Inson sha'ni - oliy qadriyat. Shu boisdan davlatimizda olib borilayotgan barcha sa'y-harakatlar, islohotlar markazida shaxs va uning manfaatlari turadi. Inson manfaatlari, huquq va erkinliklari himoyasini ta'minlash davlat siyosatining bosh mezonlaridan biridir. Albatta, bu kabi ezgu tamoil hayotimizda o'z ifodasini topmoqda.
Alloh taolo barcha mavjudotlar ichida inson ardoq va mukarram qilib yaratgan. Uni O'zi yaratgan barcha jonzotlardan afzal qilgan. Parvardigor odamzotga butun borliqni bo'ysundirib qo'ygan, hatto farishtalarini ham Odamga ta'zimga buyurgan. Alloh taolo kalomi sharifda shunday deydi: ya'ni:
“Darhaqiqat, (Biz Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo'ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O'zimiz yaratgan ko'p jonzotlardan afzal qilib qo'ydik”. “(Isro surasi 70-oyat).
Shuni alohida qayd etish lozimki, yurtimizda amalga oshirilgan barcha islohotlarning tub zamirida, avvalo inson manfaati, uning qadr-qimmati, haq-huquqi oliy qadriyat sifatida e'tirof etib kelinayotgani, mamlakatimizning eng katta boyligi bunyodkor va bag'rikeng xalqimiz ekanligi tushunchasi mujassamdir.
Inson huquqlari va erkinliklarining daxlsizligi asosiy Qomusimiz, qonunlar va boshqa me'yoriy hujjatlarda kafolatlanadi. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasiga muvofiq, O'zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy printsiplarga asoslanadi, unga ko'ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
Payg'ambarimiz Muhammad (s.a.v.) hadislarida mo'min kishining sifatida haqida marhamat qilib aytganlar, “Mo'min kishi Alloh taolo nazdida farishtalardan ham mukarram va afzaldir”. (Bayhaqiy rivoyati).
Habaringiz bor, O'zbekiston ilk bor BMTning Inson huquqlari bo'yicha Kengashiga a'zo bo'ldi. Bu esa turgan gapki, yurtimizning dunyo hamjamiyatida o'ziga xos o'rin egallayotganidan dalolatdir. Albatta, so'ngi 4 yil mobaynida bizning mamlakatimiz eng muhim maqsadga erishdi. Vatanimizning xalqaro imidji o'zgardi. Halqaro obro' va xalqaro imidjni yaratish o'z-o'zidan bo'lmaydi. O'tgan davr mobaynida O'zbekistonning ko'p tomonlama xalqaro aloqalari sifat jihatdan yangi bosqichga ko'tarildi. Halqaro maydonda, jumladan, BMTning eng yuqori minbaridan O'zbekiston bugun dunyoni tashvishga solayotgan dolzarb masalalar bo'yicha nafaqat munosabat bildiruvchi, balki ularning echimlari bo'yicha aniq taklif berayotgan, kun tartibi borasida o'z mavqeiga ega davlat sifatida o'zini namoyon qildi.
O'zbekistonning BMT Inson huquqlari bo'yicha Kengashiga saylanishi Vatanimiz mavqeini yanada kuchaytirib, obro'sini yanada oshishga sabab bo'ldi.
Shu kecha-kunduzda diniy sohada ham vaziyat tubdan o'zgarib bormoqda. Jumladan, Sem Braunbek – AQShning xalqaro diniy erkinlik bo'yicha favqulodda elchisi va boshqa ko'plab taniqli xorijiy siyosatchilar O'zbekiston diniy erkinlikni ta'minlash yo'lidagi o'zgarishlari bilan boshqa mamlakatlar uchun namuna va model' bo'lishi mumkin, deya e'tirof etishdi.
Yomonlikka yaxshilik bilan javob qaytarish dinimizda eng afzal amallardan biri hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni karimning “Shuaro” surasining 40-oyatida shunday marhamat qildi: ya'ni: “(har qanday) yomonlikning jazosi xuddi o'ziga o'xshagan yomonlikdir (ya'ni har bir yomonlikning o'ziga yarasha jazosi borlir). Endi kim (intiqom olishga qodir bo'lgani holda) avf qilib (o'rtani) tuzatsa, bas uning ajri Allohning zimmasidadir”. Shuningdek, “Fusullat” surasining 34-oyatida ya'ni:
“Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo'lmas. Siz (har qanday yomonlikni) eng go'zal (muomila) bilan daf eting. (Shunda) banagoh siz bilan o'rtalaringizda adovat bo'lgan kimsa qaynoq-sodiq do'stdek bo'lib qolur”.
