Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2024   |   27 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2024, 27 Jumadul soni, 1446

2. BAQARA SURASI, 180–182 OYaTLAR

1.11.2020   3183   6 min.
2. BAQARA SURASI, 180–182 OYaTLAR

كُتِبَ عَلَيۡكُمۡ إِذَا حَضَرَ أَحَدَكُمُ ٱلۡمَوۡتُ إِن تَرَكَ خَيۡرًا ٱلۡوَصِيَّةُ لِلۡوَٰلِدَيۡنِ وَٱلۡأَقۡرَبِينَ بِٱلۡمَعۡرُوفِۖ حَقًّا عَلَى ٱلۡمُتَّقِينَ١٨٠

180. Birovingizga o'lim kelganida mol-dunyo qoldirayotgan bo'lsa, ota-onasiga va qarindoshlariga munosib ravishda vasiyat etish sizlarga bitildi. Bu taqvodorlar zimmasidagi burchdir.

Bu vasiyat meros oyatlari tushishidan oldin hukmda edi. Niso surasining 7-12-oyatlaridagi meros hukmlari nozil bo'lgach, Baqara surasining ushbu 180-oyati hukmi bekor bo'lib, istehbob darajasiga tushdi, shunda ham vorisi bo'lmasa. Ammo xalq bilan muomalasi bor kishiga muomalani sof qilib ketish uchun vasiyat etish har holda farzdir.

"Vasiyat" lug'atda "etkazish, ulash, tayin qilish, amr etish" ma'nolarini bildiradi. Odatda u "molni falonchiga vasiyat qildim" kabi iboralarda ishlatiladi. Faqihlar istilohida esa o'limdan keyingi holatga bog'liq narsani xolis yaxshilik uchun mulk qilib berish "vasiyat" deyiladi. Ya'ni, bu – shariatda o'limdan keyin qo'shimcha haq sifatida sadaqa tayin qilishdir. Islomning ilk davrida ota-ona va yaqin qarindoshlar foydasiga vasiyat qilish vojib edi. Qur'oni karimning mazkur meros oyatlari tushishi bilan bu narsalar nasx (bekor) bo'lib, qolgan molni oyat asosida merosxo'rlar o'rtasida taqsim qilish joriy etilgan. Vasiyat qilish mandub bo'lib, faqat molning uchdan biriga o'tadi. Vasiyat faqat uni qilgan kishining vafotidan keyingina amalga oshiriladi. Vasiyat yozib qo'yish bilan xayrli ekani hadislarda kelgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Bir erkak yoki ayol kishi oltmish yil Alloh toatida bo'ladi. So'ng ularga o'lim kelib, zararli vasiyat qilishadi-da, do'zaxga mahkum bo'lishadi", dedilar va Niso surasining 13-14-oyatlarini o'qidilar" (Abu Dovud, Termiziy rivoyati).

فَمَنۢ بَدَّلَهُۥ بَعۡدَ مَا سَمِعَهُۥ فَإِنَّمَآ إِثۡمُهُۥ عَلَى ٱلَّذِينَ يُبَدِّلُونَهُۥٓۚ إِنَّ ٱللَّهَ سَمِيعٌ عَلِيمٞ١٨١

181. Kim buni eshitganidan keyin o'zgartirsa, gunohi o'ziga bo'lur. Alloh albatta eshituvchi va biluvchidir.

Vasiyat shariatga muvofiq bo'lsa, uni o'zgartirish gunoh bo'ladi. Ammo bir inson vasiyatida bir tomonga og'sa yoki g'alat yo noto'g'ri vasiyat qilsa, yoxud shariatga xilof vasiyat qilgan bo'lsa, bu holda har ikki tomonga shar'iy maslahat berib, isloh qilib qo'yilsa, bu o'zgartirishga kirmaydi, isloh qiluvchi gunohkor ham bo'lmaydi. Rivoyat qilishlaricha, kim vorisining (merosxo'rining) merosini olib qochsa (ya'ni, merosdan mahrum qilsa), Alloh qiyomat kuni uning jannatdagi merosini uzib qo'yadi. Sa'd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Makkadaligimda Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam meni ko'rgani keldilar. U zot men hijrat qilib chiqib ketgan erda o'lishimni istamayotgan edilar... Shunda men: «Ey Allohning Rasuli, molimning hammasini vasiyat qilaymi?» dedim. «Yo'q», dedilar. «Unda teng yarmini-chi?» dedim. «Yo'q», dedilar. «Uchdan birini-chi?» dedim. «Uchdan bir. Uchdan biri ham ko'p, chunki merosxo'rlaringni boy holida tashlab ketishing ularni odamlarning qo'lidagi narsalarni tilanadigan boqimanda qilib tashlab ketishingdan yaxshiroqdir. Sen nima nafaqa qilsang ham, u albatta sadaqadir. Hatto ayolingning og'ziga tutgan luqmang ham. Ajab emaski, Alloh seni turg'izsa-da, keyin sen tufayli ba'zi odamlarni manfaatlantirib, boshqalariga zarar etkazsa», dedilar» (Buxoriy rivoyati).

فَمَنۡ خَافَ مِن مُّوصٖ جَنَفًا أَوۡ إِثۡمٗا فَأَصۡلَحَ بَيۡنَهُمۡ فَلَآ إِثۡمَ عَلَيۡهِۚ إِنَّ ٱللَّهَ غَفُورٞ رَّحِيمٞ١٨٢

182. Kim vasiyat qiluvchining og'ishi yoki gunoh bo'lishidan qo'rqib orani isloh qilsa, unga gunoh yo'qdir. Alloh albatta mag'firatli va rahmlidir.

Oyati karimadagi "janafa" so'zi to'g'ri yo'ldan chiqish, adolatsizlik qilish ma'nolarini bildiradi. Ushbu oyatda vasiyat qilish chog'ida yo'l qo'yiladigan xato va kamchiliklar haqida zikr etilmoqda. Hayotda bunday ishlar bo'lib turadi. O'lim yoqasida turgan bir kishi qolayotgan mol-dunyosini haqdorlar qolib, ularning adabini berish maqsadida butunlay boshqa bir kishiga vasiyat qilishi mumkin. Vasiyat qiluvchi fikrini o'zgartirib, adolatsizlikka yo'l qo'yayotganini ko'rgan guvoh uni bu ishdan qaytarishga harakat qilishi kerak, agar u ko'nmay vafot etib ketsa, adolat qaror topishi uchun vasiyatni o'zgartirib bo'lsa ham meros masalasida sodir etilayotgan xatolarni tuzatishi kerak, uning bu boradagi gunohlarini mag'firatli Alloh albatta kechiradi.

“Vasiyat” so'zi lug'atda «etkazish, ulash, tayin qilish, amr etish» ma'nolarini bildiradi. Odatda u «molni falonchiga vasiyat qildim» kabi iboralarda ishlatiladi. Faqihlar istilohida esa o'limdan keyingi holatga bog'liq narsani xolis yaxshilik uchun mulk qilib berish «vasiyat» deyiladi. Ya'ni, bu shariatda o'limdan keyin qo'shimcha haq sifatida sadaqa tayin qilishdir. Islomning avvalida ota-ona va yaqin qarindoshlar foydasiga vasiyat qilish vojib edi. Qur'oni karimning meros oyatlari (Baqara, 180) tushishi bilan bu narsalar nasx (bekor) bo'lib, qolgan molni oyat asosida merosxo'rlar o'rtasida taqsim qilish joriy etilgan. Vasiyat qilish mandub bo'lib, faqat molning uchdan biriga o'tadi. Vasiyat faqat uni qilgan kishining vafotidan keyingina amalga oshiriladi. Vasiyat yozib qo'yish bilan xayrli ekani hadislarda kelgan.

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar

Juma salomi - Amallar sarhisobi

27.12.2024   2794   1 min.

No‘monxon Yahyoxon
Toshkent islom instituti talabasi