Bugun butun dunyo koronavirus “COVID-19” infektsiyasiga qarshi kurash olib boryapti. Tarixda turli kasalliklar epidemiyasiga qarshi kurashishda har bir jamiyat vakili, ayniqsa, faollar ishtiroki, shubhasiz, muhim ahamiyat kasb etgan.
Jumladan, XIX asr oxiri – XX asr boshlarida O'rta Osiyo hudud (Toshkent – 1892 y., Samarqand – 1898 va 1916 yy., Buxoro amirligi – 1892 y.)larida vabo (xolera), o'lat (chuma) va bezgak (lixoradka) kabi kasalliklar epidemiyasiga qarshi kurashda tibbiyot xodimlari bilan bir qatorda qozilar, oqsoqollar va boshqa mahalliy hokimiyat vakillari qatnashgan.
1892 yili Toshkentda va 1898 yili Samarqandda ommaviy o'limga sabab bo'lgan vabo kasalligining tarqalishi mahalliy aholini sarosimaga solib qo'ygan edi. Shu mudhish voqealarning oldini olish uchun Buxoro amirligi bilan Rossiya imperiyasi bu hududlarda karantin e'lon qilib, tegishli choralar ko'rishga alohida e'tibor qaratgani haqida arxiv hujjatlari saqlanib qolgan.
O'zbekiston Milliy arxivi hujjatlariga ko'ra, Buxoro amiri Abdulahadxon 1892 yil 5 iyulda rus fel'dsherlaridan biri Stanislav Stalevskiyni Buxoro shahrida tarqalgan vaboga qarshi kurashish uchun taklif qilgan. O'tgan davr mobaynida fel'dsher o'z xizmat vazifalarini sidqidildan bajargan. Buxoro amiri fel'dsherning xizmatini yuksak baholab, 1893 yil 18 avgustda uni katta oltin medal' bilan taqdirlagan.
Ko'p o'tmay, 1898 yili Samarqand viloyatining Anzob qishlog'ida o'lat (chuma) kasalligi epidemiyaga aylangan. Bu xabar butun Rossiya imperiyasini vahimaga solgan. Rossiya imperiyasidan bu kasallikni o'rganish uchun shifokorlar jo'natiladi. Ular mahalliy aholi orasida kasallikka qarshi kurash bo'yicha tushuntirish ishlari olib borishadi. Jumladan, 1899 yili Peterburgdan tibbiyot fanlari doktori Yagodinskiy Samarqandga taklif qilinadi, u samarqandlik mudarris va talabalarga yuqumli kasalliklar, xususan, chuma haqida ma'ruza o'qib, unga qarshi zamonaviy usullarda kurashish yo'llari haqida ma'lumotlar beradi. Uning ma'ruzasi o'zbek tiliga tarjima qilib turiladi. Bu Samarqand madrasalarida o'qilgan birinchi ma'ruza edi.
Shundan so'ng tibbiyot doktori Yagodinskiy Buxoro madrasalariga ma'ruza o'qishga keladi. Dastlab u qozikalonga bu ma'ruzasini o'qib beradi, shundan so'ng unga madrasada ma'ruza qilishga ruxsat beriladi.
1898 yili Samarqandning Anzob qishlog'ida tarqalgan o'lat kasalligining kelib chiqish o'chog'ini o'rgangan shifokor Yagodinskiy mahalliy ulamolar bilan uchrashuv o'tkazgan. U tarjimon orqali ulamolar bilan suhbatlashgan. Ba'zilar uning gaplariga ishonmaganlari bois Yagodinskiy ularga yuqumli kasalliklarning tarqalishiga sababchi bo'lgan mikroblarning hujayralarini mikroskop yordamida ko'rsatgan.
Ko'p o'tmay, Samarqandning Sherdor madrasasida qozi va muftiylar bilan 300 nafar musulmon yig'ilib, yuqorida zikr etilgan masalani muhokama qilishgan. Ularga har xil yuqumli kasalliklar odamlarga pichoq kesganda, igna kirganda yoki turli-tuman taom iste'mol qilganda yoxud iflos suvlarni ichgandagina emas, balki ko'zga ko'rinmaydigan nihoyatda kichkina mikroblar inson badaniga kirib qolishi sababli tana haroratini oshishi (isitma) kasali, o'lat va vabo kabi xastalanishlarga olib kelishi tushuntirib berilgan. Shundan so'ng mahalliy aholi shifokor Yagodinskiyning tavsiyalariga quloq sola boshlagan.
