Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448

Obod etilayotgan masjidlar: besh burchak uslubidagi birinchi masjid

05.11.2020   5993   2 min.
Obod etilayotgan masjidlar: besh burchak uslubidagi birinchi masjid

Yurtimizdagi masjidlar asosan to'rt yoki sakkiz burchak shaklida quriladi. Shu qatorda dunyo masjidlarining boshqa zamonaviy uslublari ham shart-sharoitlar hisobga olingan holda kiritilmoqda. Bu esa masjidlar qurish borasida katta tajribaga ega bo'lib borayotgan o'zbek usta-me'morlarining mahorati va bunyodkorlikning hilma-xilligini ifoda etadi.

 Toshkent viloyatining so'lim Zarkent qishlog'ida “Odil ota” masjidi xonaqohi birinchi bor besh burchak shaklida qurilmoqda. “Honaqohning besh burchagi va undagi besh ustun dinimizning besh rukniga mengzatilgan”, deydi imom-xatib Ma'murjon Abdurahmonov.

Katta yo'l labida joylashgan ushbu jomening eng uzun burchagi yaxlit bir ko'rinishda yo'lovchilar e'tiborini o'ziga jalb etadi. Kirmagan kishining kirgisi, bir ko'rgisi keladi. Hozirda qurilish ishlari nihoyasiga yaqinlashib, tashqi fasad qismi bo'yoqdan chiqarilmoqda.

“Eski bino o'rniga yangi masjidni qurish ishlari aslida 2017 yilda boshlangan edi. Orada mablag' etishmovchiligi sabab ishlar bir muddat to'xtab qolgan edi. Mana bugun Alhamdulillah, yakuniga etkazish arafasidamiz. Tashqi ayvon bilan hisoblanganda 1200 namozxonni yangi masjidimiz o'z bag'riga sig'diradi”, deya qo'shimcha qildi Ma'murjon Abdurahmonov.

 

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo'limi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

19.08.2026   6750   2 min.
18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.

1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.

1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.

Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.

2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari