Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

JIHOD – ISLOMNI KUCh BILAN YoYIShMI?

1.11.2020   3347   16 min.
JIHOD – ISLOMNI KUCh BILAN YoYIShMI?

Bu o'rinda shuni ta'kidlash lozimki, terrorchilik bilan «jihod» orasida hech qanday munosabat, o'xshashlik va aloqa mavjud emas, balki ular orasida jiddiy qarama-qarshiliklar bor.

Jihod – Islomni kuch bilan yoyish, qurol yordamida tarqatish vositasi emas. Aksincha, dushmanlikni ketkazish, zulmni bartaraf etish va zaiflarni himoya qilish yo'lidir.

Boshqa e'tiqod vakillarini majburan dinga kiritish jihod hisoblanmaydi. Alloh taolo bunday harakatdan qaytaradi. «Baqara» surasining 256-oyatida shunday deyilgan:

 

لَا إِكْرَاهَ فِي الدِّينِ قَد تَّبَيَّنَ الرُّشْدُ مِنَ الْغَيِّ

“Dinga majbur qilish yo'q. Ba tahqiqto'g'rilik egrilikdan ajradi”.

Ulamolar biror shaxs yoki musulmon jamoa-si jihodni o'zicha e'lon qilib, urush boshlashi mumkin emasligini alohida uqtiradilar. Urush ma'nosida talqin qilinadigan jihod siyosiy masala bo'lganio'ziga xos oqibatlarni keltirib chiqargani sababli, Islom shariati faqat davlat rahbarigina bunday jihodni e'lon qilish va amalga oshirish huquqiga ega ekanini qat'iy ta'kidlaydi.

Ogoh bo'lish lozimki, jihod mazmunidagi hadislardan buzg'unchi va jinoiy harakat-larni asoslash, qon to'kishni oqlash hamda musulmonlar orasida fitna chiqarish maqsadida zinhor foydalanib bo'lmaydi. Binobarin, Qur'on va Sunnatdagi dalillarga asosan aytishimiz mumkinki, muqaddas e'tiqodimiz bunday amallarni butunlay qoralaydi. Bu aytilgan so'zlarga Qur'oni karim, hadisi sharif va jumhur musulmon ulamolarining qarorlaridan dalillarni bayon qilamiz:

Qur'oni karimdan dalil: Alloh taolo «Baqara» surasining 190-oyatida shunday degan:

 

وَقَاتِلُوا فِي سَبِيلِ اللَّهِ الَّذِينَ يُقَاتِلُونَكُمْ وَلَا تَعْتَدُوا

إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ الْمُعْتَدِينَ

“Sizga urush qilayotganlarga qarshi Allohning yo'lida urush qiling. Va tajovuzkor bo'lmang. Albatta, Alloh tajovuzkor bo'lganlarni xush ko'rmas”.

Mazkur oyati karimada urush qilgan kishilarga qarshi urush qilishlik va unda haddan oshib tajovuzkor bo'lmaslik aytilmoqda. Hattoki, urush holatida ham Islom ularga zulm va zo'ravonlik qilmaslikni buyurmoqda.

Islom dini barcha zamonlarda ham, barcha makonlarda ham va barcha holatlarda ham adolat, ezgulik tarafdori bo'lib kelgan. Jumladan, e'tiqod masalasida ham hech bir zamonda insonlarni Islomni qabul qilishlari uchun majburlamagan.

«Mumtahana» surasining 8-oyatida esa:

 

لَّا يَنْهَاكُمُ اللَّهُ عَنِ الَّذِينَ لَمْ يُقَاتِلُوكُمْ فِي الدِّينِ وَلَمْ يُخْرِجُوكُم مِّن دِيَارِكُمْ أَن تَبَرُّوهُمْ وَتُقْسِطُوا إِلَيْهِمْ إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُقْسِطِينَ

“Alloh sizlarni diniy urush qilmagan va diyorlaringizdan chiqarmaganlarga yaxshilik va adolatli muomala qilishdan sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolat qiluvchilarni yaxshi ko'radir, degan.

Bu oyati karimada esa, musulmon bo'lmagan o'zga din vakillariga nisbatan adolatli bo'lishdan tashqari, ularga yaxshi muomalada bo'lish yaxshi ekani aytilmoqda. Dunyoda o'zga din vakillariga Islom dinichalik yaxshi munosabatda bo'lishga targ'ib qilgan ta'limot bormikan?!

«Tavba» surasi 6-oyatida esa:

وَإِنْ أَحَدٌ مِّنَ الْمُشْرِكِينَ اسْتَجَارَكَ فَأَجِرْهُ حَتَّىٰ يَسْمَعَ كَلَامَ اللَّهِ ثُمَّ أَبْلِغْهُ مَأْمَنَهُ ذَٰلِكَ بِأَنَّهُمْ قَوْمٌ لَّا يَعْلَمُونَ

“Agar mushriklardan birontasi panoh so'ra-sa, unga panoh ber, toki u Allohning kalomini eshitsin. So'ngra uni omonlik joyiga etkazib qo'y. Bu ularning bilmaydigan qavm bo'lganlari uchundir”, degan.

