Sayt test holatida ishlamoqda!
09 May, 2025   |   11 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:38
Quyosh
05:11
Peshin
12:24
Asr
17:21
Shom
19:32
Xufton
20:58
Bismillah
09 May, 2025, 11 Zulqa`da, 1446

Mavlud oyi – fazilatli oy

22.10.2020   8578   3 min.
Mavlud oyi – fazilatli oy

Har yili hijriy yil hisobidagi Rabi'ul-avval, ya'ni “Mavlud oyi”   kirishi bilan dunyo musulmonlari qatori mamlakatimizda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz ham muhim bir sanani keng nishonlaydilar.  U ham bo'lsa “Mavlidun-Nabiy”, ya'ni Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning tug'ilgan sanalarini sharaflash, bayram qilish oyidir. Bu mavlud oyi fazilatli oydir. Bu oyda barchamiz olamlar sarvari, butun insoniyatga oxirzamon payg'ambari etib yuborilgan suyukli Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning siyratlarini, hayotlarini yanada kengroq o'rganish, har ishda, har kunimizda, har bir amalimizda u zotga ergashish, sunnatlariga muvofiq hayot kechirishi bir-birimizga yanada ko'proq targ'ib qilishimiz kerak bo'ladi.

         Mavlidun-nabaviyni nishonlashdan ko'zlangan asosiy maqsad mo'min-musulmonlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo'lgan muhabbatlarini paydo qilish va uni yanada ziyoda qilish va sayqallashdir.

         Alloh taolo O'zining kalomida bunday marhamat qiladi: “Kimda-kim Alloh va Payg'ambarga itoat etsa, aynan o'shalar Allohning in'omiga erishgan zotlar, ya'ni payg'ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular hamroh sifatida naqadar go'zaldir!” (Niso surasi, 69-oyat). Boshqa oyatda: “Kimki Alloh va Uning payg'ambarlariga itoat etsa va Allohdan qo'rqib, taqvo qilsa, bas, aynan o'shalargina yutuq egalaridirlar”(Nur surasi 52-oyat), deyiladi.

         Qalbi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbat bilan limmo-lim to'lgan, u zot alayhissalomning aytganlariga itoat etishni hamma narsadan afzal deb bilgan mo'min albatta Allohning roziligi va fazlu marhamatiga sazovor bo'ladi va jannatda u zotga qo'shni bo'lish baxtini qo'lga kiritadi.

         Ulamolarimiz mo'min bandaning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo'lgan muhabbatining qanchalik chin ekanligiga quyidagi ishlar dalolat qiladi deydilar:

  • Nabiy sollallohu alayhi vasallamning bo'yruqlariga so'zsiz bo'ysunish va sunnatlariga amal qilish;
  • Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini avvalo oilasida, qolaversa boshqa insonlarga ham targ'ib etish;
  • Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko'p salavot va salomlar yo'llash;
  • Sahobalar va ahli baytlari roziyallohu anhumni yaxshi ko'rish;
  • Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hulqlari bilan ziynatlanish;
  • Bid'at xurofotlardan uzoq bo'lish;
  • Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal etmaslik, muhabbat qilmaslik oqibatida gunohkor bo'lib qolishdan ehtiyot bo'lish.

Payg'ambarimiz alayhissalomning siyratlari va hayotlarini o'rganib, barcha ish va amalimizda u zotga ergashish, sunnatlariga muvofiq hayot kechirishni bir-birimizga targ'ib qilishimiz kerak. Chunki Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini qancha ko'p o'rgansak, u zot alayhissalomga muhabbatimiz yanada ortadi. Shu bilan birga, shariatimizning ba'zi hukmlari va maqsadlarini yaxshiroq anglaymiz.

         Alloh taolo barchamizga mavlud oyini muborak aylasin!

 

Shoira KARAMOVA,

O'MIning Qashqadaryo viloyatidagi vakilligining

xotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchisi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Fatvoning o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi omillar

07.05.2025   4671   9 min.
Fatvoning o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi omillar

         Islom shariatida ijtihod (ya’ni shariat hukmlarini aniqlashda ilm va dalil asosida izlanish olib borish) juda muhim o‘ringa ega. Shariat o‘z samarasini berishi uchun shaxs, oila, jamiyat va ummat hayotida maqsadlariga erisha olishi uchun, u har tomonlama va har darajada ijtihodning amalga oshirilishiga muhtojdir. Bu — yangi masalalarda ijtihod bo‘ladimi, mavjud fikrlardan tanlab olinadigan ijtihodmi, umumiy yoki qisman, yakka tartibda yoki jamoaviy bo‘ladimi — barchasi shariat faoliyatida zarur sanaladi. 
 

         Ijtihodning turli ko‘rinishlari mavjud. Ulardan biri — qozilikdagi ijtihod bo‘lib, bu qozilar tomonidan amalga oshiriladi. Ayniqsa, islomda ijtihod faol davrlarda va hukmlar qonun sifatida rasman qayd etilmagan, qozilar majburiy ravishda ularga amal qilishga buyurilmagan davrlarda bu juda keng tarqalgan edi.


         Ijtihodning yana bir shakli — qonunlashtirishdir. Ya’ni, fiqh hukmlarini huquqiy moddalar shaklida ifoda etish. Masalan, oila qonunchiligi, fuqarolik qonunchiligi, jinoyat qonunchiligi, ma’muriy va moliyaviy qonunchilik kabi sohalarda. Masalan, Usmonlilar imperiyasining oxirgi davrlarida hanafiy mazhabi asosida tayyorlangan mashhur "Majallatul ahkom" ana shunday qonunlar to‘plamining namunasi bo‘lgan. Bugungi kunda ham shariat hukmlarini yangi ijtihod asosida tartiblash mumkin, bu ijtihod umumiy ham bo‘lishi mumkin, yoki qisman, yangi yoki mavjud fikrlardan tanlangan holda bo‘lishi mumkin.


         Bu amaliyot oila qonunchiligida (yoki "shaxsiy holatlar" deb ataluvchi sohada) amalga oshirilgan. Avvalida bu hanafiy mazhabi asosida bo‘lsa-da, keyinchalik to‘rt mazhab doirasiga kengaydi va yanada ilgarilab, islom fiqhining barcha imkoniyatlaridan bahra olishga o‘tildi. Bu yo‘lni Misrda al-Azhar shayxi — shayx Muhammad Mustafo al-Marog‘iy boshlagan, uni ba’zi mazhab mutaassiblari va taqlid tarafdorlari tanqid qilganlar, lekin u shariat dalillari bilan ularga munosib javob qaytargan.


         Ijtihodning yana bir ko‘rinishi — fiqhiy tadqiqotdir. Bu islom ulamolari o‘z halqalarida shogirdlari bilan birga bajargan ishlar bo‘lib, masalalarni bayon qilish, savollarga javob berish va buni shariat matnlari, qoidalari va maqsadlari asosida olib borishni o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda buni universitetlardagi professorlar yoki ilmiy daraja (magistrlik, doktorlik) ishini yozayotgan talabalar amalga oshirmoqdalar. Ana shunday izlanishlar asosida kitoblar yoziladi.


         Ijtihodning yana bir shakli — fetvo berishdir. Fuqaholarga odamlar turli hayotiy masalalarda murojaat qilishadi va muftiy unga javob berishi shart, ayniqsa boshqa muftiy bo‘lmasa yoki u davlat tomonidan tayinlangan bo‘lsa. Muftiyning fatvosi tahqiq va ijtihod asosida bo‘lishi kerak, ya’ni real holatga mos ravishda qaror chiqariladi.


         Har bir mazhabda voqealarga mos tushgan fatvolar kitoblari mavjud bo‘lib, ularda barcha fiqh bo‘limlari qamrab olingan. Bu kitoblar mazhab qoidalari asosida tuzilgan va "ahkamun navozil" (yangi masalalarga oid hukmlar) deb ham ataladi.


         Ulamolarning so‘zlariga ko‘ra, fatvo zamon, makon, urf-odat va insonlarning ahvoliga qarab o‘zgarishi mumkin. Biz ham bu tadqiqotimizda fatvo beruvchi zamondosh ulamolar uchun ushbu omillarni e’tiborga olishni vojib, deb bildik. Ilg‘or zamon talabiga ko‘ra, oldingi ulamolar ta’riflagan to‘rt omilga yana olti omil qo‘shdik. Ya’ni, hozirgi zamonda fatvoning o‘zgarishiga ta’sir qiluvchi o‘nta omil bor:


1. Makonning o‘zgarishi

2. Zamonning o‘zgarishi

3. Holatlarning o‘zgarishi

4. Urf-odatning o‘zgarishi

5. Ma’lumotlar o‘zgarishi

6. Insonlar ehtiyojining o‘zgarishi

7. Insonlar imkoniyat va iqtidorining o‘zgarishi

8. Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sharoitning o‘zgarishi

9. Ommaviy muammolarning yuzaga kelishi

10. Fikr va qarashlar o‘zgarishi


         Albatta, Islomda fatvo berish ulkan mas’uliyatdir. Bu vazifani ilmi va taqvosi yetarli bo‘lmagan odamlarga topshirish mumkin emas. Salafi solihlarimiz bu masalada juda qat’iy bo‘lishgan. Fiqhda va fikrda bilimsiz kishi fatvo bermasligi kerak. Imom Shotibiy shunday deydi: fatvo beruvchi kishi ummat ichida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘rnida turadi — odamlarga Allohning shariati hukmlarini bayon qiladi. Imom Ibn al-Qayyim rahimahulloh fatvo beruvchi haqida shunday deydi: u Alloh taolo nomidan hukm chiqaradigan odamdir, xuddi podshoh va amirlar nomidan qaror chiqaradigan vakillar kabi. Shu sabab, u kishi “I’lom al-mo‘aqqiyn ’an Rabb al-’Alamiyn” (Olamlar Robbisi nomidan imzo qo‘yuqchilarni ogohlantirish) deb nomlangan kitobini muftiylar uchun yozgan.


         Qur’oni Karimda Alloh taolo ba’zi masalalarda fatvoni O‘zi beradi. Masalan: “Sendan meros haqida so‘raydilar. Ayt: Alloh sizlarga kalala haqida fatvo beradi” (Niso surasi,176-oyat). “Ayollar haqida sendan so‘raydilar. Ayt: Alloh ular haqida fatvo beradi” (Niso surasi,127-oyat).


         Qur’onda “So‘raydilar” degan ibora o‘nlab oyatlarda keladi. Alloh taolo unga “Ayt” (Qul) degan javob bilan murojaat qiladi. Masalan: “Sendan may ichimlik va qimor haqida so‘raydilar. Ayt: ularda katta gunoh bor…” (Baqara surasi, 219-oyat) va shunga o‘xshash oyatlar. Bu ham fatvo va fatvo berishning ahamiyati, ulug‘ligi va mas’uliyatini ko‘rsatadi. Allohning O‘zi fatvo bergan bo‘lsa, bu qanday ulug‘ ish!


         Hech bir tadqiqotchiga sir emaski, musulmonlar — dunyodagi yagona ummatdirki, shariat hukmlari haqida savol beradi, ibodatlarida va muomalalarida halol-haromni aniqlamoqchi bo‘ladi. Boshqa bironta millatda — hatto kitobiy yoki butparast bo‘lsin — bunday intizom yo‘q. Shu sababli musulmon davlatlarda fatvo muassasalari tashkil etilgan. Shuningdek, ko‘pgina mamlakatlarda “Muftiy” lavozimi joriy etilgan. U ayrim mamlakatlarda diniy va ilmiy eng oliy mansab sanaladi. Misrda esa “Shayx al-Azhar” eng yuqori mansab hisoblanadi.


         Shu tufayli, muftiyning shartlari, odoblari va fatvo so‘rovchining ham odoblari haqida kitoblar yozilgan, hozirgi zamonda esa fatvo masalalariga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar o‘tkazilmoqda. Ayniqsa, zamonaviy ommaviy axborot vositalari, televideniyelar paydo bo‘lganidan so‘ng “ijtimoiy tarmoq orqali fatvo beradigan” ba’zi shaxslar ko‘paydi, ular har qanday masalada o‘zini bilimdon qilib ko‘rsatadi. “Bilmayman”, “Bu masala tahqiq talab qiladi”, “Kengash qilishim kerak” demaydi. Holbuki salafi solihlarimizdan biri aytganidek: “Kimki ‘bilmayman’ deyishda xatoga yo‘l qo‘ysa, u halokatga yuz tutgan bo‘ladi”.


         Shu maqsadda biz avvalroq «Fatvo: intizom va beqarorlik o‘rtasida» nomli kitobimizni nashr etgan edik. Endi esa ushbu «Fatvoning o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi omillar» nomli risolamizni taqdim etyapmiz. Bu orqali fatvo egalarini to‘g‘ri yo‘l — nurli sirotul mustaqim — bilan yurishga yordam berishni, imkoni boricha haq va to‘g‘rilikni izlab topishga undashni, haqiqatni aniqlash uchun harakat qilishni va eng oxirida muftiyning Allohdan tavfiq so‘rab, U zotdan ko‘mak so‘rashini istaymiz. Chunki salafi solihlardan biri shunday degan: “Agar bir masala sen uchun  qiyin kelsa, ayt: ‘Ey Ibrohimga ilm o‘rgatgan Zot, menga ham ilm o‘rgat!’”. Alloh taolo shunday deydi: «Kimki Allohga iymon keltirsa, Alloh uning qalbini hidoyat qiladi» (Tag‘obun surasi, 11-oyat), «Kimki Allohga suyansa, bas u to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etildi» (Oli Imron surasi, 101-oyat).


         Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham bizga bunday duoni o‘rgatganlar: “Ey Jabroil, Mikoil va Isrofilning Parvardigori! Osmonlar va yerning yaratuvchisi! Yashirin va oshkora narsalarning bilguvchisi! Sen bandalaring o‘rtasida kelisha olmayotgan masalalarda hukm chiqarasan. Sening izning bilan menga haq yo‘lni ko‘rsat, chunki Sen istagan kimsani to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etasan”.


         Yevropa Fatvo va Tadqiqotlar Kengashining Bosh kotibiyati mendan uning madaniy risolalar silsilasiga muqaddima sifatida bir risola yozishimni so‘radi. Men esa mana shu risolani tanladim. Umid qilamanki, bu risola ko‘zlangan maqsadga xizmat qiladi, musulmonlarni umuman, ayniqsa, ozchilikda yashayotgan musulmonlarni fahm va hidoyatga yetaklaydi. Niyatimiz Alloh uchun. Uning O‘zi bizga yetarli va qanday yaxshi vakildir U.

 

Allohga muhtoj bandasi —

Yusuf al-Qarazoviy

Do‘ha shahri,

Rabi’ us-soniy, 1428 hijriy

May, 2007 milodiy

 

Homidjon domla Ishmatbekov

tarjimasi

MAQOLA