolo insonlarni jamlaydi, mo‘minlar jannatga yaqin joyda turadilar. Ular Odam alayhissalomning yonlariga kelishadi va: “Ey otamiz, bizlarga jannatni ochishni so‘rab bering”, – deyishadi. U: “Sizlarni jannatdan otangiz Odamning xatosi chiqarmadimi, men bunga ega emasman, sizlar o‘g‘lim Ibrohim Xalilullohning yoniga boringlar”, – deydi. U zot dedilar: “Ibrohim men bunga ega emasman, bunday yuksak darajadagi xalil bo‘lmaganman. – Sizlar Alloh taoloning O‘zi unga mutlaq gapirgan Muso sollallohu alayhi vasallamga boringlar, – deydi. Ular Muso sollallohu alayhi vasallamning yoniga keladilar. U: “Men bunga ega emasman, Allohning kalimasi va ruhi Isoga boringlar”, – deydi. Iso: “Men bunga ega emasman”, – deydi. Bas ular Muhammad sollallohu alayhi vasallamga keladilar. U zot turadilar va u zotga izn beriladi. Omonat va qarindoshlik o‘z holiga qo‘yiladi, ular sirotning o‘ng va chap tomonlariga turib oladilar. Sizlarning avvalgilaringiz chaqmoq kabi o‘tadilar. Men: “Ota-onam sizga fido bo‘lsin, qaysi narsa chaqmoq kabi o‘tadi”, – dedim. U zot: “Chaqmoqning ko‘z yumib ochguncha qanday o‘tib qaytishini ko‘rmaganmisan, so‘ngra shamolning o‘tishi kabi, so‘ngra qushning o‘tishi kabi va amallari yugurtirayotgan kishilarning sudralishi kabi o‘tadilar. Payg‘ambarlaringiz sirot ustida: “Robbim, qutqargin, qutqargin”, – deb turadi. Hatto bandalarning amallari (ularni harakatlantirib olib o‘tishdan) ojiz qoladi, hatto yurishga quvvati yetmaydigan, faqat sudralib harakatlanadigan kishi keladi”. Yana dedilar: “Sirotning ikki chetida buyurilgan kimsani tutishga tayin qilinib osib qo‘yilgan changaklar bo‘ladi. Bas tirnalganlar (ya’ni tirnalib bo‘lsa-da o‘tib ketgan) najot topuvchidirlar, to‘planib qolganlar do‘zaxdadirlar”. Abu Hurayraning joni Uning qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, albatta, jahannamning qa’ri yetmish kuzdir (yetmish yillik masofadir)”, – dedi”. Muslim rivoyat qilgan.

Ko‘plab nusxalarda ushbu o‘rinda shafoat haqidagi bayt takror keltirilgan. “Bad’ul amoliy” matni Humaydiy ismli mudarris tomonidan tatar tiliga tarjima qilinib, 1908 yilda “Amoliy tarjimasi” nomi bilan Qozon shahrida chop etilgan. O‘sha nusxada shafoat to‘g‘risidagi ushbu bayt faqat bir joyda kelgan bo‘lib, takrorning o‘rniga quyidagi boshqa bir bayt keltirilgan:

وَلَا عَرَضٌ وَلَا ذُو صُورَةٍ مَا تَعَالَى اللهُ عَمَّا فِى الْخِيَالِ

U araz[6] ham, suvratda ham emas, biror xayoliy,

Alloh gumoniy xayollardan buyuk va oliy[7].

Ushbu baytning ma’nosi yuqorida keltirilgan So‘fi Ollohyor bobomizning so‘zlari bilan deyarli bir xil, ya’ni:

Ko‘ngilda kechsa ko‘zga tushsa har shay,

Erur andin munazzah Xoliqi Hay.

Shuningdek, mazkur bayt Alisher Navoiy bobomizning mashhur “Sirojul-muslimin” (Musulmonlarning chirog‘i) asaridagi baytga ham ma’nodoshdir:

Ne javhar, ne arazdur, ne makonda,

Ne voqe’dur jihatda, ne zamonda.

“U (ya’ni Alloh taolo) javhar ham, araz ham emas. U makonda ham, jihatda ham, biror zamonda ham emas”[8].

 

Keyingi mavzu:
Duolarning ta’sirlari bayoni

 


[1] A’rof surasi, 8, 9-oyatlar.
[2] Zalzala surasi, 7, 8-oyatlar.
[3] Muhammad ibn Abdurrahmon Muborakfuriy. Tuhfatul Ahvaziy. “Maktabatush shomila”. – B. 380.
[4] Kahf surasi, 105-oyat.
[5] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 278.
[6] Mustaqil mavjud bo‘lib turmaydigan, balki jism va uning bo‘laklari orqali borliqdan joy olib turadigan ranglar, hattu-harakatlar, ta’mlar va hidlar kabi narsalar – araz deyiladi. Qarang: Sa’duddin Taftazoniy. Sharhu aqoid. – Misr: “Maktabatul Azhariy”, 2000. – B. 37.
[7] Humaydiy. Amoliy tarjimasi. – Qozon: “Karimiya matbaasi”, 1908. – 4.
[8] Alisher Navoiy. “Navoiydin chu topqaylar navoye”. – Toshkent: “Hilol-nashr”, 2014. –B. 136.