Ammo Buxoro amirligi aholisi ular uchun yot bo'lgan rus tibbiyotini ishonchsizlik va ehtiyotkorlik bilan qabul qilgan. Hususan, Milliy arxiv jamg'armalarida saqlanayotgan fondda qoziga kelib tushgan yuzga yaqin mahalliy aholi tomonidan imzolangan murojaatnoma saqlanadi. Unda murojaat etuvchilar rus shifokorlarining vabo kasalligiga qarshi kurashish talablarini ro'kach qilib, tub aholi uylariga kirib kelayotganidan noroziliklarini bildirganlar. Qozilar esa, yangi tibbiy va sanitariya talablarining foydasini aholiga tushuntirishga uringanlari yozilgan.
Hulosa qilib aytganda, shu kunlarda butun dunyoda kuzatilayotgan ommaviy kasallik “COVID-19” koronavirusining yurtimizdagi salbiy oqibatlarining oldini olish maqsadida O'zbekiston musulmonlari idorasi “Ulamolar Kengashining koronavirus infektsiyasi bo'yicha” fatvosi e'lon qilingani ayni muddao bo'ldi. Zero, yuqorida ta'kidlab o'tilganidek, insoniyat uchun zararli bo'lgan har qanday xavf-xatarning oldini olish Islom dinimizning asl maqsadlaridan biridir.
Nasriddin MIRZAYeV,
O'zHIA doktoranti,O'MI Fatvo bo'limi xodimi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Zunnun Misriy rahimahullohdan hikoya qilinadi: “Allohning Baytini haj qilish maqsadida yo‘lga chiqdim. Safar asnosida yo‘ldan adashdim. Bir payt yo‘l ustiga tashlab qo‘yilgan kishiga ko‘zim tushdi. U shu turishda o‘limini kutib yashayotgandek edi.
Borib, salom berdim. Salomimga alik oldi. “Yoningizda turishimni xohlaysiz-mi?” deb so‘radim. “Seni nima qilaman?” dedi hayron bo‘lib. “Sizga suhbatdosh, ulfat bo‘laman”, dedim.
“Senda men uchun qanaqa ulfatlik bor?!” deb so‘radi. “Agar bemor bo‘lsangiz, xizmatingizda bo‘laman”, dedim. U: “Menga Kifoya qiluvchi, Rost so‘zlovchi, ahvolimni Biluvchi Zot bor. Kim Uni do‘st deb bilmasa, unday kimsaga boshqa ulfat, suhbatdosh, do‘st yo‘q” dedi.
“Menga yaxshilik turlaridan birortasini o‘rgating yoki biror nasihat qiling, eshitib, amal qilay” dedim. Shunda u boshini ko‘tarib menga qaradi va: “Ey birodarim! O‘zingni o‘z nafsingdan saqla! Qalbingga biror illat kirishidan ehtiyot bo‘l! Agar bir ma’siyatni qilmoqchi bo‘lsang, boshingni yuqoriga ko‘tar! Kimga qarshi bo‘layotganingni, Kimga jur’at qilayotganingni, Kimga qarshi urush boshlayotganingni bil! Allohga isyon qilgan kimsa, Unga qarshi urushgan kimsa bo‘lib qolishini bilmaysan-mi?! Qilib turgan solih amallaringda bardavom bo‘l! Belingni mahkam bog‘la! Seni bu dunyodan ketkazilishidan oldin o‘zing Alloh sari yuzlan! Jahannam muridlarning kechalarini bedor qilganini, obidlarning qalblarini jarohatlaganini bilmaysan-mi?! U Zot Kitobida ularni maqtab bunday degan:
كَانُوا قَلِيلاً مِّنَ اللَّيْلِ مَا يَهْجَعُونَ
“Ular kechalari oz uxlar edilar”.
وَبِالْأَسْحَارِ هُمْ يَسْتَغْفِرُونَ
“Va ular saharlarda istig‘for aytar edilar” (Zariyat surasi, 17-18-oyatlar).
U ushbu oyatlarni o‘qidiyu, qichqirib yubordi. Shu zahoti joni uzildi. U kishiga o‘xshagan yetuk kishini ko‘rmadim. Alloh rahmatiga olsin!”.
Ahmad ibn Ibrohim Sa’labiyning
"Qur’on oshiqlari" kitobidan olindi