Bu oyati karimada ham Islomning bag'rikeng-lik va mehr-shafqat dini ekanini ko'ramiz. Chunki panoh berishda ham boshpana berish va hamda bilmagan kishilar bilishi uchun sharoit muhayyo qilinishi bordir. Bundan tashqari ularni omonlik joyiga etkazib qo'yish ham aytilmoqda.

Agar Islom shariatida dinga majburlab kiritish joiz bo'lganida, g'ayri dinlar boshpana so'raganda yoki asirga tushganlarida, ular ustida bu ishni amalga oshirish eng yaxshi fursat emasmidi?!

Bu oyatlarning barchasi «Hudaybiya» sulhidan keyin, yana ham aniqroq aytsak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlarining oxirida nozil bo'lgan. Shunday ekan, ular, nasx, ya'ni hukmi bekor qilinmagan muhkam oyatlardir.

Sunnati Nabaviyyadan dalil: Anas ibn Molik roziyallohu anhu, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilib dedilar:

 

“انْطَلِقُوا بِسْمِ اللهِ , وَفِي سَبِيلِ اللهِ تُقَاتِلُونَ أَعْدَاءَ اللهِ فِي سَبِيلِ اللهِ , لاَ تَقْتُلُوا شَيْخًا فَانِيًا ، وَلاَ طِفْلاً صَغِيرًا ، وَلاَ امْرَأَةً ، وَلاَ تَغُلُّوا“.

“Allohning yo'liga Allohning ismi ila boringlar. Alloh yo'lida dushmanlaringizga qarshi urushasizlar. Keksa qariya, yosh bola va ayollarni o'ldirmang. Ularni kishanband qilmanglar”.

Bu hadisi sharifda ham musulmonlar, boshqa urush olib borayotganlardan farqli o'laroq, dushman tomonidagi qariyalar, yosh bolalar va ayollarni o'ldirmaslik hamda ularni kishanband qilib zo'ravonlik qilmasliklari buyurilmoqda. Agar majburlab Islomga kiritish joiz bo'lganida, qarshi tomonning ota-onalari, ahli ayollari va farzandlarini kishanband qilib, so'ngra maqsadlarini bayon qilsalar yaxshi imkoniyat bo'lmasmidi?!

Vaholanki, musulmon bo'lmaganlar tomonidan olib borilgan urushlarda bu hadisi sharifda aytilagan so'zlarning aksini ko'ramiz.

Ulamolarning qarori: “Abu Bakr roziyal-lohu anhu ilk xalifa bo'lganlarida Usoma roziyallohu anhu va uning atrofidagilarni jangga yuborayotib shunday vasiyat qilgandilar:

“Hiyonat qilmang, kishanband etmang, musla (ya'ni inson a'zolarini kesib olish) qilmang. Yosh bolalar va keksa-qariyalar va ayollarni o'ldirmang. Agar biror qavm yonidan o'tsangiz, ibodatxonalarida o'z ibodati ila mashg'ul kimsalarga tegmang. Ularni o'z holiga qo'ying.

Abu Bakr roziyallohu anhuning bu vasiyat-lari ulamolar qaroriga ko'ra marfuʼ hadis hukmidadir. Agar urush kufr sababli bo'lganida edi, ibodatxonasida ibodat qilib turgan yoki panoh topib turgan nomusulmon erkak va ayollarni o'ldirish vojib bo'lardi. Vaholanki yuqorida o'tgan so'zlarda, hattoki, bunga yaqin keladigan so'zni uchratmayapmiz.

Darhaqiqat, muqaddas dinimizni pok saqlash, uni turli xil g'arazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va bo'htonlardan himoya qilish, avvalam-bor, uning asl mohiyatini unib-o'sib kelayotgan yosh avlodimizga to'g'ri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu g'oyalarini keng targ'ib etish vazifasi hamon dolzarb bo'lib qolmoqda.


40 Oltin silsila. Sahihul Buxoriy. – T.: Hilol nashr, 2014. – B. 44.

41 Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. – T.: Hilol nashr, 2014.

42 Abu Bakr Abdulloh ibn Muhammad ibn Abu Shayba al-Kufiy. Musannaf Ibn Abi Shayba. J. 6. – Riyoz. Rushd, 1409/1988. – B. 483.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Duolarning ta’sirlari bayoni

10.01.2025   3818   10 min.
Duolarning ta’sirlari bayoni

 - 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ

 

Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.


Nazmiy bayoni:

Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.


Lug‘atlar izohi:

لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.

دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.

تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.

بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.

وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.

قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.

يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.

 

Matn sharhi:

Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].

Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.

Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:

“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].

Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:

“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].

Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.


Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar

Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.

Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].

Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:

“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].

Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:

“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].

Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.

Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.

Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:

“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].

Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:

عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).

Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.

Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.


Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.

 


[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.

[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.

[3] Najm surasi, 39-oyat.

[4] Baqara surasi, 286-oyat.

[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.

[6] Muhammad surasi, 19-oyat.

[7] Hashr surasi, 10-oyat.

[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.

[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.

Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm  darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.

Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:

1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);

2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);

3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);

4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);

5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);

Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.