Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2024   |   27 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2024, 27 Jumadul soni, 1446

2. BAQARA SURASI, 187 OYaT

5.11.2020   3972   5 min.
2. BAQARA SURASI, 187 OYaT

أُحِلَّ لَكُمۡ لَيۡلَةَ ٱلصِّيَامِ ٱلرَّفَثُ إِلَىٰ نِسَآئِكُمۡۚ هُنَّ لِبَاسٞ لَّكُمۡ وَأَنتُمۡ لِبَاسٞ لَّهُنَّۗ عَلِمَ ٱللَّهُ أَنَّكُمۡ كُنتُمۡ تَخۡتَانُونَ أَنفُسَكُمۡ فَتَابَ عَلَيۡكُمۡ وَعَفَا عَنكُمۡۖ فَٱلۡـَٰٔنَ بَٰشِرُوهُنَّ وَٱبۡتَغُواْ مَا كَتَبَ ٱللَّهُ لَكُمۡۚ وَكُلُواْ وَٱشۡرَبُواْ حَتَّىٰ يَتَبَيَّنَ لَكُمُ ٱلۡخَيۡطُ ٱلۡأَبۡيَضُ مِنَ ٱلۡخَيۡطِ ٱلۡأَسۡوَدِ مِنَ ٱلۡفَجۡرِۖ ثُمَّ أَتِمُّواْ ٱلصِّيَامَ إِلَى ٱلَّيۡلِۚ وَلَا تُبَٰشِرُوهُنَّ وَأَنتُمۡ عَٰكِفُونَ فِي ٱلۡمَسَٰجِدِۗ تِلۡكَ حُدُودُ ٱللَّهِ فَلَا تَقۡرَبُوهَاۗ كَذَٰلِكَ يُبَيِّنُ ٱللَّهُ ءَايَٰتِهِۦ لِلنَّاسِ لَعَلَّهُمۡ يَتَّقُونَ١٨٧

187. Sizlarga ro'za kechalarida xotinlaringizga qo'shilish halol qilindi. Ular sizlarning libosingiz, sizlar ularga libossiz. O'zlaringizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbalaringizni qabul etib, afv qildi. Endi ularga yaqinlashaveringlar va Alloh sizlarga yozgan narsani umid qilaveringlar. Subhda oq ip qorasidan ajrata olingunicha eb-ichaveringlar, so'ngra kechgacha ro'zalaringizni to'kis qilinglar. Masjidlarda, e'tikofdaligingizda ularga yaqinlik qilmanglar. Bular Alloh chegaralaridir, ularga aslo yaqinlashmanglar. Insonlar taqvo qilishsin, deb Alloh oyatlarini mana shunday ochiq bayon etadi.