Albatta, yomonlikka yaxshilik bilan javob qaytarish faqat sabr-toqat, ikki dunyoda ham ulug' nasibaga ega bo'lgan va bo'ladigan kishilarning fe'lidir.
Darhaqiqat, ozodlikdan marhum qilingan kishilar avf etilishi ular uchun katta imkoniyatdir. End ular o'z qilmishlaridan pushaymon bo'lib, keyingi hayot yo'lida vatani, xalqi va prezidentiga sodiq bo'lishga ahd etishyapti. Shuningdek, bu erda eng asosiysi, ular o'zining avvalgi tanlagan yo'li dindan adashtiruvchi ekanliklarini anglab etganligidir.
Inson huquqlari davrimizning eng dolzarb masalalaridan biridir. Har qanday mamlakatning demokratik xususiyatlarini ko'rsatuvchi shartlardan biri ham inson huquq va erkinliklarining ta'minlanishi uchun qanday shart-sharoitlar yaratilgani bilan belgilanadi.
Qadim asarlarimizda inson va uning sha'niyu a'molini ulug'lovchi bitiklarni ko'ramiz. Bugungi kunda ham inson huquqlarini himoya qilish sohasida qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Mirobod tuman masjidlarida faoliyat yurituvchi imom xatiblar tomonidan Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan inson huquq va erkinliklarini yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida targ'ibot va tashviqot ishlarini olib bormoqda.
Insoniyat taraqqiyoti, xalqlarning farovonligi va ravnaqi chinakamiga umuminsoniy qadriyatlarning qaror topishi, demokratik printsiplarning amalga oshirilishi, jamiyatni harakatga keltiruvchi kuchlarga ishonchning mustahkamlanishi bilan bog'liqdir.
Mustaqillikka erishilgandan keyin O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi. Bosh qomusimiz erkinlik, ijtimoiy adolat, milliy davlatchilik, qadriyatlarni tiklash kabi ezgu orzularni o'zida mujassamlashtirdi.
Baxtimiz qomusi bo'lgan Konstitutsiya normalarida nafaqat insonning asosiy huquq va majburiyatlari, balki ularni ta'minlash bo'yicha davlat idoralarining majburiyatlari ham o'z ifodasini topgan.
Ayni vaqtda istiqlol bizdan zimmamizga olgan halqaro majburiyatlarga rioya etish va ularni bajarishni, Birlashgan Millatlar tashkiloti Nizomi talablari hamda halqaro huquqning umume'tirof etilgan normalariga qat'iy amal qilib yashash mas'uliyatini yuklaydi.
Shunga ko'ra, mamlakatimizda inson huquqlariga rioya etilishi bo'yicha milliy monitoring tizimini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilib bu borada amaliy qadam qo'yilgan.
Kezi kelganda shuni alohida ta'kidlash joizki, diniy erkinliklar tufayli tumanda faoliyat yurituvchi masjidlarning imom xatiblari va bosh imomning shaxsiy tashabbusi bilan inson va huquqlari hamda majburiyatlari haqida joylarda targ'ibot va tushuntirish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Hususan, tuman imom xatibi tomonidan tegishli idoralar bilan hamkorlikda avf etilgan va ijtimoiy ko'makka muhtoj bo'lgan oila vakillariga har taraflama amaliy yordam berilyapti. Jumladan, ularga hayotini va ro'zg'orini tiklab olishlari uchun kerakli ro'zg'or anjomlari olib berildi. Shuningdek, ularning bandligi, tadbirkorlik uchun sarmoya masalasi, sog'ligini tiklash kabi savobli ishlarni munatazam ravishda amalga oshirib kelishmoqda. Eng asosiysi, avf etilgan insonlar davlatimiz tomonidan har doim ham e'tiborda. Albatta, bu kabi ishlarni amalga oshirishda mutasaddilar o'zlarining qalblariga quloq tutgan holda, tom ma'noda insoniylik va ezgulik tamoyillariga asoslanib faoliyat ko'rsatmoqda. Bu esa ular uchun dasturiy amallardan biridir.
