Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Fevral, 2025   |   12 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:04
Quyosh
07:23
Peshin
12:42
Asr
16:10
Shom
17:55
Xufton
19:09
Bismillah
11 Fevral, 2025, 12 Sha`bon, 1446

“Hidoyat yo'lining sarboni” deb ulug'langan allomani bilasizmi?

29.10.2020   1992   5 min.
“Hidoyat yo'lining sarboni” deb ulug'langan allomani bilasizmi?

Kun tarixi

Vatanimiz tarixidagi 29 oktyabr' sanasi bilan bog'liq ayrim voqealar bayoni.

1197 yil (bundan 823 yil oldin) – buyuk faqih, imom Burhoniddin Marg'inoniy ikkinchi marta haj safariga otlanganda Samarqandni tark etishga ulgurmay og'ir xastalikdan vafot etdi. Tarixchi Abu Tohirxoja Samarqandiyning “Samariya” asarida yozilishicha, bu hodisa hijriy 593 yil zulhijja oyining o'n to'rtinchi kuni seshanbada (milodiy 1197 yil 29 oktyabrda) sodir bo'ldi. Uni musulmon olamining eng tabarruk qabristonlaridan biri – Chokardiza qabristoniga dafn etganlar.

Mavlono Burhoniddinning qabri to'g'risida Abu Tohirxoja Samarqandiy jumladan shunday deydi: “Mavlono Burhoniddin al-Marg'inoniyning mozori... Chokardiza qabristonida, katta ko'chaning kunbotarida, hovuzga o'xshagan chuqurning yonidadirkim, shu katta yo'l o'sha hovuz orqali sharqiy-shimolga qarab o'tadi. Mavlono Burhoniddinning qabri o'sha katta yo'lning janub tarafida, pishiq g'ishtdan qilingan baland sufadadir”.

Ma'lumot o'rnida qayd etish joizki, Burhoniddin Marg'inoniyning “Kitob al-Hidoya” (qisqacha nomi “Hidoya” – “To'g'ri yo'l”) asari nafaqat Movarounnahrda, balki butun islom sharqida bir necha tillarga tarjima etilib ma'lum va mashhur bo'lib ketgan. Bu kitob fiqh ilmi bo'yicha eng aniq, izchil, mukammal asardir. Undan asrlar davomida islom huquqshunosligi bo'yicha nufuzli huquqiy manba – asosiy qo'llanma sifatida foydalanilgan.

O'zbekiston Milliy entsiklopediyasida yozilishicha, alloma nafaqat ulamolar, balki oddiy xalq orasida ham “hidoyat yo'lining sarboni” deya katta hurmat-e'tibor topgan. Burhoniddin valmilla (islom dinining dalili, isboti) degan sharafli nomga sazovor bo'lgan. Hozir ham jahondagi ko'p oliy o'quv yurtlarida musulmon huquqshunosligi fanlari Burhoniddin Marg'inoniyning fiqh ta'limoti asosida o'rganiladi.

O'zbekistonda 1997 yilda milodiy sana bo'yicha ulug' alloma vafotining 800 yilligi, 2000 yilda hijriy sana bo'yicha tavalludining 910 yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Marg'ilon shahri markazida Burhoniddin Marg'inoniy yodgorlik majmui bunyod etilib, shu erda uning ramziy maqbarasi o'rnatildi.

1842 yil (bundan 178 yil oldin) – Buxoroga safar qilgan Hiva xoni Olloqulixon Hivaga qaytib keldi. Bu vaqtda 19 oktyabrdan beri Danilevskiy boshchiligidagi rus diplomatik missiyasi Hivada xonning qaytishini kutayotgan edi. Ertasi kuni biroz betob bo'lishiga qaramasdan xon rus elchilarini qabul qildi. Keyingi muzokaralar esa faqat 10 noyabrda bo'lib o'tdi. Oradan 2 hafta o'tgach, Olloqulixon dunyodan o'tdi.

1942 yil (bundan 78 yil oldin) – Ikkinchi jahon urushi davrida Shimoli-g'arbiy front, keyinchalik uchinchi Boltiqbo'yi frontida harbiylar uchun o'zbek tilida “Vatan uchun” nomli gazeta chiqa boshladi. Unda hukumatning rasmiy xabarlari, frontdagi janglar, O'zbekistondagi voqealar, xorijda sodir bo'layotgan turli yangiliklar, xullas, o'z o'quvchilarini xilma-xil axborotlar bilan tanishtirish orqali harbiylarda jangovarlik, vatanparvarlik, qahramonlik his-tuyg'ularini yuksaltirishga harakat qilingan.

1997 yil (bundan 23 yil oldin) – Toshkentda Niderlandiya Qirolligi konsulxonasining ochilish marosimi bo'lib o'tdi. G'arbiy Yevropada, Shimoliy dengiz sohilida joylashgan mazkur davlat O'zbekiston Respublikasi suverenitetini 1991 yil 31 dekabrda tan olgan, ikki davlat o'rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yil 10 iyulda o'rnatilgan.

