عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: «خَيْرُ يَوْمٍ طَلَعَتْ عَلَيْهِ الشَّمْسُ يَوْمُ الْجُمُعَةِ، فِيهِ خُلِقَ آدَمُ، وَفِيهِ أُدْخِلَ الْجَنَّةَ، وَفِيهِ أُخْرِجَ مِنْهَا، وَلَا تَقُومُ السَّاعَةُ إِلَّا فِي يَوْمِ الْجُمُعَةِ». رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ.
وَزَادَ أَبُو دَاوُدَ : «وَفِيهِ تِيبَ عَلَيْهِ، وَفِيهِ مَاتَ، وَفِيهِ تَقُومُ السَّاعَةُ، وَمَا مِنْ دَابَّةٍ إِلَّا وَهِيَ مُسِيخَةٌ يَوْمَ الْجُمُعَةِ مِنْ حِينَ تُصْبِحُ حَتَّى تَطْلُعَ الشَّمْسُ شَفَقًا مِنَ السَّاعَةِ إِلَّا الْجِنَّ وَالْإِنْسَ».
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Quyosh chiqqan kunning eng yaxshisi juma kunidir. Odam shu kuni yaratildi. U shu kuni jannatga kiritildi. U shu kuni jannatdan chiqarildi. Qiyomat kuni ham faqatgina juma kuni qoim bo'lur», – dedilar».
Termiziy rivoyat qilgan.
Abu Dovud quyidagilarni ziyoda qilgan:
«Unda uning tavbasi qabul qilindi. Unda u vafot qildi. Unda qiyomat qoim bo'lur. Juma kuni hamma jonivorlar tong otgandan to quyosh chiqquncha (qiyomat) soatini qo'rqinch ila kutib tururlar. Faqat jin va ins bundan mustasno», – deyilgan.
Imom Iroqiy rahmatullohi alayh aytadilar: «Kunlarning eng yaxshisi deganda, juma – hafta kunlarining eng yaxshisidir. Ammo Arafa kuni to'g'risida kelgan hadislarda Arafa – yil kunlarining yaxshisidir, – deyilgan».
Boshqa olimlar juma kunini yilning barcha kunlari ichida eng yaxshisi, deb ham aytgan ekanlar.
Bu hadis Odam alayhissalom jannatda yaratilmaganiga, balki jannatdan tashqarida yaratilib, keyin unga kirgizilganiga dalolat qiladi.
Ulamolar aytadilar: «Ramazon oyida qadr kechasi yashirilgani kabi, juma kunida duo ijobat bo'ladigan vaqt ham yashirilgandir».
islom.uz
Savol: Men Turkiya davlatida avtomashinalarni yuvish xizmati (avtomoyka)da ishlayman. Ba’zan taksi haydovchilarining mashinalarini yuvganimizda ichida mijozlarning buyumlari va pullari tushib qolgan bo‘ladi. Shu pullarni o‘zimizga olsak bo‘ladimi yoki taksichiga berishimiz kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazkur buyum va pullar sizning ham, taksichining ham mulki emas, balki o‘z egasining mulkidir. Shuning uchun egasiga qaytarish lozim. Buning uchun siz topilmani taksichining o‘ziga qaytarib berasiz va u haqiqiy egalarini topish chorasini ko‘radi. Egasidan beruxsat ishlatib yuborishi gunoh hisoblanadi.
Zayd ibn Xolid al-Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim yo‘qolgan narsani tanitmay o‘ziniki qilib olsa, zalolatga ketuvchidir”, deganlar (Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyat qilgan).
Hozirgi vaqtda unutib qoldirilgan buyumlarning egasini topishning turli yo‘llari mavjud. Unutib qoldirilgan narsalar buyum va pul singari chirib, aynib qolmaydigan narsalar bo‘lsa, egasi chiqqunicha o‘zida saqlab turadi va egasini topishga jiddiy kirishadi.
Egasini topishdan butkul umidi uzilgan vaqtda o‘zi muhtoj bo‘lsa, sadaqa o‘rnida o‘ziga ishlatishi, boy bo‘lsa, faqirlarga egasining nomidan sadaqa qilib yuborishi lozim bo‘ladi.
Keyinchalik egasi topilib qolsa, holatni tushuntiradi. Agar egasi rozi bo‘lsa, sadaqaning savobi unga bo‘ladi. Egasi rozi bo‘lmay, narsasini talab qilsa, qiymatini to‘lab beradi va qilingan sadaqaning savobi ana shu taksichining o‘ziga bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.