وَأُمَّهَٰتُكُمُ ٱلَّٰتِيٓ أَرۡضَعۡنَكُمۡ وَأَخَوَٰتُكُم مِّنَ ٱلرَّضَٰعَةِ
«...emizgan “ona”laringiz, emishgan “opa-singil”laringiz..» (Niso, 23).
Chaqaloq o'z onasidan boshqa ayolni emishi bilan bu ayol uning “emizgan ona”si hisoblanadi. Emizgan onaning qizlari esa emgan go'dakka opa-singil hisobida bo'ladi. Shuning uchun bu “emizgan ona” va “emishgan opa-singil”lar ham abadiy mahram bo'lib, “emgan bola”ning ularga uylanishi shariatga ziddir. Ammo “emgan bola”ning tug'ishgan yoki tutingan aka-ukalarini mazkur ayollarga nikohlash mumkin.
Bu borada Payg'ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) quyidagi hadislari rivoyat qilingan.
قال النبي صلى الله عليه وسلم: يَحْرُمُ مِنَ الرَّضَاعَةِ مَا يَحْرُمُ مِنَ النَّسَبِ. (رواه مسلم)
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Nasab jihatidan (nikohi) taqiqlangani emizish jihatidan ham taqiqlanadi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Demak, nasab jihatidan nikohi man' etilgan – ona, qiz, singil, xola, amma, akaning qizi, opaning qizi qarindoshlar kabi, emizgan tomondagi – ona, qiz, singil, xola, amma, akaning qizi, opaning qizlari ham xuddi shunday qarindosh hisoblanib, nikohlanishi man' etiladi.
Erkak mahram nikohlanishi ta'qiqlangan ayolning, ya'ni mahramining ko'p hollarda ochiq bo'ladigan a'zolari: bosh, bo'yin, kaft, oyoq kafti va shunga o'xshash joylariga qarashi joiz. Ammo ko'pincha yopiq bo'ladigan a'zolariga qarashi joiz emas. Alloh taolo bu haqda shunday bayon qiladi:
وَلَا يُبۡدِينَ زِينَتَهُنَّ إِلَّا مَا ظَهَرَ مِنۡهَاۖ وَلۡيَضۡرِبۡنَ بِخُمُرِهِنَّ عَلَىٰ جُيُوبِهِنَّۖ وَلَا يُبۡدِينَ زِينَتَهُنَّ إِلَّا لِبُعُولَتِهِنَّ أَوۡ ءَابَآئِهِنَّ أَوۡ ءَابَآءِ بُعُولَتِهِنَّ أَوۡ أَبۡنَآئِهِنَّ أَوۡ أَبۡنَآءِ بُعُولَتِهِنَّ أَوۡ إِخۡوَٰنِهِنَّ أَوۡ بَنِيٓ إِخۡوَٰنِهِنَّ أَوۡ بَنِيٓ أَخَوَٰتِهِنَّ
«...Ular zeb-ziynatlarini erlari yo otalari, yo erlarining otalari, yo o'g'illari, yo erlarining o'g'illari, yo o'zlarining og'a-inilari, yo og'a-inilarining o'g'illari, yo opa-singillarining o'g'illari…dan boshqa kishilarga ko'rsatmasinlar»(Nur, 31).
Oyatdagi arabcha “bu'ul”, ya'ni “juft” so'zi istisno qilindi, chunki er-xotin bir-birining ziynatini ko'rishi joiz. Buning batafsil bayonini keyin keltiramiz.
Abu Dovud rivoyat qiladi: Sahla binti Suhayl: “Ey Allohning Rasuli, biz Solimni yosh bola sifatida ko'rardik. U men va Abu Huzayfa bilan bir uyda yotib qolardi. U meni hijobsiz (berkitish lozim bo'lgan joylarni berkitmagan) holda ko'rardi. Shu ma'noda oyat nozil bo'ldi, bunga nima deysiz?” deb so'radi. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Uni besh marta emizgin”, dedilar.
Solim emizilganidan so'ng o'z farzandi o'rniga o'tdi. Bu hadis Solimning ko'p holda ochiq bo'ladigan bosh, bo'yin va kaftga qarashi mumkinligiga dalildir.
Shariat nikohi man etilgan kishilarning berkitilgan a'zolariga nazar qilishni joiz hisoblamaydi. Chunki bu toifadagi mahramlarning berkitilgan a'zolariga qarashga hech bir ehtiyoj yo'q. Shuning uchun ham erkak odobi va ayol iffati bilan muvofiq bo'lmaydigan bunday holatdan saqlanish lozim. Bu bilan ba'zi fitnalarning oldi olinadi. Afsus, hayotda ayrim oilalarda ushbu o'zaro mahramlik odoblari doirasidan chetga chiqish oqibatida xunuk munosabatlar sodir bo'lmoqda.
