Sayt test holatida ishlamoqda!
06 May, 2025   |   8 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:43
Quyosh
05:14
Peshin
12:25
Asr
17:19
Shom
19:29
Xufton
20:54
Bismillah
06 May, 2025, 8 Zulqa`da, 1446

Islom tarixi: MUHIM SANALAR

02.11.2020   6234   17 min.
Islom tarixi: MUHIM SANALAR

HIJRIY O'N BIRINChI YILDAGI MUHIM HODISALAR

Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam vidolashuv hajini ado etib Arafotda turganlarida, Alloh taolo u zotga Moida surasidagi:

«Bu kun sizga diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne'matimni batamom qildim va sizga Islomni din deb rozi bo'ldim»(3-oyat) oyatini nozil qildi.

Ushbu oyat nozil bo'lganda hazrati Umar roziyallohu anhu yig'ladilar. U kishidan nimaga yig'layotganlari so'ralganda: «Har bir narsa kamolga etgandan so'ng nuqsoni bo'ladi. Bu nuqson Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vidolashuvlaridir», degan gapni aytdilar.

Darhaqiqat, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam o'zlari ham hajda yurib: «Bu yildan keyin sizlar bilan uchrashmasam kerak», degan edilar. Buning ustiga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak umrlari oxirlab qolganining boshqa alomatlari ham ayonlashib qolgan edi. Odatda har yili Ramazonda u zot o'n kun e'tikof o'tirar edilar. Usha yili esa odatdan tashqari yigirma kun e'tikof o'tirdilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har yili bir marta – Ramazonda Qur'oni Karimni Jabroil alayhissalomdan o'tkazib olar edilar. O'sha yili ikki marta o'tkazdilar va bu ajallari hozir bo'lganining alomati ekanini ta'kidladilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tutgan ishlarida va gap-so'zlarida ham safarga hozirlik alomatlari sezilib qoldi. U zot Uhud shahidlariga qaytadan janoza o'qidilar. Shuningdek, «Men ummatimning faratiman»[1], «Mening vafotimdek o'xshash musibatga aslo uchramaslar» va yana shu ma'nodagi hadislarni aytdilar.

Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam zulhijja oyining besh kuni qolganda hajdan qaytib keldilar. Yangi hijriy o'n birinchi yilning birinchi oyi – muharram ham o'tdi. Safar oyining oxiriga kelib dushanba kuni xastaliklari boshlandi.

Hasta bo'lishlariga qaramay, Shom tarafga Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu boshliq sariyya yuborishga ahamiyat berdilar. Bu sariyya Madinadan chiqishi bilan u zotning xastaliklari og'irlashib qoldi. Hollari kelmay qolganda jamoat namoziga Abu Bakr roziyallohu anhuning imom bo'lishlarini ixtiyor qildilar.

Imom Buxoriy va Muslim Anas roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Abu Bakr Payg'ambar sollallohu alayhy vasallamning vafotlaridan oldingi bemorliklarida odamlarga namoz o'qib berar edi. Nihoyat dushanba kuni kelib, ular namozga saf tortib turganlarida, Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam hujraning pardasini ochdilar va tik turgancha bizga nazar sola boshladilar. Yuzlari xuddi mushafning varag'idek edi. So'ng tabassum qilib jilmaydilar. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamni ko'rib, xursand bo'lganimizdan namozimiz buzilib ketay dedi. Abu Bakr safga etib olish uchun orqasiga tisarildi. U kishi «Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam namozga chiqadilar» deb o'ylagan edi. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam qo'llari bilan «Namozingizni tugataverkng» deb ishora qildilar va pardani tushirdilar. U zot o'sha kuni vafot etdilar».

Bu alamli hodisa hijriy 11 yil 12 rabi'ul avval (milodiy 632 yil 6 iyun'), dushanba kuni choshgoh paytida sodir bo'ldi. O'shanda Nabiy sollallohu alayhi vasallam qamariy hisobda oltmish uch yoshda edilar.

Musulmonlar boshiga og'ir va ulkan musibat tushdi. Hazrati Umar roziyallohu anhuga o'xshagan ba'zi kishilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlariga ishon madilar. Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu xutba qildilar. Bu haqda imom Buxoriy quyidagi hadisni keltiradi:

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat tsilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot qildilar. Abu Bakr Sunxda edi. Umar turib: «Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'lganlari yo'q», dedi.

Uzi: «Allohga qasamki, o'shanda shundan boshqa narsa aqlimga kelmagan edi. «Alloh u zotni albatta qayta tiriltiradi hamda odamlarning qo'llari va oyokdarini kesadilar», der edim», degan.

Abu Bakr keldi. Rasulushtoh sollallohu alayhi vasallamning yuzlarini ochib, u zotni (peshonalaridan) o'pdi va: «Ota-onam sizga fido bo'lsin. Tirikligingizda ham, vafotingizda ham poksiz. Jonim qo'lida bo'lgan Zot ila qasamki, Alloh sizga ikki o'limni hech tatitmas», dedi. Keyin tashqariga chiqdi va: «Ey qasam ichayotgan! Bir oz jim tur! – dedi. Umar o'tirdi. So'ng Abu Bakr gapirdi. Allohga hamdu sano aytdi va: – Ogoh bo'linglar! Kim Muhammadga ibodat qilayotgan bo'lsa, Muhammad o'ldi. Kim Allohga ibodat qilayotgan bo'lsa, Alloh tiriqdir, o'lmas. Alloh taolo: «Sen ham o'lasan, ular ham o'ladilar»,[2] degan. Yana: «Muhammad ham bir rasul, xolos. Undan oldin ham rasullar o'tgan. Agar u o'lsa yoki qatl qilinsa, orqangizga qaytasvdmi?! Kimki orqasiga qaytsa, Allohga hech qanday zarar keltira olmas. Va Alloh shukr qiluvchilarni albatta mukofotlar»,[3] degan», dedi.

Odamlar yig'lay boshlashdi...»

Shundagina odamlar o'zlariga kelishdi. Hazrati Umar roziyallohu anhu ham o'zlariga keldilar.

Butun olamning sarvari bo'lgan, oxirgi ilohiy kitobni Robbul olamiyndan qabul qilib olib, ummatga omonat bilan etkazgan va o'sha mo''jiza Kitobni o'z hayotlariga tatbiq qilib ko'rsatgan zot omonatni ado etib, risolatni etkazib bo'lgach, kichkina hujrada sokin yotar edilar...

 

MUHIM SANALAR

  1. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning tug'ilishlari – hijratdan avvalgi 53 yil, Fil yili, 8, 9, 10 yoki 12 rabi'ul avval (milodiy 571 yil aprel').
  2. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning onalari bilan Madinaga borishlari va onalarining vafoti – tug'ilganlarining oltinchi yili.
  3. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning bobolari Abdulmuttalibning vafoti va u zot amakilari Abu Tolibning qaramog'iga o'tishlari – tug'ilganlarining sakkizinchi yili.
  4. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abu Tolib bilan Shom safariga chiqishlari – tug'ilganlarining o'n ikkinchi yili.
  5. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning Fijor urushida hozir bo'lishlari – tug'ilganlarining yigirmanchi yili.
  6. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning Fuzul shartnomasida hozir bo'lishlari – tug'ilganlarining yigirmanchi yili.
  7. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning Hadiyjaning g'ulomi Maysara ismli yigit bilan tijorat safariga chiqishlari – tug'ilganlarining yigirma beshinchi yili.
  8. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning Hadiyja bint Huvaylid roziyallohu anhoga uylanishlari – tug'ilganlarining yigirma beshinchi yili.
  9. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning Ka'bani qayta qurishda ishtirok etishlari – tug'ilganlarining o'ttiz beshinchi yili.
  10. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamga vahiy nozil bo'lishining boshlanishi – tug'ilganlarining qirqinchi yili, payg'ambarlikning birinchi yili.
  11. Habashistonga birinchi hijrat – payg'ambarlikning beshinchi yili.
  12. Habashistonga ikkinchi hijrat – payg'ambarlikning oltinchi yili.
  13. Qamal sahifasi – payg'ambarlikning ettinchi yili boshi.
  14. Qamal sahifasining bekor qilinishi – payg'ambarlikning o'ninchi yili boshi.
  15. Abu Tolibning vafoti – payg'ambarlikning o'ninchi yili.
  16. Hadiyja roziyallohu anhoning vafoti – payg'ambarlikning o'ninchi yili.
  17. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning Savda bint Zam'a roziyallohu anhoga uylanishlari – payg'ambarlikning o'ninchi yili.
  18. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamga Quraysh ozorining shiddatli tus olishi – payg'ambarlikning o'ninchi yili.
  19. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning Toifga chiqishlari – payg'ambarlikning o'ninchi yili.
  20. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam qabilalarni Islomga da'vat qilish bilan birga, ulardan himoya so'rashlari – payg'ambarlikning o'ninchi yili.
  21. Ansorlar bilan tanishuv – payg'ambarlikning o'n birinchi yili zulhijja oyi.
  22. Oisha roziyallohu anhoga fotihalanishlari – payg'ambarlikning o'n birinchi yoki o'n ikkinchi yili.
  23. Birinchi Aqaba bay'ati – payg'ambarlikning o'n ikkinchi yili zulhijja oyi.
  24. Mus'ab ibn Umayr roziyallohu anhuning Madinaga yuborilishi – payg'ambarlikning o'n ikkinchi yili.
  25. Isro va Me'roj – payg'ambarlikning o'n uchinchi yili.
  26. Namozning farz bo'lishi – payg'ambarlikning o'n uchinchi yili.
  27. Ikkinchi Aqaba bay'ati – payg'ambarlikning o'n uchinchi yili.
  28. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning Madinaga hijratlari – payg'ambarlikning o'n to'rtinchi yili safar oyi (hijriy birinchi yil).
  29. Masjidi Nabaviy qurilishining boshlanishi – hijriy birinchi yil rabi'ul avval oyi.
  30. Azonning joriy qilinishi – hijriy birinchi yil.
  31. Musulmonlarni birodarlashtirish – hijriy birinchi yil.
  32. Urushga izn berilishi – hijriy birinchi yil.
  33. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning Oisha roziyallohu anhoga uylanishlari – hijriy birinchi yoki ikkinchi yil shavvol oyi.
  34. Qiblaning o'zgartirilishi – hijriy ikkinchi yil rajab oyi.
  35. Ro'za va zakotning farz qilinishi – hijriy ikkinchi yil sha'bon oyi.
  36. Katta Badr g'azoti – hijriy ikkinchi yil Ramazon oyining o'n ettinchi kuni.
  37. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning qizlari Ruqayya roziyallohu anhoning vafotlari – hijriy ikkinchi yil Ramazon oyi.
  38. Hazrati Aliy va Fotimalarning nikoxdari – hijriy ikkinchi yil.
  39. Banu Qaynuqo' g'azoti – hijriy ikkinchi yil shavvol oyi.
  40. Saviq g'azoti – hijriy ikkinchi yil zulhijja oyi.
  41. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning Hafsa roziyallohu anhoga uylanishlari – hijriy uchinchi yil sha'bon oyi.
  42. Uhud g'azoti – hijriy uchinchi yil shavvol oyining ettinchi kuni.
  43. Hamr – mast qiluvchi ichimliklarning butunlay harom qilinishi – hijriy uchinchi yil shavvol yoki to'rtinchi yil rabi'ul avval oyi.
  44. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning Zaynab bint Huzayma roziyallohu anhoga uylanishlari – hijriy to'rtinchi yil rabi'ul avval oyi.
  45. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning Ummu Salama roziyallohu anhoga uylanishlari – hijriy to'rtinchi yil shavvol oyining yigirma beshinchi kuni.
  46. Davmatul jandal g'azoti – hijriy beshinchi yil rabi'ul avval oyi.
  47. Handaq (Ahzob) g'azoti – hijriy beshinchi yil shavvol oyi.
  48. Banu Qurayza g'azoti – hijriy beshinchi yil zulqa'da oyi.
  49. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning Zaynab bint Jahsh roziyallohu anhoga uylanishlari – hijriy beshinchi yil zulqa'da oyi.
  50. Banu Mustaliq g'azoti – hijriy oltinchi yil sha'bon oyi.
  51. Ifk hodisasi – hijriy oltinchi yil sha'bon oyi.
  52. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning Juvayriya bint Horis roziyallohu anhoga uylanishlari – hijriy oltinchi yil sha'bon oyi.
  53. Hudaybiya sulhi – hijriy oltinchi yil zulqa'da oyi.
  54. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning atrofdagi podshoh va amirlarga da'vat maktublarini yuborishlari – hijriy oltinchi yil zulhijja oyining oxiri yoki ettinchi yil muharram oyining boshi.
  55. Haybar g'azoti – hijriy ettinchi yil muharram va safar oylari.
  56. Mut'a nikohi va eshak go'shtini eyishning harom qilinishi – hijriy ettinchi yil safar oyi, Haybar g'azoti asnosida.
  57. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning Safiyya bint Huyay roziyallohu anhoga uylanishlari – hijriy ettinchi yil, Haybar g'azotidan Madinaga qaytayotganlarida.
  58. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning Ummu Habiba bint Abu Sufyon roziyallohu anhoga uylanishlari – hijriy ettinchi yil.
  59. Zotur-riqo' g'azoti – hijriy ettinchi yil rabi'ul avval oyi.
  60. Qazo umrasi – hijriy ettinchi yil zulqa'da oyi.
  61. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning Maymuna bint Horis roziyallohu anhoga uylanishlari – hijriy ettinchi yil zulqa'da oyining oxiri, qazo umradan keyin.
  62. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning katta qizlari Zaynab roziyallohu anhoning vafotlari – hijriy sakkizinchi yil muharram oyi.
  63. Mu'ta jangi – hijriy sakkizinchi yil jumodul avval oyi.
  64. Makkaning fath qilinishi – hijriy sakkizinchi yil Ramazon oyining o'n ettinchi kuni.
  65. Hunayn g'azoti – hijriy sakkizinchi yil shavvol oyining o'ninchi kuni.
  66. Toif g'azoti – hijriy sakkizinchi yil shavvol oyi.
  67. Ji'rona umrasi – hijriy sakkizinchi yil zulqa'da oyi.
  68. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning o'g'illari Ibrohimning tug'ilishi – hijriy sakkizinchi yil zulhijja oyi.
  69. Turli qabila va yurtlardan elchi-vakillarning Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelishlari – hijriy to'qqizinchi yil.
  70. Tabuk g'azoti – hijriy to'qqizinchi yil jumodul avval oyi.
  71. Najoshiy rahmatullohi alayhning vafoti – hijriy to'qqizinchi yil rajab oyi.
  72. Ummu Kulsum roziyallohu anhoning vafotlari – hijriy to'qqizinchi yil sha'bon oyi.
  73. Riboning harom qilinishi – hijriy to'qqizinchi yil.
  74. Abu Bakr roziyallohu anhuning odamlar bilan haj qilishlari – hijriy to'qqizinchi yil zulhijja oyi.
  75. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning kenja o'g'illari Ibrohimning vafoti – hijriy o'ninchi yil jumodul oxir oyi.
  76. Vidolashuv haji – hijriy o'ninchi yil zulhijja oyi.
  77. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning vafotlari – hijriy o'n birinchi yil o'n ikkinchi rabi'ul avval.

 

KYeYINGI MAVZULAR:

Risolai muhammadiyaning insoniyatga fazli va uning olamshumul armug'onlari

Risolai muhammadiyadagi rahmatning son va sifat jihatidan qiymati

Risolai muhammadiya bashariyatni badbaxtlik va halokatdan saqlab qolgan

 

[1] «Farat» deb lashkardan oldin borib, ularning kelishiga dam oladigan joy tayyorlab turuvchiga aytiladi.

[2] Zumar surasi, 30-oyat.

[3] Oli Imron surasi, 144-oyat.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir

03.05.2025   10030   7 min.
O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir

Jonajon vatanimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot tobora yangidan yangi bosqichlarga qadam qo‘yishda davom etmoqda. Bu, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir jabhasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos bir qator islohotlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda. 
 

Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millat vakillari o‘rtasida o‘zaro diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni e’lon qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  farmonida ham ayni shu masalalar nazarda tutilgan.


Mazkur farmonda ta’kidlanishicha, jahon tamaddunida alohida o‘rin tutgan, umumbashariy taraqqiyot omili bo‘lgan ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini tarbiyalashda ulardan unumli foydalanish bu islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi.


Farmon asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, unda “...buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish” ham qayd etib o‘tilgan.


Albatta, bu vazifani bajarish nafaqat olimlar, balki bugun diniy sohada xalqqa xizmat qilayotgan barcha xodimlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, sohaning har bir xodimi tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini teran anglashi, yurtimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqqa yetkazishi, keng targ‘ib qilishi zamon talabidir.


Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati haqida so‘z ketganda, eng avvalo, turli manbalarda bu ulug‘ alloma haqida aytilgan fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir.


Ana shunday manbalardan biri, so‘zsiz, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qator asarlaridir. Shoir ijodida naqshbandiylik tariqati asosiy o‘rin tutadi. Har bir asarining g‘oyaviy mazmuni, ularda ilgari surilgan tasavvufiy qarashlar bevosita uning Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqatiga katta e’tibor berganligidan darak beradi. “Lison ut-tayr” dostoni ham bundan mustasno emas.


Asarning “Xoja Bahouddin Naqshband so‘zi fanoyi komil maqomida” bobida shoir ulug‘ allomaga shunday ta’rif beradi:


Xojai oliy sifoti arjmand,
Shah Baho ul Haq vad-din Naqshband.

Chun bu iqlim uza bo‘ldi taxtgir,
Tuzdi yo‘qluk kishvari uzra sarir.


