Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Yanvar, 2025   |   16 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:39
Shom
17:23
Xufton
18:41
Bismillah
16 Yanvar, 2025, 16 Rajab, 1446

Tasavvuf haqida tasavvur: ShAYH MASALASI

1.11.2020   4193   52 min.
Tasavvuf haqida tasavvur:  ShAYH  MASALASI

Tasavvuf masalalarining aksariyati bahsli bo'lsa ham, ularning ba'zilarida tortishuv haddan tashqari ko'p va ixtiloflidir. Ana shulardan biri shayx haqidagi masaladir.

Ahli tasavvufning o'zi har bir narsani shayxga bog'lab qo'ygan bo'ladi. Tasavvufning muxoliflari esa tasavvufni tanqid qilishga shayx haqidagi fikrlar va shayxlarning siyratlarini qurol qilib oladilar. Ammo o'rtacha yo'l tutganlar ham bor.

Ahli tasavvuf: «Har bir ish shayxga bog'liq, shayx bo'lmasa, hech narsa bo'lmaydi, shayxi yo'qning shayxi shaytondir», deydilar. Ba'zi birlari esa o'z shayxlari haqida mubolag'aga ketadilar. Ularning g'aybni bilishlari, qayerda bo'lsa ham, boshiga mushkulot tushgan muridiga yordam berib, balogardon bo'lishlari va boshqa g'aroyib narsalarni og'iz ko'pirtirib gapiradilar.

Bu borada har jamoa o'z shayxining dunyodagi eng ulug' murshidligini da'vo qiladi va orada nizolar ham chiqib turadi.

Tasavvufning muxoliflari esa muridlarning yuqorida zikr etilgandek beo'xshov gaplarini va shunga o'xshash boshqa gap-so'zlarni dalil qilib olib, shayxlarni shirkning sababchilari sifatida so'kadilar. Ularni turli ayblar bilan ayblaydilar.

Ammo bu masalani mo''tadil ravishda o'rganish va xulosa chiqarishga harakat qilganlar juda kam bo'ladi. Keling, ana shu juda kamlardan bo'lishga harakat qilaylik.

Hozirgi kunimizning ahli tasavvuf shayxlaridan birlari Misrdagi «Al-ashiyra al-Muhammadiya» tariqatining boshlig'i shayx Muhammad Zakiy Ibrohim janoblarining muxbirlar bergan savoliga javoblarini ko'rib chiqaylik.

Savol:

«So'fiylar muridni Robbiga etishtirish uchun shayx bo'lishi zarurligi haqida gapiradilar. Ular: «Shayxi yo'qning shayxi shaytondir», deydilar. Shu to'g'rimi?»

Javob:

«Bolam, so'fiylar bu borada to'g'ri shariat, to'g'ri tabiat, to'g'ri tajriba va to'g'ri voqelikdan kelib chiqqan holda gapiradilar.

Shariatga kelsak, Alloh taolo: «Ahli zikrdan so'ranglar», degan.

U Zot yana: «Uni xabardordan so'ra», degan.

U Zot yana: «Ana o'shalarni Alloh hidoyatga solgandir. Bas, ularning hidoyatiga iqtido qil», degan.

U Zot yana: «Menga qaytgan shaxsning yo'liga ergash», degan.

U Zot yana: «Sizlarga Ibrohimda va u bilan birga bo'lganlarda yaxshi o'rnak bor edi», degan.

Sobit hadisda: «So'rasalar bo'lmasmidi?! Axir bilmaslikning davosi so'rash-ku!» deyilgan.

Bas, shunday ekan, hidoyatga boshlovchi, o'rnak bo'luvchi, eslatuvchi va Allohga qochish va U Zotga hijrat qilish bo'yicha xabardor zarur.

Surai «Kahf»da zikr qilingan Musoning ergashish uchun murshid istashini qara! Musoning o'z murshidiga nisbatan ko'rsatgan odobiga qara!

Shuning uchun Qur'onni yod olmoqchi bo'lgan talabaga tilovat hukmlarini, uni ado etishni yaxshi biluvchi ustoz kerak. Agar oddiy kishining o'ziga qo'yib qo'yilsa, tilovatni to'g'ri o'rganib olishi mumkin emas. Balki xato o'rganishi, ma'nolarini buzib yuborishi ehtimoli kuchli.

Bu haqiqat barcha diniy va dunyoviy ilmlarga bog'liq. Turli kasbu hunar va san'atlarni o'rganish uchun mutaxassis ustoz lozim.

Agar kishiga ilm o'rgatadigan shayx bo'lmasa, u adashadi va shaytonning yo'liga yuradi hamda oxir-oqibat halokatga uchraydi. Agar kishiga boshqa hunar va kasblarni egallashda ustoz bo'lmasa, o'sha ishni yaxshi uddalay olmaydi. Shu bois ham Alloh taoloning yo'lida yurmoqchi bo'lgan solik uchun uni irshod qiluvchi ustoz lozimligi shubhasiz. Bu ustoz unga shaytonning hiylalaridan saqlanishni o'rgatadi, ibodat va muomalotlardagi nozik masalalarni oson yo'l bilan ko'rsatib beradi».

Ammo ba'zi ulamolar: «Ilmi bor kishi uchun shayx bo'lishi shart emas. Unday odam o'zi hosil qilgan ilm ila o'z yo'lini topa olishi mumkin», deydilar.

Bunday fikrdagi ulamolar jumlasiga qadimda ahli tasavvufning ulug' imomlaridan biri bo'lgan Ibrohim ibn Adham rahmatullohi alayhi ham kirganlar. U kishi o'zlariga qarab: «Menga nasihat qiling!» degan odamga: «Allohni sohib tutgin! Odamlarni chetda qo'ygin!» deganlar.

Hoja Ubaydulloh Ahror, mavlono Ya'qub Charxiy va hazrati Hoja Bahouddin rahmatullohi alayhim ham shu fikrda bo'lganlar. Faxruddin Ali Safiy «Rashahotu aynul hayot»da xoja Ubaydulloh Ahrordan quyidagilarni naql qiladilar:

«Aytur edilarki:

«Mavlono Ya'qub Charxiy alayhirrohma aytdilarkim: «Termizda bir shayxning suhbatiga bordim, u ko'p mubolag'a qilar edi. «Muridning ishi shayxsiz hech erga bormas», der edi. Unga aytdimki:

«Oyati karimada «Al-yavma akmaltu lakum dinakum va atmamtu alaykum ne'mati» – (Bugun siz uchun diningizni komil qildim va siz uchun ne'matimni to'liq etdim), deyilgan. Buning mazmuniga ko'ra, Kitob va sunnatga amal etish ila ish kifoya qilur. Kishiga zohir yuzasidan piri muqtado tutish lozim emasdir».

Ul shayxning tili tutildi. Bu so'zni hazrati Hoja Bahouddin quddisa sirruhuga aytgan edim, u kishiga ma'qul keldi va qabul ila lutf ko'rgazdilar» («Rashahot», 353-bet).

Bugungi kunda ham ilmi etarli odam o'zidan ilmi past kishini shayx qilib olmasligi, balki dinni kitoblardan o'rganib olish mumkinligini ta'kidlaydigan ulamolar bor. Ular sirasiga suriyalik mashhur olim, ko'plab kitoblar muallifi, tasavvuf ilmining katta bilimdoni Muhammad Sa'iyd Butiy kiradilar. U kishi o'zlarining «Al-hikam al-Atoiyya» kitobiga yozgan sharhlarida mazkur ma'noni ta'kidlaganlar.

Ba'zi bir ulamolar bu masalani batafsil tushuntirishga harakat qilganlar. Misol uchun, mashhur so'fiy olim shayx Ahmad Zarruq o'zlarining «Qavoidut-tasavvuf» kitoblarida quyidagilarni yozadilar:

«Andalusning mutaaxxir fuqaholari shayxlarni qo'yib, kitoblar bilan kifoyalanish haqida tortishib qoldilar. Ular turli yurtlarga maktub yozdilar. Har kim o'z bilganicha javob berdi. Jumlai javoblar uch doiradan tashqariga chiqmaydi.

  1. Shayxlarga nazar solish kerak.

Oqil, hoziq, ilm yo'llarini yaxshi bilgan kishi ta'lim shayxini qo'yib, kitoblar bilan kifoyalansa bo'ladi.

Dindor va oqil nasihatgo'yning suhbati bilan kifoyalanib, tarbiya shayxini qo'ysa bo'ladi.

Uchrashuv va tabarruk ila kifoyalanib, tarqiya shayxini qo'ysa bo'ladi.

  1. Tolibning holiga nazar solish kerak.

Ilmsiz kishi uchun uni tarbiyalovchi shayx lozim.

