TARBIYaNING NOZIK JIHATLARI
Jinsiy tarbiya mas'uliyati
Tarbiyaning bu jihati o'ta nozik va mashaqqatli. Chunki farzandning jajji, ko'zni quvontiradigan go'daklik harakatlari ortda qolib, endi u o'smirlik yoshiga etadi. Endi farzand har bir holatni ongli fikrlaydigan, ko'z oldida kechayotgan har bir voqelik va jarayonlarga bolalarcha qiziquvchanlik bilan emas, aksincha, o'zgacha e'tibor bilan nazar sola boshlaydi. Shuning uchun ham ota-ona va murabbiylardan bunday tarbiya jarayonida juda katta mahorat va fasohat talab etiladi. Jinsiy tarbiya o'g'il va qiz bolalarda jins masalalariga nisbatan to'g'ri munosabatni qaror toptirishni ko'zda tutadi. Yosh avlodning yaxshi va sog'lom o'sib-unishiga, voyaga etishiga, nasl qoldirish qobiliyatiga ega bo'lishiga, nikoh va oilani mustahkamlashga yordam berish jinsiy-ahloqiy tarbiyaning asosiy vazifasidir.
Ota-onalar, tibbiyot xodimlari va murabbiylar faoliyatlarini uyg'unlashtirib, bolalarning yoshi, jinsi, iqtidori va boshqa xususiyatlariga mos ravishda jinsiy hamda axloqiy tarbiyani bir-biriga bog'lab olib borishlari lozim. Maktabgacha yoshdagi bolalar va kichik yoshdagi o'quvchilar bilan ishlashda shunga alohida e'tibor berish kerak: bunday tarbiya faqat jinsiy hayot asoslari bilan tanishtirish, bolalarga gigiyenik malakalar, erkak va ayol tanasi tuzilishi, uning rivojlanish qonunlarini singdirishdan iborat emas, balki axloqiy tarbiyaning ajralmas qismi hisoblanadi.
Axloqiy tarbiyani to'g'ri olib borish uchun kattalar o'g'il yoki qiz bolaning jinsiy rivojlanish bosqichlarini bilishi va tabiiy hamda g'ayritabiiy ulg'ayishni bir-biridan farqlay olishlari zarur. Aslida, jinsiy tarbiya ancha barvaqt boshlanadi. 7–8 kunlik chaqaloqni tug'ruqxonadan olib chiqilayotganda o'g'il yoki qizligiga qarab va moslab kiyim-kechak hamda boshqa buyumlar tanlanadi. Bola uch yoshga to'lganidan so'ng o'zining qaysi jinsga mansubligini anglaydi. Bunda, avvalo, ota va onaning “qizalog'im”, “do'mboq qizim”, “popugim” deb erkalashidan bola qiz bola ekani, “sen o'g'il bolasan”, “o'g'il bola yig'lamaydi”, deb eslatishidan o'g'il ekani bola ongiga singadi.
Sovg'a qilingan o'yinchoq, kiyim-kechak, o'yin va mashg'ulotlardan o'g'il va qiz o'z jinsi haqida ma'lumotga ega bo'lib boradi. Ota-ona va tarbiyachilar bolalarga o'g'il yoki qiz bola ekanini bildirib va ularning qanday yumushlar bajarishi lozimligini uqtirib, oiladagi o'rnini ko'rsatib borishadi. Bolalar bog'chasiga qatnaydigan kichkintoy odam tanasining tuzilishi, o'g'il va qiz bola a'zolarining tuzilishi haqida qiziqib va o'smoqchilab savol beraveradi. Hatto bu haqida bexosdan ko'pchilik davrasida so'rab qolishi ham mumkin. Ota-ona yoki tarbiyachi shunday holatda ularga: “Bunday narsani so'rama”, “Uyat bo'ladi” demasligi, bolaga ta'qib ko'zi bilan qaramasligi, ularni qiziqtirgan savolga vaqtini topib, to'g'ri, erinmasdan, bosiqlik bilan javob berishi kerak. Aks holda, bolada noxush va qo'rqinchli tasavvur paydo bo'lishi mumkin.
Aslida, bunday tarbiyadan maqsad – bolaning aqli uyg'onishi bilan, avvalo, jinsga nisbatan qarashini to'g'ri singdirib borish. Bu esa yigitlarning erkaklarga xos tarbiyasi va o'z o'rnida, qizlarning ayollarga xos bo'lgan tarbiyasiga e'tibor yo'lidir. Shu yo'sinda oilada farzandlarning bir-birlariga nisbatan o'zaro muomaladagi masofa va o'zlari haqidagi nozik tushunchalar berib boriladi. Shu bilan birga yoshlariga qarab, uylanish va turmush qurish bilan bog'liq masalalarni ham etkazib va uqtirib borish talab etiladi. Toki o'spirin ulg'ayib borarkan, hayotda bu borada nima halol va nima harom ekanini tushunib etsin. Kelgusidagi turmushi davomida bu borada muammolarga duch kelmasin. Chunki aksariyat oilalarda ota-onalar istihola qiladi yoki umuman ushbu tarbiyaga befarq bo'ladi. Oqibatda esa farzandlari turmush qurganidan keyin, ushbu masalalar sabab bo'lib, muammolar va ular orqasidan kelishmovchilik kelib chiqadi. Natijada, ko'pincha bunday oilalar hayoti ajralish bilan xotima topadi. Yoki tamoman noto'g'ri tarbiyadan mosuvo bo'lib o'sgan farzand o'ta qabih yo'l – nafsoniy shahvat ketidan quvib, turli buzuqliklarga berilib ketishi ham mumkin. Bu kabi xunuk, sharmsiz holat va muammolarga barham berishning eng go'zal yo'li jinsiy tarbiyani o'ziga xos uslubda, dinimiz ko'rsatmalari va milliy urf-odatlarimizga muvofiq tarzda o'rgatib borishdir. Ushbu tarbiya jarayonida ota-ona farzandining yoshiga katta e'tibor berishi lozimdir.
Shu bois necha yoshda qaysi jihatga ko'p e'tibor berish muhim ekanini bosqichma-bosqich bayon qilamiz. Farzandlarning yoshiga qarab bunday tarbiya ularga uch bosqichda beriladi.
1-bosqich – 7–12 yoshlar oralig'i, bu yaxshi va yomonni ajrata oladigan yosh. Bu paytda bolaga izn so'rash va nazar solish odobi o'rgatiladi.
2-bosqich – 12–16 yoshlar oralig'i, bu balog'at yoshi bo'lib, o'smirlik yoshi ham deyiladi. Bu vaqtda o'g'il bolada ehtilom va qiz bolada hayz bo'ladi. Ba'zilarda erta, ayrimlarda esa bir muddat kech kuzatiladi.
3-bosqich – 16–17 yoshlar oralig'i, bu kamolga etish yoshi hisoblanadi.
Islom farzand tarbiyasida hech bir narsani e'tibordan chetda qoldirmagan, balki tarbiyaning nozik qirralarini ham bayon qilgan. Diniy ta'limotlarda ushbu yoshlarda nimani o'rgatish, ko'rsatib berish va ta'kidlab borish kabi ko'rsatmalar berilgan. Shuningdek, qanday amallardan qaytarish va ogoh etish haqidagi zarur ta'limlarga ham alohida e'tibor qaratilgan. Farzandlarining tarbiyasi, kelajagi, dunyo va oxiratdagi mavqeiga e'tiborsiz bo'lmagan mehribon ota-ona uchun qo'llanma sifatida mo''tabar kitoblarimizda bitilgan dinimiz ta'limotlarini Alloh qodir qilganicha bayon etamiz.
Izn so'rash odobi
Ushbu odob borasida farzand o'z ahlidan izn so'rashni odat qilishi va qaysi vaqtda farzand iznsiz ichkari kirmasligi bayon etilgan. Ikkinchi kitobda bu haqda qisqa to'xtalib, asosan farzand boshqalar xonadoniga borganida izn so'rash odobiga urg'u berilgan edi. Bu erda esa farzand esini taniy boshlagach, ota-ona huzuriga, opa-singillar xonasiga ham izn so'rab kirishi haqidagi zarur jihatlarga e'tibor qaratildi.
Qur'oni karimda bu haqda ochiq va ravshan bayon qilingan:
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ لِيَسۡتَٔۡذِنكُمُ ٱلَّذِينَ مَلَكَتۡ أَيۡمَٰنُكُمۡ وَٱلَّذِينَ لَمۡ يَبۡلُغُواْ ٱلۡحُلُمَ مِنكُمۡ ثَلَٰثَ مَرَّٰتٖۚ مِّن قَبۡلِ صَلَوٰةِ ٱلۡفَجۡرِ وَحِينَ تَضَعُونَ ثِيَابَكُم مِّنَ ٱلظَّهِيرَةِ وَمِنۢ بَعۡدِ صَلَوٰةِ ٱلۡعِشَآءِۚ ثَلَٰثُ عَوۡرَٰتٖ لَّكُمۡۚ لَيۡسَ عَلَيۡكُمۡ وَلَا عَلَيۡهِمۡ جُنَاحُۢ بَعۡدَهُنَّۚ طَوَّٰفُونَ عَلَيۡكُم بَعۡضُكُمۡ عَلَىٰ بَعۡضٖۚ كَذَٰلِكَ يُبَيِّنُ ٱللَّهُ لَكُمُ ٱلۡأٓيَٰتِۗ وَٱللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٞ٥٨
«Ey imon keltirganlar! Qo'l ostingizdagi (qul va cho'ri)laringiz hamda balog'atga etmagan (farzand)laringiz uch marta (huzuringizga kirishda) sizlardan izn so'rasinlar – bomdod namozidan ilgari, peshin vaqtida (issiqdan) kiyimlaringizni tashlagan paytingizda va xufton namozidan keyin. (Bu) uch (vaqt) sizlarning avratlaringiz (ochiq bo'lishi mumkin bo'lgan vaqtlar)dir. Ular o'sha (vaqtlar)dan so'ng (izn so'ramay kirsalar) sizlarga ham, ularga ham gunoh yo'qdir. (Chunki) ular sizlarga, biringiz-biringizga kelib-ketib turuvchidirsiz. Alloh oyatlarini sizlarga mana shunday bayon qilur. Alloh bilim va hikmat sohibidir»(Nur, 58).
Ushbu oyat mohiyatiga e'tibor bersak, ota-ona bolalari balog'atga etmasdan ularga o'z ahlidan izn so'rashni o'rgatishi lozim va bunga qat'iy amal qilish zarur ekani anglanadi. Alloh taolo bunday izn so'rash uch vaqtda bo'lishini bayon qildi:
Birinchi, bomdod namozidan oldin. Chunki kishilar bu vaqtda o'z o'rnida yotgan bo'ladi.
Ikkinchi, tush payti. Chunki bu paytda ham ko'pchilik kishilar libosini elkasiga tashlagan holda orom oladi.
Uchinchi, xufton namozidan so'ng. Bu vaqt tabiiy, orom olish va uxlash vaqtidir.
Allohning kalomida bu uch vaqtda izn so'rash alohida ta'kidlanib, farzand tarbiyasidagi odobning muhim asoslaridan ekani bayon etildi. Farzand balog'atga etmagan bo'lsa-da, oilasidagilarni bunday holda ko'rishi joiz emas. Agar bunga e'tiborsiz qaralsa, birinchidan, farzand ruxsat so'rash odobini o'rganmaydi. Ikkinchidan, go'dakning ko'zi nojoiz holatga tushaverib, bu ko'rinishlar oddiy holga aylanadi. Oqibatda, bolaning beg'ubor qalbi shikastalanib, behayo va sharmsiz ishlarni andishasiz qilish yo'liga o'tishi mumkin. Shu bois farzandlarning bunday tarbiyadagi tushunchalari to'g'ri bo'lishi uchun, bu yo'ldagi ilk bosqich – izn so'rash odobini mukammal singdirish zarur.