Navoiy ta’kidlashicha, Shoh Bahouddin Naqshband oliy axloqiy sifatlarga ega zotdir. Chunonchi, u zot bu iqlim taxtiga o‘tirgach, ya’ni dunyoga kelgan kunidan boshlab, o‘zini yo‘qlik taxtida ko‘rdi. Demak, Shoh Bahouddin Naqshband hazratlarining eng ulug‘ insoniy fazilatlaridan o‘zligini anglab, xudbinlikdan kechishdir. Shoir fikrini davom ettirar ekan yozadi:


O‘z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.

Ondin o‘zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o‘ylakim xoru xase.


Haqshunos – Allohni tanigan alloma o‘zini nimaga qiyos qilsa, undan past ko‘rar, ya’ni oddiy xas sarv bilan gulning nazdida qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, u zot ham o‘z vujudini hech qachon biror narsadan ortiq ko‘rmas va butun hayoti davomida shunday kamtarlikka amal qilib yashagan. Agar insonlar o‘z hayotlarini insonparvarlik va bag‘rikenglik asosida qursalar, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zaro nizolar, qirg‘inbarot urushlar, o‘tkinchi mol-dunyo uchun qilinayotgan pastkashliklarga barham berilgan, insonlar bir-biri bilan tinch-totuv hayot kechirgan, ona zamin bag‘rida begunoh go‘daklarning qonlari daryo bo‘lib oqmagan bo‘lar edi. Ammo afsuski, bugun dunyoning turli mamlakatlarida bunday mislsiz fojialarning guvohi bo‘lib turibmiz.


Tasavvuf ahli orasida Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining: “Musibatlar juda ko‘pdir. Faqat eng buyuk musibat esa vaqtning foydasiz, bekorga ketishidir”, – degan pandu nasihati mashhurdir. Shunga ko‘ra hikoyatda naqshbandiylikning yana bir tamoyili bozgashtga ham to‘xtalib o‘tiladi. Unga ko‘ra o‘zining har bir nafasini nazorat qilgan orif uning biror lahzasi, hattoki, nafas olish va chiqarishning orasidagi onlardan biri ham, g‘aflat bilan behuda o‘tgan bo‘lsa bozgasht qilishi, ya’ni g‘aflatda kechgan har bir ishini qaytadan bajarishi lozimligini ta’kidlaydi.


Zero, ahli Haq – Allohning oshiqlari shu tariqa o‘z vujudini inkor etib, shu sabab bilan budini – borligini nabud – yo‘qlikka almashtiradiki, shoir bu o‘rinda kitobxonlarni naqshbandiylikning yana bir rashhasi “vuqufi qalbiy” – “qalbdan ogoh bo‘lish”ga qaratadi. Bu rahshaga ko‘ra solik hamisha o‘z qalbidan ogoh bo‘lishi, unda kechayotgan har bir o‘y-fikrlarni tartibga solib, hatto xayolan bo‘lsa-da, kibru havoga, manmanlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.


Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband hazratlari umrlarining oxirigacha o‘zlarida mujassam bo‘lgan fazilatlarni tark etmaganligi va shu tariqa fano bo‘lganliklarini aytib, shunday yakunlaydi:


Bo‘yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog‘ondin so‘ng asar o‘zdin yano.

Haq vujudidin baqoye topmayin,
Jomi vahdatda liqoye topmayin,

Chun fano xayliga doxil bo‘ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo‘ldilar.


Shoir ta’kidlashicha, Bahouddin Naqshband hazratlari o‘zligidan, ya’ni “men”likning kibru havolaridan kechgan holatda vafot etdilar. U kishining nazarida Haq vujudidan boshqa boqiy bo‘lmadi, o‘zining Haq nazdida hechligini anglab yetdi va fano xayli – ahliga qo‘shilib, boqiyi mutlaq – Alloh visoliga erishdi.


Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan hikoyatlar garchi hajman kichik bo‘lsa ham, Bahouddin Naqshband hazratlari ta’limotining eng asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirganligi bilan qadrlidir. O‘ylaymizki, mushtariylar bu asar tahlilini Prezidentimiz farmonlarida aytilgan “tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish” yo‘lidagi arzimas urinishlarimizdan biri sifatida qabul qiladilar va yo‘l qo‘ygan nuqson-xatolarimizni kechiradilar. Albatta, umid qilamizki, bu borada yanada teranroq qarashlar bilan boyitilgan maqolalar bilan bizni xursand etadilar.


Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari

O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir O‘zlikni anglash – ma’naviyat asosidir
Ibratli hikoyalar