“Halol London – 2023” nomli ikkinchi xalqaro savdo ko'rgazmasi shu yil 10 va 11 dekabr' kunlari o'tkaziladi. Unda hukumatlar, sanoat va iste'molchilar vakillari ishtirok etadi.
Ko'rgazmada dunyodagi eng yirik va mashhur ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalarining halol mahsulotlari turi namoyish etiladi. Uning doirasida “Halol iqtisodiyot anjumani – 2023” nomli xalqaro tadbir ham bo'lib o'tishi reja qilingan.
Anjumanda notiqlar xalqaro halol sanoat sohasidagi eng so'nggi ishlab chiqarish, g'oyalar va innovatsiyalarni taqdim etadi.
Ma'lumot uchun, ko'rgazmaning 2022 yilda birinchi sessiyasi o'tkazilgan edi. Unga 22 mamlakatdan 6000 nafar vakil tashrif buyurib, 150 dan ortiq eksponent ishtirokida yuzdan ortiq xalqaro va mahalliy ma'ruzachilar nutq so'zlagan edi.
E'tiborlisi, dunyo bo'yicha halol oziq-ovqat sanoatining qiymati bir trillion dollardan oshadi va bu ko'rsatkich kelajakda 20 foizga oshib, o'z sohasida eng gullab-yashnagan sanoatga aylanadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Joriy yilning 13–16 sentyabr kunlari Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi hamda uning doirasidagi bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Yig‘inlarda turkiy dunyoning yetakchi din peshvolari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov, Turkmaniston muftiyci Rahmon Qurbonmurodov kabilar boshchiligidagi turkiy davlatlar ulamolaridan iborat delegatsiyalar ishtirok etadi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi safidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi, Fatvo markazi, hududiy vakilliklar hamda oliy diniy ta’lim muassasalaridan vakillar joy olgan.
Tadbirlar doirasida ulamolar musulmon ummati uchun muhim bo‘lgan shar’iy masalalar, zamonaviy fatvolar va mushtarak tashabbuslarni muhokama qilib, yakuniy hujjatlarni imzolaydilar. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjuman, ikki tomonlama muzokaralar hamda tabarruk qadamjolar ziyorati ham rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati