Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

13.11.2020 y. Islomda diniy bag'rikenglik va hamjihatlik masalasi

9.11.2020   4731   14 min.
13.11.2020 y. Islomda diniy bag'rikenglik va hamjihatlik masalasi

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي تَكَرَّمَ عَلَى الْعَالَمِيْنَ بِدِيْنِ الْإِسْلاَمْ، وَجَعَلَ السَّمَاحَةَ فِيْهِ مَنْهَجًا لِلْأَنَامْ،وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمَ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الَّذِيبَيَّنَ الْأَحْكَامْوَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ

ISLOMDA DINIY BAG'RIKYeNGLIK VA HAMJIHATLIK MASALASI   

Muhtaram jamoat! Insoniyat tarixiga nazar tashlasak, qaysi jamiyatlarda ahillik, birodarlik, o'zaro hamjihatlik joriy bo'lsa, taraqqiyot, ravnaq va el osoyishtaligi-yu xalq farovonligi hukm surgan. Aksincha, qay bir jamiyatda murosasizlik, o'zaro xusumat kuchaysa, bunday jamiyatlarda urush va mojarolar avj olgan, yurt vayron, el parokanda bo'lgan.

Shukrlar bo'lsinki, xalqimizning qon-qoniga millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglik singib, ayni paytda yurtimizda 130 dan ziyod turli millat va elatlarga mansub kishilar o'zaro hurmat, do'stlik va hamjihatlikda tinch-totuv yashab kelmoqdalar.

Ma'lumki, Islomda  millat ajratish yo'q. Kishilarni millatiga qarab ajratish johillik va ilmsizlik hisoblanadi. Chunki sahobai kiromlarning ham oralarida turli millatga mansub zotlar bor edilar. Masalan, mashhur sahobai kiromlardan Salmoni Forsiy raziyallohu anhu fors, Bilol Habashiy raziyallohu anhu habash millatiga mansub bo'lganlar. Suhayb Rumiy raziyallohu anhu esa, rumlik bo'lganlar.

Islomda barcha millat va elatlarning teng huquqliligi, mukarramlik faqat taqvoda ekani haqida Qur'oni karimda shunday marhamat qilinadi:

يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ

إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ

   (سُورَةُ الحُجُرَاتِ/13)

ya'ni: “Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo'ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog'ingiz taqvodorrog'ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot surasi, 13-oyat).

Demak, biz qaysi millat va elat vakili bo'lishimizdan qat'iy nazar bir ota-onaning farzandlari ekanmiz. Mana shu narsani esimizdan chiqarmasligimiz lozim.

Suyukli Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bag'rikenglikda ham barchaga namuna bo'lganlar. Quyida U zotning muborak tarixlaridan bag'rikengliklariga oid ba'zi ma'lumotlarni keltiramiz:

  • Imom Buxoriy va Imom Muslim keltirgan rivoyatga ko'ra, bir yahudiy ayol Rasulullohga zahar solingan qo'y go'shti berdi. Ayol bu ishini tan olib, qilmishiga iqror bo'lganidan keyin Rasullulloh alayhissalom qasos olishga qodir bo'la turib uni kechirib yubordilar. Chunki U zot alayhissalom o'zlari uchun o'ch olmasdilar.
  • Uhud kunida old tishlari sinib, yuzlari qonga belandi, bu holat sahobai kiromlarga juda og'ir botdi. Hatto ayrimlari: “Ularni duoibad qilsangiz-chi?” deyishgacha bordilar. Shunda U zot:

"إِنَّ اللهَ لَمْ يَبْعَثْنِي طَعَّانًا وَلاَ لَعَّانًا، وَلَكِنْ بَعَثَنِي دَاعِيًا وَرَحْمَةً اَللَّهُمَّ اهْدِ قَوْمِي فَإِنَّهُمْ لاَ يَعْلَمُونَ"

(رواه الإمامُ البيهقي)

ya'ni: “Men la'natlovchi qilib emas, da'vat etuvchi va rahmat qilib yuborilganman. Yo Alloh! Ularni to'g'ri yo'lga boshla, albatta ular bilmaydilar”, –  dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

Bag'rikenglikni qarankki, shuncha ozor bergan odamlar haqqiga duoi xayr qilyaptilar. Vaholanki, duolari ijobat edi. Nimani so'rasalar Alloh beradigan Zot edilar.

  • Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallamning oldilaridan janoza o'tib qoldi. Shunda U zot o'rinlaridan turdilar. Atrofdagilar bu yahudiy kishining janozasi deb aytishdi. Shunda Rasululloh sallollohu alayhi va sallam:

"أَليسَتْ نَفْسًا"  (رواهُ الإمامُ مسلمٌ  عَن سهل بن حنيف وقيس بن سعد رَضِيَ اللهُ عنهُما).

ya'ni:  “U inson emasmi?!” dedilar (Imom Muslim rivoyatlari).

