بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي تَكَرَّمَ عَلَى الْعَالَمِيْنَ بِدِيْنِ الْإِسْلاَمْ، وَجَعَلَ السَّمَاحَةَ فِيْهِ مَنْهَجًا لِلْأَنَامْ،وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمَ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الَّذِيبَيَّنَ الْأَحْكَامْوَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ
ISLOMDA DINIY BAG'RIKYeNGLIK VA HAMJIHATLIK MASALASI
Muhtaram jamoat! Insoniyat tarixiga nazar tashlasak, qaysi jamiyatlarda ahillik, birodarlik, o'zaro hamjihatlik joriy bo'lsa, taraqqiyot, ravnaq va el osoyishtaligi-yu xalq farovonligi hukm surgan. Aksincha, qay bir jamiyatda murosasizlik, o'zaro xusumat kuchaysa, bunday jamiyatlarda urush va mojarolar avj olgan, yurt vayron, el parokanda bo'lgan.
Shukrlar bo'lsinki, xalqimizning qon-qoniga millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglik singib, ayni paytda yurtimizda 130 dan ziyod turli millat va elatlarga mansub kishilar o'zaro hurmat, do'stlik va hamjihatlikda tinch-totuv yashab kelmoqdalar.
Ma'lumki, Islomda millat ajratish yo'q. Kishilarni millatiga qarab ajratish johillik va ilmsizlik hisoblanadi. Chunki sahobai kiromlarning ham oralarida turli millatga mansub zotlar bor edilar. Masalan, mashhur sahobai kiromlardan Salmoni Forsiy raziyallohu anhu fors, Bilol Habashiy raziyallohu anhu habash millatiga mansub bo'lganlar. Suhayb Rumiy raziyallohu anhu esa, rumlik bo'lganlar.
Islomda barcha millat va elatlarning teng huquqliligi, mukarramlik faqat taqvoda ekani haqida Qur'oni karimda shunday marhamat qilinadi:
يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ
إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ
(سُورَةُ الحُجُرَاتِ/13)
ya'ni: “Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo'ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog'ingiz taqvodorrog'ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot surasi, 13-oyat).
Demak, biz qaysi millat va elat vakili bo'lishimizdan qat'iy nazar bir ota-onaning farzandlari ekanmiz. Mana shu narsani esimizdan chiqarmasligimiz lozim.
Suyukli Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bag'rikenglikda ham barchaga namuna bo'lganlar. Quyida U zotning muborak tarixlaridan bag'rikengliklariga oid ba'zi ma'lumotlarni keltiramiz:
"إِنَّ اللهَ لَمْ يَبْعَثْنِي طَعَّانًا وَلاَ لَعَّانًا، وَلَكِنْ بَعَثَنِي دَاعِيًا وَرَحْمَةً اَللَّهُمَّ اهْدِ قَوْمِي فَإِنَّهُمْ لاَ يَعْلَمُونَ"
(رواه الإمامُ البيهقي)
ya'ni: “Men la'natlovchi qilib emas, da'vat etuvchi va rahmat qilib yuborilganman. Yo Alloh! Ularni to'g'ri yo'lga boshla, albatta ular bilmaydilar”, – dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
Bag'rikenglikni qarankki, shuncha ozor bergan odamlar haqqiga duoi xayr qilyaptilar. Vaholanki, duolari ijobat edi. Nimani so'rasalar Alloh beradigan Zot edilar.
"أَليسَتْ نَفْسًا" (رواهُ الإمامُ مسلمٌ عَن سهل بن حنيف وقيس بن سعد رَضِيَ اللهُ عنهُما).
ya'ni: “U inson emasmi?!” dedilar (Imom Muslim rivoyatlari).
Demak, biz insonlik hurmati sababli barcha bilan yaxshi munosabatda bo'lishimiz kerak bo'ladi.
Demak, biz suyukli Payg'ambarimizga har qadamda ergashishga harakat qilar ekanmiz, bag'rikenglikda ham U zoti sharifdan o'rnak va andoza olishimiz darkor. Shunday ekan, mo'min-musulmonlar nafaqat bir-birlariga balki, o'zga din vakilariga ham yaxshi muomala va munosabatda bo'lib, Islom dinini go'zalligini namoyon qilishlari kerak.
Tarixdan ma'lumki, mashhur tobi'inlardan Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayh adolatda “Ikkinchi Umar” degan unvonga sazovor bo'lganlar. Bu kishini adolatlarini vasflashga til ojizlik qiladi. Bunga tarix guvoh. Umar ibn Abdulaziz rahbarlik davlarida Suriya poytaxti Damashqda bir masjid kengaytiriladigan bo'ldi. Umar ibn Abdulazizdan oldingi xalifa masjidni kengaytirish uchun masjid oldidagi nasroniylar ibodatxonasining bir qismini qo'shib olish haqida qaror qabul qilgan ekan. Shu qarorga muvofiq musulmonlar nasroniylar ibodatxonasini buzib, masjidga qo'shmoqchi bo'ldi. Shunda, nasroniylar tomonidan Umar ibn Abdulazizga “Bizni ibodatxonamizning bir qismini buzib, masjidga qo'shib olishmoqchi, degan ma'noda shikoyat xati keldi. Shunda Umar ibn Abdulaziz: “Masjidga qo'shish uchun qancha joy buzilgan bo'lsa, shuni qaytarib berib, buzilgan joyni qayta qurib qo'yilsin”, degan ma'noda javob xati yozdilar. Damashqning ba'zi ulamolariga bu yoqmadi. Ularnig vakillari bu qarordan qaytishni iltimos qilib kelishdi. Shunda Umar ibn Abdulaziz: “Yaxshi keldingiz. Men qarorda bir narsani yozishni unutibman. Shuni yozishimga turtki bo'ldingiz, unutgan narsam: qaytarib beradigan kunning sanasini yozmapman”, – deb, qarorni yangilab va mustahkamroq qilib yubordilar.
Demak, dinimiz ko'rsatmalariga ko'ra, boshqa din vakillarining ibodatxonalariga tajovuz qilish yo'q.
Azizlar! Bag'rikenglik va o'zgalar bilan yaxshi muomala va munosabatda bo'lishning hikmati shuki, xalqni birligi, o'zaro tinch-totuv, ittifoq bo'lib yashash, ziddiyat va ixtilofdan qochishdir. Mana shunda, juda ko'p yutuq va turli sohalarda katta marralarga erishiladi.
Islomda bag'rikeng bo'lishni bir qancha ko'rinishlari mavjud bo'lib, quyida ulardan ba'zilari bayon qilinadi:
"رَحِمَ اللَّهُ رَجُلاً سَمْحًا، إِذا بَاعَ، وإِذا اشْتَرَى، وَإِذا اقْتَضَى"
(رواهُ الإمامُ البخاريُّ عن جابرٍ بن عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عنه)
ya'ni: “Sotganda ham, olganda ham, qarzni talab qilganda ham bag'rikeng bo'lgan kishini Alloh taolo rahm qilsin!” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
"مَنْ سَرَّهُ أَنْ يُنْجِيَهُ اللَّهُ مِنْ كُرَبِ يَوْمِ الْقِيَامَةِ فَلْيُنَفِّسْ عَنْ مُعْسِرٍ أَوْ يَضَعْ عَنْهُ"
(رواهُ الإمامُ مسلمٌ عَن عَبدِ اللهِ بنِ أبي قَتَادَةَ رَضِيَ اللهُ عنهُ)
ya'ni: “Alloh taolo Qiyomat kunidagi mashaqqatlardan qutqarishi kimni xursand qilsa, kambag'al bo'lib qolgan qarzdordan qarzining barchasini yoki bir qismini kechsin!” (Imom Muslim rivoyatlari).
أَنَّ رَجُلًا قَالَ: يَا رَسُولَ اللَّهِ إِنَّ لِي قَرَابَةً أَصِلـُهُمْ وَيَقْطَعُونِي، وَأُحْسِنُ إِلَيْهِمْ وَيُسِيئونَ إِلَىَّ، وَأَحْلُمُ عَنْهُمْ وَيَجْهَلُونَ عَلَىَّ. فَقَالَ:"لَئِنْ كُنْتَ كَمَا قُلْتَ، فَكَأَنَّمَا تُسِفـُّهُمُ الْمَلَّ، وَلاَ يَزَالُ مَعَكَ مِنَ اللَّهِ ظَهِيرٌ عَلَيْهِمْ مَا دُمْتَ عَلَى ذَلِكَ
(رواهُ الإمامُ مسلمٌ عَنْ أبي هريرةَ رضِي اللهُ عنه)
ya'ni: “Bir kishi: “Ey Allohning Rasuli! Mening qarindoshlarim bor. Men ularga silai rahm qilaman, ular uni uzadilar. Men ularga yaxshilik qilaman, ular menga yomonlik qiladilar. Men ularga halimlik qilaman, ular menga johillik qiladilar”, – dedi. Shunda Rasululloh alayhissalom:“Agar siz o'zingiz aytganingizdek bo'lsangiz, xuddi ularga issiq kulni edirayotgandeksiz (ya'ni, yaxshiligingizni muqobiliga yomonlik qilishlari bilan katta gunoh qilayotgan bo'ladilar). Modomiki, shu holda bardavom bo'lar ekansiz, Alloh tomonidan siz bilan birga ularning qarshisiga bir yordamchi bo'ladi”, – dedilar” (Imom Muslim rivoyatlari).
