Ushbu bobda quyidagi mavzularda so'z yuritiladi;
Sunnatning ta'rifi.
Sunnat – yo'l demakdir (xoh u yaxshi bo'lsin, xoh yomon bo'lsin). Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
قال رسولُ اللهِ صلَّى اللهُ عليه وسلَّم: «مَنْ سَنَّ فِي الإسلامِ سُنَّةً حسَنةً فله أجرُها، وأجرُ مَنْ عمِل بها مِنْ بعدِه من غيرِ أنْ يَنقُصَ من أجورِهم شيءٌ، ومَنْ سَنَّ في الإسلامِ سُنَّةً سَيِّئةً كان عليه وزرُها ووزرُ من عمِلَ بها من بعدِه من غير أن يَنقُصَ من أوزارِهم شيءٌ»
(رواه مسلم)
ya'ni: “Kimki Islomda bir yaxshi sunnatni (ishni) yo'lga qo'ysa, unga ana shu sunnatni boshlagani uchun savob beriladi va undan keyin ana shu sunnatni qilgan kishilarning savoblari ham beriladi. Kimki yomon bir sunnatni yo'lga qo'ysa, unga ana shu sunnatni boshlagani uchun gunoh yoziladi va undan keyin ana shu sunnatni qilgan kishilarning gunohlari ham beriladi” (Imom Muslim rivoyati).
Sunnat so'zi gohida bid'at so'zi muqobilida keltiriladi. Bu vaqtda unga Qur'on yoki Hadis dalolat qilishidan qat'iy nazar umuman shariatda bor narsa nazarda tutiladi. Bunday ma'nodagi sunnatdan maqsad Payg'ambar alayhissalom tomonlaridan sodir bo'lgan so'z yoki amal yoki taqrirdir.
Sunnatning shariatda hujjat ekanligi.
Sunnat Qur'onning ma'no va haqiqatlarini ochib beruvchi kalit ekanligida ixtilof yo'q. Darhaqiqat, Qur'on shariat manbai, u barcha narsalarning ilmini o'z ichiga olgan. Bunga ushbu oyatlar ham dalil:
مَا فَرَّطْنَا فِي الْكِتَابِ مِنْ شَيْءٍ
ya'ni: “Kitobda (Lavhul-Mahfuzda) biror narsani (yozmasdan) qoldirmaganmiz” (An'om surasi, 38-oyat).
وَنَزَّلْنَا عَلَيْكَ الْكِتَابَ تِبْيَانًا لِكُلِّ شَيْءٍ
ya'ni: “Sizga hamma narsani bayon qilib beruvchi Kitob (Qur'on)ni nozil qildik” (Nahl surasi, 89-oyat).
الْيَوْمَ أَكْمَلْتُ لَكُمْ دِينَكُمْ
ya'ni: “Ana, endi bugun, diningizni kamoliga etkazdim” (Moida surasi, 3-oyat).
Payg'ambarlik mansabi Allohning buyruq va qaytariqlarini etkazishdan iboratdir. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyilgan:
يَا أَيُّهَا الرَّسُولُ بَلِّغْ مَا أُنْزِلَ إِلَيْكَ مِنْ رَبِّكَ وَإِنْ لَمْ تَفْعَلْ فَمَا بَلَّغْتَ رِسَالَتَهُ
ya'ni: “Ey, Rasul! Rabbingizdan Sizga nozil qilingan narsa (oyatlar)ni (odamlarga) etkazing! Agar (buni) qilmasangiz, Uning risolati (topshirig'i)ni etkazmagan bo'lursiz” (Moida surasi, 67-oyat).
وَأَنْزَلْنَا إِلَيْكَ الذِّكْرَ لِتُبَيِّنَ لِلنَّاسِ مَا نُزِّلَ إِلَيْهِمْ وَلَعَلَّهُمْ يَتَفَكَّرُونَ
ya'ni: “Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma'lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur'onni) nozil qildik” (Nahl surasi, 44-oyat).
Shundan kelib chiqadiki, demak sunnatga ergashish vojibdir. Qachonki, biz sunnatga amal qilsak, Qur'onga amal qilgan bo'lamiz.
وَمَا يَنْطِقُ عَنِ الْهَوَىإِنْ هُوَ إِلَّا وَحْيٌ يُوحَى
ya'ni: “(U Qur'onni) xomxayoldan olib so'zlayotgani ham yo'q!U (Qur'on) faqat (Alloh tomonidan) nozil qilinayotgan (tushirilayotgan) bir vahiydir” (Najm surasi, 3-4-oyatlar).
Imom Avzo'iy Hasson ibn Atiyadan rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vahiy nozil bo'lsa Jabroil alayhissalom uni tafsir qilib beradigan sunnatni ham keltirar edilar. Payg'ambar alayhissalomdan sodir bo'layotgan gap, fe'l va taqrirning har biri vahiyga asoslanar edi.
Ba'zi toifalar Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sunnatlarini tark qilishlari oqibatida adashganlar va boshqalarni ham adashtirganlar. Ular: Qur'onda hamma narsaning bayoni keltirilgan, sunnatga ehtiyojimiz yo'q – deyishadi. Ular Qur'onning o'zi maqsadlariga etishlari uchun kifoya qiladi deb qattiq yanglishadilar. Aynan mana shu narsa Rofiziylar, Jahmiylar va Havorijlarni ahli sunna bilan ixtilof qilishlariga sabab bo'ldi. Masalan, Rofiziylar Niso surasining 11-oyatida bayon qilingan meros haqidagi oyatga yopishib olib, “Biz, payg'ambarlar jamoasi meros qoldirmaymiz, nimani qoldirsa, u sadaqadir”, degan hadisni rad qilishadi. Jahmiylar esa, Sho'ro surasining 11-oyatidagi “Uning (Allohning) mislidek biror narsa yo'qdir” aqidasiga asosan Allohning sifatlarini isbot qiluvchi hadislarni rad qilishadi. Javorijlar, “Ey, mo'minlar! Na savdo sotiq, na oshna og'aynichilik va na shafoat bo'lmaydigan kun (qiyomat) kelishidan oldin (shu dunyoda) sizlarga rizq qilib bergan narsalarimizdan ehson qilinglar!” degan Baqara surasining 254-oyatini ushlab, shafoatning haqligi haqidagi hadislarni, shuningdek, kabira gunoh qilgan mo'minlarni do'zaxdan chiqishligi haqidagi hadislarni rad qiladilar.
Darhaqiqat, Payg'ambar alayhissalomga o'zlaridan keyin shunday noxush holatlar bo'lishligi g'ayb orqali bildirilib, sahih sunnatni rad qiladigan kishilar haqida salbiy fikrlar bildirganlar. Jumladan, shunday deganlar:
أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال يوشك الرجل متكئا على أريكته يحدث بحديث من حديثي فيقول بيننا وبينكم كتاب الله عز وجل ما وجدنا فيه من حلال استحللناه وما وجدنا فيه من حرام حرمناه ألا وإن ما حرم رسول الله صلى الله عليه وسلم مثل ما حرم الله
(رواه ابن ماجة)
ya'ni: “Yaqin kunlarda sizlardan bo'lgan ba'zi kishilar o'rniga yonboshlab olib, mening hadisimdan gapirib shunday deyishi bor: “Sizu bizning o'rtamizda Allohning kitobi bor, unda nima halol deyilgan bo'lsa uni halol deymiz, nima harom deyilgan bo'lsa uni harom deymiz”. Ogoh bo'linglar, Rasulullohning harom qilgani Allohning harom qilgani bilan tengdir” (Ibn Moja rivoyati).
Unday toifalarga Qur'onning zohiriy ma'nolari bilan kifoyalanishga nima ruxsat berdi, nega ular payg'ambarlikning charog'on yo'lidan yurishmadi?! Holbuki, Qur'on va sunnat hadisga ergashishga buyurgan, unga xilof yo'l tutganlarga qarshi tahdid qilgan. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:
وَمَا آَتَاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَمَا نَهَاكُمْ عَنْهُ فَانْتَهُوا
ya'ni: “Payg'ambar sizlarga keltirgan narsani olingiz, u sizlarni qaytargan narsadan qaytingiz” (Hashr surasi, 7-oyat).
فَلْيَحْذَرِ الَّذِينَ يُخَالِفُونَ عَنْ أَمْرِهِ أَنْ تُصِيبَهُمْ فِتْنَةٌ أَوْ يُصِيبَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ
ya'ni: “(Payg'ambarning) amriga xilof ish tutadigan kimsalar o'zlariga biror kulfat etib qolishidan yoki alamli azob etib qolishidan saqlansinlar!” (Nur surasi, 63-oyat).
Mazkur oyatlar sunnatning hujjat ekanligiga va unga murojaat qilish vojib ekanligiga dalolat qiladi.
Sunnatning shariatdagi martabasi.
Bu sarlavhadan sunnatning hujjat qilinishi jihatidan Qur'onga nisbatan darajasi nazarda tutilmoqda.
Yuqorida ko'rib o'tganingizdek, sunnatning hujjat ekanligiga, uning shariatda e'tiborga olinishiga ko'pgina oyatlar dalolat qiladi. Endi, shuni bilmoq lozimki, sunnatning darajasi shariatda Qur'onning darajasidan keyin turadi. Bunga bir qancha sabablar bor. Jumladan;
Bunga o'xshagan gaplar salaf ulamolarining gaplarida ko'plab uchraydi. Hanafiy mazhabida farz bilan vojibning o'rtasini ajratilishi ham Qur'onning sunnatdan oldinda turishiga asoslanadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o'rinbosari
Homidjon Ishmatbekov