    Demak, biz insonlik hurmati sababli barcha bilan yaxshi munosabatda bo'lishimiz kerak bo'ladi.

  • Rasululloh vafotlaridan oldin bir g'ayridindan bug'doyni qarzga olib, garovga sovutlarini berganlar. Aslida Rasulullloh alayhissalom sahobai kiromlardan ham bug'doyni so'rasalar bo'lar edi. Ular bir pasda muhayyo qilishar edi. Chunki sahobai kiromlar “Jonimiz fido, Ey Rasululloh!” – deb turar edilar. Rasulullohning mana shu muomalalarini o'zi ham biz ummatlarga katta dars bo'lgan. Bir jamiyatda, bir mahallada nafas olib turganimizdan keyin, o'zga din vakillari bilan yaxshi muomala va munosabatda bo'lishimizga ishora qilganlar.

Demak, biz suyukli Payg'ambarimizga har qadamda ergashishga harakat qilar ekanmiz, bag'rikenglikda ham U zoti sharifdan o'rnak va andoza olishimiz darkor. Shunday ekan, mo'min-musulmonlar nafaqat bir-birlariga balki, o'zga din vakilariga ham yaxshi muomala va munosabatda bo'lib, Islom dinini go'zalligini namoyon qilishlari kerak.

Tarixdan ma'lumki, mashhur tobi'inlardan Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayh adolatda “Ikkinchi Umar” degan unvonga sazovor bo'lganlar. Bu kishini adolatlarini vasflashga til ojizlik qiladi. Bunga tarix guvoh. Umar ibn Abdulaziz rahbarlik davlarida Suriya poytaxti Damashqda bir masjid kengaytiriladigan bo'ldi. Umar ibn Abdulazizdan oldingi xalifa masjidni kengaytirish uchun masjid oldidagi nasroniylar ibodatxonasining bir qismini qo'shib olish haqida qaror qabul qilgan ekan. Shu qarorga muvofiq musulmonlar nasroniylar ibodatxonasini buzib, masjidga qo'shmoqchi bo'ldi. Shunda, nasroniylar tomonidan Umar ibn Abdulazizga “Bizni ibodatxonamizning bir qismini buzib, masjidga qo'shib olishmoqchi, degan ma'noda shikoyat xati keldi. Shunda Umar ibn Abdulaziz: “Masjidga qo'shish uchun qancha joy buzilgan bo'lsa, shuni qaytarib berib, buzilgan joyni qayta qurib qo'yilsin”, degan ma'noda javob xati yozdilar. Damashqning ba'zi ulamolariga bu yoqmadi. Ularnig vakillari bu qarordan qaytishni iltimos qilib kelishdi. Shunda Umar ibn Abdulaziz: “Yaxshi keldingiz. Men qarorda bir narsani yozishni unutibman. Shuni yozishimga turtki bo'ldingiz, unutgan narsam: qaytarib beradigan kunning sanasini yozmapman”, – deb, qarorni yangilab va mustahkamroq qilib yubordilar.

Demak, dinimiz ko'rsatmalariga ko'ra, boshqa din vakillarining ibodatxonalariga tajovuz qilish yo'q.

Azizlar! Bag'rikenglik va o'zgalar bilan yaxshi muomala va munosabatda bo'lishning hikmati shuki, xalqni birligi, o'zaro tinch-totuv, ittifoq bo'lib yashash, ziddiyat va ixtilofdan qochishdir. Mana shunda, juda ko'p yutuq va turli sohalarda katta marralarga erishiladi. 

Islomda bag'rikeng bo'lishni bir qancha ko'rinishlari mavjud bo'lib, quyida ulardan ba'zilari bayon qilinadi:

  1. Islom dinimiz oldi-sotti va qarz talab qilishda ham bag'rikeng bo'lishga chorlaydi. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"رَحِمَ اللَّهُ رَجُلاً سَمْحًا، إِذا بَاعَ، وإِذا اشْتَرَى، وَإِذا اقْتَضَى"

(رواهُ الإمامُ البخاريُّ عن جابرٍ بن عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عنه)

ya'ni: “Sotganda ham, olganda ham, qarzni talab qilganda ham bag'rikeng bo'lgan kishini Alloh taolo rahm qilsin!” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

  1. Islom dinimiz qiynalgan kimsadagi haqni kechishda bag'rikeng bo'lishga targ'ib qiladi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

"مَنْ سَرَّهُ أَنْ يُنْجِيَهُ اللَّهُ مِنْ كُرَبِ يَوْمِ الْقِيَامَةِ فَلْيُنَفِّسْ عَنْ مُعْسِرٍ أَوْ يَضَعْ عَنْهُ"

(رواهُ الإمامُ مسلمٌ  عَن عَبدِ اللهِ بنِ أبي قَتَادَةَ رَضِيَ اللهُ عنهُ)

ya'ni: “Alloh taolo Qiyomat kunidagi mashaqqatlardan qutqarishi  kimni xursand qilsa, kambag'al bo'lib qolgan qarzdordan qarzining barchasini yoki bir qismini kechsin!” (Imom Muslim rivoyatlari). 