O'tgan davr mobaynida bir qancha huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Ularda avvalo, inson haq-huquqlari va erkinliklari himoyasi birinchi o'ringa qo'yilgan.
Inson huquqlari sohasidagi davlat institutlari amaliy faoliyatining mavqei oxir-oqibatda inson huquqlari sohasidagi parlament, idoraviy, prokuror va sud nazoratining samaradorligi darajasi bilan belgilanadi.
O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining diniy sohadagi erkinliklariga ham keng yo'l ochildi. Masjidlarimiz o'z faoliyatini qayta tikladi. Va yangi masjidlar ham qurilib, dindoshlarimizga taqdim etilmoqda. Diniy asarlarimiz qayta nashr etilib, aholiga taqdim etilmoqda.
Konstitutsiya va qonunlar bilan mustahkamlangan insonning huquq va erkinliklarini himoya qilishni ta'minlash, fuqarolik jamiyati institutlarini har tomonlama rivojlanmoqda. Yurtdoshlarimizning huquqiy savodxonligini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda advokatlik tuzilmalarini roli oshirilmoqda.
Albatta, har qanday huquqiy davlatda inson huquqlari, erkinliklari va burchlarini himoya qilish, buni Konstitutsiya va qonunlarda kafolatlash muhim o'rin egallaydi.Sirasini aytganda, yurtimizda fuqarolari haq-huquqlari davlatimiz tomonidan to'la kafolatlangan.
Odil Holmurodov
Mirobod tumani bosh imomi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bilim har bir inson uchun birdek zarurdir. Biroq u to‘g‘ri va tartibli olinmasa, ko‘zlangan natijaga erishib bo‘lmaydi. Keyingi vaqtda har kim o‘ziga kerakli ma’lumotlarni internet va ijtimoiy tarmoqlardan olgan holda o‘zi bilganicha ilm o‘rganish, tasdiqlanmagan xulosalarga rioya qilish holatlari ko‘payib ketdi. Bu illatlar esa o‘z navbatida haqiqiy bilimlar qadr-qiymatiga putur yetkazib qo‘ymoqda. Quyida ilmni ustozdan olish haqiqatiga oid ba’zi dalillarni keltirib o‘tdik.
Qur’oniy dalillar
1. Alloh taolo Qur’oni Karimda bilmaydiganlarga biladiganlardan so‘rashni buyurdi: «Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahllaridan so‘ranglar» (Anbiyo surasi, 7-oyat).
2. Qur’oni Karim Alloh taolo tomonidan ummatning hidoyati va ilmi uchun nozil qilingan. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tushuntirishlarisiz Qur’on ma’nolarini to‘liq va bexato anglab bo‘lmas edi. Alloh taolo Qur’oni Karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bunday marhamat qiladi: «(Biz payg‘ambarlarni) hujjatlar va kitoblar bilan (yuborganmiz). Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma’lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur’onni) nozil qildik» (Nahl surasi, 44-oyat).
Hadisiy dalillar
3. Muoviya roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi. Albatta, men taqsimlovchiman, xolos, Alloh beradi. Albatta, bu ummat Allohning ishi (qiyomat) kelguncha Allohning amrida qoim bo‘ladi. Ularga xilof qilganlar zarar yetkaza olmaydi», dedilar (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyati).
«Sahihu Buxoriy»ga sharh yozgan mashhur muhaddis Hofiz ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh mazkur hadisni bunday izohlaydi: «Demak, ishonchli ilm faqat payg‘ambarlar (anbiyo) va ularning vorislaridan (ulamolardan) olingan ilmdir». Alloma Ayniy rahimahulloh ham ushbu hadisni shunday sharhlagan.
4. Alloma Shotibiy rahimahulloh bu fikrga urg‘u berib yozadi: «Buning dalili yana bir hadisdir: «Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumo aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Albatta, Alloh taolo bandalaridan ilmni birdaniga sug‘urib olmaydi. Balki ilmni ulamolarning jonini olish bilan tortib oladi. Nihoyat, birorta olim qolmagach, odamlar johillarni boshliq qilib olishadi. Keyin ular so‘ralganlarida, johillarga xos ravishda fatvo berishadi. Natijada ular adashadilar va adashtiradilar», deganlarini eshitdim» (Buxoriy rivoyati).
Yana bunday yozadi: «Shunday ekan, ilm kaliti – uning ko‘tarib yuruvchilari ekaniga shubha yo‘q» («Adab al-ixtilaf», 174-bet).
5. Hofiz Ibn Hajar rahimahulloh ushbu hadisning sharhida Imom Ahmadning «Musnadi»dan bir parcha keltiradi, unda bunday deyiladi: «Albatta, ilm ahlining tark etishi – aynan ilmning ketishidir» («Fathul-boriy»).
Payg‘ambarlar alayhimussalomdan misolar
6. Aytilishicha, Dovud alayhissalom payg‘ambar bo‘lgunlariga qadar Luqmon Hakimdan ko‘p ilmlar o‘rganganlar («Tafsir al-Qurtubiy»).
7. Luqmon Hakim o‘g‘liga bunday nasihat bergan: «O‘g‘lim, olimlarga yaqin va doimo ular bilan birga bo‘l. Albatta, Alloh taolo yerni yomg‘ir bilan tiriltirganidek, qalblarni hikmat bilan tiriltiradi» («Jomi’u bayonil ilm»; «Ma’olim irshodiya», 164-bet).
8. Muso alayhissalomning Hizr alayhissalomdan ilm olganlari ma’lum.
9. Yusha’ ibn Nun alayhissalom payg‘ambarlik kelishidan oldin uzoq vaqt Muso alayhissalomning yordamchisi vazifasini bajarganlar, ularning xizmatida bo‘lganlar.
Salafi solihlarning so‘zlari
10. Shuningdek, tobeinlar davrida kim biror ilmi borligini da’vo qilsa, undan bu ilmni kimdan olgani so‘ralgan (Muslimning «Sahih» asari kirish qismi).
11. Mashhur muhaddis Xatib Bag‘dodiy rahimahulloh «Taqyidul ilm» asarida bunday yozadi: «Ko‘plab olimlar vafot etishlaridan oldin o‘zlarining ayrim kitoblarini yo‘q qilishdi va boshqalarga ham shunday qilishni buyurishdi. Ular bu kitoblar hukmlarni tushunmaydigan va kitobdan faqat tashqi ma’nolarni oladigan johillar qo‘liga tushib qolishidan qo‘rqib shunday qildilar».
Keyin bu ishni Imom Obid Salmoniy, Imom Sho‘ba ibn Hajjoj, Imom Abu Qiloba va Imom Iso ibn Yunus rahimahulloh kabilar qilganini aytib o‘tdi (61–62 betlar).
12. Imom Abu Hanifa rahimahullohga masjidda ilm majlisida o‘tirib, fiqhiy masalalar haqida bahslashayotgan bir guruh odamlar haqida xabar berilganida, u kishi: «Ularning ustozi bormi?» degan savollariga «yo‘q» degan javob bo‘lganda: «Bu odamlar hech qachon fiqhni egallamaydilar» deganlar (Shayx Muhammad Avvoma. «Adab al-ixtilaf», 164-bet va «Ma’olim irshodiya», 163-bet; «Al-Faqih val Mutafaqqih», 2-jild, 83-bet).
13. Bir kuni Imom Molik rahimahullohdan «Kishi ilm olishda olimlar bilan suhbatlashmasdan, faqat kitob o‘qib qanoatlansa ilm oladi-mi?» deb so‘rashdi. Imom Molik rad javob berdi va bunday dedi: «Ilm faqat uni yod olgan, olimlarga hamroh bo‘lgan, o‘z ilmiga amal qilgan va to‘g‘riso‘z halol kishidangina olinadi» («Adab al-ixtilaf», 165-bet; «Ma’olim Irshodiya», 163-bet).
