“Bid'at” so'zi lug'atda “biror narsani yangidan paydo qilish”, “o'ylab topish” degan ma'nolarni anglatadi. Fiqh entsiklopediyasida bu so'zga quyidagicha izoh berilgan: “Kim bir narsani paydo qilsa, yangilik qilgan bo'ladi. Agar uni amalda qo'llasa, barpo etgan, boshlab bergan bo'ladi”.
Izz ibn Abdussalom bid'atga: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam davrlarida bo'lmagan narsa”, deya ta'rif bergan.
Ulamolar bid'atni ikkiga: “bid'ati hasana” – “yaxshi bid'at” va “bid'ati sayyia” – “yomon bid'at”ga ajratishgan.
Imom Shofi'iy: “Yangi paydo qilingan ishlar ikki xil bo'ladi. Birinchisi, Qur'on, sunnat, asar (sahobiy va salafi solihlar so'zi) yoki ijmoga xilof bo'lgan yangiliklar bo'lib, bu yomon bid'at hisoblanadi. Ikkinchisi, yaxshi narsalar uchun paydo qilingan ishlar bo'lib, bu yaxshi bid'at hisoblanadi”, degan.
E'tiqod va ibodat masalalari mukammal bo'lgan. Endilikda kim aqidaga yoki ibodatlarga o'zgartirish kiritmoqchi bo'lsa, yomon bid'at qilgan bo'ladi. Kimdir ikki rakatli farz namozni to'rt rakat o'qisa yoki shunga o'xshash ishni qilsa, adashadi.
Yaxshi bid'at esa dinning asliga yangilik kiritish ma'nosida emas. Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam “Handaq” jangida Madina atrofiga o'ra qazdirib, uni suvga to'ldirtirganlar va shu orqali shaharni mudofaa qilganlar. Bu yaxshi bid'at, chunki avval bunday qilinmagan edi.
Abu Bakr roziyallohu anhu Qur'onni kitob holiga keltirdilar. Umar roziyallohu anhu Ubay ibn Ka'b roziyallohu anhu musulmonlarga imom bo'lib taroveh namozini o'qiganlarini ko'rib, “Qanday yaxshi bid'at”, deganlar. U zot birinchi bo'lib dengiz flotini tashkil qildilar. Holbuki, bu ishlar Payg'ambar alayhissalom davrlarida bo'lmagan. Sahobalar: “Bu zalolatdir”, deyishmagan.
Shariatning maqsad va mohiyatini yaxshi tushunmagan kishilar yangi paydo bo'lgan barcha narsani, dinning asliga ta'siri bo'lmasa-da, bid'at, har bir bid'at zalolat, har bir zalolat do'zaxga eltadi, deyishadi. Bu – noto'g'ri.
Bid'at bo'ladi deb ko'zoynak taqmagan, mashina minmaganlar adashadi. Islom – saodat dini. Inson manfaatlariga xizmat qiladigan har qanday ezgu ishni, yangilikni qo'llab-quvvatlaydi.
Imom Noblusiy bunday yozadi: «Bugungi kunda dunyo kattadan-katta o'zgarishlar, taraqqiyotni boshidan kechirmoqda. Inson aqlini shoshirib qo'yadigan yangi ixtirolar dunyo yuzini ko'rmoqda. Ho'sh, Rasululloh alayhissalom: “Har qanday bid'at zalolatdir”, degan hadislarida shularni nazarda tutganmilar?! Yo'q, albatta. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam nazarda tutgan bid'at bu – aqoid, shariat yoki ibodat masalalarida biror yangi narsani qo'shishdir».
Manbalar asosida
Abdulloh ALIQULOV
tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2020 yildagi 1-sonidan olindi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا العباس بن محمد الدوري نا يعلى نا موسى عن مصعب بن سعد عن أبيه سعد بن مالك قال: كنا جلوسا عند رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم فقال: ”أيعجز أحدكم أن يكسب في اليوم ألف حسنة“. قال: فسأله سائل من جلسائه: كيف يكسب أحدنا يا رسول الله كل يوم ألف حسنة قال: ”يسبح مائة تسبيحة يكتب له ألف حسنة أو يحط عنه ألف خطيئة.“
Mus’ab ibn Sa’d otasi Sa’d ibn Molikdan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamning huzurlarida o‘tirgan edik.
Shunda u zot: “Sizlardan biringiz bir kunda mingta yaxshilik qilishga ojizmi?” dedilar.
U zot bilan birga o‘tirganlardan biri: “Yo Allohning Rasuli, qanday qilib har birimiz bir kunda mingtadan yaxshilik qila olishimiz mumkin?” deb so‘radi.
“Yuzta tasbeh (“Subhanalloh” deb) aytsa, unga mingta savob yoziladi yoki undan mingta xato o‘chiriladi”, dedilar.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi