Bismillahir Rohmanir Rohiym
“Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz” deb marhamat qilgan Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo'lsin!
“Sizlarning yaxshilaringiz, axloqi yaxshilaringizdir” (Imom Buxoriy rivoyati) degan, barcha ishlarida ummatlariga namuna bo'lgan, go'zal axloqlar nabiysi – sevikli Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimo Alloh taolodan go'zal odob va xulqlar bilan ziynatlashini so'rab duolarida: “Allohim! Mening xulqimni va xalqimni go'zal qilgin”, der edilar.
Shuningdek, yomon xulqlardan Allohdan panoh so'rab: “Allohim! Meni inkor qilingan axloqlardan chetda qilgin”, deb duo qilardilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallaminsonlarning eng go'zal xulqlisi edilar. Bu haqda Alloh taolo u zotni madh etib, bunday marhamat qilgan: “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!” (Qalam surasi, 4-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamqo'pollik qilganlarga ham yumshoqlik bilan javob qaytarardilar.
Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga ketayotgan edim. U zotning egnilarida dag'al matodan bo'lgan kiyim bor edi. Oldilariga bir A'robiy kelib, ridolaridan qattiq tortdi. Tortish natijasida kiyim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning elkalarida iz qoldirganini ko'rdim.
A'robiy: “Ey Muhammad! Huzuringdagi moldan menga ham ulush bersinlar”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga o'girilib qaradilar va tabassum qilib, so'ng unga ham moldan ulush berishni buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamkichikmi-kattami, ayolmi, erkakmi, barcha muhtojlarning hojatini ravo qilardilar.
Abu Sa'id Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bevalar, miskinlar, qul-xizmatchilar bilan birga yurar, ularning ehtiyojlarini ta'minlar, bundan aslo tortinmas, orlanmas edilar” (Imom Nasoiy, Imom Abu Dovud rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamkamtar hayot kechirsalar-da, ehsonlari shohlarnikidan ham a'lo edi.
Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir kishi keldi. Unga ikki tog' o'rtasidagi sadaqa qilish uchun boqiladigan qo'ylardan ko'p qo'ylarni berib yuborishga buyurdilar. U kishi o'zining qavmiga kelgach: “Ey qavm! Islomni qabul qilinglar! Darhaqiqat, Muhammad yo'qchilikdan qo'rqmasdan bularni berdi”, dedi (Imom Muslim, Imom Ahmad rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamlo'nda, qisqa, aniq, fasohat bilan har kimning aqliga moslab gapirardilar.
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam gapni sizlarga o'xshab shoshilib gapirmas edilar”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kalomlarida dona-donalik va shoshilmaslik bor edi” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamhar bir ishni oxiriga etkazardilar.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biron ish yoki narsani ertaga qoldirmas edilar” (Imom Termiziy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam liboslarini o'zlari yamab, jonivorlar sutini o'zlari sog'ar edilar.
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko'ylaklarini yamar, oyoq kiyimlarini tikar, er kishi uyda qiladigan barcha ishlarni bajarar edilar”(Imom Ahmad rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat olish (da suv quyib turish) va sadaqa berish ishlarini hech kimga buyurmas, faqat o'zlari bajarar edilar”(Ibn Moja rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamhech kimni urmaganlar ham, koyimaganlar ham.
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo'llari bilan hech narsani: ayolni ham, xodimni ham urmaganlar. Illo Allohning yo'lida jihod qilganlaridagina urganlar. U zotga biror narsa etgan bo'lsa, uning sohibidan intiqom olmaganlar. Illo Alloh harom qilgan narsalar poymol qilinsagina Alloh azza va jalla uchungina intiqom olganlar” (Imom Muslim, Imom Abu Dovud rivoyati).
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng yaxshi xulqlisi edilar. Bir kuni meni bir hojat uchun yubordilar. Men: “Allohga qasamki, bormayman”, dedim. Ichimda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam amr qilgan narsa uchun boraman, dedim-da, chiqdim. Bozorda o'ynayotgan bolalar oldidan o'tayotib turib qolibman. Bir vaqt, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam orqamdan bo'ynimni tutib turibdilar. Men u zotga nazar soldim. Ul zot: “Ey Unays, men amr qilgan joyga bordingmi?” dedilar.Men: “Ha! Men boraman. Yo Rasululloh”, dedim va yurib ketdim (Imom Muslim, Imom Abu Dovud rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamikki ishdan engilini tanlar edilar.
Oysha roziyallohu anho onamiz aytadilar: “Qachon Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ikki ishdan birini tanlash ixtiyori bo'lsa, modomiki gunoh bo'lmasa, ulardan engilini tanlar va gunoh ishlardan o'zlarini uzoq tutardilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamkam ovqat eb, kam uxlar edilar.
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam hech qachon bir kunda ikki mahal qorinlari to'yib ovqat emaganlar. Uyda oylab qozon osilmas, ko'pincha oila taomi hurmo va suvdan iborat edi. Gohida ochlikdan qorinlariga tosh bog'lab olar edilar. U zot sollallohu alayhi vasallam hech qachon biror taomni kamsitmas, yoqsa er, yoqmasa emas edilar. Yoqtirmaganlarini boshqalarga yomonlamasdilar.
Oysha roziyallohu anho onamiz bilan istiqomat qilgan hujralari bir xonali bo'lib, guvaladan tiklangandi. Hujraning torligidan Rasululloh alayhissalom namoz o'qiganlarida Oysha roziyallohu anho onamiz uxlay olmas edilar.
Rasululloh alayhissalom sajda qilganlarida Oysha roziyallohu anho onamiz oyoqlarini yig'ishtirib olardilar. Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Yo Allohning Rasuli, vitr o'qishdan oldin uxlaysizmi?”dedim.
U zot: “Ko'zim uxlaydi. Qalbim uxlamaydi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.