Ammo farzand balog'at yoshiga etgach, ota-ona farzandlarga bu uch vaqtdan tashqari vaqtlarda ham izn so'rash odobini o'rgatishi lozim. Chunki Alloh taolo bunday buyuradi:
وَإِذَا بَلَغَ ٱلۡأَطۡفَٰلُ مِنكُمُ ٱلۡحُلُمَ فَلۡيَسۡتَٔۡذِنُواْ كَمَا ٱسۡتَٔۡذَنَ ٱلَّذِينَ مِن قَبۡلِهِمۡۚ كَذَٰلِكَ يُبَيِّنُ ٱللَّهُ لَكُمۡ ءَايَٰتِهِۦۗ وَٱللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٞ٥٩
«Qachonki go'daklaringiz balog'atga etsa, bas, ular ham xuddi o'zlaridan oldingi (balog'atga etgan)lar kabi izn so'rasinlar!...» (Nur, 59).
Tarbiyaning qonun-qoidalarini yaxshi anglagan oqil kishi Qur'oni karim oyatlarida farzand tarbiyasiga katta ahamiyat berilganini tushunadi. Bunday kishi farzandining aqli rivojlanishi bilan unga hayo, odob, islomiy odoblarni o'rgatadi. Albatta, bunday farzand hayoni o'ziga kasb qilib, ahloqiy tarbiya borasida ham barkamol bo'ladi.
Ba'zi farzandlar to'satdan, izn so'ramasdan ota-onasi o'tirgan uyga kirib, ularni noqulay ahvolga soladi. Bu manzara uning zehni va xotirasiga salbiy ta'sir qiladi. Ba'zida ayrimlar o'zlari istab-istamay, ko'chaga chiqib, o'rtoqlariga bu haqda so'zlaydi. Oqibatda, farzandni o'zi ko'rgan manzara va o'rtoqlarining turli o'rinsiz fikrlari chalg'itib, turli hissiyotlarga moyillik uyg'onishiga sabab bo'ladi. Natijada farzand odob chegarasidan chiqib, turli nojo'ya yo'llar izlay boshlaydi. Shunday ekan, ota-ona farzandiga muqaddas dinimizning munavvar ta'limlarida bayon qilingan mukammal odobu axloqni o'rgatib borishi kerak.
Nazar solish odobi
Farzand yaxshi-yomonni ajrata oladigan yoshga etganida, ota-ona farzandiga o'rgatishi lozim bo'lgan muhim masalalardan biri nimaga nazar solish joiz va nimalarga qarash mumkin emasligini ta'lim berishdir. Bu ta'lim farzandning xulqi chiroyli va barkamol bo'lishida muhim omildir.
Ota-ona farzandiga nazar qilish odobini quyidagi tartibda o'rgatishi maqsadga muvofiqdir.
Mahramlarga nazar qilish. Erkak kishi uchun mahram, ya'ni yaqin qarindosh hisoblangan ayollar bir necha jihatga ko'ra tasniflanadi. Ular quyidagi toifalarga bo'linadi:
– Nasab jihatidan nikohi man etilganlar. Alloh taolo bayon qilganidek, ularga etti toifa ayollar kiradi:
حُرِّمَتۡ عَلَيۡكُمۡ أُمَّهَٰتُكُمۡ وَبَنَاتُكُمۡ وَأَخَوَٰتُكُمۡ وَعَمَّٰتُكُمۡ وَخَٰلَٰتُكُمۡ وَبَنَاتُ ٱلۡأَخِ وَبَنَاتُ ٱلۡأُخۡتِ
«Sizlarga (nikohi) harom qilingan (ayol)lar – bu onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari...»(Niso, 23).
Ushbu ayollar toifasi nasab jihatidan juda yaqin qarindosh bo'lib, nikoh abadiy harom qilingan mahramlar sirasiga kiradi.
– Nikohlanish jihatidan (qarindoshlik sababidan) nikoh man etilganlar. Ular to'rt toifa ayollar:
Otasining xotini
وَلَا تَنكِحُواْ مَا نَكَحَ ءَابَآؤُكُم مِّنَ ٱلنِّسَآءِ
«Otalaringiz uylangan xotinlarni nikohingizga olmang...»(Niso, 22).
Bu o'rinda “otaning xotini”dan murod, o'z onasi emas, balki otasi nikohiga olgan boshqa xotin nazarda tutilgan. Chunki bu ayol o'z erining farzandiga ona o'rnida bo'ladi. Shu bois ota o'z nikohiga olib, ma'lum muddatdan keyin taloq qilgan ayolga farzandning uylanishi harom bo'lib, bu ayol abadiy mahram hisoblanadi.
O'g'lining xotini
وَحَلَٰٓئِلُ أَبۡنَآئِكُمُ ٱلَّذِينَ مِنۡ أَصۡلَٰبِكُمۡ
«...yana, o'z pushti kamaringizdan bo'lgan o'g'illaringizning xotinlaridir...»(Niso, 23).
Otaga o'zining zurriyodi bo'lgan o'g'lining xotini, ya'ni kelini mahram hisoblanadi. Hatto o'g'li nikohidagi xotinini taloq qilgan bo'lsa-da, ota bu ayolga uylanishi joiz emas. Shuning uchun qaynotaga kelini abadiy mahram bo'ladi.
Hotinining onasi
وَأُمَّهَٰتُ نِسَآئِكُمۡ
«...qaynonalaringiz...»(Niso, 23).
Bu o'rinda o'z xotinining onasi, ya'ni qaynonasi nazarda tutilgan. Kishi xotinini taloq qilgan taqdirda ham o'sha ayolining onasiga uylanishi shar'an nojoiz hisoblanib, ayolining onasi abadiy mahram bo'ladi.
Hotinining oldingi erining qizi
وَأُمَّهَٰتُكُمُ ٱلَّٰتِيٓ أَرۡضَعۡنَكُمۡ وَأَخَوَٰتُكُم مِّنَ ٱلرَّضَٰعَةِ
«...jinsiy yaqinlikda bo'lgan xotinlaringizning qaramog'ingizda bo'lgan qizlari, jinsiy yaqinlikda bo'lmagan bo'lsangiz, sizlarga gunoh bo'lmas...»(Niso, 23).
Ushbu o'rinda nikohiga olgan ayolning avvalgi turmushidagi eridan tug'ilgan qizi bayon etilmoqda. Bu qizning onasiga uylanish va qo'shilish bilan unga ota hukmida bo'lib, hatto onasini taloq qilsa ham, qiziga uylanish mumkin bo'lmaydi. Shuning uchun bu qiz ham abadiy mahram sirasiga kiradi. Mabodo qizning onasini nikohiga olib, ammo jinsiy yaqinlik qilmasdan taloq qilgan bo'lsa, bundan mustasnodir.
KYeYINGI MAVZULAR:
Emizish jihatidan nikohi ta'qiqlanganlar
Imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘chma seminar bugun respublikamizning Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida tashkil etildi. Qorao‘zak tumanidagi markaziy "Idris eshon" jome masjidida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin Razov boshchiligida soha xodimlari, mahalla raislari va ziyoratchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, sayyor tadbirda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami tushuntirildi.
Ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarining 5 ta masjidi va 19 ta mahallasiga biriktirildi. Ular o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan 101 ta muammoli xonadonga kirib, o‘sha yerda yashayotganlarning holidan xabar oldi, yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi va suhbatlashdi. Ularning muammolari o‘rganilib, fikr-mulohazalari tinglandi. Imom-xatiblar 10 ta toifaga mansub 101 ta oilaga ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, masjidlar atrofida obodonlashtirish va tozalash ishlarini olib borish, ish yuritish, jamoani boshqarish jihatlari ham o‘rganildi.
Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan qavmga, "Tinchlik baxti. Shukronalik. Ilm olish fazilati. Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish. Missionerlik harakatlarining salbiy oqibatlari" kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlari imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy, masjid boshqaruvidagi ishlariga ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Tashrif davomida qoziyot qozisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak tumanidagi "Idris eshon" masjidining yangidan qurilayotgan binosining qurilish ishlari bilan tanishdi.
B.ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi