وَقَٰتِلُواْ فِي سَبِيلِ ٱللَّهِ ٱلَّذِينَ يُقَٰتِلُونَكُمۡ وَلَا تَعۡتَدُوٓاْۚ إِنَّ ٱللَّهَ لَا يُحِبُّ ٱلۡمُعۡتَدِينَ١٩٠
190. Siz bilan urushayotganlarga qarshi Alloh yo'lida jang qilinglar, ammo tajovuz etmanglar. Alloh tajovuzkorlarni aslo sevmaydi.
Qaysi bir qavm boshqa bir qavmga urush ochib, zulm qilishga o'tsagina Alloh taolo urushishni halol qilgan. Dushmanga qarshi urush ochishda Alloh yo'lining g'olib bo'lishigina ko'zda tutiladi, ammo bunda tajovuzga yo'l qo'yilmaydi. Chunki Alloh taolo tajovuzkorlarni yomon ko'radi. Alloh taolo mo'minlarga ushbu vahiyni nozil qilganidan keyin musulmonlar va musulmon bo'lmagan arab qabilalari o'rtasida bir qancha janglar bo'ldi. Lekin ularning birortasi ham musulmonlar sababchi bo'lib boshlangan emas. Bundan tashqari, Muhammad alayhissalom dushmanlari bilan mashhur Hudaybiya sulh shartnomasini tuzib, ularning ko'pgina shartlariga ko'ndilar va musulmonlar bilan Ahli kitoblarning tinch, bexatar yashashini ta'minlab berdilar. Ammo oradan ko'p o'tmay, mushriklar shartnomani buzishdi va urush harakatlari qayta boshlanib ketdi. Biroq o'zlarini o'nglab olgan musulmonlar shavkatli qo'shin bilan Makkani fath etishganida biror odamning qoni to'kilmadi, biror uy vayron etilmadi, hech kim zulm ko'rmadi. Vaholanki, Payg'ambar alayhissalom xohlaganlarida musulmonlar o'z boshlariga cheksiz uqubat va kulfat keltirgan mushriklarning qabila boshliqlaridan o'ch olgan bo'lardilar. Ammo u zot ularga qarshi hech qanday chora ko'rmay, umumiy avf e'lon qildilar. Oxirzamon Payg'ambarining ana shu marhamati va bag'rikengligidan hayratga tushgan juda ko'p mushriklar keyinchalik musulmon bo'lishdi.
وَٱقۡتُلُوهُمۡ حَيۡثُ ثَقِفۡتُمُوهُمۡ وَأَخۡرِجُوهُم مِّنۡ حَيۡثُ أَخۡرَجُوكُمۡۚ وَٱلۡفِتۡنَةُ أَشَدُّ مِنَ ٱلۡقَتۡلِۚ وَلَا تُقَٰتِلُوهُمۡ عِندَ ٱلۡمَسۡجِدِ ٱلۡحَرَامِ حَتَّىٰ يُقَٰتِلُوكُمۡ فِيهِۖ فَإِن قَٰتَلُوكُمۡ فَٱقۡتُلُوهُمۡۗ كَذَٰلِكَ جَزَآءُ ٱلۡكَٰفِرِينَ١٩١
191. Ularni ko'rgan joyingizda o'ldiringlar, sizlarni chiqarishgan joydan ularni ham quvib chiqaringlar. Fitna qotillikdan ham yomondir. O'zlari urush boshlamaguncha ular bilan Masjidul-Haromda jang qilmanglar. Agar sizlarga urush ochishsa, ularni ham o'ldiringlar, kofirlarning jazosi shudir.
Alloh tajovuzkorlarni yomon ko'radi, har qanday zulmni man etadi. Shuning uchun U musulmonlarga zolim va tajovuzkor kimsalarni qayerda ko'rishsa ham o'ldirishga, o'zlari urush boshlamaguncha Allohning Bayti joylashgan Masjidul-Harom oldida urushmaslikka buyurmoqda. Shu bois Muhammad alayhissalom yuz mingli Islom qo'shini bilan Makkani fath etganlarida birorta odamning qoni to'kilishiga yo'l qo'ymadilar, hech kim Islom lashkaridan jabr-zulm ko'rmadi.
Zolim va qonxo'r kimsalar hamisha insonlar, butun-butun qabilalar o'rtasiga fitna, nifoq solib, jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishadi. Fitna esa odamlarni qatl qilishdan ham yomon jinoyatdir. Ammo johil va urushqoq buzg'unchilar insoniyat tarixi davomida juda ko'p marta Parvardigorning ana shu amrlariga qarshi borgan, turli fitnalar chiqarib, ming-minglab begunoh kishilarning halokatiga sabab bo'lgan. Bunday tajovuzkor qavmlar Ahli kitoblardan ham chiqqan. Masalan, o'n birinchi milodiy asr oxirida Ovrupa nasroniylari Hudoning marhamatiga musharraf bo'lgan Falastinni "saqlab qolish" uchun bir necha marta mash'um "salib yurishlari" tashkil etishdi. Yilnomalarda kelgan ma'lumotlarga ko'ra, salibchilarning qo'shinlari Quddusda ikki kun ichida qirq mingga yaqin musulmon va yahudiyni yovuzlarcha qiymalab o'ldirishgan. Ularning vahshiyligi shu darajaga borganki, to'rtinchi salib yurishi chog'ida o'z dindoshlariga qarashli Qustantaniya (Konstantinopol') shahrini ham talon-taroj qilib, hamma yoqqa o't qo'yishgan. Ular Quddusdagi Sulaymon alayhissalom ibodatxonasi oldida odamlar qonini daryo qilib oqizishgan. Vaholanki, salibchilarning bunday vahshiyligi nasroniylik yo'liga tamoman zid edi.
فَإِنِ ٱنتَهَوۡاْ فَإِنَّ ٱللَّهَ غَفُورٞ رَّحِيمٞ١٩٢
192. Kufrdan qaytishsa, Alloh albatta mag'firatli va rahmlidir.
Ammo kufrdan qaytib, Alloh taoloning vahiylarini tan olgan, uning chegaralarini buzishdan tiyilgan insonlarning gunohlarini Alloh taolo mag'firat qiladi. Chunki U kechiruvchi va rahmlidir.
Kufr, e'tiqodsizlik, imonsizlik kishilik jamiyatlarining eng og'ir kulfatlaridandir. "Inson uchun eng katta kulfat-musibat nima?" degan savolingizga birov "Quruq tuhmat balosi", deydi, boshqasi "farzand tobutini elkaga olish" deb javob qiladi, yana birov "do'st xiyonati" degan gapni aytadi. Aslida imonsizlik, kufr eng katta kulfatdir. Aqlini endigina tanigan musulmon bolakay qayerdan kelib, qayerga ketishini yaxshi biladi. Ammo sakson yoshli imonsiz faylasuf o'zining qanday yaratilganiga aqli etmay, maymundan tarqaganmizmi yoki boshqa maxluqdanmi, deb hamon dovdirab yuribdi. Dahriylik, moddaparastlik qon-qoniga singib ketgan ayrim kimsalar hamon buzuq e'tiqodlarini isloh qila olishmayapti. Nihoyasi yo'q g'aflat changalzorlarida adashib-tentirab yurishibdi. Butun dunyo allaqachon buzuq ta'limotlardan yuz o'girib, Allohni taniganiga qaramay, hamon eski ashulatovoqlarni eshitib yurishibdi. Bu ashulatovoqlarning diydiyosi o'sha-o'sha: "Din afyundir. U kambag'al-mazlumlarni qullik va hukmdorlarga taslim qilib beradi. Jannat xom xayollariga etaklaydi. Din Alloh tomonidan yuborilmagan, balki jamiyatning bir qatlamini boshqa qatlamiga bo'ysundirish uchun mustabidlar tomonidan o'ylab chiqarilgan narsa". Bular adashganlarning nuqtai nazari. Musulmonlar, hatto hali Islom bilan sharaflanishga ulgurmagan juda ko'p G'arbu Sharq mutafakkirlari, zakovat sohiblari ularning qattiq adashayotganini, tagi yo'q, puch ta'limotni johillarcha qaysarlik bilan himoya qilayotganini ko'rib-bilib turibdi. Ularning safsatalariga qarshi sog'lom aql, ilm-fan haqiqati, haq din ta'limoti bilan munosib javob qaytarmoqda.
Din ayrimlar iddao qilayotganiday nashavandlik (afyun) holati emas, bu hushyorlik, sergaklik, har bir hatti-harakating, har bir so'zing va fikring uchun vijdon qiynog'idir. Afyun bilan miyasi aynigan, mast-karaxt bo'lganlar johillarning o'zlaridir. Chunki ular dinni rad etib, tan olishmaydi. Bu bilan dinga bo'ysunishdan va uning oldidagi mas'uliyatdan bo'yin tovlashadi. Bu dunyoning o'zidagina yashashni tasavvur qilishadi. “O'lgandan keyin tirilish, hisob-kitob, jazolash yo'q” degan bahonada ko'ngillariga yoqqan ishni qilaverishadi. Bunday kimsaning pokiza niyatli bir musulmonga, agar biror kishini ho'kiz suzib yuborsa, Islom dinining ko'rsatmalarini bajara olmadim, deb iztirob chekkan hamda etti mahalla naridagi qo'shnisi oldida ham mas'uliyat his etgan musulmonga tenglashishiga yo'l bo'lsin!
وَقَٰتِلُوهُمۡ حَتَّىٰ لَا تَكُونَ فِتۡنَةٞ وَيَكُونَ ٱلدِّينُ لِلَّهِۖ فَإِنِ ٱنتَهَوۡاْ فَلَا عُدۡوَٰنَ إِلَّا عَلَى ٱلظَّٰلِمِينَ١٩٣
193. Fitna bosilib, butun din Allohgagina bo'lmagunicha ular bilan urushinglar. Agar to'xtashsa, zolimlardan boshqasiga dushmanlik yo'q.
Oyati karimadagi "din" so'zi keng ma'noni anglatadi, "din" deyilganida imon, amallar, toat-ibodat, taqvo va yaxshiliklar tushuniladi. "Fitna-fasod" esa dindan chiqish va boshqalarni ham chiqarishdir. Bu narsalar Masjidul-Haromda va muharram oyida urush qilishdan ham yomondir. Insonlar o'rtasida zulm yo'qolishi, xalqni dindan uzib, gumroh qilinmasligi va Alloh taoloning hukmi joriy bo'lishi uchun urush farz qilingan. Ammo fasod tarqatuvchilar fitnalarini to'xtatishsa, ular ichidagi zolimlardan boshqasiga tegmanglar.
Nofe' roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Ibn Zubayr fitnasi paytida ikki kishi Ibn Umarning oldiga kelib: "Odamlar nima ishlar qilishyapti, siz bo'lsangiz Payg'ambarimizning do'stlari bo'laturib indamay o'tiribsiz, ularga qarshi kurashishingizga nima mone'lik qiladi?" deyishdi. Shunda Ibn Umar: "Alloh taoloning o'z birodarlarim qonini to'kishdan qaytargani mone'lik qiladi", dedi. Boyagilar: "Axir, Alloh taolo: "Fitna bosilib, butun din Allohgagina bo'lmagunicha ular bilan urushinglar" demaganmidi?!" deyishdi. Ibn Umar: "Biz fitna qolmagunicha va Alloh taoloning dini qoim bo'lgunicha urushdik. Nima, endi sizlar yana fitna sodir bo'lib, Alloh taoloning dini barbod bo'lgunicha urush qilmoqchimisizlar?!" dedilar" (Buxoriy rivoyati).
ٱلشَّهۡرُ ٱلۡحَرَامُ بِٱلشَّهۡرِ ٱلۡحَرَامِ وَٱلۡحُرُمَٰتُ قِصَاصٞۚ فَمَنِ ٱعۡتَدَىٰ عَلَيۡكُمۡ فَٱعۡتَدُواْ عَلَيۡهِ بِمِثۡلِ مَا ٱعۡتَدَىٰ عَلَيۡكُمۡۚ وَٱتَّقُواْ ٱللَّهَ وَٱعۡلَمُوٓاْ أَنَّ ٱللَّهَ مَعَ ٱلۡمُتَّقِينَ١٩٤
194. Harom oy harom oyga muqobildir, haromlarda qasos bor. Kim sizlarga dushmanlik qilsa, sizlar ham shuning barobarida dushmanlik qilinglar. Allohdan qo'rqinglar, bilingki, Alloh taqvodorlar bilandir.
Oltinchi hijriy sananing zulqa'da oyida umraga borgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni va sahobalarini Masjidul-Harom hududida ehrom holatida mushriklar to'sishdi. Oradan bir yil o'tib shu umraning qazosiga borishganida sahobalar: "Endi urushish to'g'ri kelib qolsa, nima qilamiz", deb qo'rqishdi. Parvardigor ushbu oyati karima bilan ularga javob beradiki, ular urush harom qilingan oylar hurmatini poymol qilishsa, sizlar ham ulardan qasos olinglar.
“Harom oylar” iborasi lug'atda «urush-janjal, adovat-dushmanlik harom qilingan, hurmatli, ulug'langan oylar» ma'nosini bildiradi. Hijriy-qamariy sananing muharram, zulqa'da, zulhijja, rajab oylari harom oylar sanaladi. Bu oylarda har qanday urush harakatlari, qon to'kish, adovat-fitna qo'zg'ash ishlari taqiqlangan.
Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:
Birinchisi – o‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.
Ikkinchisi – haqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.