Rasululloh sollallohu alayhi vasallambiror narsa so'ralganda yo'q demaganlar.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan biror narsani so'ralganda hech qachon yo'q degan emaslar”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Allohni doimo zikr qilardilar.
Hazrat Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloni har on, har dam, har lahzada zikr qilar edilar”(Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Abu Sa'id Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko'p zikr qilar, foydasiz ishlardan saqlanar, namozni uzun o'qir, xutbani qisqa qilardilar” (Imom Nasoiy, Imom Abu Dovud rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamtahajjud namozini muntazam o'qir edilar.
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahajjud namozini aslo tark etmas, bemor yo behol bo'lsalar o'tirgan hollarida o'qir edilar”(Imom Abu Dovud rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamyolg'iz namoz o'qisalar uzoq, cho'zib o'qirdilar.
Abu Vakil roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jamoat bilan birga namoz o'qiganda g'oyat engil va qisqa ko'rinishda, yolg'iz o'zlari o'qisalar, uzun o'qir edilar”(Imom Ahmad rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallambemorlarni ziyorat qilib, ularning ko'nglini ko'tarardilar.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bemor ko'rgani borsalar: “Sen uchun (zararli) bir narsa yo'q, inshaalloh, bu senga gunohlardan poklanishdir”,der edilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamsafardan qaytsalar avvalo masjidga kirardilar.
Abu Sa'laba roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safardan qaytganlarida oldin masjidga kirar, ikki rakat namoz o'qir, so'ng qizlari Fotimaga uchrar, shundan keyingina uylariga ketar edilar”(Imom Tabaroniy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamjanozada g'amgin bo'lardilar.
Imron ibn Husayn roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam janozada hozir bo'lganlarida qayg'ulari ortar, nihoyatda kam gapirar, fikr-mulohazaga g'arq bo'lar edilar” (Imom Hokim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamsafarga chiqsalar duo qilardilar.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safar qilmoqchi bo'lsalar: “Allohim, Sen bilangina g'alaba qilaman, Sen bilangina omonda bo'laman, Sening yordaming bilangina dushmanim ustiga yurish qilaman”,deb duo qilar edilar» (Imom Ahmad rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallammahzun bo'lganlarida duo qilardilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'zlarini mahzun qiladigan biror holat yoki voqea sodir bo'lsa osmonga qarar va “Subhanallohil aziym” der edilar, duolarida eng ko'p takrorlaganlari esa “Ya Hayyu ya Qoyyum” edi» (Imom Termiziy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamduoni uch marta takrorlardilar.
Ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Allohga duo qilsalar tilaklarini ham, istig'forni ham uch bor qaytarar edilar” (Imom Ahmad, Imom Abu Dovud rivoyati)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamshumlanishni yoqtirmasdilar.
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chiroyli narsalardan xursand bo'lar, shumlanishni esa yoqtirmas edilar” (Imom Nasoiy rivoyati).
Hazrat Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har bir ishni yaxshilikka yo'yishni yoqtirar, badgumonlikni yomon ko'rar edilar” (Ibn Moja rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Savol: Men tush ko‘rdim va uyg‘onib Ibni Sirinning "Tushlar ta’biri" kitobini ko‘rsam yomonroq chiqdi va siqilib qoldim. Tush ta’biri masalalariga musulmon inson qanday qarashi kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Avvalo shuni aytishimiz kerakki, Ibn Siriyn rahimahullohga nisbat berilgan “Tushlar ta’biri” kitobi u zotga tegishli emas. Shuning uchun bu kitobni u zotga nisbat berib bo‘lmaydi. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi:
– Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar.
– Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar.
– Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar.
Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi.
Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan.
Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi. Vallohu a’lam!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.