2000 yil (bundan 20 yil oldin) – O'zbekiston Respublikasining boksni rivojlantirish va qo'llab-quvvatlash jamg'armasi tuzildi. Ma'lumot o'rnida qayd etish joizki, O'zbekistonda zamonaviy boks XX asrning 20-yillaridan ommalashdi. Tariximizdagi ilk boks musobaqasi 1922 yil Toshkentdagi “Fortuna” sport jamiyatida o'tkazilgan. O'zbekiston Respublikasi Boks federatsiyasi 1993 yildan Halqaro bokschilar assotsiatsiyasi – AIBA a'zosi.

2019 yil (bundan 1 yil oldin) – O'zbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to'g'risida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonunning maqsadi ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Alisher EGAMBYeRDIYeV

tayyorladi 

O'zA

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

"Mahri misl" nima degani?

10.02.2025   3091   3 min.

Sahih xilvatdan oldingi taloq atalgan mahrning yarmini vojib qiladi.

Bu hukm Qur’oni karimda kelgan. Alloh taolo «Baqara» surasida bunday deb marhamat qiladi:

«Agar ularga qo‘l tekkizmay turib taloq qilsangiz va mahrni belgilab qo‘ygan bo‘lsangiz, belgilanganning yarmini berasiz, magar ular afv qilsa yoki nikoh tuguni qo‘lida bo‘lgan kishi afv qilsa», (bermaysiz) (237-oyat).

Agar mahr atalmagan bo‘lsa, sahih xilvatdan oldingi taloqda «mut’a», undan keyingida «mahri misl» vojib bo‘ladi.

Bu hukm ham Qur’oni karimda kelgan. Alloh taolo «Baqara» surasida bunday marhamat qiladi:

«Agar xotinlarni, ularga qo‘l tekkizmay turib yoki ular uchun mahrni belgilamay turib, taloq qilsangiz, sizga gunoh yo‘q. Ularni boy boricha, yo‘q holicha ma’ruf ila bahramand eting. Yaxshilik qiluvchilar zimmasiga burch o‘laroq» (236-oyat).

Bu oyatda nikohdan keyin, mahrni aniqlamagan holatda, duxuldan oldin taloq qilganda nima bo‘lishi haqida so‘z ketmoqda. Avvalo, shunday holatda taloq qilish gunoh emasligi bayon qilindi.

«Agar xotinlarni, ularga qo‘l tekkizmay turib yoki ular uchun mahrni belgilamay turib, taloq qilsangiz, sizga gunoh yo‘q».

Chunki insongarchilik yuzasidan turli holatlar bo‘lib turadi. Albatta, bu taloq kelin uchun, uning ahli uchun og‘ir bo‘ladi. Umid bilan nikohdan o‘tib, orzu-havas bilan yangi turmushni ko‘zlab turganida, oilaviy hayotni boshlamay turib, taloq bo‘lishi katta musibat. Buning ustiga, do‘stu dushman, yoru birodarlarning oldida nima degan gap bo‘ladi?! Ana shu holatlarni hisobga olib, mahr hali tayin bo‘lmaganligi uchun bu kelinga «mut’a» (foyda) deb nomlangan moliyaviy taqdirlash berish shariatda ushbu oyati karima asosida joriy qilingan.

Beriladigan mut’aning miqdori kuyov tarafga bog‘liq, imkoniga qarab, ko‘proq narsa bersa, yaxshi bo‘ladi. Rivoyat qilishlaricha, imom Hasan roziyallohu anhu mut’a uchun o‘n ming dirham bergan ekanlar.

Ulamolarimiz: «Mut’a o‘z davrlarining o‘lchovida beriladi: boy bir xizmatchi olib beradi, kambag‘al uch sidra kiyim-bosh bersin», deganlar.

Shunday qilinsa, kelin tarafga yengil bo‘ladi, ko‘ngillari taskin topadi. Do‘st-dushmanning gap-so‘zidan ham qutuladilar. Chunki shunchalik mol-dunyo berish qizda ayb yo‘qligining, yigit taraf uni hurmat qilishining, ammo noilojlikdan ajralayotganining alomati bo‘ladi. Shu bilan birga, kuyov tarafni ham qiynab yuborish kerak emas.

Oyatda:

«Ularni boy boricha, yo‘q holicha ma’ruf ila bahramand eting», deyilyapti.

Kuyov taraf «yaxshilik ila» harakat qilishi kerak, shuningdek, kelin taraf ham. Oyatning oxirida foyda berish yuqori maqom ekani:

«Yaxshilik qiluvchilar zimmasiga burch o‘laroq», deb yana bir bor ta’kidlanyapti.

«Mahri misl» o‘sha yurtda, o‘sha zamonda boshqa kelinlarga odat bo‘yicha qancha mahr berish joriy bo‘lib turgan bo‘lsa, o‘sha miqdordagi mahrdir.

"Baxtiyor oila" kitobidan

Maqolalar