Bu hadisi sharifda qarindoshlar yomonlik qilsalar ham, ularga yaxshilik qilishda bardavom bo'lishga qattiq targ'ib bor.
Hulosa shuki, Islom bu – bag'rikenglik dini. Nafaqat musulmonlar o'zaro, balki o'zga din vakillari bilan ham chiroyli munosabatda bo'lishga chaqiradi. Mana shuni biz o'zgalarga ko'rsatib, dinimiz naqadar go'zal ekanini yana bir bor namoyon qilaylik! Afsuski, shuni ko'rsata olmayapmiz. Ba'zida boshqa din vakillari biz musulmonlarni hatti-harakatlarimizni ko'rib, hayron bo'lib, bular qanaqa odamlar ekan deb qolishiga sababchi bo'lyapmiz.
Muhtaram azizlar! Ma'lumki, inson umri tugagach uning dunyodagi so'ngi manzilgohi qabr hisoblanadi. Hozirda masjidilarimizga tutash qabristonlarda juma namoziga kelish yoki juma namozini ado etish asnosida qabrlarni ustidan bosib o'tish holatlari ham kuzatilmoqda ekan. Bu achinarli holatdir. Shariatimizda vafot etgan kishining hurmati, xuddi tirik insonning hurmati kabi qaraladi. Shuning uchun mo'min-musulmon kishi qabrlarni ustini bosmasdan, belgilangan yo'laklarda yurishi lozim. Qabrni ustini bosib yurish gunoh hisoblanib, shariatimizda bundan qaytarilgandir. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Biror cho'g' yoki qilich ustida yurishim yohud kovushimni kiyib turgan holatimda yamashim men uchun biror qabrni ustida yurganimdan yaxshiroqdir”, deganlar (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Alloh taolo aziz va mustaqil yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlarni, tinch-totuv, o'zaro hurmat va e'tiborda istiqomat qilishlarida madadkor bo'lib, ona-Vatanimizni turli balo va ofatlardan hifzu himoyasida saqlasin! Omin!
Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi “Hadislardan hukm olishga kimlar haqli” haqida bo'ladi, inshaalloh.
Xabaringiz bor, 2025 yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muhtaram Prezidentimizga Qurbon hayiti tabrigini yo‘llab, yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar, imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
Bugun, 10 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakili Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, hojilar, otinoyilar va mahalla faollari ishtirokida Xonqa tumanidagi «Sayid ota» jome masjidida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng Xayrulla domla Abdullayev hududdagi bemor va nogironligi bor oilalar holidan xabar olib, moddiy ko‘maklar ko‘rsatdi hamda haqlariga xayrli duolar qildi.
Ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar, vakillik xodimlari, tuman bosh imom-xatiblari va otinoyilari, shuningdek, “Haj – 2025” ziyoratchilari, mahalla raislari ishtirokida tumandagi mahallalarga tashrif buyurdilar.
Mahalladagi oilalarga kirilib, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, nogironligi bor oilalar holidan xabar olindi. Shuningdek, er-xotin, aka-uka, ota-bola, qaynona-kelin, o‘rtasidagi kelishmovchilik va janjallar sababli notinch bo‘lib turgan oilalar o‘rganilib, ularga nasihat qilindi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Shuningdek, adashib aqidasi buzuq kimsalar tuzog‘iga tushib qolgan fuqarolar bilan ham suhbatlar o‘tkazilib, ularga islomning sof ta’limoti haqida ma’lumotlar berildi.
Shundan so‘ng ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda tumandagi mahallalarda o‘rganilgan muammolar, diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar muhokama qilinib, ijroga yo‘naltirildi. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda masjidning hujjat yuritish va obodonchilik bo‘yicha hamda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuning bilan bir qatorda, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholi bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish hamda joylarda diniy vaziyatni yanada sog‘lomlashtirish va shu kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha kerakli ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi.
Mazkur tadbirlardan so‘ng Allohdan yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, yurtboshimizning olib borayotgan ishlariga zafarlar so‘ragan holda xayrli duolar qilindi.
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati