“Bid'at” so'zi lug'atda “biror narsani yangidan paydo qilish”, “o'ylab topish” degan ma'nolarni anglatadi. Fiqh entsiklopediyasida bu so'zga quyidagicha izoh berilgan: “Kim bir narsani paydo qilsa, yangilik qilgan bo'ladi. Agar uni amalda qo'llasa, barpo etgan, boshlab bergan bo'ladi”.
Izz ibn Abdussalom bid'atga: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam davrlarida bo'lmagan narsa”, deya ta'rif bergan.
Ulamolar bid'atni ikkiga: “bid'ati hasana” – “yaxshi bid'at” va “bid'ati sayyia” – “yomon bid'at”ga ajratishgan.
Imom Shofi'iy: “Yangi paydo qilingan ishlar ikki xil bo'ladi. Birinchisi, Qur'on, sunnat, asar (sahobiy va salafi solihlar so'zi) yoki ijmoga xilof bo'lgan yangiliklar bo'lib, bu yomon bid'at hisoblanadi. Ikkinchisi, yaxshi narsalar uchun paydo qilingan ishlar bo'lib, bu yaxshi bid'at hisoblanadi”, degan.
E'tiqod va ibodat masalalari mukammal bo'lgan. Endilikda kim aqidaga yoki ibodatlarga o'zgartirish kiritmoqchi bo'lsa, yomon bid'at qilgan bo'ladi. Kimdir ikki rakatli farz namozni to'rt rakat o'qisa yoki shunga o'xshash ishni qilsa, adashadi.
Yaxshi bid'at esa dinning asliga yangilik kiritish ma'nosida emas. Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam “Handaq” jangida Madina atrofiga o'ra qazdirib, uni suvga to'ldirtirganlar va shu orqali shaharni mudofaa qilganlar. Bu yaxshi bid'at, chunki avval bunday qilinmagan edi.
Abu Bakr roziyallohu anhu Qur'onni kitob holiga keltirdilar. Umar roziyallohu anhu Ubay ibn Ka'b roziyallohu anhu musulmonlarga imom bo'lib taroveh namozini o'qiganlarini ko'rib, “Qanday yaxshi bid'at”, deganlar. U zot birinchi bo'lib dengiz flotini tashkil qildilar. Holbuki, bu ishlar Payg'ambar alayhissalom davrlarida bo'lmagan. Sahobalar: “Bu zalolatdir”, deyishmagan.
Shariatning maqsad va mohiyatini yaxshi tushunmagan kishilar yangi paydo bo'lgan barcha narsani, dinning asliga ta'siri bo'lmasa-da, bid'at, har bir bid'at zalolat, har bir zalolat do'zaxga eltadi, deyishadi. Bu – noto'g'ri.
Bid'at bo'ladi deb ko'zoynak taqmagan, mashina minmaganlar adashadi. Islom – saodat dini. Inson manfaatlariga xizmat qiladigan har qanday ezgu ishni, yangilikni qo'llab-quvvatlaydi.
Imom Noblusiy bunday yozadi: «Bugungi kunda dunyo kattadan-katta o'zgarishlar, taraqqiyotni boshidan kechirmoqda. Inson aqlini shoshirib qo'yadigan yangi ixtirolar dunyo yuzini ko'rmoqda. Ho'sh, Rasululloh alayhissalom: “Har qanday bid'at zalolatdir”, degan hadislarida shularni nazarda tutganmilar?! Yo'q, albatta. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam nazarda tutgan bid'at bu – aqoid, shariat yoki ibodat masalalarida biror yangi narsani qo'shishdir».
Manbalar asosida
Abdulloh ALIQULOV
tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2020 yildagi 1-sonidan olindi
#Qur’on_va_tajvid_o‘quv_kursi
Toshkent islom instituti qoshidagi “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursining navbatdagi 62-davra tinglovchilari o‘qishni boshlamoqda. Shu munosabat bilan “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursi bo‘limi boshlig‘i Ahmadxon qori Rashidov tinglovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda kursning ahamiyati va o‘quv jarayoni haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, tinglovchilarning fikrlari tinglanib, ularga tavsiyalar berildi.
Ma’lumot uchun:
- Qabul: har shanba kuni, soat 09:00 – 14:00;
- To‘lov: 3 oylik kurs uchun 1 648 000 so‘m;
- Ro‘yxatdan o‘tgach, tinglovchilar navbat bilan o‘qishga chaqiriladi.
Manzil:
Toshkent shahar, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘cha, 47-uy. (https://goo.gl/maps/Ng8xP1yVfJwJvB3e7)
Bog‘lanish uchun:
71-227-23-47
Alloh taolo barchamizga Qur’onni to‘g‘ri va chiroyli o‘qishni, uning hikmatlaridan bahramand bo‘lishni nasib qilsin!
11 ta filiallar (https://t.me/oliymahad/21683)
t.me/oliymahad