Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi Hikmatulloh Ro'zaliyev o'ttiz pora Qur'oni karimni bir kunda, bir o'tirishda 10 soat mobaynida yoddan o'qib berdi.
Qur'oni karimni o'qish jarayonini «Tahfizul Qur'on» kafedrasi o'qituvchilari Jahongir qori Ne'matov, Islomxon qori Ubaydullayev, Ahmadxon qori Rashidov, Zafar qori Mahmudov, Jahongir qori Ro'ziyev, Abdulbosit qori Qobulov, Adhamjon qori Yusupov va boshqa ustoz va talabalar kuzatib bordi. Hikmatulloh qori Ro'zaliyev tonggi soat oltidan Qur'oni karimni o'qib berishni boshlab, asr namozida yakunladi.
Shundan so'ng «Tahfizul Qur'on» kafedrasi mudiri Jahongir qori Ne'matov institutda an'anaga aylanayotgan ushbu tadbirning ahamiyati to'g'risida ma'lumot berdi.
Ma'lumot uchun, Hikmatulloh qori Toshkent islom institutiga o'qishga kirganda (2017 yili) Qur'onning 4 porasini yod olgan edi. Shu yili 1-kursning 10 oyi ichida Kalomullohni to'liq yod oldi. Shundan so'ng, yod olgan suralarini mustahkalash uchun o'tgan 2,5 yil mobaynida ustozlari Jahongir qori Ne'matov, Zafar qori Mahmudov va Jahongir qori Ro'ziyevga Qur'onni o'qib topshirib bordi.
Allohning inoyati bilan ustozlar ko'magida o'zining tinimsiz mehnatlarining samarasi o'laroq bugun bir o'tirishda butun Qur'oni karimni ustozlari guvohligida o'qib topshirishga muvaffaq bo'ldi. Yoddan o'qib berish vaqtida 4 martagina “luqma” olib, qolgan o'rinlarda bexato, adashmasdan Kalomullohni xatm qildi.
Hikmatilla qori va uning ustozlariga Toshkent islom instituti rektori Uyg'un domla G'afurov tashakkurlar bildirib, mana shunday etuk qorilarni etishtirib chiqarishda omadlar tiladi.
TII rektori Uyg'un domla G'afurov, prorektor Umid domla Hodjayev, kafedra mudirlari Soatmurod domla Primov, Obid domla Tangirov, Fazliddin domla Suvonov va barcha ishtirokchilar, birgalikda Qur'oni karim xatmi duosi barobarida qori ustozlar va Hikmatulloh qorining haqiga ezgu duolar qildilar, Allohdan yurtimizga xayr-baraka va ofiyat so'radilar.
Hikmatulloh qoriga institut fondi hisobidan noutbuk va boshqa sovg'alar hadya qilindi.
«Tahfizul Qur'on» kafedrasi qori ustozlarining tinimsiz mehnatlari evaziga Toshkent Islom institutida Qur'oni karimni bir kunda to'liq o'qib berish an'anaga aylanmoqda. E'tiborlisi, ushbu amaliyot xorijdagi Qur'on yodlatishga mo'ljallangan madrasa va oliygohlarda ham kam uchraydigan holatdir.
Eslatib o'tamiz, 2015 yilda Toshkent Islom instituti tarixida ayol-qizlar o'rtasida ilk bor Gulruh Kenjabek Qur'oni karimni bir kunda, bir o'tirishda 16 soat mobaynida to'liq o'qib bergan edi. Gulruh Kenjabek 2014 yili o'tkazilgan Respublika Qur'on musobaqasining hifz yo'nalishi g'olibasi hisoblanadi. Shuningdek, Robiya Najmiddinova va Fotima Abdullayev ham Gulruh kabi Allohning kalomini yuqoridagi uslubda o'qib bergan edi.
Yigitlardan esa «Tahfizul Qur'on» kafedrasi talabalari Adham qori Otaxonov va Fathulloh qori Dadayev ham muqaddam Qur'oni karimni yoddan to'liq o'qib, ustozlar ko'rigidan o'tkazib olgan edi.
Ma'lumot: Qur'oni karimda 114 ta sura, 6 236 ta oyat va taxminan 1 015 030 nuqta, belgi, 323 670 harf va 77 934 ta so'z bor. Qur'on sahifalanishiga ko'ra 30 pora (juz, qism)dan iborat bo'lib, mushafning har 10 varog'i bir pora hisoblanadi.
Zafar qori Mahmudov,
«Tahfizul Qur'on» kafedrasi o'qituvchi
Shogird ustozi bilan suhbat qilib o‘tirgan edi. Shogird ustozidan so‘radi:
– Ustoz, dunyodan o‘tganingizdan keyin odamlar sizni qanday xotirlashini xohlar edingiz?
Ustoz bir muddat sukut saqlab, so‘ng savolga javob berdi:
– Bizni odamlar qay tariqa eslashlari muhim emas. Balki qabrda va Allohning huzurida qanday kutib olinishimiz muhim. Deylik, oradan bir asr o‘tib, bolalarimiz, balki nabiralarimiz ham olamdan o‘tib ketar. Biz hozir qiynalib, umrimizni, topgan mablag‘imizni sarflab qurdirgan uylarimiz buzilib ketar yo ularda boshqalar yashar. Shuning uchun o‘lgach, bizni kim nima deb eslashiga emas, abadiy safarga hozirlik ko‘rishimiz kerak.
Ha, azizlar! Bu dunyoda yashar ekanmiz, kim uchun yaxshi ota-ona, kim uchun yaxshi umr yo‘ldosh, kim uchun yaxshi farzand bo‘lishga harakat qilamiz. Jamiyatda esa o‘zimizdan yaxshi nom qoldirishga urinamiz. Lekin bu ishlar zamirida Alloh taoloning amir va qaytariqlariga amal qilish yotganini ba’zan unutib qo‘yamiz. Yelib-yugurishlarimiz faqat odamlar uchungina bo‘lib qoladi.
Aslida mo‘min odam har bir amalini xolis Alloh uchun qilib, imkon qadar boshqalardan yashirishi lozim. Aks holda qilgan amalining savobidan mahrum bo‘ladi. Eng yomoni ba’zilar mana shunday nojoiz ishni qilib, kamiga suratga ham oldirib tarqatmoqda.
Tustariy rahimahullohdan so‘rashdi: “Nafsga eng og‘ir narsa nima?”. Aytdiki: “Ixlos – nafsga eng og‘ir narsa. Chunki ixlosda nafs uchun nasiba bo‘lmaydi”. Ixlosning alomati shuki, amal qiluvchiga uning amalidan odamlar xabardor bo‘ldimi-yo‘qmi – unga farqi bo‘lmaydi.
Endi o‘zimizni bir taftish qilaylik-chi, kunlik ishlarimiz, amallarimiz shu mezonga mos kelarmikan?..
Akbarshoh Rasulov