Ya'ni, ro'za kechalarida musulmonlarga ayollari bilan qo'shilish halol qilindi. Baro ibn Ozib roziyallohu anhu shunday rivoyat qiladi: "Alloh taolo Ramazon oyi ro'zasi haqida oyat nozil qilgach, odamlar ramazon davomida ayollari bilan jimo (jinsiy qovushish) qilmasliklari lozim edi. Shunday bo'lsa-da, ba'zilar o'zlariga xiyonat qilishardi. Keyin Alloh taolo yuqoridagi oyatini nozil qildi" (Buxoriy rivoyati). Oyatda aytilyaptiki, ayollar erkaklarga, erkaklar ayollarga libos, to'siq qilindi. Er va ayol bir-birini gunohlardan, buzuqliklardan asrovchi, himoya qiluvchi liboslardir. Odatda libos uyat joylarni to'sish, iffatni saqlash va ziynat uchun ishlatiladi. Shuning kabi Islomda er-xotin bir-birlarining ayblarini to'sishadi, bir-birlarini yomonlik va fahsh ishlardan himoya qilishadi va bir-birlarini ziynatlashadi. Demak, biz, musulmon erlar egnimizdagi liboslarni qanchalik ozoda, pok tutsak, uning qimmatini anglab qanchalar avaylasak, jufti halollarimizni ham shunchalar e'zozlashimiz lozim. Ato ibn Omir roziyallohu anhu shunday rivoyat qiladi: "Bir xotin Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib: "Ey Allohning Rasuli, erning xotin ustidagi haqqi nima?" deb so'radi. Nabiy alayhissalom: "Agar eri tuya ustida turib uni xohlasa, e'tiroz bildirmasligi, ramazondan tashqari har qanday nafl (ixtiyoriy) ro'zani faqat erining ruxsati bilan tutishidir, agar shunday qilmasa, erga ajr, xotinga gunoh bor. Yana erining ijozatisiz ko'chaga chiqmasligidir. Agar chiqsa, rahmat va azob farishtalari u to uyiga qaytgunicha unga la'nat o'qishadi", deb javob berdilar. Ka'bul Axbor: "Qiyomat kuni xotindan birinchi so'raladigan narsa namoz, so'ng erining haqqi", degan. Bu qisqa dunyo hayotida hayo va nomus imtihonidan o'tish uchun har ikki tomon bir-biriga ne'matdir. Nikoh boshqalarning nomusiga ko'z olaytirmaslik, nomus xususida har ikki tarafning bir-biriga qilgan ahd-paymoni shartnomasidir. Hozirgi paytda yoshlar ongiga buni "qoloqlik, eskilik" deya singdirishga urinayotgan, manbai tashqarida bo'lgan turli mafkura, jamiyat va guruhlar borligi ayon. Ular tuzog'iga tushmaslik uchun g'oyatda hushyor va sergak bo'lish lozim. Aks holda, hayotning asl mazmuni ikki jins o'rtasidagi noshar'iy munosabatlardan iborat, deya tushunuvchi yoshlar soni ko'payib ketish ehtimoli bor.

Mazkur oyati karima ramazon ro'zasi hukmlariga oiddir. Er-xotinning turmush qurishdan asosiy maqsadi so'zsiz farzand ko'rishdir. Ro'za ibodati yangi farz qilingan davrda kecha avvalida eb-ichish va xotin bilan yaqinlik qilish joiz bo'lsa-da, bir uxlab turilgach bularning hammasi man etilar edi. Ba'zilar bu hukmni buzib qo'yishdi va Payg'ambar alayhissalomning huzurlariga kelib, qilmishlariga iqror bo'lishdi hamda qanday tavba qilishni so'rashdi. Shu voqea ustida yuqoridagi oyat tushirildi va kechaning hammasida eb-ichish va xotin bilan yaqinlashishga ijozat berildi. Demak, Ramazon oyi kechalari ayollaringiz bilan qo'shilinglar va bu qo'shilishdan Alloh taolo sizlarga nasiba qilib qo'ygan farzandni umid qilinglar. Shahvatni qondirish, bahra olish, nafs istaklarini bajarish esa, uylanishning dunyoviy maqsadlaridir. Lekin masjidlarda e'tikof o'tirganda kechayu kunduz xotin bilan yaqinlashishga ruxsat yo'q.

Ushbu oyati karimada saharlik vaqtini belgilash uchun "Subhda oq ip qorasidan ajrata olingunicha eb-ichaveringlar" jumlasi kelgan. Mazkur oyat nozil bo'lganida sahobalardan Adiy ibn Hotam tunda oq va qora rangli iplarni olib, unga tikilib o'tirgan. Subhdan keyin ham iplar rangini ajrata olmagan. Tongda Payg'ambarimiz alayhissalomning huzurlariga kelib, bo'lgan voqeani bayon qilganida u zot sollallohu alayhi vasallam uning farosati kamligini aytib, oyatdan ko'zlangan murod nima ekanini tushuntirganlar (Buxoriy. "Bobut-tafsir", 8-jild, 127-bet). Ba'zi mufassirlar oyatdagi "oq ip"ni subh deb, "qora ip"ni oqshom, kechqurun, deb ta'vil qilishgan.

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar

Juma salomi - Amallar sarhisobi

27.12.2024   4167   1 min.

No‘monxon Yahyoxon
Toshkent islom instituti talabasi