  1. Islom dinimiz hatto yomonlik qilgan qarindoshga ham yaxshilik qilishga va silai rahmni uzaman degan bilan silai rahmni bog'lash yo'lida bag'rikeng bo'lishga chaqiradi. Bu haqda shunday rivoyat kelgan:

أَنَّ رَجُلًا قَالَ: يَا رَسُولَ اللَّهِ إِنَّ لِي قَرَابَةً أَصِلـُهُمْ وَيَقْطَعُونِي، وَأُحْسِنُ إِلَيْهِمْ وَيُسِيئونَ إِلَىَّ، وَأَحْلُمُ عَنْهُمْ وَيَجْهَلُونَ عَلَىَّ. فَقَالَ:"لَئِنْ كُنْتَ كَمَا قُلْتَ، فَكَأَنَّمَا تُسِفـُّهُمُ الْمَلَّ، وَلاَ يَزَالُ مَعَكَ مِنَ اللَّهِ ظَهِيرٌ عَلَيْهِمْ مَا دُمْتَ عَلَى ذَلِكَ

  (رواهُ الإمامُ مسلمٌ  عَنْ أبي هريرةَ رضِي اللهُ عنه)

ya'ni: “Bir kishi: “Ey Allohning Rasuli! Mening qarindoshlarim bor. Men ularga silai rahm qilaman, ular uni uzadilar. Men ularga yaxshilik qilaman, ular menga yomonlik qiladilar. Men ularga halimlik qilaman, ular menga johillik qiladilar”, – dedi. Shunda Rasululloh alayhissalom:“Agar siz o'zingiz aytganingizdek bo'lsangiz, xuddi ularga issiq kulni edirayotgandeksiz (ya'ni, yaxshiligingizni muqobiliga yomonlik qilishlari bilan katta gunoh qilayotgan bo'ladilar). Modomiki, shu holda bardavom bo'lar ekansiz, Alloh tomonidan siz bilan birga ularning qarshisiga bir yordamchi bo'ladi”, – dedilar” (Imom Muslim rivoyatlari). 

Bu hadisi sharifda qarindoshlar yomonlik qilsalar ham, ularga yaxshilik qilishda bardavom bo'lishga qattiq targ'ib bor.

Hulosa shuki, Islom bu – bag'rikenglik dini. Nafaqat musulmonlar o'zaro, balki o'zga din vakillari bilan ham chiroyli munosabatda bo'lishga chaqiradi. Mana shuni biz o'zgalarga ko'rsatib, dinimiz naqadar go'zal ekanini yana bir bor namoyon qilaylik! Afsuski, shuni ko'rsata olmayapmiz. Ba'zida boshqa din vakillari biz musulmonlarni hatti-harakatlarimizni ko'rib, hayron bo'lib, bular qanaqa odamlar ekan deb qolishiga sababchi bo'lyapmiz.

Muhtaram azizlar! Ma'lumki, inson umri tugagach uning dunyodagi so'ngi manzilgohi qabr hisoblanadi. Hozirda masjidilarimizga tutash qabristonlarda juma namoziga kelish yoki juma namozini ado etish asnosida qabrlarni ustidan bosib o'tish holatlari ham kuzatilmoqda ekan. Bu achinarli holatdir. Shariatimizda vafot etgan kishining hurmati, xuddi tirik insonning hurmati kabi qaraladi. Shuning uchun mo'min-musulmon kishi qabrlarni ustini bosmasdan, belgilangan yo'laklarda yurishi lozim. Qabrni ustini bosib yurish gunoh hisoblanib, shariatimizda bundan qaytarilgandir. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Biror cho'g' yoki qilich ustida yurishim yohud kovushimni kiyib turgan holatimda yamashim men uchun biror qabrni ustida yurganimdan yaxshiroqdir”, deganlar (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

 Alloh taolo aziz va mustaqil yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlarni, tinch-totuv, o'zaro hurmat va e'tiborda istiqomat qilishlarida madadkor bo'lib, ona-Vatanimizni turli balo va ofatlardan hifzu himoyasida saqlasin! Omin! 

 

Hurmatli imom-domla! Kelasi juma ma'ruzasi Hadislardan hukm olishga kimlar haqlihaqida bo'ladi, inshaalloh. 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

9.01.2025   1226   4 min.
Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:

Birinchisio‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.

Ikkinchisihaqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.