Oqil va bilimli kishining taraqqiyoti uchun kitob kifoya qiladi. Ammo u maqsadga etsa ham, o'zi qiynalishi turgan gap.

  1. Ko'zlangan narsalarga nazar solish kerak.

Taqvo bayon qilingan va umumiy narsa bo'lgani uchun, uni o'rganishda shayxga ehtiyoj yo'q.

Istiqomatning yaxshisini ayira bilish uchun shayx lozim. Gohida oqil kishi kitoblar o'qish va urinish tufayli shayxsiz ham maqsadiga etishi mumkin.

Tarqiyaga erishish uchun esa shayx bo'lishi lozim».

Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, tariqatda shayxning bo'lishi afzal. Boshqa ilm va hunarlarni ustozdan o'rganish o'zicha o'rganishdan afzal bo'lganidek, bu ilmda ham etuk ustoz bo'lsa, o'sha kishiga shogird tushgan afzal. Ammo o'sha etuk ustoz bo'lmasa, ilmli odam o'zi kitoblardan foydalanib ish yuritgani ma'qul.

Agar «yo'qdan ko'ra bor» qabilida ish tutib, ilmli odam ilmsiz shayxga qo'l bersa, ilmsiz kishilarga yomon o'rnak bo'lishlari ehtimoli bor. Chunki qadimda shu tariqa ish olib borish oqibatida katta va ko'p toyilishlar bo'lgan.

«Shayx» degani «odamlarning tavbasini qabul qiladigan zot» degani emas. Balki «Alloh taologa tavba qilishning oson yo'llarini o'rgatadigan ustoz» deganidir.

«Shayx» degani «amallarning farzu vojibini yangidan joriy qiladigan zot» degani emas. Balki «barcha amallarni shariat ko'rsatganidek ado etishni o'rgatadigan ustoz» deganidir.

«Shayx» degani «g'aybdan xabar beradigan zot» degani emas. Balki «kishilarni g'aybni Alloh taolodan boshqa hech kim bilmasligiga e'tiqod qilishga chaqiradigan ustoz» deganidir.

«Shayx» degani «gunoh qilishdan xoli ma'sum zot» degani emas. Balki «kishilarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o'zga hech bir ma'sum yo'qligini ta'lim beradigan ustoz» deganidir.

«Shayx» degani «o'z muridlarini qiyomat kuni shubhasiz qutqarib oladigan zot» degani emas. Balki «ularni qiyomat kuni uchun bu dunyoda tayyorgarlik ko'rishga o'rgatadigan ustoz» deganidir.

Bas, shunday ekan, kishilarni tasavvuf ilmiga o'rgatish uchun etuk ustoz lozimdir.

Ho'sh, tasavvuf ilmidagi etuk ustoz qanday sifatlarga ega bo'lishi kerak?

Alloh taolo Kahf surasida shunday marhamat qiladi:

﴿وَمَن يُضۡلِلۡ فَلَن تَجِدَ لَهُۥ وَلِيّٗا مُّرۡشِدٗا١٧

«Kimni zalolatga ketkazsa, uning uchun murshidi valiyni topa olmassan» (17-oyat).

Ushbu oyati karimada bir necha daqiq ma'nolar bor.

Birinchisi: agar Alloh taolo birovni zalolatga ketkazsa, uni murshidi valiy ham qutqara olmaydi.

Ikkinchisi: murshidi valiy odamlarning hidoyatiga sabab bo'lishi mumkin.

Uchinchisi: agar murshidi valiy bor bo'lsa, Alloh taoloning yo'liga da'vat mukammal bo'ladi. Agar inson o'ziga to'g'ri yo'lga irshod qiluvchi ustozni topsa, uning Alloh taoloning yo'liga kirishi va o'sha yo'lda yurishi osonlashadi.

Bundan dinni, xususan, tasavvuf ilmini kishilarga o'rgatish uchun murshidi valiy lozimligi kelib chiqadi.

Ahli tasavvuf: «Alloh taolo:

﴿يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ ٱتَّقُواْ ٱللَّهَ وَكُونُواْ مَعَ ٱلصَّٰدِقِينَ١١٩

«Ey iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar va sodiqlar bilan birga bo'linglar» (Tavba surasi, 119-oyat), deganda dalil qilgan sodiqlar so'fiylardir», deydilar.

Ushbu tushunchani ba'zi ahli tasavvuf mubolag'a tarzida bo'rttirib, «So'fiylardan boshqalar sodiq emasdir» degan qoidaga aylantirib oladilar. Ammo ushbu oyatdagi «sodiqlar» iborasidan «so'fiylar» degan ma'no chiqishiga ularning hech qanday dalillari yo'q.

Oyati karimadagi «sodiqlar» kimligini bilish uchun esa yana Qur'oni Karimning o'ziga murojaat qilish kerak.

Alloh taolo Baqara surasida marhamat qilib aytadiki:

۞لَّيۡسَ ٱلۡبِرَّ أَن تُوَلُّواْ وُجُوهَكُمۡ قِبَلَ ٱلۡمَشۡرِقِ وَٱلۡمَغۡرِبِ وَلَٰكِنَّ ٱلۡبِرَّ مَنۡ ءَامَنَ بِٱللَّهِ وَٱلۡيَوۡمِ ٱلۡأٓخِرِ وَٱلۡمَلَٰٓئِكَةِ وَٱلۡكِتَٰبِ وَٱلنَّبِيِّ‍ۧنَ وَءَاتَى ٱلۡمَالَ عَلَىٰ حُبِّهِۦ ذَوِي ٱلۡقُرۡبَىٰ وَٱلۡيَتَٰمَىٰ وَٱلۡمَسَٰكِينَ وَٱبۡنَ ٱلسَّبِيلِ وَٱلسَّآئِلِينَ وَفِي ٱلرِّقَابِ وَأَقَامَ ٱلصَّلَوٰةَ وَءَاتَى ٱلزَّكَوٰةَ وَٱلۡمُوفُونَ بِعَهۡدِهِمۡ إِذَا عَٰهَدُواْۖ وَٱلصَّٰبِرِينَ فِي ٱلۡبَأۡسَآءِ وَٱلضَّرَّآءِ وَحِينَ ٱلۡبَأۡسِۗ أُوْلَٰٓئِكَ ٱلَّذِينَ صَدَقُواْۖ وَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡمُتَّقُونَ١٧٧

«Yaxshilik yuzingizni mashriq yoki mag'rib tomonga burishingizgina emas. Lekin yaxshilik – Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitobga, nabiylarga iymon keltirgan va molini yaxshi ko'ra turib, yaqin qarindoshlarga, etimlarga, miskinlarga, yo'qsil yo'lchiga, tilanchilarga va qul ozod qilishga bergan hamda namozni to'kis ado etgan, zakotni bergan kishi hamda ahd qilganda, ahdiga vafo qiluvchilar, yo'qchilik, qiyinchilik va shiddat vaqtida sabr qiladiganlarnikidir. Ana o'shalar sodiq bo'lganlardir. Ana o'shalar, o'shalargina taqvodorlardir» (177-oyat).

Odatda odamlar yaxshilik matlub ekanligi haqida ixtilof qilmaydilar, balki yaxshilik nima ekanligi haqida ixtilof qiladilar. Har kim o'zining yo'lini yaxshi deb tushunadi. Yaxshilik ma'nosiga o'zicha ta'riflar keltiradi, chegaralar qo'yadi, belgilar belgilaydi. Ular ko'pincha yaxshilikni belgilashda aqllarini, ota-bobolaridan qolgan urf-odatlarni, o'zlari yashab turgan jamiyatdagi o'lchovlarni tushunadilar.

Birlari yaxshilik deb tushungan narsani boshqalari mutlaqo yomonlik deb tushunishlari ham mumkin. Demak, yaxshilikning haqiqatini mazkur hollardan ustin turuvchi jihat belgilashi kerak.

Islom dinida yaxshilik – Alloh taolo yaxshi degan narsalardir. Ularning nima ekani yuqoridagi oyatda to'liq ta'riflab berilgan.

Keling, avval ushbu oyati karimani batafsil o'rganaylik. Oyatning boshida Alloh taolo:

«Yaxshilik yuzingizni mashriq yoki mag'rib tomonga burishingizgina emas», deb, yaxshilik ma'lum bir harakat yoki gap-so'zlarni o'zicha qilish va aytish bilan bo'lib qolmasligini ta'kidlamoqda. So'ngra esa yaxshilik nimaligini ta'riflashga o'tib:

«Lekin yaxshilik – Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitobga, nabiylarga iymon keltirgan va molini yaxshi ko'ra turib, yaqin qarindoshlarga, etimlarga, miskinlarga, yo'qsil yo'lchiga, tilanchilarga va qul ozod qilishga bergan hamda namozni to'kis ado etgan, zakotni bergan kishi hamda ahd qilganda, ahdiga vafo qiluvchilar, yo'qchilik, qiyinchilik va shiddat vaqtida sabr qiladiganlarnikidir», demoqda.