Erkak kishi o'z mahram ayollarini hayosiz libosda ko'rishi ham mumkin emas. Lekin avratdagi a'zolar ya'ni: hatto u o'g'li, qizi, akasi, singlisi, otasi bo'lsa-da, nazari tushishi joiz emas. Bordi-yu, ota yoki aka-ukasini hammomda cho'miltirishga to'g'ri kelganida ham, avrat hisoblangan a'zolari yopiq holda bo'lishi shart. Alloh taolo bu haqda aniq hukmni bayon qilgan:
تِلۡكَ حُدُودُ ٱللَّهِ فَلَا تَعۡتَدُوهَاۚ وَمَن يَتَعَدَّ حُدُودَ ٱللَّهِ فَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلظَّٰلِمُونَ٢٢٩
«...Bu Allohning (belgilab qo'ygan) hudud (chegara)laridir. Ulardan (oshib) tajovuz qilmangiz! Kimki Allohning hududidan tajovuz qilsa, ana o'shalargina zolimlardir» (Baqara, 229).
Nazar solishga doir ushbu odoblarni hamma bilishi lozim.
Biroq shunday oilalar ham borki, o'z otasi ko'z o'ngida qizining kiyinishiyu o'zini tutishini ko'rib: “Nahotki ota-bola bo'lishsa” deb, taajjubda qolmay ilojingiz yo'q. Ba'zi holatlarda balog'at yoshiga etgan qizlarning allambalo kiyimlarda hech tap tortmasdan otasi bilan ajabtovur ko'rishishiga nima deyish mumkin? Bunday toifa insonlar ota hurmati, qizlar iffati, ota-bola o'rtasidagi muomala me'yorlaridan bexabardir. Bunday sharmsiz tarbiyani olib voyaga etgan qiz birovning xonadoniga borgach, hech bir hijolatsiz boshqalarga ham ayni muomalani qilmasligiga kim kafolat bera oladi?
Hullas, tarbiyaga e'tiborsizlik, mahramlar o'rtasidagi dinimiz belgilab qo'ygan hududlarni buzish oqibatida ham ko'p muammolar kelib chiqadi. Qizning ahvolini birmuncha tushunsa bo'ladi, chunki unga yoshligidanoq bu tarbiyani ota-onasi singdirib bormagan. Ammo o'zini “mard”lardan hisoblab yuradigan, “ota” degan mas'uliyatga ega bo'lgan kishidagi nomus, oriyat, erkaklik hamiyati qayerda qoldi? Mayli, u diniy ta'limotlardan uzoqda deylik, ota-bobolarimiz amal qilib kelgan milliy g'urur, xalqimizning o'ziga xos bo'lgan or, andishasi qayerda qoldi? Bobolarimiz o'z qizlarini, ayollarini yuksak or-nomusli etib tarbiyalar edilarki, hatto sobiq sho'ro tuzumi chirkin g'oyalarini singdirmoqchi bo'lgan bir paytda, momolarimizning hayolarini toptamoqchi bo'lganida, mustahkam imonlari va iffatlari ustun kelib, o'z nomuslarini saqlaganlar.
Mana shunday go'zal tarbiyani berib, qizlarini sharmu hayoli, hurmatu ehtiromli qilib voyaga etkazgan otalargina yuksak hurmatga sazovordir.
Unashtirilayotganlarning bir-biriga nazar odobi. Islom dini unashtirilayotgan yigit va qizning bir-biriga nazar qilishini joiz hisoblaydi. Chunki har ikkisi ham hayotda umr yo'ldoshi tanlashda ixtiyorga egadir. Bu haqdagi muborak hadislarga murojaat qilamiz:
قال النبي صلى الله عليه وسلم: انظر إليها فإنه أحرى أن يؤدم بينكما. (رواه الترمذي والنسائي)
Imom Termiziy va Nasoiy rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Uni ko'rgin, chunki ko'rish o'rtangizdagi (muhabbat)ning mustahkam bo'lishiga sababchidir”, dedilar.
عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ قَالَ كُنْتُ عِنْدَ النَّبِىِّ -صلى الله عليه وسلم- فَأَتَاهُ رَجُلٌ فَأَخْبَرَهُ أَنَّهُ تَزَوَّجَ امْرَأَةً مِنَ الأَنْصَارِ فَقَالَ لَهُ رَسُولُ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- « أَنَظَرْتَ إِلَيْهَا ». قَالَ لاَ. قَالَ « فَاذْهَبْ فَانْظُرْ إِلَيْهَا فَإِنَّ فِى أَعْيُنِ الأَنْصَارِ شَيْئًا ». (رواه مسلم)
Imom Muslim rivoyat qiladi: “Bir kishi Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib, ansoriy ayollardan biriga uylanayotganini aytdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) so'radilar:
– Uni ko'rdingmi?
– Yo'q.
– Uni ko'rgin, chunki ansoriylarning ko'zlarida bir narsa bor”.
Ushbu hadislar turmush qurmoqchi bo'lgan yoshlar bir-biriga nazar qilishi joiz ekaniga dalil. Ulamolar bu holatning odoblarini bunday bayon qilganlar:
قالت عائشة رضي الله عنها: ما مست يد رسول الله صلى الله عليه وسلم يد امرأة قط غير أنه بايعهن بالكلام. (رواه البخاري)
Imom Buxoriy rivoyat qiladi. «Oysha (roziyallohu anho): “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qo'llari bay'at qilish paytida biror ayolning qo'lini ushlagani yo'q, ayollarning bay'ati so'z bilan bo'lar edi”, dedi».
