Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ilm payg'ambarlar merosi, boylik esa podshohlar va boylarning merosidir.
Ilm o'z egasini saqlaydi, mol-dunyoni esa egasi qo'riqlaydi.
Ilm qancha sarflansa shuncha ko'payadi, pul esa sarflangani sari kamayadi (infoq, ehson, sadaqadan tashqari).
Mol-dunyo solihda ham, fojirda ham bo'lishi mumkin, ammo (foydali) ilmga faqat mo'min ega bo'ladi.
Ilm o'z egasiga qabrda ham hamroh bo'ladi, boylik esa inson vafot etganidan keyin uni tark etadi (qilgan sadaqalaridan tashqari).
Ilm hokimdir, u boylikni boshqaradi. Mol-dunyo esa boshqariladi.
Boylik egasi bir kechada qashshoq yo kambag'al bo'lib qolishi mumkin, ammo ilm sohibida bunday qo'rquv yo'q.
Olimga podshohlar muhtoj bo'ladilar, mol-dunyo egasi esa faqir va miskinlarga kerak.
Boylik insonni dunyo muhabbatiga etaklaydi, ilm esa Alloh taologa ibodat qilishga boshlaydi.
Boylik halokatga sabab bo'lishi mumkin. O'g'rilar qancha boylarning mol-dunyosini xonavayron qilishdi. Ilm esa inson vafot etganidan keyin sohibiga hayot berib turadi.
Ilmning saodati doimiy, boylikniki vaqtinchadir.
Olimning qadr-qimmati ilmi ila, ammo boyning qadri mol-dunyosi bilan o'lchanadi.
Boy odam boyligi bilan insonlarni dunyoga, olim esa o'z ilmi bilan oxiratga chorlaydi.
Davron NURMUHAMMAD
Sobit ibn Ibrohim tahorat ola turib ariqda oqib kelayotgan bir olmaga ko‘zi tushadi va olmani olib yeydi. Olmaning yarmini yeb bo‘lganida, uning haqqi haqida o‘ylab qoladi. Shu xayolda Sobit ibn Ibrohim ariq chetidan yurib olma oqib chiqqan bog‘ga kiradi va bog‘ egasiga:
– Yeb qo‘ygan yarimta olmam uchun haqqingizni halol eting. Qolgan yarmi mana, oling, – deydi.
– Mayli, haqqimni halol etaman, faqat bir shartim bor, – deydi bog‘ egasi yigitning halol, taqvoli ekanini anglab.
– Shartingizni ayting, – deydi Sobit ibn Ibrohim.
Shunda bog‘ egasi:
– Bir qizim bor, uni nikohingga olasan. Lekin rozi bo‘lishingdan avval uning holatidan seni ogoh etishim lozim. Qizimning ko‘zi ojiz, hech narsani ko‘rmaydi, soqov – gapirmaydi va yana qulog‘i eshitmaydi – kar, qimirlamaydi – shol, – deydi.
Bog‘ egasining gaplarini eshitgan Sobit ibn Ibrohim lol bo‘lib qoladi. Yeb qo‘ygan yarimta olmaning haqqidan qo‘rqib, qizga uylanishga rozi bo‘ladi va:
– Mayli, taklifingizni qabul qildim, zora shu bilan Allohning roziligiga erishsam, – deydi.
Ota qiziga oq fotiha beradi. To‘y-tomoshalar o‘tgach, Sobit ibn Ibrohim salom berganicha qizning yoniga kiradi. Qiz salomga alik qaytargancha qo‘li ko‘ksida qulluq qiladi.
Yigit bo‘layotgan ishlardan hayratlanadi: “Bu juda g‘alati-ku, soqov emas ekan-da, salomimga javob berdi. Tik turibdi, demak shol ham emas. Qo‘li ko‘ksida, bundan chiqdi ko‘zlari ham ko‘radi”.
Yigit shoshgancha tashqariga chiqadi va qizning otasiga: “Bu menga va’da qilingan qiz emas-ku, ko‘r, soqov, kar va shol deganingizning boisi ne?!” – deydi.
“Nega endi?” – izoh beradi qizning otasi: “Bu o‘sha qiz. Ko‘zi ojiz deganim – uning ko‘zlari Alloh harom qilgan narsaga boqmagan, qulog‘ining karligi – Alloh harom qilgan narsalarga quloq tutmagan, soqovligi ham rost, chunki tili Allohning zikrigagina aylangan, sholligi – yomon ishga yurmagan”.
Sobit ibn Ibrohim birovning haqqidan qo‘rqqanligi evaziga oliy mukofotga erishadi. Vaqt o‘tishi bilan uning ayoli yer yuzini ilm va fiqhga to‘ldirajak bir zotga, buyuk Imom Abu Hanifaga homilador bo‘ladi.