Bu oyati karimada yaxshilik bir necha qismga bo'linmoqda:

  1. Iymon:

«...kim Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, Kitobga, nabiylarga iymon keltirgan...»

Ya'ni Allohga, Uning borligiga, sifatlariga, ismlariga, yagonaligiga, tarbiyachi ekanligiga, ilohligiga iymon keltirish;

Oxirat kuniga, ya'ni qiyomat bo'lishiga iymon keltirish; farishtalarga, ularning sifatlariga iymon keltirish;

Kitobga, ya'ni Alloh taolo tomonidan bandalarni hidoyatga boshlash uchun nozil qilingan ilohiy-samoviy kitoblarga iymon keltirish;

Alloh taolo yuborgan nabiylarning birortasini ham qo'ymasdan, hammasiga iymon keltirish.

Ushbu iymon keltirishlar yaxshilikning boshi va asosidir. Busiz, ya'ni iymonsiz hech qanday yaxshilik bo'lishi mumkin emas. Chunki kimning Alloh taologa, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, nabiylarga iymoni yo'q bo'lsa, undan yaxshilik chiqmaydi, chiqsa ham, doimiy bo'lmaydi, balki biror sababga bog'liq bo'ladi. O'sha sabab tugasa, yaxshiligi ham tugaydi.

  1. Mol-dunyosidan nafaqa qilish:

«...molini yaxshi ko'ra turib, yaqin qarindoshlarga, etimlarga, miskinlarga, yo'qsil yo'lchiga, tilanchilarga va qul ozod qilishga bergan...»

Yaxshi ko'rgan molidan qarindosh-urug'larga; boquvchisidan ajrab qolgan etimlarga, ya'ni boquvchisiz qolgan, balog'at yoshiga etmagan yosh bolalarga; miskinlarga, ya'ni eb-ichish va yashash uchun etarli mablag'i, daromadi yo'q kishilarga; vatangadolarga, ya'ni vatanidan uzoqda nafaqasiz qolgan odamlarga; tilanchilarga, ya'ni o'zida yashash uchun moddiy imkoniyati yo'qligidan majbur bo'lib boshqalardan moddiy yordam so'raganlarga; qul ozod qilishga, ya'ni xojasi bilan ma'lum miqdor mablag' evaziga ozodlikka chiqishni kelishib qo'ygan qullarga berish musulmon kishining yaxshiligi alomati ekan.

Mol berishni odat qilgan odam hirs, zaiflik, baxillik sirtmog'idan ozod bo'ladi. Mol-dunyoga qullikdan ozod bo'ladi. Bu yuksak insoniy fazilatdir. Faqat yuksak insoniy fazilatlar sohibigina mazkur toifadagi kishilarga xolis yordam beradi. Bu ishni qilgan inson haqiqiy yaxshilikni qilgan bo'ladi.

  1. Namoz o'qish.

«...namozni to'kis ado etgan...»

Farz namozlarni o'z vaqtida, ruku', sajda va boshqa arkonlarini joyiga qo'yib, xushu'-xuzu' bilan yaxshilab o'qish. Namozda inson ham sirti, ham ichi – butkul borlig'i bilan Allohga yuzlanadi. Unda insonning jismi ham, aqli ham, ruhi ham harakatga keladi. Namoz o'qimagan odam Alloh ta'riflagan yaxshilikni qilmagan bo'ladi.

  1. Zakot berish.

«...zakot bergan...»

Musulmonlarning boy-badavlatlari mollaridan ma'lum miqdorini haqdor birodarlariga moliyaviy ibodat sifatida beradilar. Bu ish mol egasiga Alloh tomonidan farz qilingan. Shu farzni ado etadigan odam yaxshilik qiluvchidir.

  1. Ahdiga vafo qilish.

«...Ahd qilganda ahdiga vafo qiluvchilar...»

Ahdiga vafodorlik musulmonlikning, iymonning ko'zga ko'ringan belgilaridan bo'lib, Qur'oni Karimda qayta-qayta takrorlangandir. Kim ahdiga vafo qilsa, Alloh ta'riflagan yaxshilikdan nasibador bo'lgan bo'ladi.

  1. Sabr qilish.

«...yo'qchilik, qiyinchilik va shiddat vaqtida sabr qiladiganlar...»

Faqirlik, bechoralik paytida, kasallik, bemorlik vaqtida, urush, dushmanlar bilan to'qnashuv chog'ida inson mashaqqatlarga uchraydi. Shunday hollarda sabr qilish lozim.

Sabrlilik ham iymonli musulmon kishilarning alohida oliy va zaruriy sifatlaridan hisoblanadi. U haqda avvalgi oyatlar tafsirida batafsil so'z yuritildi. Demak, turli qiyin holatlarda sabr qiluvchilar Alloh ta'riflagan yaxshilik sohiblaridan bo'lar ekanlar.

Oyatning oxirida mazkur oliymaqom sifatlarga ega bo'lganlar:

«Ana o'shalar sodiq bo'lganlardir. Ana o'shalar taqvodorlardir», deb ta'riflanmoqda.

Abu Zarr G'iforiy roziyallohu anhu Nabiy alayhissalomdan «Iymon nima?» deb so'raganlarida, Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom ushbu oyatni tilovat qilganlar. Keyin yana qayta so'raganlarida, yana shu oyatni tilovat qilganlar.

Shunday qilib, Alloh bitta oyatda e'tiqod asoslarini, jon va mol ibodatlarini birlashtirib, bir-biridan ajramaydigan qilib, ularning hammasiga «yaxshilik» deb sarlavha qo'yibdi. Shuning uchun ham ushbu unvon ostiga doxil bo'lib, unga amal qilganlarni Alloh taolo «Ana o'shalar sodiq bo'lganlardir. Ana o'shalar taqvodorlardir», deb ta'riflamoqda.

Ha, o'shalar iymonida, Islomida sodiq bo'lganlardir.

Ana o'shalar aqiydasida, amalida sodiq bo'lganlardir.

Ana o'shalar Allohning aytganini qilib, qaytarganidan qaytgan taqvodorlardir.

O'tgan azizlarimizdan Sufyoni Savriy ushbu oyatni o'qib turib: «Yaxshilikning barcha turi shu oyatdadir», deganlar.

Ibn Kasiyr rahmatullohi alayhi: «Kim shu oyat bilan sifatlansa, Islomning barcha sohalariga kirib, yaxshilikning boshidan tutgan bo'ladi», deganlar.

Alloh taolo sodiqlarni Hashr surasida quyidagicha vasf qiladi:

لِلۡفُقَرَآءِ ٱلۡمُهَٰجِرِينَ ٱلَّذِينَ أُخۡرِجُواْ مِن دِيَٰرِهِمۡ وَأَمۡوَٰلِهِمۡ يَبۡتَغُونَ فَضۡلٗا مِّنَ ٱللَّهِ وَرِضۡوَٰنٗا وَيَنصُرُونَ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥٓۚ أُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلصَّٰدِقُونَ٨

«O'z diyorlaridan va mol-mulklaridan judo qilingan, Allohdan fazl va Uning roziligini tilaydigan hamda Allohga va Uning Rasuliga yordam beradigan faqir muhojirlargadir. Ana o'shalar sodiqlardir» (8-oyat).

Muhojirlar asli makkalik kishilar bo'lib, dinu iymon deb ona yurtlarini, mol-mulklarini, qarindosh-urug'larini tashlab, Madinai Munavvaraga hijrat qilganlar (ko'chib o'tganlar). Shu sababli ularning ko'plari miskin, faqirga aylangan edilar. Ular faqat Alloh beradigan fazlni deb va Uning roziligini topamiz deb, bu mashaqqatlarga bo'yin egdilar. Qiyin ahvolga qaramasdan, Allohning ishi uchun va Payg'ambarning ishi uchun qo'llaridan kelgan barcha yordamlarini ayamadilar. Shuning uchun ham Alloh ularni «iymonlarida sodiq kishilar» deb maqtamoqda.

Yuqoridagi satrlardan sodiqlik so'fiylik yo'liga kirish bilangina paydo bo'lib qolmay, balki u ko'pgina sifatlarni o'zida jamlagan kishilarda bo'lishini anglab olamiz.

O'z-o'zidan, tariqat shayxi bo'lish uchun mazkur sifatlarning hammasini o'zida mujassam qilish lozimligi kelib chiqadi.

Dastlab o'rgangan oyatimizda shayx valiy bo'lishi kerakligi aytilgan edi. Valiy haqida ham ko'pgina fikrlar tarqalgan. Agar odamlardan «Valiy kim?» deb so'raladigan bo'lsa, «Karomat ko'rsatadigan odam» degan javobni olishimiz turgan gap.

Ammo biz odamlar orasida tarqalgan fikrga qarab emas, Qur'oni Karim oyatiga qarab hukm chiqarishimiz kerak.

Alloh taolo Yunus surasida valiylarning vasfida quyidagilarni aytadi:

أَلَآ إِنَّ أَوۡلِيَآءَ ٱللَّهِ لَا خَوۡفٌ عَلَيۡهِمۡ وَلَا هُمۡ يَحۡزَنُونَ٦٢ ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ وَكَانُواْ يَتَّقُونَ٦٣ لَهُمُ ٱلۡبُشۡرَىٰ فِي ٱلۡحَيَوٰةِ ٱلدُّنۡيَا وَفِي ٱلۡأٓخِرَةِۚ

«Ogoh bo'lingkim, Allohning do'stlariga xavf yo'qdir va ular mahzun ham bo'lmaslar. Ular iymon keltirganlar va taqvo qilganlardir. Ularga dunyo hayotida ham, oxiratda ham xushxabar bor» (62-64-oyatlar).

Ha, Alloh taoloning valiylariga bu dunyoda ham, oxiratda ham hech qanday xavf yo'q. Ular ikki dunyoda ham to'liq omonlikdadirlar. Ular bu dunyoda Alloh taologa valiy bo'lganlari uchun, U Zotning ko'rsatmalari bo'yicha halol-pok, to'g'ri yashaganlari uchun ularga hech narsa xavf-xatar solmaydi. Ularning sog'ligiga, mol-mulkiga, obro'-e'tiboriga, oilasiga, jonlariga, umuman, hech narsalariga hech qanday xavf yo'q. Shuningdek, oxiratda ham ularga do'zaxning, undagi azob-uqubatlarning hech qanday xavfi yo'q.

Alloh taoloning valiylari bu dunyo va oxiratda hech xafa ham bo'lmaslar. Ular doimo xursand bo'lurlar.

Ana o'sha baxtiyor shaxslar, Alloh taoloning do'sti bo'lish sharafiga muyassar bo'lganlar, ikki dunyoda xavfdan xoli bo'lganlar, ikki dunyoda xafa bo'lmaydiganlar kimlar?

«Ular iymon keltirganlar va taqvo qilganlardir».

Demak, Alloh taoloning valiysi bo'lish juda ham oson ekan. Buning uchun avvalo U Zotga iymon keltirish, ikkinchidan esa taqvodor bo'lish, ya'ni Alloh taoloning aytganini qilib, qaytarganidan qaytib yashash lozim ekan.

Kimning iymonida zarracha xato bo'lsa yoki Alloh taoloning ko'rsatmalari asosida emas, o'zganing yo'lida hayot kechirsa yoxud o'z-o'ziga yo'llanma tuzib olsa, u Alloh taologa valiy bo'lish baxtidan mahrumdir.

Alloh taologa do'st bo'lganlarga esa:

«Ularga dunyo hayotida ham, oxiratda ham xushxabar bor».

Alloh taoloning valiylariga ikki dunyo saodatining xushxabari bor. Ular iymonlari va taqvolari tufayli, Alloh taoloning inoyati ila avvalo bu dunyoda saodatli hayot kechiradilar. Oxiratda esa xuddi shu iymonlari va taqvolari sababli jannatga doxil bo'ladilar.

Demak, shayxda iymon va taqvo sifatlari oliy darajada bo'lishi lozim va lobud ekan.

Shayxning yana bir sifati murshid bo'lishdir.

«Murshid» degani irshod qiluvchi – kishilarni to'g'ri yo'lga boshlovchi, yaxshilik bashoratini berib, yomonlikdan ogohlantiruvchi deganidir. Bas, shayx yaxshilikning bashorati(xushxabari)ni berib, yomonlikdan ogohlantirar ekan, bu ishni Qur'oni Karimga binoan olib borishi kerak.

Bu ish qaysi asosda bo'lishi lozimligi Qur'oni Karimning Tavba surasida quyidagicha bayon qilinadi:

فَلَوۡلَا نَفَرَ مِن كُلِّ فِرۡقَةٖ مِّنۡهُمۡ طَآئِفَةٞ لِّيَتَفَقَّهُواْ فِي ٱلدِّينِ وَلِيُنذِرُواْ قَوۡمَهُمۡ إِذَا رَجَعُوٓاْ إِلَيۡهِمۡ لَعَلَّهُمۡ يَحۡذَرُونَ١٢٢

«Har jamoadan bir nafar toifa bo'lsaydi. Ular dinni chuqur anglab, qaytib kelgan vaqtla­rida qavmlarini ogohlantirardilar. Shoyadki, ular hazir bo'lsalar» (122-oyat).

Bu oyati karima va ulamolarimizning unga turli yondashuvlaridan Alloh taolo dinimizni chuqur anglab etishimizga qanchalik yuqori ahamiyat bergani yaqqol ko'rinib turibdi. Bu holat Islom jamiyati diniy ilmlarni chuqur egallagan ulamolarni etarlicha tayyorlashga alohida e'tibor berishi lozimligini ko'rsatadi. Shu bilan birga, ulamolarning jamiyatdagi o'rinlari va mas'uliyatlari yuksak ekanini ham ta'kidlaydi.

Demak, irshod qilish uchun avvalo dinda faqih bo'lish, uni chuqur anglab etish kerak. Dinda faqih bo'lish esa Qur'oni Karim va Sunnati mutohharani puxta egallashni, iymon, Islom, ehson, taqvo va shukr kabi asoslarni chuqur bilishni taqozo qiladi. Bu narsalarni a'lo darajada o'zlashtirmagan kishi dinda faqih bo'lmaydi. Binobarin, murshid, shayx ham bo'la olmaydi.

Irshodni o'ziga lozim tutishni istagan kishiga dinda faqih bo'lishning o'zi kifoya qilmaydi. Ko'pgina faqihlar bor, ammo ular kishilarni irshod qila olmaydi. Chunki ular ilm o'rganganlari bilan, uni odamlarga etkazishni bilmaydilar. Boshqacha qilib aytganda, odamlarni dinga da'vat qilish sirlaridan bexabarlar. Bu holda «qosh qo'yaman deb, ko'z chiqarish» turgan gap. Alloh taoloning yo'liga da'vat qilishning o'zi ham alohida bir ilm. Uning o'z qoidalari bor. O'sha qoidalarni puxta o'rgangan kishigina bu muhim ishni o'z o'rnida uddalay oladi.

Alloh taolo O'z yo'liga odamlarni qay yo'sinda da'vat qilish kerakligi haqida Nahl surasida quyidagilarni aytadi:

ٱدۡعُ إِلَىٰ سَبِيلِ رَبِّكَ بِٱلۡحِكۡمَةِ وَٱلۡمَوۡعِظَةِ ٱلۡحَسَنَةِۖ وَجَٰدِلۡهُم بِٱلَّتِي هِيَ أَحۡسَنُۚ

«Robbingning yo'liga hikmat va yaxshi mav'iza ila da'vat qil. Va ular ila go'zal uslubda mujodala et»(125-oyat).

Ushbu oyatda Alloh taolo Islom da'vati asoslari va uslublarini Nabiyimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga va u zot orqali da'vatchi ummatlariga bayon qilib bermoqda.

Avvalo:

«Robbingning yo'liga...»

Ya'ni da'vat Allohning yo'liga bo'lmog'i kerak ekan. Ba'zi shaxslarga, guruhlarga, toifalarga emas, faqat xolis Allohning yo'liga bo'lishi kerak.

Ikkinchidan:

«...hikmat...»

Demak, da'vat hikmat bilan amalga oshirilishi kerak. Bunda da'vat qilinayotganlarning ijtimoiy, madaniy saviyasi va boshqa omillarni e'tiborga olib, og'ir kelmaydigan yo'sinda da'vat qilish lozim.

Uchinchidan:

«...va yaxshi mav'iza ila da'vat qil».

Da'vat yaxshi mav'iza orqali yo'lga qo'yilmog'i kerak. Kishilarni qiziqtirish, rag'batlantirish uchun chiroyli so'z va gaplarni topib gapirish zarur bo'ladi. Ularni nafratlantirmaslik lozim.

To'rtinchidan:

«Va ular ila go'zal uslubda mujodala et».

So'fiylarning o'zlari aytishlaricha, tasavvuf – silsilasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga etib boradigan ilmdir. Hamma tariqatlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga borib etadi. Binobarin, o'zini irshodga loyiq ko'rgan har bir shayx Nabiy sollallohu alayhi vasallamni o'ziga mutlaq o'rnak qilib olishi kerak. Busiz irshodni da'vo qilmasa ham bo'ladi.

Hususan, har bir shayx Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Qur'oni Karimda zikr etilgan quyidagi vazifalarining davomchisi bo'lmog'i shart.

Alloh taolo Baqara surasida musulmon ummatiga xitob qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vazifalari haqida quyidagilarni aytadi:

كَمَآ أَرۡسَلۡنَا فِيكُمۡ رَسُولٗا مِّنكُمۡ يَتۡلُواْ عَلَيۡكُمۡ ءَايَٰتِنَا وَيُزَكِّيكُمۡ وَيُعَلِّمُكُمُ ٱلۡكِتَٰبَ وَٱلۡحِكۡمَةَ وَيُعَلِّمُكُم مَّا لَمۡ تَكُونُواْ تَعۡلَمُونَ١٥١

«Shuningdek, ichingizga o'zingizdan, sizlarga oyatlarimizni tilovat qiladigan, sizlarni poklaydigan, sizlarga Kitobni, hikmatni va bilmaydigan narsalaringizni o'rgatadigan Rasul yubordik» (151-oyat).

E'tibor qilinsa, ushbu oyati karimada:

 «Shuningdek, ichingizga o'zingizdan... Rasul yubordik», deyilishi musulmon ummati uchun katta baxt hisoblanadi. Oyatdagi vasf shundayki, xuddi Alloh taolo musulmonlar bilan alohida qolib, ularga O'zi bergan ne'matlarni, fazllarni birma-bir sanab berayotganga o'xshaydi:

Birinchidan:

«O'zingizdan tanlab Rasul yubordim».

Ikkinchidan:

«U Rasul sizlarga oyatlarimni tilovat qilib beradi».

Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga vorislikni da'vo qilayotgan shayx ham o'z talabalariga Alloh taoloning oyatlarini tilovat qilib, ulardan dars berishi kerak.

Uchinchidan:

«sizlarni poklaydi».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga voris bo'lgan shayx ham ruhiy tarbiya ila o'z shogirdlarini poklashi lozim. Ha, shayxlar o'z muridlarining qalblarini ma'naviy kirlardan va xastaliklardan poklashlari zarur.

To'rtinchidan:

«u Rasul sizlarga Kitobni – Qur'onni o'rgatadi».

Binobarin, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga voris bo'lgan shayx ham o'z shogirdlariga qur'oniy ta'lim bermog'i kerak.

Beshinchidan:

«hikmatni o'rgatadi».

Bu erdagi «hikmat»dan murod Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir. Demak, shayxlar o'z muridlariga Sunnati mutohharani ham o'rgatishlari kerak.

Oltinchidan:

«Bilmaydigan narsalaringizni o'rgatadi».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'z ummatlariga ular bilmaydigan narsalarni o'rgatganlari kabi, shayxlar ham o'z shogirdlariga ular bilmaydigan narsalarni o'rgatishlari lozim bo'ladi.

Yuqorida zikr qilingan dalillardan murshidi valiy darajasidagi shayx bir qancha sifatlarga ega bo'lmog'i kerakligini o'rganib oldik.

Huddi shu fikrlarni haqiqiy so'fiylarning o'zlari ham ta'kidlaganlar. Fikrimizning dalili sifatida Ibn Banno Saraqsitiy rahmatullohi alayhining so'fiylar huzurida katta maqomga ega bo'lgan «Al-mabohisul asliyya» nomli qasidasidan quyidagi baytlarni keltirishga ijozat bergaysiz:

Or bo'lsin ilmlarni rozi qilmaganga,

Mavjudu g'ayri mavjudni bilmaganga.

Or bo'lsin avval faqih bo'lmaganga,

Boshqa ahkomlarni idrok etmaganga.

Or bo'lsin haddu usulu tilni bilmaganga,

Zikr hamda hadisu burhonni bilmaganga.

Or bo'lsin ilmi holni mahkam bilmaganga,

Va ham «erlar» maqsadini idrok qilmaganga.

Or bo'lsin ma'budning sifatlarin poklamaganga,

Va ham vujudning martabalarin idrok qilmaganga.

Or bo'lsin nafsni ham aqlni va ruhni bilmaganga,

Va sharh qilingan ko'ksini idrok qila olmaganga.

Or bo'lsin nosix va mansux ilmin sirini bilmaganga,

Or bo'lsin bularni bilmay, shayxlikni da'vo qilganga.

Endi mazkur baytlardagi ma'nolarni teranroq anglab etish uchun ularni qisqacha sharh qilishga o'taylik:

Or bo'lsin ilmlarni rozi qilmaganga,

Mavjudu g'ayri mavjudni bilmaganga.

Ya'ni barcha kerakli ilmlarni o'rganmay turib, shayxlikni da'vo qiluvchiga or bo'lsin. Mavjudligi vojib, mavjudligi orizni hamda adamligi vojib va adamligi orizni ajrata olmay turib, shayxlikni da'vo qiluvchiga or bo'lsin.

Or bo'lsin avval faqih bo'lmaganga,

Boshqa ahkomlarni idrok etmaganga.

Ya'ni shayxlikni da'vo qiluvchi shaxs hamma narsadan oldin faqih bo'lmog'i, shariat ahkomlarini daqiq joylarigacha tushungan bo'lmog'i lozim. Agar shularni bilmay turib, shayxlikni da'vo qilsa, unga oru nomus bo'lsin! Chunki har narsada Alloh taoloning hukmini bilmay turib, o'sha ishlardan birortasini qilish mumkin emas. Agar o'sha shaxs shayx bo'lib, ommaning tarbiyasi ila mashg'ul bo'ladigan bo'lsa, uning faqih bo'lmog'i yana ham zarur bo'ladi. Shuningdek, bunday odam o'ziga to'qnash keladigan har bir ahkomni bilish qobiliyatiga sohib bo'lmog'i lozim.

Or bo'lsin haddu usulu tilni bilmaganga,

Zikr hamda hadisu burhonni bilmaganga.

Ya'ni shayxlikni da'vo qiluvchi shaxs yuqoridagi baytda aytilgan ilmlarni bilmasa, unga or bo'ladi:

«Hadd» – mantiq ilmi;

«Usul» – Usulul fiqh ilmi;

«Til» – arab tiliga oid sarf, nahv, balog'at, fasohat va ma'oniy kabi ilmlar;

«Zikr» – Qur'oni Karim;

«Hadis» – Sunnati Nabaviya;

«Burhon» – Ilmi aqoid.

Or bo'lsin ilmi holni mahkam bilmaganga,

Va ham «erlar» maqsadini idrok qilmaganga.

Ya'ni «ilmi hol» – tasavvufni yaxshi bilmay turib, tasavvufning «erlar»i bo'lgan katta ulamolarning gaplari, ishoralari, ramzlari va qasdlarini yaxshi bilmay turib, shayxlikni da'vo qilgan odamga or bo'lsin.

Or bo'lsin ma'budning sifatlarin poklamaganga,

Va ham vujudning martabalarin idrok qilmaganga.

Ya'ni Alloh taoloning sifatlarini U Zotga loyiq bo'lmagan sifatlardan poklamay turib, shayxlik da'vosini qilganlarga or bo'lsin. Vujudning oriz, vojib, mushohid va mug'ayyab kabi martabalarini bilmay turib, shayxlik da'vosini qilganlarga or bo'lsin.

Or bo'lsin nafsni ham aqlni va ruhni bilmaganga,

Va sharh qilingan ko'ksini idrok qila olmaganga.

Ya'ni shayxlik da'vosini qilgan shaxs nafs nima, aql nima va ruh nimaligini bilmasa, ularning orasidagi farqni anglay olmasa, unga or bo'lsin. Shayxlikni da'vo qilgan kishi Islom ila yoritilgan qalbning nimaligini, uning alomati qandayligini va unga tegishli boshqa ma'lumotlarni bilmasa, unga or bo'lsin.

Or bo'lsin, nosix va mansux ilmin sirini bilmaganga,

Or bo'lsin bularni bilmay, shayxlikni da'vo qilganga.

Ya'ni nosix va mansux ilmini bilmay turib, tasavvufda shayxlik qilishga uringan kishiga or bo'lsin. Chunki Qur'on va Sunnatda nima nosixu nima mansuxligini bilmay turib, kishilarning ruhiy tarbiyasi ila mashg'ul bo'lish o'zi zalolatga ketib, o'zgalarni ham zalolatga ketkazishdan boshqa narsa emas.

Yuqoridagi baytlarda tariqat shayxi uchun kamchilik hisoblangan ba'zi narsalar zikr qilingan bo'lsa, kelgusi baytlarda shayxning suluk bobidagi o'rni va vazifasi haqida so'z yuritiladi.

«Albatta, bu qavm musofirlarimizdir,

Haq huzuriga qayta yuruvchilarimizdir,

Safarda dalilga ham muhtojlarimizdir,

Ul yurish ham turishda basirat egamizdir,

Yo'lni bosib o'tib, qaytib kelganimizdir,

O'zi foyda topgan narsani aytganimizdir,

Undagi past-balandlardan o'tganimizdir,

Qumu tuproqlarini sinab ko'rganimizdir,

Unda borib-kelib, javlon urganimizdir,

Har bir qiru vodiyda ko'p yurganimizdir,

Havfu xatar, amnu omonni bilganimizdir,

Anhoru buloqlarni yaxshi bilganimizdir,

Cho'lu sahrolarni tinmay kezganimizdir,

G'ov va to'siqlarni qo'rqmay engganimizdir,

Suv manzillarin ishonch-la topganimizdir,

Har bir ichish joyin topib, ichganimizdir,

Ul ushbu muhim ishlar-la tik turganimizdir,

Unga: «Sen otliqlar shayxisan», deganimizdir,

«Mazkur safar bo'lur qalb bilan», deganimizdir,

«Shayx esa bu ishda tabib kabi», deganimizdir,

Ul ularning ozg'inin, semizin bilganimizdir,

Ham qattig'in, ham yumshog'in bilganimizdir».

Keyingi baytlarda qalb tabibligi uchun shayx qanday muolaja olib borishi kerakligi haqida so'z boradi. Biz esa yuqorida zikr etilgan baytlarni biroz kengroq va batafsilroq anglab etishga harakat qilaylik.

«Albatta, bu qavm musofirlarimizdir,

Haq huzuriga qayta yuruvchilarimizdir...»

Albatta, tasavvufga kirgan kishilar maqomlardan maqomlarga safar qiluvchi odamlardir. Ular iymon maqomidan Islom maqomiga, so'ngra ehson maqomiga, keyin taqvo maqomiga, undan so'ng shukr maqomiga safar qiladilar.

Yana ular Alloh taoloning ishlarini ko'rishdan Uning sifatlari va ismlarini his qilishga, nafs bemorligidan uning sog'lomligiga safar qiladilar.

Ularning safarlaridan maqsadlari Haq taoloning huzuridir. Ular bu safarlarida har maqomda bir to'xtab, asta yurib boradilar. G'aflat maqomidan sergaklik maqomiga, sergaklik maqomidan huzur maqomiga va hokazo.

«Safarda dalilga ham muhtojlarimizdir...»

Ya'ni ana shu maqomlarda safar qilishlari lozim bo'lgan, tasavvuf yo'liga kirgan kishilar o'zlariga yo'l boshlovchi dalil – yo'l ko'rsatuvchiga muhtojlar.

Ana o'sha yo'l ko'rsatuvchi – dalil bir qancha sifatlarni o'zida mujassam qilgan bo'lishi lozim:

«Ul yurish ham turishda basirat egamizdir...»

Ya'ni o'sha dalil shuki, shayx mazkur yo'lda yurishning juda ustasi bo'lishi kerak. Qachon yurib, qachon dam olishni ham yaxshi bilmog'i shart. Har bir kishini charchatmasdan, oson ravishda yo'lda yurishiga yordam berishi lozim.

«Yo'lni bosib o'tib, yana qaytganimizdir...»

Ya'ni shayx avval o'zi bu yo'lni boshidan oxirigacha yaxshilab bosib o'tgan bo'lishi kerak. Keyin boshqalarga yo'l ko'rsatish uchun qaytib kelgan bo'lmog'i lozim. So'ngra:

«O'zi foyda topgan narsani aytganimizdir...»

Ya'ni ana shu yo'lni avvalidan oxirigacha bosib o'tgan shayx o'z muridlariga o'zi topgan foydalarni gapirib berib, ularni yo'lning boshidan boshlab ketadi. Tasavvuf yo'lidagi foydalar esa zavqlar ilmi va shohidlik nurlari kabi narsalar bo'ladi. Shuning uchun ham azizlarimiz: «Shayxda to'g'ri ilm, ravshan zavq, oliy himmat va dardli holat bo'lishi kerak», deganlar.

«Undagi past-balandlardan o'tganimizdir...»

Ya'ni shayx tasavvuf yo'lidagi xokisorlik, uzlat kabi pastliklardan va nafs jihodi hamda amri ma'rufu da'vat kabi mashaqqat cho'qqilaridan o'tgan kishi bo'lmog'i shart.

«Qumu tuproqlarin sinab ko'rganimizdir...»

Ya'ni murshid shayx tasavvuf yo'lining qattig'u yumshog'ini ham nozik joylarigacha puxta bilishi kerak. Chunki u o'z muridlarining har biriga ularning tabiati va himmatiga qarab alohida muomala qilishi lozim.

«Unda borib-kelib, javlon urganimizdir...»

Shayx tasavvuf yo'lini kechasi ham, kunduzi ham yaxshi ko'ra oladigan, boshqacha qilib aytganda, bidoya va nihoya ilmlarini puxta o'zlashtirgan odam bo'lishi kerak.

«Har bir qiru vodiyda ko'p yurganimizdir...»

Ya'ni shayx tasavvuf yo'lida murid duch keladigan sinovlar va engilliklar hamda to'xtashlar va yurishlarni chuqur tushunib etgan bo'lmog'i lozim.

«Havfu xatar, amnu omonni bilganimizdir...»

Ya'ni shayx nimada muridga xavfu xatar borligini va nimada muridga amnu omon borligini oxirigacha anglab etgan shaxs bo'lishi shart.

«Havfu xatar» – keraksiz ulug'lash va ta'zim qilish, dangasalik, dunyoga ruju qo'yish kabi narsalardir.

«Amnu omon» – farzu vojib hamda sunnatlarga og'ishmay amal qilish, nafllarni ko'paytirish va ahli solihlarning suhbatlarida ko'proq bo'lish kabi narsalardir.

«Anhoru buloqlarni yaxshi bilganimizdir...»

Ya'ni shayx shariat ilmlarini va kishilarning tabiatlarini yaxshi biladigan odam bo'lishi kerak. Bu baytdagi «anhor»dan murod shariat ilmlari va «buloqlar» esa kishilar tabiatlaridir. Shayx shariat ilmlarini yaxshi bilgan va muridlarining tabiatlarini ham puxta bilgan bo'lsagina, ilm ila tabiatlarning favvora kabi otilib chiqishiga sababchi bo'ladi.

«Cho'lu sahrolarni tinmay kezganimizdir...»

Ya'ni shayx nafs balosi cho'lining shahvat tikanlari hamda qattiq joylarini ham, Alloh taoloning roziligidan uzoqda bo'lgan sahrolarini ham tinmay kezib, imtihondan butun chiqqan kishi bo'lishi kerak.

«G'ov va to'siqlarni qo'rqmay engganimizdir...»

Ya'ni shayx Alloh taoloning yo'lida yuradiganlar duch keladigan g'ovlarni ham, to'siqlarni ham muvaffaqiyat bilan engib o'tgan shaxs bo'lishi lozim.

«Suv manzillarin ishonch-la topganimizdir...»

Ya'ni shayx tasavvuf yo'lidagi chanqoqni qondiradigan suv buloqlari – yaqiyn, vara', zohidlik, xavfu rajo, tavakkul, sabr, rizo, taslim, mushohada, tazkiya, fano ammo sivalloh va baqo billah kabilardan suv ichgan bo'lishi shart.

«Har bir ichish joyini topib, ichganimizdir...»

Ya'ni shayx yuqorida zikr etilgan maqomlarning har birini topib, uning suvidan to'yib-to'yib ichgan bo'lishi kerak.

«Ul ushbu muhim ishlar-la tik turganimizdir...»

Ya'ni shayx mazkur ishlarni qoim va qoyil qilgan bir zot bo'lgani bois, barchamiz

«Unga: «Sen otliqlar shayxisan», deganimizdir...»

Ya'ni hamma odamlar uning holu sifatlarini ko'rib turib: «Sen bizning tariqatdagi shayximizsan», deb tan olgan odamgina haqiqiy shayx bo'ladi.

«Mazkur safar bo'lur qalb bilan», deganimizdir...»

Ya'ni avval boshdan vasf qilib kelinayotgan safar qalb bilan bo'ladigan safardir. Bu – ruhoniy safardir. Bu safar to'rt erdan to'rt erga bo'ladi.

Birinchisi – gunoh va g'aflat eridan tavba va sergaklik eriga bo'ladi.

Ikkinchisi – dunyoga hirs qo'yish eridan zohidlik va oxirat talabi eriga bo'ladi.

Uchinchisi – nafslarning yomonliklari va qalblarning ayblari eridan o'sha narsalardan xoli bo'lish va ularning zidlari bilan ziynatlanish eriga bo'ladi.

To'rtinchisi – borliqqa shuhud bo'lish eridan borliq Robbiga shuhud bo'lish eriga bo'ladi.

«Shayx esa bu ishda tabib kabi», deganimizdir...»

Ya'ni shayx tasavvufda xuddi hayotda bemorlarga qaraydigan tabib kabidir. Tabib kishilarning tanasidagi xastaliklarni muolaja qilsa, shayx ularning qalblaridagi xastaliklarni muolaja qiladi.

«Ul ularning ozg'inin, semizin bilganimizdir...»

Ya'ni shayx qalblarning ilmdan, amaldan, holdan, yaqiyndan, nurdan bebahra bo'lgan ozg'inini ham, ilmga, amalga, holga, yaqinga va nurga to'lgan semizini ham yaxshi bilishi kerak.

«Ham qattig'in, ham yumshog'in bilganimizdir...»

Ya'ni shayx ko'p gunoh va g'aflat tufayli qotib qolgan qalbni ham, taqvo, xushu', xuzu' ila muloyim bo'lgan qalblarni ham bilib, ularning har biriga o'ziga xos muomala qiladigan usta murabbiydir.

Mazkur sifatlarni o'zida mujassam qilgan shayxlargina haqiqiy shayxlar bo'ladilar. Ularga hech ikkilanmay ergashiladi. Ammo shayxlarni baholashda din ilmidan bexabar muridlarning maqtovlari o'lchov bo'la olmaydi.

E'tibor beradigan bo'lsak, yuqorida zikr etilgan oyat, hadis va ahli tasavvufning shayx haqidagi gaplarida bugungi shayxlar madhida aytiladigan maddohliklarning birontasi ham yo'q. Demak, duch kelganni shayx deb, etagini tutib ketaverish durust emas. Balki yuqoridagi sifatlardan ko'prog'ini o'zida mujassam qilgan shayxni axtarib, topishga harakat qilmoq lozim.

 

KYeYINGI MAVZU:

BAY_''AT HAQIDA

MURID

TARIQAT YO'LIGA KIRISh VA YuRISh

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mo‘min bandaning do‘zaxda abadiy qolmasligi bayoni

10.01.2025   12207   12 min.
Mo‘min bandaning do‘zaxda abadiy qolmasligi bayoni

 

 - 61وَذُو الإِيْمَانِ لَا يَبْقَى مُقِيمًا بِسُوءِ الذَّنْبِ فِي دَارِ اشْتِعَالِ

Ma’nolar tarjimasi: Mo‘min banda gunoh zarari tufayli alangalanib yonish diyorida muqim holatda boqiy qolmaydi.


Nazmiy bayoni:

Osiy mo‘min doimo qolmas abad hech,
Alangali diyordan chiqar erta kech.


Lug‘atlar izohi:

وَذُو الاِيْمَانِ – mubtado.

لَا – nafiy harfi.

يَبْقَى – muzori’ fe’li. Foili yashirin هُوَ zamir bo‘lib, ذُو الاِيْمَانِ ga qaytadi.

مُقِيمًا – muqim deganda biror makonda doimiy qoluvchi kishi tushuniladi.

بِ – “sababiya” ma’nosida kelgan jor harfi.

سُوءِ الذَّنْبِ – sifat mavsufga izofa qilingan, bu jumla, aslida, بِسَبَبِ الذَنْبِ السَّيِّءِ bo‘lgan.

فِي – “zarfiyat” ma’nosida kelgan jor harfi.

دَارِ اشْتِعَالِ – bu kalimadan do‘zax nazarda tutilgan. Chunki u abadiy alangalanib yonib turadi. Jor va majrur يَبْقَى fe’liga mutaalliq.


Matn sharhi:

Ahli sunna val-jamoa mazhabiga ko‘ra gunohi kabiralar qilgan mo‘min kishi tavba qilishga ulgurmasdan vafot etib ketgan bo‘lsa-da, do‘zaxda abadiy qolmaydi. Bunday kishilar qilgan osiyliklariga yarasha jazolanib, so‘ngra qalblarida iymon borligi e’tiboridan do‘zaxdan chiqariladilar. Ular haqida hadisi sharifda shunday xabar berilgan:

حَدَّثَنَا عِمْرَانُ بْنُ حُصَيْنٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ يَخْرُجُ قَوْمٌ مِنْ النَّارِ بِشَفَاعَةِ مُحَمَّدٍ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَيَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ يُسَمَّوْنَ الْجَهَنَّمِيِّينَ. رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ

Bizlarga Imron ibn Husayn roziyallohu anhumo Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan eshitganini gapirib berdi: “Bir qavm Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shafoatlari sababli do‘zaxdan chiqib, jannatga kiradilar, “jahannamiylar” deb nomlanadilar”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

Sharh: Imom Buxoriy rivoyat qilgan ushbu hadisi sharifga ko‘plab sharhlar yozilgan. Munoviyning “Taysir bi sharhi jomi’is sog‘ir” kitobida quyidagicha sharhlangan: “Bu yerda ushbu ism ishlatiladigan darajada ularning jahannamda uzoq azoblanishlariga va hatto undan chiqishlariga umid ham uzilishiga ishora bor. Shundan so‘ng ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shafoatlari bilan undan chiqariladilar”[1].

Muborakfuriyning “Tuhfatul Ahvaziy” kitobida quyidagicha sharhlangan: “Ushbu nom ularga atoqli ot bo‘lib, (jannatga kirganda ham) o‘zgarmagan bo‘ladi”.

Hofiz “Fath”da quyidagilarni keltirgan, “Nasaiy Amr ibn Amrning Anas roziyallohu anhudan qilgan rivoyatida: “Jannat ahli “anavilar jahannamiylar” deyishganida, Alloh taolo: “Ular Allohning ozod qilgan bandalaridir”, deb aytadi”, – deyilgan.

 Muslim ushbu hadisni boshqa yo‘ldan Abu Sa’iddan rivoyat qilgan. O‘sha rivoyatda: “Ular (ya’ni jahannamiylar deb nom olganlar) Allohga duo qiladilar, Alloh ulardan ushbu ismni ketkazadi”, lafzlari ziyoda qilingan”[2].

 

Jazo soqit qilinishiga sabab qilib qo‘yilgan ishlar

Dunyoda ba’zi bir ishlar borki, Alloh taolo bu ishlarni gunohkor bandalardan do‘zax azobini soqit qilishga sabab qilib qo‘ygan. Bular:

1. Tavba. Qilgan gunohlariga astoydil tavba qilgan va iymonga kelib solih ishlarni qilgan insonlarga jannat va’dasi berilgan. Zero, tavba qilish deganda ma’siyatlarni tark qilib taoatga qaytish tushuniladi.

“Illo, iymon keltirib, ezgu ishlarni qilgan zotlargina (bundan mustasnodir). Bas, ular jannatga kirurlar va ularga biror narsada nohaqlik qilinmas”[3].

2. Istig‘for. Alloh taolo istig‘for aytgan bandalarni azoblamasligini xabar bergan:

“Ular istig‘for aytib (kechirim so‘rab) turgan hollarida ham Alloh ularni azoblovchi emas”[4].

“Mag‘firat so‘rash, ya’ni gunohlarning zararidan saqlashni va ularni bekitishni so‘rab yolvorish – istig‘for deyiladi”[5].

Quyidagi kalimalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ta’lim bergan eng mashhur istig‘forlardan biri hisoblanadi:

أَسْتَغْفِرُ اللَّهَ الَّذِي لَا إِلَهَ إِلاَّ هُوَ الْحَيَّ الْقَيُّومَ وَأَتُوبُ إِلَيْهِ

“Allohdan mag‘firat so‘rayman, Undan o‘zga iloh yo‘qdir, U abadiy barhayot va butun borliqni tutib turguvchidir, Unga tavba qilaman”.

3. Yaxshi ishlar. Alloh taolo yaxshi ishlar yomonliklarni ketkazishini aytgan:

“Kunduzning ikki tarafida va kechaning bir bo‘lagida namozni to‘kis ado qil! Albatta, yaxshiliklar yomonliklarni ketkazadi. Bu esa, eslovchilarga eslatmadir”[6].

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yomon ish sodir bo‘lib qolsa, darhol uni o‘chiradigan yaxshi ishni qilishga buyurganlar:

عَنْ أَبِي ذَرٍّ الْغِفَارِيِّ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ اتَّقِ اللَّهَ حَيْثُمَا كُنْتَ وَأَتْبِعِ السَّيِّئَةَ الْحَسَنَةَ تَمْحُهَا وَخَالِقِ النَّاسَ بِخُلُقٍ حَسَنٍ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Abu Zar G‘iforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qayerda bo‘lsang ham Allohga taqvo qil, yomon ishga uni o‘chiradigan yaxshi ishni ergashtirgin, insonlarga go‘zal xulqlar bilan muomala qilgin”, – dedilar”. Imom Termiziy rivoyat qilgan.