Nikoh o'qilmaguncha unashtirilgan qiz va yigit bir-birlariga mahram xisoblanmaydi. Demak, ularning unashtirilishi boshqa nojoiz harakatlar qilishlariga aslo yo'l bermaydi.
قال النبي صلى الله عليه وسلم: لا يخلون رجل بامرأة ولا تسافرن امرأة وإلا معها محرم. (متفق عليه)
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ogoh bo'ling, erkak kishi ayol bilan xilvatda qolmasin va mahramsiz ayol safarga chiqmasin”, dedilar.
Mazkur hadis bilan Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bu boradagi hukmni qat'iy bayon etdilar. Hozirda xalqimiz orasida tarqalgan, hatto ommalashib ulgurgan yomon odatlardan biri unashtirilgan qiz va yigitning o'zaro xulqu odoblarini yaqindan bilish maqsadida tez-tez ko'rishishlaridir. Bunday holatlar, ko'p uchrashishlar unashtirilgan qizning sha'niga bora-bora noloyiq gap-so'zlar ko'payishiga sabab bo'ladi. O'z o'rnida bu hol yigitning ham olijanobligi va oriyatiga to'g'ri kelmaydigan nomaqbul ishdir. Agar holat shu tarzda davom etadigan bo'lsa, qiz yoki yigit turli fitnalar girdobida qolib, nikoh aqdi bo'lmasdan turib, unashtiruv bekor bo'lishi ehtimoldan holi emas. Afsus, bunday ko'ngilsizliklar hayotimizda uchrab turibdi. Bunday holatlarga yoshlarni unashtirib qo'yib, uzoq vaqt, hatto yillar o'tib ham, to'ylarini qilmaydigan beparvo ota-ona sababchi bo'ladi. Natijada nikoh aqdi bo'lib, bir oz vaqt o'tar-o'tmas, ajralishlar ham kuzatiladi.
Ana shunday beg'am otalardan biri dardini bunday bayon qiladi: “Bundan uch yil avval o'g'limning bir qizga ko'ngli tushib qoldi. Qiz onasi bilan yashaydigan yolg'iz farzand ekan. Ayolim bilan maslahatlashib, sovchilikka boradigan bo'ldik. O'g'lim aytgan manzil bo'yicha topib bordik. Ko'p qavatli uyning to'rtinchi qavatidagi xonadon eshigini taqillatdik. Ichkarida 45-50 yoshlar chamasi ayol kutib oldi. Ikki xonadangina iborat uyda orastalik barq urib turardi. Yo'lakdan tortib xonalargacha ozoda qilib yig'ishtirilgan, biz kirgan xonadagi barcha jihozlar o'ta nozik did bilan joylashtirilgan edi. Bu sarishtalik va uy sohibasining yaxshi muomalasiyu nurli chehrasi ko'nglimdagi allanechuk xayollarni uzoqlashtirdi. Boshida xushlamaygina yo'lga otlangan xotinimning yuzida ham mamnunlik paydo bo'ldi. Choy ustidagi biror soatcha suhbatdan ma'lum bo'ldiki, bir necha yil, aniqrog'i, o'n yil oldin eri vafot etgan bu ayol boshqa turmush qurmagan ekan. Yolg'izgina qizini tarbiyalab voyaga etkazaman, deb ko'p qiyinchilikni boshidan o'tkazgani ayolning yuzlariga barvaqt tushgan ajindan ham shundoqqina bilinib turardi.
Sovchilarga xos odob bilan sekingina muddaoni bayon qildik. Ayol: “Qizim hali o'n olti yoshda, qiz qilib olaman desangiz, mayli, ammo hali kelinlikka erta”, dedi. Bu ayol boshqa viloyatda xususiy firmada ishlar, uyiga kam kelar ekan. Qarindoshlari ancha olisda yashashi bois qizi ko'pincha uyda yolg'iz qolar ekan.
Hullas, o'g'lim va onasi bilan maslahatlashib, qizni unashtirib uyimizga olib keladigan, hozircha nikoh qilib, ikki yildan keyin esa to'y qiladigan bo'ldik. O'g'lim bilan esa, garchi nikoh qilingan bo'lsa-da, qizga nisbatan masofa saqlashini kelishib oldim. Qizning onasi ham ushbu shartlar bilan rozi bo'ldi. O'g'lim aqlli, xushli yigit bo'lib, tadbirkorlik bilan shug'ullanar edi. Qizni ham ishga jalb etib, birgalikda ishlashdi. Ikki yil emas, oradan uch yil o'tdi. Bu orada qiz o'n to'qqizga, o'g'lim esa yigirma beshga to'ldi. Bu muddatni hech gap-so'zsiz, omonatga xiyonat qilmasdan o'tkazdik. To'y kunini ham belgilab katta xursandchiliklar bilan to'y bo'ldi. Kelin-kuyovni alohida uyga ko'chirdik. Nazarimda, barchasi ko'ngildagidek edi. Ammo barcha mashmasha to'ydan keyin boshlandi. Oradan bir hafta o'tar-o'tmas bir kuni ayolim, ular qovusha olishmayotganini, bir-birlariga munosabatlari ham ancha sovuqlashib qolganini aytdi. Avvaliga o'g'limga, so'ngra kelinni chaqirib, onasi ikkalamiz pandu nasihatlar qildik. Tavba, uch yildan buyon binoyigina yurgan, bir-biriga mehr qo'ygan yoshlarga aslo o'xshamas, tamoman o'zgarib qolishgan edi. Mana, oradan bir necha oy o'tganiga qaramasdan, hali-hanuz ahvol o'zgargani yo'q. Nima qilarimni bilmasdan, boshim qotgan”, deya so'zini tamomladi bechora ota.
Bugungi kunlarda hayotimizda uchrab turgan bu kabi voqealardan to'g'ri xulosa chiqarishimiz kerak.
Afsus ila eslatib o'tamiz, hozirgi kunlarda o'zboshimchalik bilan yuqorida aytilgan nikoh shartlari bo'yicha so'rab-surishtirmay yoshlarni nikohlash holatlari uchramoqda. Shu bois yuqoridagi kabi noxush holatlarning oldini olish maqsadida jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda bir qator tadbirlar o'tkazilmoqda.
Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish idorasi bergan guvohnoma bo'lishini ham qonuniy nikohning muhim shartlaridan biri deb e'tirof qilish o'rinlidir. Norasmiy kishilarning Fuqarolik holati bo'yicha dalolatnoma yozish idorasi bergan guvohnomani surishtirmay nikoh o'qishlari yosh oilalarning ijtimoiy huquqlarini kamsitish bo'lsa, rasmiy imomlarning bunday guvohnomani ko'rib, so'ngra nikoh o'qishlari jamiyatda yosh oilaning ijtimoiy huquqini muhofaza qilishdir.
O'z jufti haloliga nazar odobi. Oila qurib yashayotgan er-xotin bir-birining barcha a'zolarini shahvat bilan yoki shahvatsiz ko'rishi joiz. Zero, bir-biri bilan qo'shilishning joizligi ularning barcha a'zolariga nazar solishda hech bir mone'lik yo'qligini bildiradi. Biroq har ikkisi ham bir-birining avratlariga tik boqmasligi afzal. Chunki odob-hayo va dinimiz ta'limotlari yuksak axloqni talab etadi. Oysha onamizdan (roziyallohu anho) rivoyat qilingan ushbu hadis shunga ishora qiladi:
قالت عائشة رضي الله عنها: وما رأيته من رسول الله صلى الله عليه وسلم ، ولا رآه مني. (رواه أبو الشيخ الأصبهاني)
Oysha (roziyallohu anho) aytadilar: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mendan biron narsani ko'rmadilar va men u kishidan biror narsa ko'rmay dunyodan o'tdilar”.
Alloh taolo marhamat qiladi:
وَٱلَّذِينَ هُمۡ لِفُرُوجِهِمۡ حَٰفِظُونَ٥ إِلَّا عَلَىٰٓ أَزۡوَٰجِهِمۡ أَوۡ مَا مَلَكَتۡ أَيۡمَٰنُهُمۡ فَإِنَّهُمۡ غَيۡرُ مَلُومِينَ٦
«Ular avratlarini (haromdan) saqlovchidirlar. Illo, o'z jufti halollari va qo'l ostidagilar (cho'rilar) bundan mustasnodir. Bas, albatta, ular malomat qilinuvchi emaslar» (Mo'minun, 5-6).
Begona ayolga nazar. Balog'at yoshiga etgan erkak kishining begona ayolga nazar qilishi, u bilan xilvatda holi qolishi, erkin suhbatlashishi, garchi ayolda erkak kishini o'ziga tortadigan jihatlar bo'lmasa-da va shahvatini o'yg'otmasa-da, nojoiz. Bu toifadagilar, ya'ni begona ayol kim-u, begona erkak kimligi haqida quyida bayon qilinadi.
Begona erkak – ayolni nikohiga olishi mumkin bo'lgan har qanday erkak kishi. Ya'ni, yuqorida zikr etilgan mahramlaridan boshqalar. Umuman notanish, begona erkaklardan tashqari, amma, amaki, tog'a va xolaning o'g'illari hamda singil, opa, xola va ammaning erlari, ya'ni pochchalar ham shu toifaga kiradi.
Begona erkak kishilar qatoriga yaxshi-yomonni ajrata oladigan, balog'at yoshiga yaqinlashgan o'smirlar ham kiradi.
Begona ayol – erkak nikohiga olishi mumkin bo'lgan, ya'ni nikohi durust bo'lib, mahramlardan bo'lmagan ayol. Butunlay begona bo'lgan ayollardan tashqari amaki, amma, tog'a va xolaning qizlari hamda aka-uka, amaki, tog'aning xotinlari, shuningdek, xotinining opa-singillari, ammalari va xolalari ham begona ayollar sirasiga kiradi.
Bu toifadagi ayol yoki erkak kishi, pochcha yoki qaynsingil, amaki yoki xolaning bolalari kabi qarindosh hisoblansa-da, biroq mahram sirasiga kirmaydi. Shu bois, ular bilan muomala odob doirasida, boshqalar ishtirokida, ma'lum masofa saqlagan holda bo'lishi lozim.
Oyati karimada aytilgan:
قُل لِّلۡمُؤۡمِنِينَ يَغُضُّواْ مِنۡ أَبۡصَٰرِهِمۡ وَيَحۡفَظُواْ فُرُوجَهُمۡۚ ذَٰلِكَ أَزۡكَىٰ لَهُمۡۚ إِنَّ ٱللَّهَ خَبِيرُۢ بِمَا يَصۡنَعُونَ٣٠ وَقُل لِّلۡمُؤۡمِنَٰتِ يَغۡضُضۡنَ مِنۡ أَبۡصَٰرِهِنَّ وَيَحۡفَظۡنَ فُرُوجَهُنَّ
«(Ey Muhammad!) Mo'minlarga ayting, ko'zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo'l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir. Mo'minalarga ham ayting, ko'zlarini (nomahram erkaklardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar!..» (Nur, 30-31).
Bir necha hadislar keltiramiz:
قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: «النظرة سهم من سهام إبليس مسمومة فمن تركها من خوف الله أثابه جل وعز إيمانا يجد حلاوته في قلبه». (رواه الحاكم والطبراني)
Imom Tabaroniy va Hokim Abdulloh ibn Mas'uddan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi, “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “(Begona ayolga) qarash iblisning o'qlaridan bir o'q, kim uni Allohdan qo'rqib tark qilsa, uning o'rniga imonni qo'yadi, qalbida uning halovatini topadi”.
عن أبى أمامة عن النبى -صلى الله عليه وسلم- قال « ما من مسلم ينظر إلى محاسن امرأة أول مرة ثم يغض بصره إلا أحدث الله له عبادة يجد حلاوتها ». (رواه أحمد)
Imom Ahmad va Imom Tabaroniy Abu Umomadan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “(Begona) ayolning go'zalligiga qarashdan ko'zini yumgan musulmonga Alloh bir ibodat berur, uning halovatini qalbida topadi”, dedilar.
Zero, mo'minning intiladigan orzusi, butun xatti-harakati, barcha amallari ham ushbu yuksak ne'mat – “imon halovati”ga qaratilgan. Bu latif, laziz va rohatbaxsh imon halovatini bir bora totgan kishi aslo uni yo'qotgisi kelmaydi. Buni topish uchun esa Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qilganlaridek, nafsga moydek yoqadigan, ammo oqibati o'ta yomon bo'lgan, begona ayollarga nazar tashlashdek yaramas ishni tark etish zarur. Agar bu haris nazardan saqlanmasa, iblis o'qiga nishon bo'lishi bayon etilmoqda. Bu jirkanch o'qqa nishon bo'lgan qalb sohibi esa to qalbini poklab olmagunicha imon halovatidek aziz ne'matdan va ko'p ezguliklardan mosuvo bo'lib qoladi. Ana shunday ahvolga tushib qolgan mo'minning yuzini munavvar etib turgan nur ham yo'qoladi.
Hazrat Usmon (roziyallohu anhu) zamonalarida sahoba Anas (roziyallohu anhu) Madina ko'chalarida ketayotganida bir ayolga ko'zi tushib, xayoli ozgina chalg'idi. Darhol o'zini o'nglab, to'g'ri Hazrat Usmonning (roziyallohu anhu) huzurlariga keldi: “Assalomu alaykum, yo amiral mo'minin!” dedi. Usmon (roziyallohu anhu) esa: “Hoy Anas! Senga nima bo'ldi, ko'zingda zino izini ko'ryapman?” dedi. “Salomga vojib bo'lgan alikni olmay, meni zinoda ayblayapsiz, nima, vahiy tusha boshladimi?” deya Anas (roziyallohu anhu) javob berdi. Shunda Usmon (roziyallohu anhu): “Yo'q, aslo, Muhammad (alayhissalom) vafot etganlaridan keyin vahiy ham, payg'ambarlik ham to'xtagan. Lekin mo'minning farosatidan qo'rqqin, u Allohning nuri bilan qaraydi”, dedi.
Abu Said (roziyallohu anhu) aytadi. «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Mo'minning farosatidan qo'rqinglar. Chunki u har bir narsaga Allohning nuri bilan qaraydi”, dedilar. So'ng “Albatta, bu (hodisa)da farosatli kishilar uchun alomatlar bordir”(Hijr, 75) oyatini o'qidilar» (Imom Termiziy, Tabaroniy va Bayhaqiy rivoyati).
