Bugun, 2 noyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va bir guruh mutasaddilar Imom Buxoriy nomli Toshkent islom institutida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Toshkent islom institutining o'quv xonalariga bo'lgan ehtiyojni to'la ta'minlash maqsadida, mavjud asosiy binoni rekonstruktsiya qilish, yangi 3-qavatni qurish ishlarining borishini muftiy hazratlari ko'zdan kechirdilar. Qurilish ishlarini milliy me'morchilik an'analari va zamonaviy arxitektura talablari asosida olib borish, auditoriyalarni keng va yorug' bo'lishiga e'tibor qaratish, qurilish ishlarida qishning sovuq va yozning issiq kunlarini ham inobatga olishga urg'u qaratdilar. Shuningdek, asosiy bino peshtoqi va devorlariga Qur'oni karim oyatlari, hadisi shariflardan namunalar yozishni ham muftiy hazratlari alohida qayd etdilar.
Ma'lumot o'rnida, institutning asosiy binosiga qo'shimcha ravishda 15 ta talabalar o'quv auditoriyasi, 1 dona majlislar zali, kutubxona, 1 dona o'qituvchi va talabalar oshxonasini joylashtirilishi rejalashtirilgan.
Muftiy hazratlari ushbu o'quv dargohi hududida qad rostlayotgan 4 qavatli binoda bo'layotgan qurilish jarayonlarini ham ko'zdan kechirdilar. Hozirda mazkur binoning ichki va tashqi tomonlarida pardozlash ishlari davom ettirilmoqda. Qayd etish kerakki, ushbu binoda 30 o'rinlik tahoratxona va 30 ta xonadan iborat talabalar turar joyi – yotoqxona va boshqa qo'shimcha xonalar joylashadi.
Sadaqai joriya hisoblanmish mana shunday ishlarga hissa qo'shish, amalga oshirish va ishtirokchisi bo'lish naqadar ulug' savobli amal ekanini muftiy hazratlari izohladilar. Shuningdek, kelgusidagi rejalari ham bisyor ekanini bayon etdilar.
Tashrif so'ngida muftiy hazratlari mazkur qurilish ishlarida faollik ko'rsatgan Toshkent islom instituti rektori Uyg'un domla G'ofurov, prorektorlar, ishchi-xodimlar va usta-muhandislar haqqiga duoi xayrlar qildilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati