Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Oilada farzand tarbiyasi: TAQVO. QALB ILDIZI. HULOSA

28.10.2020   3110   50 min.
Oilada farzand tarbiyasi: TAQVO. QALB ILDIZI. HULOSA

IJTIMOIY TARBIYa MAS_''ULIYaTI

Ijtimoiy tarbiyadan maqsad – bolani yoshligidanoq odamlar bilan yaxshi muomala qilish odobiga o'rgatib, ma'naviy barkamol etib voyaga etkazishdir. Bu tarbiya ham muborak Islom aqidasi va chuqur imon tuyg'usidan oziqlanadi. Bunday tarbiya ko'rgan bola jamiyatda go'zal muomalasi, odobi, aqli bilan ajralib turadi.

Shubhasiz, bola tarbiyasi ota-ona, murabbiylar uchun muhim mas'uliyat hisoblanadi. Yuqorida aytib o'tilganidek, har qanday tarbiya imon, xulq va nafs tarbiyasining umumiy mahsulidir. Ijtimoiy nazorat va to'g'ri siyosat ta'sirida tarbiya topgan bola o'z burchlarini bajarib, odob qoidalariga rioya qiladi.

Tajribadan ma'lum, jamiyat sog'lom, kuchli va mustahkam bo'lishi uchun uning har bir a'zosi har tomonlama sog'lom bo'lishi zarur. Bu o'rinda Islom ta'limotining ijtimoiy va axloqiy tarbiyadagi beqiyos o'rnini alohida ta'kidlash muhim. Ustoz-murabbiylar ijtimoiy tarbiyada katta mas'uliyat va g'ayrat ko'rsatishlari kerak. Ijtimoiy tarbiyaning amaliy uslublari nimalardan iborat? Bu uslub to'rt ishda ko'rinadi.

  1. Fazilatli qalbni tarbiyalash.
  2. Boshqalar haqiga rioya qilish.
  3. Umumijtimoiy odoblarni o'rgatish.
  4. Nazorat va ijtimoiy tanqid.
  5. Fazilatli qalbni tarbiyalash. Islom yaxshi tarbiya qoidalarini katta-kichik, erkak-ayol, yosh va keksa odamlar qalbida hayo, odob va ezgulik qoidalariga ko'ra qoim qildi. Islomiy shaxsiyat shu xislatlar bilan mukammal va to'liq bo'ladi. Ezgu fazilatli qalbni tarbiyalashga doir Islomning bebaho ko'rsatma va to'g'ri yo'riqlari bor. Ular ijtimoiy tarbiyani etuk va mukammal qiladi. Natijada jamiyat o'zaro hamkorlik, ishonchli birdamlik, yuksak odob va o'zaro muhabbatga asoslangan holda taraqqiy topadi. Bu yo'riqlardan eng oldin­dagisi bola qalbida taqvo uyg'otishdir.

 

Taqvo

Taqvo Allohdan va azobidan qo'rqish, kechirishini va savobini umid qilishdir. U nafsni nazorat qilish bilan hosil bo'ladigan imon shuurining tabiiy samarasi va muqarrar natijasidir. Ulamolar unga quyidagicha ta'rif beradilar:

“Taqvo Alloh qaytargan ishga yaqin yo'lamaslik va buyurgan ishidan og'maslikdir”. Boshqa ba'zi ulamolar quyidagicha ta'riflaydi:

“Yaxshi amallar ila Alloh g'azabidan saqlanish va Allohdan yashirin va oshkor qo'rqish”. Qur'oni karim ko'p oyatlarda taqvo fazilatiga buyuradi va unga qiziqtirishga ahamiyat beradi. Shuning uchun sahobalar va salaf olimlar taqvoga katta e'tibor berishgan, uni topganlar, unga intilganlar va u haqda so'raganlar.

Ubay ibn Ka'b Umar ibn Hattobdan (roziyallohu anhu) taqvo haqida so'radi. U kishi: “Tikonli yo'lda yurganmisan?” dedilar. Ubay: “Ha, yurganman”, dedi. Umar ibn Hattob: “Qanday yurgansan?” deb so'radilar. U: “Kiyimimni shimardim va tirishdim”, dedi. U kishi: “Mana shu taqvo”, dedilar.

Taqvo mo'min qalbiga Allohdan qo'rqish va Uning nazoratida ekanini anglash hissini to'ldiradi. U barcha ijtimoiy odoblar manbai, gunohlar va mufsidlardan saqlovchi yagona yo'ldir. Shuningdek, u jamiyatni but qiluvchi omildir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Taqvo mana bu erda”, deb uch bor ko'krakni ko'rsatganlar. Bundan esa ijtimoiy tarbiyada qalb katta ahamiyatga ega ekani anglashiladi.

Taqvoning ta'siri haqida ba'zi namunalar: Imom G'azzoliy “Ihyo” kitobida rivoyat qiladi. Yunus ibn Ubaydning do'konida qiymati 400 dirhamlik va 200 dirhamlik matolari bor edi. Bir kuni namoz o'qish uchun masjidga ketishida o'rniga akasining o'g'lini qo'ydi. Bir a'robiy kelib 400 dirhamlik matoni so'radi. Sotuvchi unga 200 dirhamlik matoni ko'rsatdi. U uni chiroyli deb rozi bo'ldi va 400 dirhamga sotib oldi. Yo'lda unga Yunus ro'para keldi va matoni tanib qolib: “Qanchaga sotib oldingiz?” deb so'radi. U: “400 dirhamga”, dedi. Yunus: “Bu mato 200 dirhamdan baland turmaydi, uni qaytarib ber”, dedi. Shunda a'robiy: “Bizning shahrimizda 500 dirhamdan sotishadi, men bu narxga roziman”, dedi. Yunus esa: “Men bilan qayt, chunki dinimizda to'g'rilik mol-dunyo va undagi narsalardan yaxshidir”, dedi. So'ngra uni do'konga olib borib, 200 dirham qaytarib berdi. Va akasining o'g'liga bu borada tanbeh berdi. So'ngra: “Allohdan uyalmaysanmi? Allohdan qo'rqmaysanmi? Musulmonlarni aldab, pul foyda qilasanmi?” dedi. Shunda haligi xaridor: “Allohga qasam, u rozi bo'lgani uchun oldim”, dedi. Yunus: “O'zing undan rozi bo'lganingdek, unga ham rozi bo'lmaysanmi?” dedi.

Abdulloh ibn Dinor shunday rivoyat qiladi: “Umar ibn Hattob (roziyallohu anhu) bilan Makkaga yo'lga chiqdik, yo'lda dam olish uchun to'xtadik. Tog'dan bir cho'pon yonimizga keldi. Unga: “Ey cho'pon, bir qo'y sotgin”, dedik. U: “Men qulman”, dedi. Umar ibn Hattob (roziyallohu anhu) sinash uchun: “Ho'jangga bo'ri edi, deb aytgin”, dedi. Shunda cho'pon: “Ho'jayinku ishonar, lekin Allohni nima deb aldayman?” dedi. Umar ibn Hattob (roziyallohu anhu) yig'ladilar, so'ngra qul bilan bilan birga uyiga borib, uni xojasidan sotib oldi va ozod qildi. So'ng: “Bu so'z seni bu dunyoda ozod qildi, oxiratda ham (do'zaxdan) ozod qilishidan umidvorman”, dedi.

Ona bilan qiz o'rtasida bo'lib o'tgan ushbu qissani ko'pchilik biladi: ona sutga suv qo'shib, ko'proq foyda ko'rishni xohlaydi, qizi esa mo'minlar amiri bundan qaytarganini eslatadi. Ona: “Biz qayerdamiz, amir qayerda? U bizni ko'rib o'tiribdimi?” deydi. Qiz esa qat'iyat bilan qarshilik ko'rsatadi: “Mo'minlar amiri ko'rmayotgan bo'lsa ham, mo'minlar amirining Rabbisi bizni ko'rib turibdi”, deydi.

Farzandlarni taqvoga o'rgatish vojibdir.

  1. Qardoshlik (birodarlik). U ruhiy munosabat bo'lib, muhabbat va hurmatga asoslanadi. Odamlarni bir-biriga islomiy aqida aloqalari va imon, taqvo xislatlari bilan bog'laydi. Qardoshlik o'zaro hamkorlik va boshqani o'zidan ortiq ko'rishda, muloyim qalb va kechirimlilikda ko'rinadi, jamiyatning mol-joni va obro'lariga zarar beruvchi har qanday narsadan uzoq bo'lish hissini paydo qiladi.

Islom Alloh yo'lidagi qardoshlikka undaydi. Uning maqsadi, burchlari Qur'on oyatlari va hadislarda bayon qilindi.

إِنَّمَا ٱلۡمُؤۡمِنُونَ إِخۡوَةٞ

«Albatta, mo'minlar dinda o'zaro birodardirlar...»(Hujurot, 10).

سَنَشُدُّ عَضُدَكَ بِأَخِيكَ ...

«Biz seni birodaring (Horun) bilan quvvatlantirurmiz...»(Qasas, 35).

وَٱذۡكُرُواْ نِعۡمَتَ ٱللَّهِ عَلَيۡكُمۡ إِذۡ كُنتُمۡ أَعۡدَآءٗ فَأَلَّفَ بَيۡنَ قُلُوبِكُمۡ فَأَصۡبَحۡتُم بِنِعۡمَتِهِۦٓ إِخۡوَٰنٗا

«...o'zaro adovatda bo'lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo'ygan Allohning ne'matini yodda tuting. Uning ne'mati tufayli birodarlarga aylandingiz...»(Oli Imron, 103).

Imom Muslim rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Musulmon musulmonning qardoshi, unga zulm qilmaydi, (dushmanga) topshirmaydi, xorlamaydi, tahqirlamaydi. Musulmon kishining birodarlarini tahqirlashi unga yomonligiga kifoya qiladi. Musulmonga boshqa musulmonning qoni, moli va obro'si haromdir. Taqvo mana bu erda”, deb uch marta aytib, ko'kraklariga ishora qildilar.

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati: “Odam o'zi yaxshi ko'rgan narsani birodariga ilinmagunicha haqiqiy mo'min bo'la olmaydi”.

Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyati: “Do'stlashish, o'zaro mehribonlik va rahmdillikda mo'minlar bir vujudga o'xshaydi. Uning bir a'zosi azob cheksa, boshqa a'zolari ham vaqtni uyqusizlik va isitma qilish bilan o'tkazadi”.

Imom Muslim “Sahih” kitobida rivoyat qiladi. Alloh taolo qiyomat kuni: “Mening jalolim ila muhabbat qilishganlar qani? Mening soyamdan o'zga soya bo'lmagan bu kunda ularni O'z soyamga olurman”, deydi.

Asrlar osha Islom jamiyatida odamlarning o'zaro muomalasi, ko'ngil so'rashi, boshqalarni o'zidan ustun qo'yishi va o'zaro yordamni ayamasligi Alloh yo'lidagi muhabbat va qardoshlik (birodarlik) natijasidir.

Ba'zi ibratli misollar bilan tanishsak.

Hokim “Mustadrak”da rivoyat qiladi: Muoviya ibn Abu Sufyon (roziyallohu anhu) Oysha onamizga (roziyallohu anho) 80 ming dirham yubordilar. U kishi ro'zador edilar. Egnilarida eski ko'ylak. Bu pullarni o'sha vaqtning o'zida faqirlar, miskinlarga taqsimlab berdilar. Undan bir dirham ham qolmadi. Shunda u kishiga xizmatchisi: “Ey mo'minlar onasi, iftor qilish uchun o'zimizga ham biror dirham olmadingizmi?” dedi. “Ey qizim, agar eslatganingda, albatta olardim”, dedilar u zot (roziyallohu anho).

Tabaroniy “Kabir”da rivoyat qiladi. Umar ibn Hattob (roziyallohu anhu) 400 dinor pulni hamyonga soldilar va xizmatkoriga: “Buni Abu Ubayda ibn Jarrohga olib borib ber”, dedilar. Hizmatkor pulni olib bordi va: “Mo'minlar amiri siz bularni o'z hojatingizga ishlatishingizni aytdilar”, dedi. Abu Ubayda: “Alloh Umarga rahmat yog'dirsin”, dedilar, so'ngra: “Ey xizmatchi, bu etti dinorni falonchiga, bu besh dinorni falonchiga va bu besh dinorni falonchiga olib borib ber”, deb pulni taqsimladilar. Hizmatchi Umar (roziyallohu anhu) yoniga qaytib, voqeani so'zlab berdi. Umar (roziyallohu anhu) yana shuncha dirhamni Muoz ibn Jabal uchun tayyorlab qo'ygan edi. “Buni Muozga olib borib ber!” dedilar. Hizmatchi pulni olib borib berdi va: “Buni o'z hojatingizga ishlatishingizni mo'minlar amiri aytib yubordilar”, dedi. U kishi: “Alloh u kishiga rahmat yog'dirsin”, dedilar. So'ngra: Ey xizmatchi, bunchasi falonchiga va bunchasi falonchiga”, deb taqsimlayotganlarida bir ayol kelib qoldi. U Muozning xotini edi. U ayol: “Allohga qasam, biz kambag'almiz, bizga ham bering”, dedi. Hamyonda ikki dirham qolgan edi. Muoz shu ikki dirhamni ayolga otdi. Shundan so'ng xizmatchi kelib, Umarga (roziyallohu anhu) voqeani aytib berdi. Bundan Umar (roziyallohu anhu) xursand bo'ldilar va: “Ular bir-birlari bilan qardosh (birodar)dirlar”, dedilar.

Hazrat Umar (roziyallohu anhu) davrlarida qattiq qahatchilik bo'ldi. Shomdan Hazrat Usmonning ming tuyada oziq-ovqat va liboslari yuklangan karvon keldi. Tijoratchilar har tomondan bu karvondagi yuklarni sotib olish istagida yugurib kelishdi. Ularga: “Qancha foyda berasizlar”, deyildi. Ular: “Besh foiz foyda beramiz”, deyishdi. “Bu foydadan ko'proq beradiganni topdik”, deyildi. Ular: “Bu foydadan ko'proq beradiganni bilmaymiz”, dedilar. Ularga Usmon (roziyallohu anhu): “Men bir dirhamga 700 va undan ko'proq beruvchini topdim. Men Allohni topdim”, dedi va ushbu oyatni o'qidi:

مَّثَلُ ٱلَّذِينَ يُنفِقُونَ أَمۡوَٰلَهُمۡ فِي سَبِيلِ ٱللَّهِ كَمَثَلِ حَبَّةٍ أَنۢبَتَتۡ سَبۡعَ سَنَابِلَ فِي كُلِّ سُنۢبُلَةٖ مِّاْئَةُ حَبَّةٖۗ وَٱللَّهُ يُضَٰعِفُ لِمَن يَشَآءُۚ وَٱللَّهُ وَٰسِعٌ عَلِيمٌ٢٦١

“Alloh yo'lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go'yo bir donga o'xshaydiki, u har bir boshog'ida yuztadan doni bo'lgan ettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko'paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir”(Baqara, 261).

Sizlar guvohsizlar, ey savdogarlar! Karvon va undagi bug'doy va un, zaytun va sariq yog' hammasini Madina fuqaro (kambag'al)lariga hiba qildim va albatta, u musulmonlarga sadaqadir”, dedi hazrat Usmon (r.a).

Imom Buxoriy “Adab al-Mufrad” kitobida Ibn Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Bir vaqtlar keldi, biron kishi dinor va dirhamcha musulmon birodaridan haqliroq bo'lmadi”.

Bolalarimizni birodarlik, o'zaro mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash bizga vojibdir.

  1. Mehribonlik (rahmat). U qalbdagi yumshoqlik, vijdonda sezgirlik va aqlda o'tkirlikdir. Mehribon qalb boshqalarga achinadi, ular uchun azoblanadi, ularga rahm qiladi, g'am va aziyat ko'z yoshlarini aritadi (to'xtatadi). Mehribonlik mo'minga aziyat berishdan, jinoyatdan asraydi. Bunday fazilat egasi barcha insonlarga tinchlik va yaxshilikni tilaydi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) insonlarning bir-biriga mehribonligi Allohning ularga bo'lgan mehribonligidir, deb ta'riflaganlar.

Imom Termiziy, imom Abu Dovud va imom Ahmad rivoyat qiladilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Mehribonlarga Alloh mehribon bo'ladi, (erda) boshqalarga mehribon bo'linglar, sizlarga ham osmondagi Zot mehribon bo'lur”, dedilar.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mehribonlikdan mahrum bo'lganlarni baxtsiz kishi deb ta'riflaganlar.

Imom Termiziy, imom Abu Dovud va boshqalar rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Baxtsiz kishida mehribonlik bo'lmaydi” dedilar. Mo'min faqat mo'min qardoshiga emas, boshqalarga ham mehribonlik ko'rsatadi.

Tabaroniy rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobiylariga: “Bir-biringizga mehribon bo'lmaguncha mo'min bo'lmaysizlar”, dedilar. Hazrat Umar: “Yo Rasululloh, barchamiz mehribonmiz”,  dedi. Shunda u zot: “U biringiz o'z do'stiga qilgan mehribonlik emas, balki xalqqa qilingan mehribonlikdir”, dedilar. Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) bu ko'rsatmalaridan ma'lum bo'ladiki, mehribonlik faqat musulmonlarga emas, balki barcha insonlarga mehribon bo'lish ekan. Ana shunday mehribonlik insonning haqiqiy mo'minligini ko'rsatadi. Agar bunday mehribonligi bo'lmasa, inson komillikka etisholmaydi. Mo'min kishi taqvo qiladi va birovga ozor berishdan tiyiladi.

Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bir fohisha ayol itga suv bergani uchun Alloh gunohidan o'tib, unga jannat eshiklarini ochgani va boshqa bir ayol mushukni qamab qo'yib, unga suv va non bermay o'ldirgani sabab, rahmsiz ayolni do'zaxga mahkum qilgani haqida so'zlaganlar.

Demak, inson odamlarga, hayvonot va nabototga ham mehribon bo'lishi kerak. Hazrat Umar (roziyallohu anhu) bir kishi qo'yini so'yish uchun oyog'idan sudrab olib borayotganini ko'rdi. Shunda unga: “Sening holingga voy bo'lsin! Uni o'limga chiroyli holda olib bor”, dedi.

Islomiy tarbiya natijasida shakllanadigan mehribonlikka ayrim misollar keltirsak:

Tarixchilar rivoyat qiladi. Amr ibn Os Misr fathida qurgan chodirining ustiga kabutar in qurdi. Amr ketmoqchi bo'lganida inni ko'rib qoldi va chodirni buzib, qushga zulm qilishni istamadi. Chodirni buzmay tashlab ketdi. Chodir atrofida aholi ko'paydi va bu joy “Fustot”, ya'ni “Chodir” deb ataluvchi shaharga aylandi. Bu Misr shahrining eski nomidir.

Umar ibn Hattob johiliyat vaqtlarida qalbi qattik, rahm-shafqatsiz deb tanilgan edi. Islom tarbiyasi uning qalbida mehribonlik (rahmat) bulog'ini ochgach, har bir ishi uchun Alloh huzurida mas'uliyat seza boshladi. Hatto yo'l bermagani oqibatida yiqilib o'lgan xachir uchun ham o'zini javobgar hisoblardi.

Abu Bakr (roziyallohu anhu) Usoma ibn Zayd askarlariga: “Ayollarni, keksalarni va go'daklarni o'ldirmanglar, xurmo va mevali daraxtlarni kesmanglar, uylarida yolg'iz o'tirgan kishilarga tegmanglar”, deb nasihat qilgan edi.

Islom ta'limoti ayollar, keksalar va go'daklarga, mevali daraxtlarga, uyda o'tirgan tinch aholiga urush vaqtida ham zarar etkazmaslikka undaydi. Hozirda dunyoda ro'y berayotgan qo'poruvchilik va tinch aholini portla­tish kabi voqealar Islom ta'limotiga zid xatti-harakatlardir.

Musulmonlar huzuridagi vaqf mol-mulklari:

  1. Uysizlar vaqfi – uysizlarni ochlikdan saqlash, boshpana bilan ta'minlash uchun maxsus ajratilgan mol-mulk. Odamlar mol-mulkli bo'lgunicha yoki vafot etgunicha ham shu erda yashayvergan.
  2. To'ylar vaqfi – xursandchilik va to'y munosabati uchun kiyim va zeb-ziynatlarni kambag'allarga evazsiz vaqtincha beriladigan vaqf turi. Bu bilan kambag'al xursandchilik kunini toza kiyimda go'zal shaklda o'tkazadi, ko'ngli xotirjam bo'ladi, ko'pchilik orasida o'ksinmaydi.
  3. G'arib va kasal kishilar do'stlik vaqfi. Og'ir bemorlarning kasalini engillatish uchun maxsus shinavanda odam tayinlanadi. U chiroyli hikoya, ri­voyat, she'r yoki qo'shiqlar bilan xastaning ko'nglini ko'tarishga harakat qiladi.
  4. Tortiq vaqfi – biror-bir buyumni sindirib yoki berib yuborgan xizmatkor xo'jayin g'azabiga uchramasligi uchun joriy etilgan. Boshiga shunday tashvish tushsa, xizmatchi vaqf idorasiga singan buyumni berib, o'rniga yangisini oladi va bu bilan g'azabu azobdan najot topadi.

Shuningdek, ochni to'ydirish, chanqaganga suv berish va yalang'ochga kiyim berish, mayitni ko'mish, etimni kafillikka olish, iztirob chekayotgan kishiga yordam berish va ojizning ko'nglini so'rashga yo'naltirilgan vaqflar ham bor.

Shubhasiz, vaqf va xayriya jamg'armalari ilm dargohlari va boshqalarga ko'mak berishi, yaxshilikka intilish kabilar Alloh mo'minlarning ko'ngliga solgan mehribonlik (rahmat)dan qolgan izlardir.

Bu qadriyatlar asrlar osha qon-qonimizga singdi, madaniyatimizga aylandi. Biz ham farzandlarimizda shunday fazilatlarni tarbiyalashimiz lozim.

  1. Boshqani o'zidan ortiq ko'rish. Bu ruhiy tuyg'u insonning yaxshilik va foydali ishlarda boshqani o'zidan ustun qo'yishidir. Bu ishda Alloh rizoligi niyat qilinsa, imon sodiqligi, xulq va ruh pokligining birinchi qoidalari bajarilgan bo'ladi.

Bizga Qur'oni karimda Islom jamiyati a'zosi bo'lgan ansoriylarning sifatlari keltirilgani ibratdir. Bu sifatlar o'zaro muloyimlik, boshqalarni afzal ko'rish va hamdardlikda ko'rinadi.

وَٱلَّذِينَ تَبَوَّءُو ٱلدَّارَ وَٱلۡإِيمَٰنَ مِن قَبۡلِهِمۡ يُحِبُّونَ مَنۡ هَاجَرَ إِلَيۡهِمۡ وَلَا يَجِدُونَ فِي صُدُورِهِمۡ حَاجَةٗ مِّمَّآ أُوتُواْ وَيُؤۡثِرُونَ عَلَىٰٓ أَنفُسِهِمۡ وَلَوۡ كَانَ بِهِمۡ خَصَاصَةٞۚ وَمَن يُوقَ شُحَّ نَفۡسِهِۦ فَأُوْلَٰٓئِكَ هُمُ ٱلۡمُفۡلِحُونَ٩

«Ulardan (muhojirlardan) ilgari (Madinadek) diyorda yashagan va imonni saqlaganlar (ansorlar) esa o'zlari (yonlari)ga hijrat qilib kelgan kishilarni suygaylar va dillarida ularga berilgan narsa (o'ljalar) sababli hasad sezmaslar hamda o'zlarida ehtiyoj bo'la turib, (ehson qilishda boshqa muhojirlarni) ixtiyor qilurlar. Kimki o'z nafsi baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o'shalar (oxiratda) najot topuvchilardir»(Hashr, 9).

O'z ixtiyori bilan o'zidan boshqani afzal ko'rish va ijtimoiy hamdardlik ansoriylar xulqida jilolandi, bashariyat tarixida ularning o'xshashini topa olmaysiz. Ansoriylar dinlari uchun quvilgan va vatanlaridan haydalgan, dunyo ziynatlari va matolaridan uzilgan muhojir birodarlarini o'zlariga sherik qildilar. Ularga yordam berdilar. Hayot nasibalarida ularni o'zlaridan afzal ko'rdilar. Agar ulardan biri vafot etsa, ikkinchilari merosxo'r bo'lishdi.

Jamiyatda boshqani afzal ko'rish namunalari. Imom G'azzoliy “Ihyou ulumid-din” kitobida Ibn Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.

U kishi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobalaridan biriga bir qo'y kallasi hadya qilindi. Shunda u: “Mendan ham muhtojlar bordir”, dedi va qidirib topib, unga berdi. U ham o'zidan muhtojroqni izlab topib, unga berdi. Shu tarzda biridan boshqaga o'tib, hatto etti kishidan so'ng yana birinchi sahobaga qaytib keldi», dedi.

Mo'minlar onasi, Asad qabilasidan bo'lgan Zaynab binti Jahsh “ummul masakin”, ya'ni “faqirlar onasi” laqabini olganlar. Bunga o'zlaridan boshqani afzal ko'rish va hamdard bo'lishlari sabab bo'ldi.

Ibn Saad “Tabaqot” asarida rivoyat qiladi.

Baraza binti Boyi' aytib berdi. Hadyalar yig'ilganida, Umar ibn Hattob uning (Zaynabning) ulushini berib yubordi. Yuk tashuvchi kirganida: “Alloh Umarni mag'firat qilsin! Birodarlarim orasida buni taqsimlashga mendan ko'ra u munosibroq”, dedi. Shunda ular: “Buning barchasi senga”, deyishdi. “Subhanalloh”, deb kiyimi bilan uni berkitdi va: “To'kinglar va ustiga ko'ylakni tashlanglar”, dedi. Qissachi aytadi: “So'ngra menga: “Qo'lingni tiq va qismlab olib falonchining bolalariga etkazib ber, falonchining bolalariga ham... deyaverdi, hatto hadyadan faqat ko'ylak ostidagisi qoldi”. Zaynab binti Jahshga Baraza binti Boyi': “Sizni Alloh mag'firat qilsin, ey mo'minlar onasi, Allohga qasam, bunda mening haqim bor edi”, dedi. Shunda: “Ko'ylak ostidagi sizga”, dedi. Bizlar ko'ylakni olib qarasak, sakson besh dirham qolgan ekan.

Oldingi sahifalardan birida Oysha onamiz (roziyallohu anho) ming dirhamga teng bo'lgan hadyalarni faqir va kambag'allarga taqsimlab, o'zlariga iftorlik qilishlari uchun bir dirham ham qoldirmaganlari haqida rivoyat keltirilgan edi. Agar xizmatchilari eslatganida, Oysha onamiz (roziyallohu anho) albatta olar edilar, lekin boshqalarni xursand qilish uchun o'zlarini unutgan edilar.

Qurtubiy rivoyat qiladi: «Yarmuk kuni amakimning o'g'lini izlab chiqdim. Qo'limda suv bor edi. Va men: “Agar chanqagan kishi bo'lsa, suv beraman”, dedim. Nogoh amakim o'g'lini ko'rdim va: “Suv beraymi?” dedim. U boshi bilan “ha” deb ishora qildi. Shunda boshqa kishi “oh... oh...” derdi. Amakim o'g'li suvni unga berishimni ishora qildi. Borsam, u Hishom ibn Os ekan. Unga: “Suv beraymi?” dedim. U “ha” deb ishora qildi. Shunda boshqa bir kishi “oh... oh...” deganini eshitdim. Hishom unga olib borib berishimni ishora qildi. Unga borganimda u o'lgan ekan, shunda tezlik bilan Hishomga borsam, u ham o'lgan. Shundan so'ng amakimning o'g'lini yo'qladim, afsus, u ham o'lgan ekan». Ular o'zlaridan boshqani afzal ko'rgani uchun birontasi suv ichmadilar. Yaxshilikni o'zidan ko'ra boshqalarga ilinish, boshqalarni deb o'zidan kechish ulug' xulq, ulug' fazilatlardandir.

  1. Afv (kechirish). Afv (kechirish) Alloh ato etgan ulug' ruhiy tuyg'u bo'lib, kishiga birovdan ruhiy yoki jismoniy zarar etsa-yu, uni qaytarishga qurbi etaturib, haddan oshgan kishidan o'zini past tutishdir. Va bu Payg'ambarimizning (sollallohu alayhi vasallam) “Kechirimli bo'linglar”, degan ta'limlariga binoandir. Lekin kechirimlilik ham me'yoridan oshmagani durust, chunki bunday afv xorlik, xo'rlanish, o'zini pastga urish va ojizlikni bildiradi. Kechirish imonning mustahkamligiga dalolat, xulqiy sifat va ulug' islomiy odobdir.

Qur'oni karim shunga buyuradi va ko'p oyatlarda unga chaqiradi:

وَأَن تَعۡفُوٓاْ أَقۡرَبُ لِلتَّقۡوَىٰۚ وَلَا تَنسَوُاْ ٱلۡفَضۡلَ بَيۡنَكُمۡۚ

«...Kechib yuborishingiz taqvoga yaqindir. O'zaro bir-biringizga fazl (muruvvat) qilishni unutmangiz...»(Baqara, 237).

«Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo'lmas. Siz (yomonlikni) go'zalroq (muomala) bilan daf qiling! (Shunda) birdan siz bilan o'rtalaringizda adovat bo'lgan kimsa qaynoq (qalin) do'stdek bo'lib qolur» (Fussilat, 34).

وَعِبَادُ ٱلرَّحۡمَٰنِ ٱلَّذِينَ يَمۡشُونَ عَلَى ٱلۡأَرۡضِ هَوۡنٗا وَإِذَا خَاطَبَهُمُ ٱلۡجَٰهِلُونَ قَالُواْ سَلَٰمٗا٦٣

«Rahmonning (suyukli) bandalari erda kamtarona yuradigan, johil kimsalar (bema'ni) so'z qotganda, “Salomatlik bo'lsin!” deb javob qiladigan kishilardir»(Furqon, 63).

وَٱلۡكَٰظِمِينَ ٱلۡغَيۡظَ وَٱلۡعَافِينَ عَنِ ٱلنَّاسِۗ وَٱللَّهُ يُحِبُّ ٱلۡمُحۡسِنِينَ١٣٤

“...g'azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar”(Oli Imron, 134).

Ma'lumki, mo'min kishi halim, kechiruvchan va muruvvatli bo'lsa, u muloyimlik, oliy xulq va chiroyli his-tuyg'uda boshqalarga o'rnak bo'ladigan darajaga etadi. Bamisoli pok, sof farishtadek bo'ladi. Halim, kechiruvchan, muruvvatli bo'lib o'tgan salaflarning hayotlaridan ba'zi namunalar keltiramiz:

Abdulloh ibn Tohir bunday hikoya qiladi: Ma'munning huzurida edim. U xizmatchisini “Ey xizmatchi!” deb chaqirdi. Hech kim javob bermadi. So'ngra ikkinchi bor qichqirib: “Ey xizmatchi!” dedi. Shunda bir turk xizmatchi kirib keldi va: “Hizmatchi eb-ichmasinmi, har qachon yoningizdan ketsak, ey xizmatchi, ey xizmatchi, deb qichqirasiz?” dedi. Ma'mun boshini uzoq vaqt egib turdi va menga qarab: “Ey Abdulloh, agar xojasining xulqi chiroyli bo'lsa, xizmatchisining xulqi yomon bo'lar ekan. Men xizmatchimning xulqi yaxshi bo'lsin deb, o'zimning xulqimni yomon qila olmayman”, dedi.

Zaynul Obidin ibn Husayn (roziyallohu anhu) xizmatchisini ikki marta chaqirdi, u javob bermadi. Shunda Zaynul Obidin: “Chaqirganimni eshitdingmi?” deb so'radi. Hizmatchi: “Eshitdim”, dedi. Shunda u kishi: “Javob berishdan seni nima qaytardi?” dedi. Hizmatchi: “Sizdan tinchman va xulqingiz halimligini bilaman, shu bois javobda erindim”, dedi. U kishi: “Hizmatchimni mendan tinch-omon qilgan Allohga shukrlar bo'lsin”, dedi.

Yana shu kishidan rivoyat qilinadi:

Bir kuni u kishi masjidga chiqdi. Masjidda bir odam uni haqoratladi. Shunda u kishining xizmatchisi uni urmoqchi bo'lgan edi, Zaynul Obidin uni qaytardi. Va ularga: “Qo'llaringni tiyinglar” deb, so'ngra o'sha odamga qarab: “Hoy, men sen aytganingdan ham ziyodman. Men sen bilganingdan ko'pini bilaman. Agar xohlasang, aytib beraman”, dedi. Shunda u odam uyalib, qilgan ishidan xijolat chekdi. So'ngra Zaynul Obidin ko'ylaklarini echdi va unga ming dirham berishga buyurdi. U odam ketar ekan: “Guvohlik beraman, albatta bu yigit Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) avlodlaridan”, dedi.

Yana u kishidan rivoyat qilinadi.

Bir kun xizmatchisi sopol oftobada suv quyib turganida, oftoba tushib ketib sindi, Zaynul Obidinning oyoqlari jarohatlandi. Hizmatchi shoshib: Ey xo'jayin, Alloh:

وَٱلۡكَٰظِمِينَ ٱلۡغَيۡظَ

«...g'azablarini yutadigan...»(Oli Imron, 134) dedi.

Shunda Zaynul Obidin “g'azabimni yutdim”, dedi. Va xizmatchi dedi:

وَٱلۡعَافِينَ عَنِ ٱلنَّاسِۗ

«...odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir»(Oli Imron, 134).

Shunda u kishi: “Seni kechirdim”, dedi. Hizmatchi yana:

وَٱللَّهُ يُحِبُّ ٱلۡمُحۡسِنِينَ١٣٤

«... Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar»(Oli Imron, 134) dedi.

Shunda Zaynul Obidin: “Alloh yo'lida ozodsan”, dedi. Hizmatchi qul edi, ozod bo'ldi.

Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: Uyayna ibn Hasan kelgach, amakisining o'g'li Harr ibn Qays uyiga tushdi. U kishi Umarga yaqin kishilardan edi. Chunki u kishi mo'minlar amirining keksa va yosh mashvarat ashoblarini mehmon qilar edi. Uyayna mo'minlar amiriga: “Kirishga izn bering”, dedi. Unga izn berdi. U kirgach: “Ey Ibn Hattob, Allohga qasam, bizga ko'p bermading va bizning o'rtamizda odillik bilan hukm chiqarmading”, dedi. Umar g'azablandi, hatto unga tashlanmoqchi bo'ldi. Shunda Harr: “Ey mo'minlar amiri, Alloh taolo Payg'ambariga bunday dedi:

خُذِ ٱلۡعَفۡوَ وَأۡمُرۡ بِٱلۡعُرۡفِ وَأَعۡرِضۡ عَنِ ٱلۡجَٰهِلِينَ١٩٩

«Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o'giring!»(A'rof, 199).

Allohning kalomi o'qilganida u to'xtadi.

“Sababi nuzul”da keladi. Musattah ismli kishi Abu Bakrga (roziyallohu anhu) xolavachcha edi. U munofiqlar ifk hodisasida Oysha onamiz (roziyallohu anho) obro'larini tushirish uchun tarqatgan mish-mish tufayli taqvo qilmadi. Musattah shu o'rinda Islom haqini, yaqinlik va o'zaro birdamlik haqini unutdi. Abu Bakrning (roziyallohu anhu) jahlini chiqardi va o'rtadagi yaqinlikni uzish uchun bordi-keldi qilmaslikka qasam ichdi. Shunda bu oyat nozil bo'ldi:

وَلَا يَأۡتَلِ أُوْلُواْ ٱلۡفَضۡلِ مِنكُمۡ وَٱلسَّعَةِ أَن يُؤۡتُوٓاْ أُوْلِي ٱلۡقُرۡبَىٰ وَٱلۡمَسَٰكِينَ وَٱلۡمُهَٰجِرِينَ فِي سَبِيلِ ٱللَّهِۖ وَلۡيَعۡفُواْ وَلۡيَصۡفَحُوٓاْۗ أَلَا تُحِبُّونَ أَن يَغۡفِرَ ٱللَّهُ لَكُمۡۚ وَٱللَّهُ غَفُورٞ رَّحِيمٌ٢٢

«Sizlardan fazilat va keng mol-mulk egalari qarindoshlarga, miskinlarga va muhojirlarga Alloh yo'lida ehson qilmaslikka qasam ichmasin, balki ularni afv qilib, kechirsinlar! Alloh sizlarni mag'firat qilishini istamaysizmi?! Alloh mag'firatli va rahmlidir»(Nur, 22).

Shundan so'ng Abu Bakr uni kechirdi, quchog'iga oldi va  “Alloh meni mag'firat qilishini yaxshi ko'raman”, deb avvalgidek hadyalar bera boshladi.

Sahobalarning bu xulqlari qanchalar ibratli, ulug' bo'lgan. Ulardan o'rnak olib halimlikni, muruvvatpeshalikni farzandlarimizga ham singdirsak, uning mevasi qanchalar totli bo'lar edi.

Imom Abu Dovud Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) rivoyat qiladi: U zot: “Kim qodir bo'laturib g'azabini yutsa, qiyomat kuni Alloh xaloyiq ichida chaqiradi, hatto, “huri ayn”dan tanlash ixtiyori beriladi”, dedilar.

Tabaroniy Ubbod ibn Somitdan rivoyat qiladi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlarga nima bilan Alloh binolarni baland va darajalarini yuqori qilishining xabarini beraymi?” dedilar. Ular: “Ha, ey Allohning rasuli”, dedilar. Shunda u zot (alayhissalom): “Senga johillik qilganga halim bo'l, zulm qilganni afv qil, senga bermaganga bergin va sendan uzilganga bog'lan”, dedilar.

Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) ko'rsatmalari va ibratli xulqlari insonning ulug' darajaga ko'tarilishiga sabab bo'ladi. U kishining ko'rsatmalariga ko'ra, o'ch olishga kuchi eta turib afv qilgan kishiga qiyomatda hurlardan tanlash ixtiyori berilishi juda katta mukofotdir.

  1. Jur'at (jasorat). U bandasi uchun berilgan ruhiy quvvatdir. Farzandlarimiz Allohning yakka-yagonaligiga, farishtalariga, kitoblariga, payg'ambarlariga, yaxshiyu yomonlik etishi Hudodan ekaniga, oxirat kuniga imon keltirish, pok sunnatlarga amal qilish va oiladagi go'zal tarbiya orqali jur'atli bo'lib boradilar. Shuningdek, jur'atli bo'lish uchun o'zi yashayotgan jamiyatning nizomlarini, qomusini yaxshi bilish kerak. Bu o'z-o'zidan yana oila va maktabdagi ta'lim-tarbiyaga borib taqaladi. Ho'sh, insondagi jur'at fazilati qay paytlarda yaqqol namoyon bo'ladi? Yana sahobalar hayotiga murojaat qilamiz.

Abu Bakr (roziyallohu anhu) Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) keyingi mo'minlarning eng afzali bo'lganlar. U kishi haqida: “Allohga qasam, agar Abu Bakrning imoni bilan er ahli imonini taroziga tortilsa, albatta, Abu Bakrning imoni og'ir keladi”, deganlar.

Abu Bakrning Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafot etgan kundagi holatlari. Musulmonlar sarosimaga tushgan, qayg'u ularni es-hushidan ayirgan. Hazrat Umar (roziyallohu anhu): “Kim Muhammad o'ldi desa, bo'ynini shu qilichim bilan kesaman!” dedi. Shu o'rinda Abu Bakr to'xtab, baland ovozda azon aytdi va: “Kim Muhammadga ibodat qilayotgan bo'lsa, u vafot etdi, kim Allohga ibodat qilayotgan bo'lsa, U tirik, barhayot”, dedi va Alloh taoloning quyidagi oyatini o'qidi:

وَمَا مُحَمَّدٌ إِلَّا رَسُولٞ قَدۡ خَلَتۡ مِن قَبۡلِهِ ٱلرُّسُلُۚ أَفَإِيْن مَّاتَ أَوۡ قُتِلَ ٱنقَلَبۡتُمۡ عَلَىٰٓ أَعۡقَٰبِكُمۡۚ وَمَن يَنقَلِبۡ عَلَىٰ عَقِبَيۡهِ فَلَن يَضُرَّ ٱللَّهَ شَيۡ‍ٔٗاۗ وَسَيَجۡزِي ٱللَّهُ ٱلشَّٰكِرِينَ١٤٤

«Muhammad payg'ambardir, xolos. Undan oldin ham payg'ambarlar o'tgan. Mabodo, u o'lsa yoki o'ldirilsa, ortingizga (kufrga) qaytib ketasizmi?! Ortiga qaytgani bilan hech kim Allohga sira zarar etkaza olmas. Alloh shukr qiluvchilarni, albatta, mukofotlagay»(Oli Imron, 144).

Undan keyingi holatlari. Musulmonlar Payg'ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) o'limidan oldin rejalashtirilgan Usoma askarlarini Shomga yuborish borasida ikkilanib qoldilar. Sahobalar Abu Bakrdan bu askarlarni to'xtatishni talab qiladilar, sababi Payg'ambarning (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan keyin nimalar bo'lishini hech kim bilmasdi. Lekin Abu Bakr ularga qat'iyat bilan javob berdi va: “Abu Bakrning joni ko'lida bo'lgan Zotga qasamki, agar yirtqich meni olib ketishini o'ylasam ham, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) buyurgandek, Usomani jo'nataman. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qo'llari bilan bog'lagan tugunni echmayman. Agar qishloqda mendan boshqa hech kim qolmasa ham, albatta uni jo'nataman”, dedi.

Abu Bakrning Islomdan qaytib, zakotdan bosh tortgan murtadlar jangidagi holati. Musulmonlar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafot etganlaridan keyin, xuddi Oysha (roziyallohu anho) aytganlaridek, yomg'irli kechada qolgan qo'ylarga o'xshab qoldilar. Hatto ba'zi musulmonlar Abu Bakrga: “Ey Rasululloh xalifasi, arablarning hammasi bilan kurashishga sizning toqatingiz etmaydi. Uyingizga kiring va eshikni berkitib, sizga haqiqat xabari kelguncha Rabbingizga ibodat qiling”, dedilar. Abu Bakr Allohdan qo'rqib, tezda ko'ziga yosh oluvchi, ipakdek yumshoq, onadek mehribon, halim kishi bo'ldilar. Ammo haqiqat oldida dengizdek jo'shqin, sherdek jur'atli kishiga aylandilar. U kishi hazrat Umarga qarab: “Johiliyat davrida kuchli bo'lgan odam Islomda zaifmi?! Batahqiq, vahiy to'liq mukammal bo'ldi. Allohga qasam, Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) beriladigan tuyalar zakotidan meni kim man qilsa, albatta, ular bilan urushaman. Allohga qasam, qo'lim qilichni ushlar ekan, albatta ular bilan jang qilaman”, deb qichqirdi. Umar (roziyallohu anhu): “Batahqiq, Alloh Abu Bakr qalbini jangga ochdi”, dedi. Bildik, u haq edi (Ustoz Yusuf Qarzoviyning “Imon va hayot” kitobidan).

Haqiqatni aytishga jasorat fazilati eng ulug' jiddu jahddir. Imom Abu Dovud, Imom Termiziy va Ibn Moja Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) rivoyat qiladi:

U zot (alayhissalom): “Jahdning afzali haq so'zni sulton (podshoh)ga aytishdir”, derdilar. Shuning uchun Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qayerda bo'lsa ham, sahobalaridan haqiqatni aytishga va'dalarni olar edilar.

Imom Muslim “Sahih” kitobida Ubboda ibn Somitdan rivoyat qiladi: “Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) qiyinchilik va engillikda ham itoat qilishga, ish ahlida ochiq kufrni ko'rganida va Allohdan dalil bo'lganda qarshi chiqishga va qayerda bo'lsa ham Alloh yo'lida malomatchilar malomatidan qo'rqmasdan haqiqatni aytishga so'z berdik”, dedi.

قَالَ مُتۡرَفُوهَآ إِنَّا وَجَدۡنَآ ءَابَآءَنَا عَلَىٰٓ أُمَّةٖ وَإِنَّا عَلَىٰٓ ءَاثَٰرِهِم مُّقۡتَدُونَ٢٣

«...u joyning maishatparastlari: “Albatta, bizlar ota-bobolarimizni (ma'lum) bir din uzra topdik va albatta, bizlar ularning izlaridan ergashuvchidirmiz”, deganlar»(Zuxruf, 23).

Shundan so'ng sulton o'sha qovoqxonani yopishga buyruq berdi.

Abu Hozim deb kunyalangan Salama ibn Dinor Muoviyaning huzuriga kirganida: “Assalomu alaykum, ey xodim”, der edi. Shunda Abu Hozimga: “Assalomu alayka, ey amir”, deb ayt deyishdi. Abu Hozim bundan bosh tortdi va Muoviyaga boqib: “Sen bu xalqning xodimisan, Rabbing ularning rioyasi uchun seni yollagan”, dedi.

U bilan Sulaymon ibn Abdulmalik o'rtasidagi suhbatni esga olish ham foydadan xoli emas. Sulaymon: “Ey Hozim, nimaga biz o'limni yomon ko'ramiz?” dedi. Abu Hozim: “Chunki sizlar oxiratingizni xarob qilib, dunyoni gullatib-yashnatgansiz. Shunday ekan, gullab yashnagan joydan xarob joyga o'tishni yomon ko'rasizlar”, dedi.

Sulaymon: “Ertaga (qiyomatda) Alloh huzuriga borish qay holda bo'ladi?” dedi. Abu Hozim: “Muhsin (muruvvat ko'rsatuvchi) kishi xuddi g'oyib bo'lgandan keyin o'z ahliga kelgandek bo'ladi. Ammo yomon ishga sababchi bo'luvchi kishi xuddi qochgan qul o'z xojasining oldiga kelgandek bo'ladi”, dedi.

Sulaymon: “Eng odil so'z qaysi?” dedi.

Abu Hozim: “O'zi qo'rqadigan va hayiqadigan kishi huzurida to'g'ri so'z aytish”, dedi.

Sulaymon: “Mo'minlarning eng ahmog'i kim?” dedi.

Abu Hozim: “Zolim birodari istagiga o'zini qo'ygan kishi va dunyo uchun oxiratni sotgan kishi”, dedi.

Sulaymon: “Ey Abu Hozim, bizga ergashasanmi? (Agar ergashsang) bizdan biron foyda olursan va biz sendan biron foyda olurmiz”, dedi.

Abu Hozim: “A'uzubillah” (Allohdan panoh so'­ray­man), dedi.

Sulaymon: “Nega unday deysan?” dedi.

Abu Hozim: “Sizlarga ozgina suyanib qolishdan qo'rqaman. Shu sababli menga Alloh hayot va o'lim tangligini tottirmasin”, dedi.

U turib ketaman deb turganida Sulaymon: “Ey Abu Hozim, menga nasihat qil”, dedi.

Abu Hozim nasihat qildi: “Rabbingni ulug'la va Uni seni qaytargan ishda ko'rishidan va buyurgan ishda yo'qolib qolishingdan pokla (qaytargan ishni qilma, buyurgan ishni qoldirma)”, dedi.

Bularning barchasi jasorat va matonat tarbiyasida biz uchun qimmatli dasturlardir.

 

Qalb ildizi

Qalb ildizi bu Islom ta'limotidir. U faqat qalbga ekiladi. Qachon, degan savol tug'iladi? Bolalikdan, tar­biya orqali, deb javob beramiz. O'tmishda ham, ilm-fan rivojlangan bugungi kunda ham islomiy tarbiyaning naqadar ustunligi, barqarorligi tan olinmoqda. Bu hol imon va e'tiqodda, taqvoda, bag'rikenglikda, mehribonlikda, boshqalarni o'zidan ustun qo'yishda, halimlik va jur'atda yaqqol ko'zga tashlanadi. Bunday ta'lim olgan yoshlar vojib amallarni bir umrga ijro etadilar. Buning sababi ta'lim ildizi sog'lom va baquvvatligidir. Aks holda, farzandlarimiz kuz kelmay barglari sarg'aya boshlagan daraxtga o'xshab qoladilar. Niholi kasallansa, mirishkor bog'bonlar buning sababini ko'proq ildizdan ko'radilar. Kishilik jamiyatida ham xuddi shunday. Biror odam qandaydir nuqson sodir etsa, “Ha, tarbiya ko'rmagan”, deyishadi. Bu malomat o'sha odamning ota-onasi, bolalikdagi tarbiyachisiga ham qaratilgan, albatta. Aksincha, boshqa bir odamda yaxshi fazilat kuzatilsa, “Yaxshi tarbiya ko'rgan ekan”, deb qo'yishadi. Bu olqish, albatta, o'sha odamning ota-onasiga, tarbiyachisi, ustoziga qaratilgan bo'ladi. Ta'lim negiziga chuqurroq yondashadigan bo'lsak, hayot faqat ta'lim va tarbiyadan iboratligini ko'ramiz. Faqat inson emas, hatto oddiy jonivor ham o'ziga xos tarbiyaga muhtoj bo'ladi. Shunday qilinmasa, u odamzotga bo'ysunmaydi, jilovini tutqazmaydi. Qaysi jamiyat tinch va osoyishta yashab, gullab-yashnar ekan, demak, uning ta'lim va tarbiya ildizlari sog'lom, deya yana bir marta takrorlaymiz.

 

HULOSA

Halqimiz azaldan o'zining bolajonligi, oilaparvarligi bilan ajralib turadi. Albatta, farzandga mehr qo'yish, qornini to'q, ustini but qilish o'z yo'li bilan, lekin ularni yoshlik chog'idan boshlab ta'lim-tarbiyali, axloq-odobli, yuksak ma'naviyatli qilib voyaga etkazish biz uchun doimo muhim ahamiyat kasb etadi. Bu masalaga e'tibor bermaslik nafaqat ayrim ota-onalarga, balki butun jamiyat uchun juda qimmatga tushishini ko'pgina hayotiy misollarda ko'rish mumkin.

Yosh avlodni buyuk ajdodlarimizga munosib, shu bilan birga, zamon talablariga javob beradigan qilib  tarbiyalashdek mas'uliyatli va sharafli vazifani o'z zimmasiga olgan, bu yo'lda kuch-quvvati, qalb qo'rini ayamasdan mehnat qilayotgan fidoyi o'qituvchi va murabbiylarga har qancha tahsinlar aytsa arziydi.

Hech kimga sir emas, insonning qalbi va ongini egallash, ayniqsa, yoshlarning ma'naviy dunyosini zaharlashga qaratilgan turli xavf-xatarlar ham kuchayib borayotgan bugungi kunda o'zining kimligini, qanday buyuk zotlarning avlodi, qanday bebaho meros vorislari ekanini teran anglab, ona yurtga muhabbat va sadoqat hissi bilan yashaydigan, imon-e'tiqodi mustahkam yosh avlodgina muqaddas zaminimizni yot va begona ta'sirlardan, balo-qazolardan saqlashga, Vatanimizni har tomonlama ravnaq toptirishga qodir bo'ladi.

Hazrat Ali (roziyallohu anhu): “O'zingizga va ahlingizga yaxshilikni ta'lim beringlar va ularni odobli qilinglar”, deganlar.

Demak, har bir ota-ona yoki murabbiy farzandning imon-e'tiqodi, odob-axloqi va boshqa jihatlariga muntazam ahamiyat berishi lozim. Farzand – ota-onasi uchun bir sinov, uning qalbi pokiza gavhar. U har qanday naqshni qabul qilaveradi. Agar yaxshilikka o'rgatilsa, oqil farzand bo'lib  kamol topadi. Uning savobiga ota-ona va murabbiy sherik bo'ladi, aksincha bo'lsa, uning gunohi valiyiga ham tegadi.

Farzanddan yaxshi xulq va maqtovga loyiq sifat namoyon bo'lsa, uni taqdirlash va oila davrasida e'tirof etish lozim. Ba'zan arzimas beadablik qilsa, ko'pchilik orasida bilmaganga olib, aybini oshkor aytmaslik kerak. Lekin vaqti, o'rnini  topib chiroyli odobga o'rgatish shart.

Yoshligidan solih bo'lib o'sgan o'g'il-qizlar ota-onaga mehribon, Vatani va xalqiga muhabbatli bo'ladi, yaxshilik va mehr-muhabbat qalbidan mustahkam o'rin oladi.

Imom G'azzoliy “Ey farzand!” kitobida solih insonlarga xos vazifalarni bayon etib, bunday deydi: “Bola bir asalari mumi kabidir. Murabbiy uni istagan shaklga solishi mumkin. Bola ota-onasining yonida bir pok sahifa kabidir. Uning qalbiga hech bir naqsh yo surat solinmagan. Ammo bunday qalb har qanday naqshni olishga hozir, ya'ni hamma narsaga moyildir. Shuning uchun ham uni go'zal amallar bilan band etish lozim. Bu qalb ezguliklar va bilimlar bilan to'ldirilsa, farzand barkamol inson bo'lib etishadi”.

Bunday farzandlar etishib chiqishining garovi ota-ona va murabbiylar mas'uliyatni to'liq ado etishlaridadir. Dinimiz esa farzandning barkamol inson bo'lib etishishi uchun barcha ulug'vor ko'rsatmalarni bergan.

Mas'uliyatni his qilish murabbiyning vijdonidan kelib chiqadi. Bu javobgarlik farzandning imoni va axloqi, aqli va ijtimoiy tarbiyasida katta o'rin tutadi. Ota-ona farzand tarbiyasida g'ofil qolsa, oqibati yaxshi bo'lmaydi, bu boradagi loqaydligi uchun nadomat chekishi, ko'z yosh to'kishi foyda bermaydi. Shu boisdan dinimiz barcha ota-ona va murabbiylar zimmasiga farzand tarbiyasini yuklaydi.

Ma'naviy yuksalishning fidoyilari bo'lgan ziyolilarimizning, ko'plab jonkuyar o'qituvchi va muallimlar, ustoz va domlalarning Vatanimiz taraqqiyotiga qo'shayotgan ulkan hissasini e'tirof etamiz, ularga hamisha chuqur hurmatda va ehtiromdamiz.

O'zaro birdamlik asoslari jamiyatda tinchlikni barqaror qiladi. Tinchlik bor joyda hamma sohada o'sish, rivojlanish, taraqqiyot bo'ladi. Yurtboshimiz Islom Karimov janoblari ta'kidlaganlaridek: “Barcha ezgu niyatlarimizning markazida farzandlarimizni ham jismoniy, ham ma'naviy jihatdan sog'lom qilib o'stirish, ularning baxtu saodati, faravon kelajagini ko'rish, dunyoda hech kimdan kam bo'lmaydigan avlodni tarbiyalash orzusi turadi”.

 

KYeYINGI MAVZULAR:

UChINChI KITOB

Tarbiyaning nozik jihatlari

Jinsiy tarbiya mas'uliyati

Izn so'rash odobi

Nazar solish odobi

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Jannat ne’matlari haqida o‘ylaganmisan?!

8.01.2025   12063   14 min.
Jannat ne’matlari haqida o‘ylaganmisan?!

Jannat ahliga va’da qilingan abadiy ne’matlar haqida ham uzoq fikr et, qalbing umidga to‘lsin. Nafsingni xavf qamchisi bilan haydab, umid bilan jilovla va sirotul mustaqimga yo‘lla. Ana shunda buyuk mulkka yetasan, alamli azobdan xalos bo‘lasan.

Ahli jannat xususida, ularning yuzlarida aks etgan ne’matlar jilvasi, mushk bilan muhrlangan may ila qondirilishlari haqida o‘ylaganmisan?! Jannat ahli oq durdan tikilgan chodirlar ichida, qizil yoqutdan bo‘lgan minbarlarda, yashil bolishlar va gilamlar ustida, may va asal oqayotgan daryolar bo‘yida qurilgan so‘rilarda yastanib o‘tirurlar. Ularning atrofida xizmatga hozir g‘ulomlar va hech qachon qarimaydigan bolalar bo‘lur. Jannat ohu ko‘zli, xushxulq va go‘zal yuzli ayollar bilan ziynatlangan. Yoqut va marjondek nafis bu bokiralarga ilgari na bir ins va na bir jin tegingan...
Ularning egnidagi oppoq ipak ko‘zlarni qamashtiradi. Boshlaridagi inju va marjonlar qadalgan tojlari undan-da nurafshon. Ishvalari sokinlik va osudalik bilan bezangan yuzlar qarib qolish kabi noqisliklardan xoli. Ular jannat bog‘chalarining o‘rtasida yoqutdan bunyod etilgan chodirda yolg‘iz bo‘lurlar.

Ularning huzurida borlig‘i hayo bilan to‘silgan musaffo ohu ko‘z hurlar bor. Ustlarida esa mangu yosh bolalar oqar chashmadan qadahlarni, ko‘zalarni va kosalarni aylantirib tururlar. Yana ular uchun xuddi sadaf ichida yashirib qo‘yilgan gavhar misoli ohu ko‘z hurlar bordir. Bu hurlar jannat ahlining dunyo hayotida qilib o‘tgan solih amallarining mukofotidir. Ular jannatning chashmalar, daryolar oqib turgan emin maqomida, Qodir Podshoh huzuridagi rozi bo‘lingan o‘rinda Malikul Karim Parvardigorining jamoliga boqadilar. Ularning yuzlarida ne’matlar jilvasi porlaydi. Ularga na bir zaiflik, na bir xorlik yetadi. Balki ular Parvardigori tomonidan yog‘dirilayotgan turli ne’matlardan baxtiyor, o‘zlari istagan maskanda abadiy qolguvchidirlar. Ularga u yerda na bir xavf, na bir hazinlik yetmas, balki baloyu falokatlardan omondadirlar.

Ular jannat taomlaridan yeydilar. Sut, may, asal to‘la daryolardan ichadilar. U daryolarning yerlari kumushdan, toshlari marjon, tuprog‘i mushk, o‘tlari za’farondir. Quyuq kofur aralashgan oq atirgul suvlariga to‘la bulutlardan yomg‘irlar yog‘adi. Jannat ahliga asli kumushdan bo‘lgan, dur, yoqut, marjonlar bilan ziynatlangan qadahlar, shuningdek, ichida muhrlangan may, aralashmasi chuchuk salsabil bo‘lgan maykosalar keltiriladi. U maykosalardan nur porlaydi. Ularning sofligi shu darajadaki, mayning mayinligi va qirmizi ranggi kosaning tashqari tomonidan bilinib turadi. Chunki, bu odamzodning san’ati emas, u bunday go‘zallikdan ojiz. Maykosalar chehrasidan nur yog‘ilayotgan xodimlar kaftida (jannat ahliga uzatilgan holda) turadi.

Ha, xodimlarning nur porlayotgan yuzlari quyoshga o‘xshaydi, faqat, u yuzlardagi halovat, u ko‘zlardagi husnu malohat quyoshda ne qilsin!
Ajabo! Oxirat diyorining bu sifatlariga, bu diyor ahlining o‘lmasligiga va jannat ahlining kutilmagan o‘zgarish, ofat-balolardan omonda ekanligiga aniq ishongan kishi, qanday qilib, oxiri xarobalikka yuz tutuvchi bu o‘tkinchi dunyoni o‘ziga do‘st bilishi mumkin?! Qanday qilib, u diyor lazzatini, bu dunyo lazzatiga almashtirish mumkin?!

Allohga qasamki, agar jannatda sihat-salomatlik bilan birga o‘lim, ochlik, tashnalik kabi ofatlardan omonlik bo‘lsa-yu, boshqa hech narsa bo‘lmasa, faqat shu sababning o‘zi ham bu dunyodan yuz o‘girishga arziydi. Nega endi oxirat diyori bu dunyodan ustun qo‘yilmasin? Axir, jannat ahli har qanday xavfdan omon podshohlardir. Ular turli-tuman ne’matlar ichida shod-xurram, xohlagan ne’matlari oldida muhayyo! Ular har kuni Arsh yonida hozir bo‘lib, Allohning diydoriga nazar soladilar...
Abu Hurayra Rasuli akram alayhissalomning bunday deganlarini rivoyat qiladi: «Munodiy nido qiladi: "Ey jannat ahli! Endi siz hamisha sog‘lomsiz, hech qachon dardga chalinmaysiz, hamisha tiriksiz, hech qachon o‘lmaysiz. Doimo yoshsiz, hech qachon qarimaysiz. Albatta, siz saodatli bo‘lasiz, hech qachon baxtsizlikka yo‘liqmaysiz"» (Muslim rivoyati).
Alloh taolo deydi: «Qilib o‘tgan (yaxshi) amallaringiz sababli sizlarga meros qilib berilgan jannat mana shudir» (A’rof, 43-oyat).

Jannat sifatlari bilan tanishmoqchi bo‘lsang, Qur’on o‘qi. Jannat haqida Alloh taoloning bayonidan ulug‘roq bayon bormi?!

«Parvardigori (huzurida) turishidan (ya’ni, Parvardigor oldida turib, hayoti dunyoda qilib o‘tgan barcha amallariga javob berishidan) qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir» (Rahmon, 46) oyatidan to sura oxirigacha, shuningdek, Voqea va boshqa suralarni ham o‘qi, jannat haqidagi xabarlarning tafsilotiga boq! Avvalo, jannatning soni bilan bog‘liq jihatlarga e’tiboringni qarat. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Rahmon surasidagi «Parvardigori (huzurida) turishidan qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir» oyati xususida deydilar: «Ikki jannat bor, u yerning idishlari va boshqa barcha narsalari kumushdan. Ikki jannat bor, u yerning idishlari va boshqa barcha narsalari oltindan. «Adn» deyilmish mangu jannatda ahli jannat va Parvardigorining orasida kibriyo ridosigina bo‘lur» (Muttafaqun alayh).

Keyin jannat eshiklarini tasavvur qil. Ularning soni toatingga yarasha. Ya’ni, qaysi mo‘minning Alloh taologa itoati ko‘p bo‘lsa, unga ochiladigan jannat eshiklari ham shunchalik ko‘p bo‘ladi. Jahannam eshiklarining soni ham kishining ma’siyatiga muvofiq bo‘ladi. Ya’ni, inson Alloh taologa qancha ko‘p itoatsizlik qilsa, unga shuncha ko‘p do‘zax eshiklari ochiladi.
Abu Hurayra Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini rivoyat qiladi: «Kimki Alloh yo‘lida o‘z molidan bir juft narsani infoq qilsa, u jannatning barcha eshiklaridan chorlanadi. Jannatning sakkizta eshigi bor. Kimki ahli namoz bo‘lsa, «Bobus solat» (Namoz eshigi)dan, ro‘za ahli «Bobus siyam» (Ro‘za eshigi)dan, ahli sadaqa bo‘lsa, «Bobus sadaqa» (Sadaqa eshigi)dan, ahli jihod bo‘lsa, «Bobul jihod» (Jihod eshigi)dan ichkariga chorlanadi». Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu:
– Allohga qasamki, bu eshiklarning bittasidan chaqirilgan kishi najot topadi. Jannat eshiklarining barchasidan chorlanadigan kishi ham bormi?
Ha, sen o‘shalardan biri bo‘lishingni umid qilaman, dedilar Nabiy alayhissalom» (Muttafaqun alayh).

Osim ibn Zamra Ali karramallohu vajhahudan rivoyat qiladi: «Hazrati Ali do‘zaxni eslatdi. Shunday bir qo‘rqinch bilan eslatdiki, uning dahshatidan hozir qo‘rqinchdan boshqasi xotirimdan ko‘tarildi. Keyin shu oyatni o‘qidi: «Parvardigorlaridan qo‘rqqan zotlar esa to‘p-to‘p holda jannatga kiritiladilar. Qachonki ular darvozalari ochilgan holdagi (jannatga) kelib yetganlarida va uning qo‘riqchilari: «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz» deganlarida (ular behad shodlanurlar)» (Zumar, 73-oyat).

So‘ngra keyingi chashmaga borib, u bilan poklanadilar. Ularga ne’matlar jilvasi yog‘iladi. Badandagi tuklardan mudom xush bo‘ylar taraladi. Sochlar go‘yo atirli moy surilgandek bir tekis, tartibli. Keyin ular jannatga yetib keladilar. Jannat qo‘riqchilari ularga: «Sizlarga tinchlik-omonlik bo‘lsin! Xush keldingiz! Bas, unga mangu qolguvchi bo‘lgan hollaringizda kiringiz» – deyishadi.
So‘ng vildon – mangu yosh bolalar ularni qarshi olishib, atrofida aylanishadi, bamisoli, dunyo bolalari uzoq vaqt ko‘rmagan yaqinlarini sog‘inch bilan kutib olib, atrofida aylanishganlari kabi. Ular ahli jannatga: «Quvoning, shodlaning! Qarang, Alloh taolo sizga shunchalik ne’matni ato qilibdi!» – deya suyunchilashadi».

Roviy deydi: «Mangu yosh bolalardan biri jannat ahli zavjalaridan bo‘lgan ohu ko‘z hurlardan biriga: «Falonchi keldi!» deb u jannatiyning dunyoda chaqirilgan ismini aytadi. Shunda ohu ko‘z hur:
– Sen uni aniq ko‘rdingmi? – deb so‘raydi.
– Ha, aniq ko‘rdim, mana u izimdan kelyapti, – deydi u. O‘shanda u hur sevinchdan shu darajada yengillashib ketadiki, bir zumda jannat eshigi bo‘sag‘asida hozir bo‘ladi. Jannatiy banda o‘z maskaniga yetib, marjonlardan iborat sohil ustiga qurilgan qizil, sariq, yashil kabi turfa rangda tovlanayotgan ko‘shkka nazari tushadi. Boshini ko‘tarib, chaqmoqdan chaqnayotgan ko‘shkning shiftiga asta qaraydi. Agar Alloh taoloning taqdiri bo‘lmaganida bu yorqinlik uning ko‘zini ko‘r qilgan bo‘lar edi. Ko‘zini shiftdan olar ekan, qoshida zavjalarini, buloq bo‘yiga qo‘yilgan qadahlarni, tizib qo‘yilgan yostiqlarni va to‘shalgan gilamlarni ko‘radi. So‘ngra ularga suyanib: «...Bizlarni bu (ne’matlarga) yo‘llagan Zot-Allohga hamdu sano bo‘lgay. Agar bizni Alloh hidoyat qilmaganida hargiz yo‘l topa olmas edik...» – deydi (A’rof, 43-oyat).
Keyin munodiy nido qiladi: «Mangu hayotsiz, hargiz o‘lmaysiz. Doimo bunda muqimsiz, hech qachon ketmaysiz. Hamisha salomatsiz, hech qachon xastalanmaysiz».
Rasuli akram alayhissalom dedilar: «Qiyomat kuni jannat eshigi oldida hozir bo‘laman, uning ochilishini so‘rayman. Shunda jannat qo‘riqchilari:
– Kim u? – deydi.
– Muhammad! – deyman.
Sizdan oldin birorta kishiga eshikni ochmaslikka buyurilgan edim, – deydi u» (Muslim rivoyati).
Jannatdagi ko‘shklar, u yerda darajalarning farqlanishi to‘g‘risida ham fikr et. Chunki, oxirat daraja jihatidan eng yuksak, afzalligi jihatidan eng ulug‘ mezondir. Odamlar toatlarning zohiriy ko‘rinishida va botiniy xulqda bir-biridan farqlangani kabi amallariga ko‘ra taqdirlanishda ham farqlanadilar. Agar yuksak darajalarni ko‘zlayotgan bo‘lsang, jiddu jahd qil, toki Olloh taologa itoat qilishda hech kim sendan o‘zib ketolmasin. Axir, Olloh taolo ayni shu maydonda senga musobaqa va raqobatni buyurgan-ku!
«(Ey insonlar), Parvardigoringiz tomonidan bo‘ladigan mag‘firatga hamda Olloh va Uning payg‘ambarlariga iymon keltirgan zotlar uchun tayyorlab qo‘yilgan, kengligi osmon va yer kengligi kabi bo‘lgan jannatga shoshilingiz...» (Hadid, 21-oyat).
«U (may)ning muhri mushk bo‘lur. Bas, bahslashguvchi – musobaqa qilguvchi kishilar (mana shunday mangu ne’matga yetish yo‘lida) bahslashsinlar – musobaqa qilsinlar» (Mutaffifun, 26-oyat).
Ajabo! Yaqinlaring yo qo‘shnilaringdan birortasi boyib ketsa yoki imoratini baland qilib ko‘tarsa, siqilasan, qiynalasan. Hasad tufayli hayoting achchiq zardobga aylanadi. Lekin eng oliy qarorgohda, jannatda shunday yaqinlaring yoki qo‘shnilar borki, ular o‘z fazilatlari bilan allaqachon sendan o‘zib ketdi. Bu fazilatlarga dunyo va undagi jamiki narsalar ham bas kelolmaydi.
Abu Said Xudriy Payg‘ambar alayhissalomning shunday deganlarini rivoyat qiladi: «Ustma-ust, darajama-daraja joylashgan ko‘shk ahli jannatiylarga, bamisoli uzoq ufqlarda mag‘ribu mashriqqa sochilib, bir-biri bilan musobaqalashayotgan yulduzlardek bo‘lib ko‘rinadi.
– Ey Ollohning rasuli, ular payg‘ambarlardan o‘zgasi yetolmaydigan manzilmi? – deya so‘rashdi.
– Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasamki, u Ollohga iymon keltirgan va mursallarni tasdiqlagan kishilarning manzillaridir» (Muttafaqun alayh).
Rasuli akram bu haqda yana shunday deganlar: «Jannatdagi baland daraja egalarini ulardan quyidagilar xuddi osmon ufqlarida porlagan yulduzlarni ko‘rganday ko‘radilar. Abu Bakr va Umar shulardandir...» (Termiziy rivoyati).
Jobir Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bunday rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar alayhissalom bizga:
Sizlarga jannat ko‘shklarining xabarini beraymi? – dedilar.
– Ota-onamiz Sizga fido bo‘lsin, yo Allohning rasuli, xabarini bering, – dedik.
Jannatda hamma tomoni gavhardan bunyod qilingan ko‘shklar bor. Bu ko‘shklar shu darajada shaffofki, tashqarisidan ichi, ichidan tashqarisi ko‘rinib turadi. Ko‘shk ichkarisida na ko‘z ko‘rgan, na quloq eshitgan, na inson xotiriga kelgan bir ne’mat, tuganmas lazzat, adoqsiz surur bor, – dedilar.
– Yo Allohning rasuli, bu ko‘shklar kim uchun hozirlangan? – so‘radim.
– Shunday bir kishi uchunki, u salomni yoyadi, taom yediradi, davomli ro‘za tutadi, tunda odamlar uyquga g‘arq paytda namoz o‘qiydi, – dedilar.
– Yo Allohning rasuli, bularni kim bajara oladi? – dedik.
– Ummatim bu ishlarni bajarishga qodir. Ular haqida sizlarga xabar berayinmi? Kim birodariga yo‘liqqan paytda salom bersa yo alik olsa, demak u salomni yoygan bo‘ladi. Kimki ahli oilasini to‘yguncha oziqlantirsa, taom yediruvchilar jumlasidan bo‘ladi. Kimki ramazon oyida va har oyning uch kunida ro‘zador bo‘lsa, davomli ro‘za tutgan hisoblanadi. Kimki xufton va bomdod namozini jamoat bilan ado qilsa, tunda odamlar ya’ni, yahudiylar, nasoralar va majusiylar uyquda paytda namoz o‘qigan bo‘ladi, – dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam» (Abu Naim rivoyati).

Alloh taoloning: «...abadiy jannatlardagi pokiza maskanlarga kiritur» (Saf, 12) oyati haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘rashdi. Rasuli akram dedilar: «Pokiza maskanlar – marjonlardan bunyod qilingan qasrlardir. Har bir qasrda qirmizi yoqutdan bo‘lgan yetmishta hovli, har hovlida yashil zumraddan bo‘lgan yetmishta uy, har uyda bir taxt, har taxtda barcha ranglardan uyg‘un yetmishta to‘shak, har to‘shakda ohu ko‘zli hurlardan bir jufti halol bor. Har uyda yetmishta dasturxon, har dasturxonda yetmish xil taom bor. Har uyda yetmishta xodima bor. Mo‘min kishiga har kuni ertalab shunday bir quvvat beriladiki, kun davomida xodimlarning barchasi bilan qo‘shilishga qodir bo‘ladi» (Abu Shayx rivoyati).

Abu Homid G‘azzoliy "Ihyo ulumud din (So‘nggi manzil zikri)" kitobidan