Shuningdek, ushbu hadisi sharifda ko'rsatilgan fazilatlarga ega bo'lish afzaldir:
عن عبادة بن الصامت أن النبى -صلى الله عليه وسلم- قال « اضمنوا لى ستا من أنفسكم أضمن لكم الجنة اصدقوا إذا حدثتم وأوفوا إذا وعدتم وأدوا إذا ائتمنتم واحفظوا فروجكم وغضوا أبصاركم وكفوا أيديكم ». (رواه أحمد وابن حبان)
Imom Ahmad va Ibn Hibbon “Sahih” kitoblarida Uboda ibn Somitdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) “O'z nafsingizda olti narsaning kafolatini beringlar, men sizlarga jannatning kafolatini beraman. So'zlasanglar, to'g'ri so'zlanglar, va'da bersanglar, vafo qilinglar, omonat qo'yilsa, ado qilinglar, farjlaringni saqlanglar, ko'zlaringni (haromdan) tiyinglar, qo'llaringni (haromdan) saqlanglar”, dedilar.
عن أَبي هريرة - رضي الله عنه - : أنَّ النبيَّ - صلى الله عليه وسلم - ، قَالَ : (( كُتِبَ عَلَى ابْن آدَمَ نَصِيبُهُ مِنَ الزِّنَا مُدْرِكُ ذَلِكَ لا مَحَالَةَ : العَيْنَانِ زِنَاهُمَا النَّظَرُ ، وَالأُذُنَانِ زِنَاهُمَا الاسْتِمَاعُ ، وَاللِّسَانُ زِناهُ الكَلاَمُ ، وَاليَدُ زِنَاهَا البَطْشُ ، وَالرِّجْلُ زِنَاهَا الخُطَا ، والقَلْبُ يَهْوَى وَيَتَمَنَّى ، وَيُصَدِّقُ ذَلِكَ الفَرْجُ أَوْ يُكَذِّبُهُ )) . متفق عَلَيْهِ
Imom Buxoriy va Imom Muslim Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Odam bolasiga uning zinodan bo'lgan nasibasi yozilgan. Uni olmasligi amrimahol. Ikki ko'z zinosi – nazar. Ikki quloq zinosi – eshitish. Tilning zinosi – so'zlash. Qo'lning zinosi – ushlash. Oyoqning zinosi – yurib borish. Qalb uni ishtaha va orzu qiladi. Farj esa uni tasdiqlaydi yoki yolg'onga chiqaradi”, dedilar.
Darhaqiqat, kishi nojoiz joyga nazar qilishi oqibatida, avvalo, qalb buziladi. Chunki qalb zaiflashgach, quloqni eshitish joiz bo'lmagan so'zlarni eshitishga chorlaydi. Til ko'proq turli lag'v va sharmsiz so'zlarni gapirishga odatlanadi. Qo'l ushlash joiz bo'lmagan narsalarni ushlashga rag'bat qilsa, oyoq tinmasdan taqiqlangan joylarga borishga undaydi. Buning barchasi birlashib, insonni ochko'z va harismand holga keltirib qo'yadi. Endi zaharlangan qalbning zinoga bo'lgan ishtiyoqi kuchayadi. Agar darhol tavba yo'liga kirmasa, zino sodir bo'lishigacha olib boradi. Ayni holga tushmaslik uchun qalbni poklash, vasvasadan uzoqlashish uchun Payg'ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) quyidagi hadislariga qat'iy amal qilish zarur:
عن جرير - رضي الله عنه - قَالَ : سألت رسول الله - صلى الله عليه وسلم - عن نَظَرِ الفَجْأَةِ فَقَالَ : (( اصْرِفْ بَصَرَكَ )) . رواه مسلم
Imom Muslim va Imom Termiziy Jarirdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) to'satdan nazar tushib qolishi haqida so'radim. U zot (alayhissalom): “Ko'zingni boshqa tomonga bur”, dedilar.
Albatta, hamma balo nazardan boshlanadi. Birinchi nazar tushganida, Hudodan qo'rqib, o'zini tiygan odam yutadi. Lekin yana nazar solsa... Har bir erkak-ayol ushbu so'zlarni yodidan chiqarmasligi va nomahramlarga shahvat nazari bilan qarashdan o'zini tiyib yurmog'i lozim.
عن أُم سَلَمَة رَضِيَ اللهُ عنها ، قالت : كنتُ عِنْدَ رسول الله - صلى الله عليه وسلم - ، وعندهُ مَيْمُونَة ، فَأقْبَلَ ابنُ أُمِّ مَكْتُومٍ ، وَذَلِكَ بَعْدَ أنْ أُمِرْنَا بِالحِجَابِ فَقَالَ النبيُّ - صلى الله عليه وسلم - : (( احْتَجِبَا مِنْهُ )) فَقُلْنَا : يَا رسولَ اللهِ ، ألَيْسَ هُوَ أعْمَى ! لاَ يُبْصِرُنَا ، وَلاَ يَعْرِفُنَا ؟ فَقَالَ النَّبيُّ - صلى الله عليه وسلم - : (( أفَعَمْيَاوَانِ أنتُما أَلَسْتُمَا تُبْصِرَانِهِ !؟ )) . رواه أَبُو داود والترمذي
Abu Dovud va Imom Termiziy Ummu Salamadan (roziyallohu anho) rivoyat qiladi: «Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlarida edim. Maymuna ham u kishining huzurlarida edi. To'satdan Ummu Maktumning o'g'li kirib keldi. Bu voqea hijob qilishga buyurilganidan keyin bo'ldi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Undan ikkoving ham o'zlaringni berkitinglar”, dedilar. Biz: “Yo Rasullulloh, u bizni ko'rmaydigan va tanimaydigan ko'r emasmi?” dedik. Shunda ul zot: “Ikkovingiz ham ko'rmisiz? Ikkovingiz ham uni ko'rmayapsizmi?” dedilar».
Ushbu hadis nafaqat erkak kishi begona ayolga nazar qilmasligi, shuningdek, ayol kishi ham begona erkak kishiga qarashi joiz emasligini ta'kidlamoqda.
Zino barcha xalqlar tushunchasida begona erkak va ayolning nikohsiz jinsiy aloqada bo'lishidir. Bu barcha dinlar, xalqlar va ta'limotlarda qabih va razolat hisoblangan. Chunki insonning sof qalbi tabiatan bu qabih ishni qoralaydi. Halqimiz zinoni ulkan gunoh, kechirilmas ayb deb biladi. Alloh taolo xitob qilib: “Zinoga yaqinlashmanglar, albatta u fohisha ish va yomon yo'ldir”, degan (Isro, 32).
Chunki zino naslu nasabning buzilishi, oilalarning parchalanishi, insoniy munosabatlarning yomonlashuvi, turli kasalliklarning tarqalishi, axloqning emirilishi va boshqa ko'p balo-ofatlar sababidir.
Payg'ambarimiz Muhammad (alayhissalom): “Qaysi qavmda zino tarqalsa, Alloh taolo ularni ota-bobolari bilmagan kasallikka mubtalo qiladi”, deganlar. Bobolarimiz zinoni xayollariga ham keltirmagan. Chunki ular mahbub Payg'ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam): “Zinokor zino qilganida mo'minligida qolmaydi”, deganlarini bilishgan. Mo'minlik – imon bobolarimiz uchun hamma narsadan ustun bo'lgan. Ular oxirat azobidan qo'rqishgan, shu bois boshqa gunohlar qatori zinoga ham yaqinlashmaganlar.
KYeYINGI MAVZULAR:
Farzandni erta jinsiy qiziqishlardan saqlash;
Oila nazorati;
Atrofdagilarning salbiy ta'siridan himoya qilish;
Axloqsiz fil'mlar va tomoshalar zarari;
Hayosiz liboslar zarari;
Ba’zi ulamolar insonning hayot bilan vidolashuv damlarini “safar chog‘i”, “safar soati” deyishadi. Xususan, mashhur olim Oiz Qarniy “Sahobalar hayotidan xotiralar” kitobida Amr ibn Os roziyallohu anhuning “safar soati” haqida so‘z yuritib, bu vaqtning rostgo‘ylik, ruhning poklanishi, oshkoralik va shaffoflik onlari ekanini ta’kidlaydi.
Bu vaqtda o‘lim to‘shagida yotgan insondan dunyo bezaklariga intilish, ig‘vo, munofiqlik, soxtakorlik kabi illatlar chekinar va u o‘zining haqiqati bilan yolg‘iz qoladi. Hatto Fir’avn ham jon berish onida ichidagi maxfiy haqiqatni oshkor qilib, bunday degan:
لا إِلَهَ إِلا الَّذِي آَمَنَتْ بِهِ بَنُو إِسْرَائِيلَ وَأَنَا مِنَ الْمُسْلِمِينَ
“Iymon keltirdimki, Isroil avlodi iymon keltirgan Zotdan o‘zga iloh yo‘qdir. Men ham musulmonlardanman” (Yunus surasi, ٩٠-oyat).
Mashhur sahobiy Amr ibn Os roziyallohu anhu o‘lim to‘shagida yotarkan, yuzini devorga burib olgandi. Atrofida o‘tirgan do‘stlari va o‘g‘li Abdulloh Amr ibn Osga Misrni fath etib, Islomning yoyilishiga katta hissa qo‘shganini, Allohning rahmatidan umidvor bo‘lishini eslatar, u zot bo‘lsa, o‘zini qanday oqibat kutayotganini bilmagani bois qo‘rquvdan yig‘lardi.
Amr ibn Os roziyallohu anhu so‘nggi lahzalarini boshdan kechirar ekan, yashab o‘tgan hayotini xotirlab, bunday xulosaga keladi: “Mening umrim uch bosqichda o‘tdi. Islomdan oldin jaholat bosqichida yashadim. O‘sha paytda eng yomon ko‘rganim Rasululloh sollallohu alayhi va sallam edilar. Har qancha hiyla-nayrang ishlatib bo‘lsa ham, u zotni o‘ldirishga tayyor edim. Islomni qabul qilgach, Madinaga hijrat qildim. Bu hayotimdagi ikkinchi bosqich, ya’ni kufrdan Islomga o‘tish bosqichi edi...”
Amr ibn Os Makkadan Madinaga Xolid ibn Valid bilan birga hijrat qilgandi. Ular Madinaga yaqinlasharkan, Amr ibn Os Xolid ibn Validga: “Yo oldinda yur yoki orqada qol. Mening gunohlarim ko‘p. Rasulullohga ular haqida aytmoqchiman. U zot bilan yolg‘iz qolishni istayman”, dedi. Shundan so‘ng Xolid ibn Valid oldinga o‘tib ketdi. Amr ibn Os roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga kelib: “Qo‘lingizni bering, bay’at qilaman”, dedi.
Rasululloh Amr ibn Osga bay’at uchun qo‘llarini cho‘zganlarida, u payg‘ambarimizning muborak qo‘llarini mahkam ushlab oldi. Nabiy alayhissalom: “Senga nima bo‘ldi, ey Amr?” deb so‘radilar. Amr ibn Os: “Men shart qo‘ymoqchiman, ey Allohning Rasuli”, dedi. U zot: “Nimani shart qo‘yasan?” dedilar. Amr ibn Os: “Rabbim o‘tgan gunohlarimni mag‘firat qilishini shart qilib qo‘yaman”, dedi. Amr ibn Os johiliyat davrida Islomga qarshi janglarda qatnashgan va ko‘pgina gunoh ishlarga qo‘l urgandi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Amr, bilmaysanmi? Islom o‘zidan oldingi narsalarni yo‘q qiladi (gunohlarni kechiradi)”, dedilar.
Amr ibn Os roziyallohu anhu aytadi: «Qo‘limni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qo‘llariga qo‘yib, bay’at qildim. Shundan so‘ng muhabbat va itoatkorlik ila u zotga hamroh bo‘ldim. U zot men uchun insonlarning eng sevimlisi edilar. Islomdan avvalgi nafratim muhabbatga aylandi. Rasuli akram sollallohu alayhi va sallamga bo‘lgan hurmatim sababidan u zotga tik qaray olmaganman. Agar mendan u zotni tasvirlab berishimni so‘rasangiz, bu ishni uddalay olmayman. Chunki u zotga bo‘lgan muhabbatim, ehtiromim va hayoim sababli Rasulullohning yuzlariga qaray olmaganman. Ana shu muhabbat tufayli qaytadan dunyoga kelgandek bo‘ldim... Koshkiydi, o‘sha holatimda vafot topgan bo‘lsam. Chunki mazkur holat din uchun kurash, ilm, tavba va hidoyat kabi his-tuyg‘ularni o‘zida jamlagandi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotlaridan so‘ng o‘zgarib qoldim. Bu hayotimning uchinchi bosqichi edi. Bu bosqichda dunyo men bilan oshkora o‘yin qildi. Siffin va Jamal kabi fitnali hodisalar sodir bo‘ldi. Allohga qasam, jannatga kiramanmi yoki do‘zaxgami, bilmayman!.. Hozir birgina kalima bor, xolos. Uni Allohning huzurida o‘zim uchun hujjat qilaman. Bu: “La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lah. Lahul-mulku va lahul hamdu va huva ’ala kulli shay’in qodir” kalimasidir».
Shundan so‘ng Amr ibn Os roziyallohu anhu kaftini mahkam siqdi va ruhi tanasidan chiqib ketdi. Uning o‘g‘li Abdulloh ibn Amr aytadi: “Otamni yuvgani olib kirdik. G‘assollar uning barmoqlarini yuvish uchun ochmoqchi bo‘ldilar, lekin ular mahkam siqilgandi. So‘ng uni kafanlash uchun barmoqlarini ochdik, lekin ular yana yopilib qoldi. Uni qabrga qo‘yganimizda ham qo‘llari mahkam siqilgandi”...
Ushbu voqea zamirida barchamiz uchun ulkan saboq bor. Amr ibn Os roziyallohu anhuning naqadar samimiyligi, tavhid kalimasini dili va tilida mahkam tutib, Rabbisiga yuzlanganiga havasdamiz, albatta.
Amr ibn Os roziyallohu anhu umrini uch bosqichga bo‘ldi. Bizning “safar soati”miz qanday kecharkin? Hayotimiz necha bosqichdan iborat bo‘ladi? Umrimiz qanday kechyapti? Rabbimiz biz ojiz bandalariga bu borada ham O‘z “taklif”ini taqdim etgan. Oli Imron surasi ٨-oyatida bunday duo bor:
رَبَّنَا لَا تُزِغْ قُلُوبَنَا بَعْدَ إِذْ هَدَيْتَنَا وَهَبْ لَنَا مِنْ لَدُنْكَ رَحْمَةً إِنَّكَ أَنْتَ الْوَهَّابُ
“Robbanaa laa tuzig‘ quluubanaa ba’da iz hadaytanaa vahab lanaa mil-ladunka rohmah. Innaka antal Vahhaab”.
“Ey Rabbimiz, bizni hidoyat yo‘liga solganingdan keyin dillarimizni (to‘g‘ri yo‘ldan) og‘dirma va bizga huzuringdan rahmat ato et! Albatta, Sen Vahhob (barcha ne’matlarni tekin ato etuvchi)dirsan”.
Mehribon Zot barchamizni ushbu duo-oyat haqiqati bilan rizqlantirsin!
Mavjuda NURIDDINOVA
tayyorladi.