Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyul, 2025   |   20 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:22
Quyosh
05:03
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:32
Bismillah
15 Iyul, 2025, 20 Muharram, 1447

Har maqomning maqoli bor

27.10.2020   1880   6 min.
Har maqomning maqoli bor

Andijon viloyati bosh imom-xatibiMirmaqsud ALIMOV bilan suhbat

– Assalomu alaykum, domla. Avvalo, yaqinda yanada mas'uliyatli lavozim – viloyat bosh imom-xatibligi­ga ta­yinlanganingiz bilan mubo­rakbod ­etamiz. Ma'qul ko'rsangiz, eng xavfli illat bo'lib kel­gan fitna mavzusida suhbatlashsak...

– Va alaykum assalom va rahmatulloh. Tashakkur. Alloh taolo hammamizning yuzimizni ikki dunyoda yorug' qilsin. Darhaqiqat, bu illatdan saodat asrida ham Rasuli muhtaram Muhammad sollallohu alayhi va sallam ogohlikka chaqirganlar. Hanafiy mazhabining ko'zga ko'ringan yirik olimlaridan Imom Zaynuddin Birgaviy ra­himahulloh “Tariqat ul-Muhammadiya” asarida islomiy odob-axloq, xususan, qalb xastaliklari borasida so'z yuritar ekan, qirq sakkizinchi o'rinda “Fitna” haqida alohida to'xtalgan.

Imom Muhammad Hodimiy asarni sharh­lar ekan, quyidagilarni aytadi: “Ma'naviy illatlardan yana biri fitnachilikdir. Fitna deb odamlarni iztirob, ixtilof, ma­shaqqat va baloga giriftor qilishga ay­ti­ladi. Masalan, xalqni davlatga qarshi chi­qishga targ'ib qilish, va'z aytishda ting­lovchilarning saviyasini hisobga olmasdan tushunmovchilik keltirib chiqaruvchi murakkab tilda gapirish kabi holatlar umumma'noda fit­naga misol bo'ladi. Shuningdek, kitob mutolaa qilishda ehtiyotsizlik qilib, tushunib-tushunmasdan ommaga noto'g'ri tushuncha berib qo'yish ham fitna deyiladi”.

– Har maqomning o'z maqoli, har maydonning o'z rijoli bor, deyiladi. Ulamo­lar: “Kimki o'z davri urf-odat­larini bilmasa, bas, u jo­hil­dir!” de­yishadi.

– Ha, amri ma'ruf, nahyi munkar qilish ham yuqoridagi qabildadir. Bu ikki amal, garchi qirq farzdan bo'lsa-da, o'z o'rnini topib qilinsa, maqsadga muvofiq bo'ladi. To'g'ri kelgan joyda amri ma'ruf, nahyi munkar qilib ketavermaslik kerak. Odam­larning holini, saviyasini hisobga olish shart. Aks holda munkar ishlar ko'payib ketishiga sababchi bo'lib, ting­lovchini yana ko'proq taassubga berilishiga zamin yaratib beradi. Bundan tashqari o'z boshiga ham balolar orttirib olishi ham mumkin.

Abu Dardo roziyallohu anhu aytadi: “Kimki birodariga omma oldida oshkora nasihat qilsa, bas, uni ayblabdi. Agar yolg'iz o'ziga gapirsa, bas, uni tuzatibdi”. (“Al-bariqat ul-mahmudiya fi sharhi tariqat il-Muhammadiya”, 3-juz, 152-bet.)

Tinch, osuda hayot kechirib turgan odamlar orasidan halovat va tinchlik ko'tarilishiga sabab bo'ladigan har qanday fitna hara­katlari aslida odamlarning qonini to'­kishdan ham og'ir, yomon oqibat­larga olib keladigan gunohdir. Alloh tao­lo Baqara surasida ta'kidlagan: «Fitna qotillikdan ham yomondir» (191-oyat).

– Ho'sh, bugungi texnik taraq­qiy etgan, yolg'iz kishiga ham qo'lidagi telefon orqali bir zumda yolg'on xabar etib kelishi mumkin bo'lgan zamonda fitnadan qanday saqlanish mumkin?

– Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Yaqin orada fitnalar bo'ladi. O'sha chog'da o'tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O'rnida jim tik turgan esa, yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa, tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o'sha fitnalarga e'tibor bersa, uni fitna o'ziga tortib oladi. Kimki qutulishga joy topsa, o'sha joyda fitnadan himoyalansin” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Bu hadisga diqqat qilar ekanmiz, Rasul alayhissalom kinoya bilan ham fitnaga aralashib qolishdan qattiq qaytarmoqda. Tik turgan odam bilan o'tirgan odam deganda, fitnaga qiziqib turgan odam bilan unga e'tibor qilmagan odam nazarda tutilmoqda. Demak, fitnachilar haqida qiziqishdan ko'ra, ularga aslo e'tibor qilmaslik yaxshi ekan. O'rnida jim tik turgan odam bilan yurayotgan odamdan murod esa, fitnaga qiziqib turgan va fitnaga qo'shilish uchun harakatga tushganlardir. Demak, fitnaga qo'shilish uchun harakatga tushgandan, unga qo'shilmay, shunchaki qiziqqan durustroq sanalmoqda. Yayov yurgan odam bilan tez-tez yurayotgan odamdan murod esa, fitna sari tez harakat qilayotganlardan ko'ra, sust harakat qilayotganlar Allohning naz­dida sal tuzukroq odam, demakdir. Bu illat qora tunda qora toshning ustidagi qora o'rgimchak misoli jamiyatga kirib kelar ekan, unga aralashgan odam darhol chiqib ketishi qiyin. Chunki fitna odatda jozibali bo'ladi, unga qiziqqanlarni darrov jalb qiladi. Mo'min kishi har qanday og'ir bo'lmasin, fitnadan qochishi kerak.

– Albatta. Turli baloyu ofatlar qatorida fitna illatidan ham panoh berishini so'rab qilinadigan duolar bordir...

– Qur'oni karimda bunday marhamat qilinadi: «Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duola­ringizni) ijobat qilay!” – dedi...» (G'o­fir surasi, 60-oyat). Mana shu oyatning o'zi Rabbimizga alohida bir duo bilan emas, o'z tilimizda, istagan narsamizdan panoh tilab duo qilishimiz uchun asosdir. Qolaversa, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam fitnadan saqlashini so'rab, Allohga duo qilgani haqida sahih rivoyatlar bor. Masalan, mana bunday deb duo qilganlar: “Maxluqlari yomonligidan, osmondan tushib yana ko'tarilganlar yomonligidan, er yuzida ko'payib tarqalgan va er yuzidan chiqqan (barcha) narsaning yomonligidan, tun va kunduz yomonligidan, (eshigimizni) yaxshilik bilan qoqqan har kimning tashqarida qolgan yomonligidan Alloh­dan panoh tilayman, yo Rahmon, O'zing asra!” (Imom Ahmad, (3/419), sahih isnod bilan; Ibn Sunniy, 637-h. Abdulqodir Arnavut sahih ekanini aytgan. Qarang: Tahoviy, 133-h.; “Majmauz zavoid”, 10/127).

Sunnatga ko'ra, biz ham fitnadan saq­lashini so'rab, Rabbimizga yolvoramiz. Alloh taolo har birimizni fitna balo­sidan asrasin.

A.HUDOYBYeRDIYeV

suhbatlashdi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qiling

14.07.2025   2467   2 min.
Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qiling

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

Sarmoyangiz umringizdir...

Alloma Ibn al-Javziy o‘zining «Mudahish» nomli kitobiga bunday yozadi:

Bir kishi bor edi, u bozorda muz sotardi. Ovozini chiqarib bunday derdi: Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qilinglar!”.

Bu kishi odamlarning yuragini yumshatib, ulardan muz sotib olishlarini so‘rardi. Chunki u sotadigan muz — vaqt o‘tishi bilan erib ketardi. Agar u muzini tezda sotib ulgurmasa, butun sarmoyasi yo‘q bo‘lib ketadi. Shuning uchun u bor ovozi bilan: Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qiling!”.

Muzlab qolgan suvning har bir tomchisi sizning tark etgan umr lahzangiz kabidir, u endi hech qachon qaytmaydi.

 

Hayotingizdagi sanoqli kunlardan foydalaning…

Solihlardan biri aytadi: «Men “Asr” surasini yigirma yil o‘qidim, lekin uning ma’nosini tushunmasdim. “Nima uchun Alloh inson tabiatan ziyonda deb aytyapti va buni qasam bilan ta’kidlayapti?” deb o‘ylardim.

Keyin esa Alloh ziyondan najot topganlarni to‘rtta sifat bilan istisno qiladi:

– iymon keltirganlar,

– solih amal qilganlar,

– haqqa da’vat etganlar,

– sabrni tavsiya qilganlar.

Shunda men “Asr” surasidagi qasamning ma’nosini angladim: “Dunyodagi eng katta sarmoya bu – umringiz. Umringizdan o‘tgan har bir lahza erib ketgan muz kabi qaytib kelmaydi. Shuning uchun sarmoyangizni ehtiyot qiling! U siz yashab turgan vaqtdir. Ajal yetishidan avval tiriklik fursatidan foydalaning».

Alloh umrimizni uzun va xotimamizni chiroyli qilsin.

Sarmoyangizni o‘g‘irlayotganlarga e’tibor bering!

Har birimiz sarmoyamiz ya’ni vaqtimizni kim yoki nimalar zoye qilayotganini yaxshi bilamiz.

Allohni zikr qilishdan yoki U Zotga va Rasuliga itoat qilishdan boshqa narsa bilan vaqtni zoye qilmang.

Unutmang, sarmoyangiz — umringiz!

 

Maqsudali domla QOSIMOV,
Xo‘jaobod tumani Yetti chinor jome masjid imom-xatibi.