4. Dunyoviy musibatlar. Dunyoda mo‘min kishi biror musibatga uchrasa, shu musibatlari sababli Alloh taolo uning oldin qilgan xatolarini yuvib yuboradi.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ وَأَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ مَا يُصِيبُ الْمُؤْمِنَ مِنْ وَصَبٍ وَلاَ نَصَبٍ وَلاَ هَمٍّ وَلاَ حَزَنٍ وَلاَ أَذًى وَلاَ غَمٍّ حَتَّى الشَّوْكَة يُشَاكُهَا إِلاَّ كَفَّرَ اللَّهُ مِنْ خَطَايَاهُ. رَوَاهُ اَحْمَدُ

Abu Hurayra va Abu Said Xudriy roziyallohu anhumolardan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minga biror kasallikmi, kulfatmi, g‘ammi, tashvishmi, xafalikmi yetsa, hatto tikan kirib og‘ritsa ham, albatta, Alloh xatolariga kafforot qiladi”, – dedilar”. Imom Ahmad rivoyat qilgan.

5. Mo‘minlarning tirikligida va vafotidan keyin orqasidan istig‘for aytishlari:

“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalblarimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey Robbimiz, albatta, Sen shafqatli va mehribonsan”, – derlar”[7].

6. O‘limidan keyin uning nomidan sadaqa yo haj qilish kabi ishlar:

Inson vafotidan so‘ng uning ortidan u uchun qilingan sadaqaning savobi tegishiga ushbu hadis dalildir:

أَخْبَرَنَا ابْنُ جُرَيْجٍ قَالَ أَخْبَرَنِي يَعْلَى أَنَّهُ سَمِعَ عِكْرِمَةَ يَقُولُ أَنْبَأَنَا ابْنُ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا أَنَّ سَعْدَ بْنَ عُبَادَةَ تُوُفِّيَتْ أُمُّهُ وَهُوَ غَائِبٌ عَنْهَا فَقَالَ يَا رَسُولَ اللَّهِ إِنَّ أُمِّي تُوُفِّيَتْ وَأَنَا غَائِبٌ عَنْهَا أَيَنْفَعُهَا شَيْءٌ إِنْ تَصَدَّقْتُ بِهِ عَنْهَا قَالَ نَعَمْ قَالَ فَإِنِّي أُشْهِدُكَ أَنَّ حَائِطِيَ الْمِخْرَافَ صَدَقَةٌ عَلَيْهَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

Bizlarga Ibn Jurayj xabar berdi u Ikrimaning shunday deyayotganini eshitgan ekan: “Bizga Ibn Abbos roziyallohu anhumo xabar berdi: “Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhuning onasi vafot etdi. O‘sha payt u onasining yonida emas edi. Shunda u: “Ey Allohning Rasuli, onam vafot etdi, men uning yonida yo‘q edim, agar men uning nomidan biror narsa sadaqa qilsam unga naf beradimi?” – dedi. U zot: “Ha”, – dedilar. Shunda u: “Men sizni guvoh qilamanki, mevali bog‘im uning nomidan sadaqadir”, – dedi”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

Inson vafotidan so‘ng uning ortidan u uchun qilingan hajning savobi tegishiga ushbu hadis dalildir.

عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا أَنَّ امْرَأَةً مِنْ جُهَيْنَةَ جَاءَتْ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَتْ إِنَّ أُمِّي نَذَرَتْ أَنْ تَحُجَّ فَلَمْ تَحُجَّ حَتَّى مَاتَتْ أَفَأَحُجُّ عَنْهَا قَالَ نَعَمْ حُجِّي عَنْهَا أَرَأَيْتِ لَوْ كَانَ عَلَى أُمِّكِ دَيْنٌ أَكُنْتِ قَاضِيَةً اقْضُوا اللَّهَ فَاللَّهُ أَحَقُّ بِالْوَفَاءِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Juhayna qabilasida bir ayol Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yonlariga keldi va: “Onam haj qilishni nazr qilgan edi, haj qilishga ulgurmasdan vafot etdi. Uning nomidan haj qilsam bo‘ladimi?”, – dedi. U zot: “Ha, uning nomidan haj qil, aytginchi, onangning zimmasida qarz bo‘lganida ado qilarmiding?! Allohning qarzini ado etinglar, Alloh vafoga eng haqlidir”, – dedilar”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

7. Shafoat qiluvchilarning shafoati:

Shafoat qiluvchilarning shafoatlariga sazovor bo‘lish sababidan ham Alloh taolo bandadan do‘zax azobini soqit qiladi. Shafoat va shafoat qiluvchilar haqida 28-baytning sharhida batafsil bayon qilindi.

8. Shafoatsiz ham, eng mehribon Zot Alloh taoloning avf etishi:

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِنِّي لَأَعْلَمُ آخِرَ أَهْلِ النَّارِ خُرُوجًا مِنْهَا وَآخِرَ أَهْلِ الْجَنَّةِ دُخُولًا رَجُلٌ يَخْرُجُ مِنْ النَّارِ كَبْوًا فَيَقُولُ اللَّهُ اذْهَبْ فَادْخُلِ الْجَنَّةَ فَيَأْتِيهَا فَيُخَيَّلُ إِلَيْهِ أَنَّهَا مَلْأَى فَيَرْجِعُ فَيَقُولُ يَا رَبِّ وَجَدْتُهَا مَلْأَى فَيَقُولُ اذْهَبْ فَادْخُلِ الْجَنَّةَ فَيَأْتِيهَا فَيُخَيَّلُ إِلَيْهِ أَنَّهَا مَلْأَى فَيَرْجِعُ فَيَقُولُ يَا رَبِّ وَجَدْتُهَا مَلْأَى فَيَقُولُ اذْهَبْ فَادْخُلِ الْجَنَّةَ فَإِنَّ لَكَ مِثْلَ الدُّنْيَا وَعَشَرَةَ أَمْثَالِهَا أَوْ إِنَّ لَكَ مِثْلَ عَشَرَةِ أَمْثَالِ الدُّنْيَا فَيَقُولُ تَسْخَرُ مِنِّي أَوْ تَضْحَكُ مِنِّي وَأَنْتَ الْمَلِكُ فَلَقَدْ رَأَيْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ضَحِكَ حَتَّى بَدَتْ نَوَاجِذُهُ وَكَانَ يَقُولُ ذَاكَ أَدْنَى أَهْلِ الْجَنَّةِ مَنْزِلَةً. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Men do‘zaxdan eng oxiri chiqadigan va jannatga eng oxiri kiradigan kishini aniq bilaman, u do‘zaxdan ranglari o‘chib chiqib keladi. Alloh taolo unga bor: “Jannatga kir”, – deydi. U jannatning yoniga keladi, unga jannat to‘lib ketgandek tuyuladi. U qaytadi va: “Ey Robbim, u liq to‘la”, – deydi. U zot: “Bor, jannatga kir”, – deydi. U yana jannatning yoniga keladi, unga jannat to‘lib ketgandek tuyuladi. U qaytadi va: “Ey Robbim, u liq to‘la”, – deydi. U zot: “Bor, jannatga kir, (u yerda) senga dunyocha keladigan va yana uning o‘n baravaricha keladigan, yoki senga dunyoning o‘n baravaricha keladigan joy bor”, – deydi. U: “Sen podshoh bo‘la turib meni masxara qilyapsan, yo mening ustimdan kulyapsan”, – deydi. Shunda men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oziq tishlari ko‘rinadigan darajada kulganlarini ko‘rganman. U zot sollallohu alayhi vasallam: “O‘sha kishi jannatdan eng kam joy olgan kishidir”, – dedilar”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

Shulardan ko‘rinib turibdiki, qalbida iymoni bor odam do‘zaxda abadiy qolmaydi, albatta, bir kuni undan chiqib, jannatga kiradi.

O‘shiy rahmatullohi alayh shu yergacha Ahli sunna val-jamoaning asosiy e’tiqodiy qarashlarini bayon qilgan va endi so‘zlarini yakunlashga kirishgan.


Keyingi mavzu:
Go‘zal nazmiy bayon.

 

[1] Munoviy. Taysir bi sharhi jlmi’is-sog‘ir. “Maktabatush shomila”. – B. 618.
[2] Muborakfuriy. Tuhfatul Ahfaziy. “Matabatush shomila”. – B. 318.
[3] Maryam surasi, 60-oyat.
[4] Anfol surasi, 33-oyat.
[5] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 100.
[6] Hud surasi, 114-oyat.
[7] Hashr surasi, 10-oyat.

Maqolalar