14. Ibn Rushd rahimahulloh yozadi: «Qadim zamonlarda bilim odamlarning qalbida bo‘lgan. Keyin u kitoblarga o‘tkazildi, ammo kalitlar hali hamon odamlarning qalbida qolmoqda. Shu sababli, talaba, albatta, unga munozaralar va tushunish yo‘llarini ochadigan murabbiyga muhtoj» («Adab al-ixtilof», 174-bet; «Ma’olim irshodiya», 174-bet).
15. Xatib Bag‘dodiy rahimahulloh yozadi: «Har bir talabaning qiyin savollarga javob olish uchun murojaat qilishi mumkin bo‘lgan ustozi bo‘lishi kerak» («Al-Faqih val-mutafakkih», 2-jild, 83-bet; «An-Nasiha yoki Ahlil-Hadis», 259-bet).
16. Imom Shotibiy rahimahulloh aytadilar: «Agar o‘quvchiga ilm sirlarini ochib (tushuntirib) beradigan olim bo‘lmasa, kitoblarning o‘zi hech qanday foyda keltirmaydi. Bu hammaga ma’lum haqiqat» («Adab al-ixtilaf», 178-bet).
Salafi solihlarning tutgan yo‘li
17. Imom Molik rahimahulloh aytadilar: «Ba’zi shogirdlar o‘ttiz yil davomida o‘qituvchilarining darslarida qatnashgan» («Adab al-ixtilaf», 171-bet).
18. Shunchaki bir necha darslarga qatnashish (bugungi kunda odatiy holga aylangan) «mulozama» – qat’iyatlilik hisoblanmaydi («Maolim irshodiya»dagi izohlar, 177-bet).
19. Hanafiy faqihi Ibn Nujaym rahimahulloh bayon qiladi: «Ilmga muntazam murojaat qilmasdan, doimiy izlanish va ustozsiz erishib bo‘lmaydi» («Adab al-ixtilaf», 172-bet).
20. Imom Shotibiy rahimahulloh aytadilar: «O‘z davrida mashhur bo‘lgan va omma tomonidan qabul qilingan har bir taniqli olimning o‘z davrida murojaat qiladigan ustozlari bo‘lgan» («Adab al-ixtilaf», 176-bet).
21. Ilm yo‘lidagi safarlar.
Bu yerda muhokama qilinadigan asosiy jihat, salaflarning ilm yo‘lida sarson-sargardonlikda o‘tkazgan uzoq muddatlaridir:
1). Imom Boqiy ibn Mahlad rahimahulloh ilm izlab ikki marta safarga chiqdilar. Ularning birinchisi 14 yil, ikkinchisi esa 20 yil davom etdi («Safohat min sabril ulama», 60-bet).
2). Imom Ibn Manda rahimahulloh 45 yilni uylaridan uzoqda o‘tkazdilar («Safohat min sabril ulama», 65-bet).
3). Imom Ya’qub ibn Sufyon Fasavi rahimahulloh: «Men 35 yildan beri safardaman», deganlar («Safohat», 61-bet).
22. Dunyo kezib ilm izlagan olimlar
Tolibi ilmlar safarlari chog‘ida birorta olim bo‘lgan hech bir shahar, qishloq yoki shaharchani e’tibordan chetda qoldirishmagan.
1). Ibn Javziy rahimahulloh Imom Ahmad rahimahulloh haqida bunday yozadilar: «Musnad»ini tuzishdan oldin butun (Islom) dunyosini uch marta kezgan («Said al-Kasir»; «Safahat min sabril ulama», 54-bet) .
2). Ibn Muqriy rahimahulloh aytdilar: «Sharqdan g‘arbga to‘rt marta safar qildim va o‘n marta Baytul Maqdisni ziyorat qildim» («Safohat min sabril ulama», 64-bet).
23. Faqat bitta ustoz emas!
Salaflar hech qachon bir-ikki ustoz bilan cheklanishmagan. Ularning muallimlari ba’zan minglab adadni tashkil qilgan.
1). Imom Buxoriy rahimahulloh: «Men 1080 ustozdan hadis yozdim», deganlar («Hadyu as-sariy», 670-bet).
2). Imom Ibn Hibbon rahimahulloh dedilar: «Taxminan 2 mingdan ortiq ustozdan hadis yozib oldim» («Tazkiratul-xuffoz», 3-jild, 921-bet).
3). Ibn Manda rahimahullohning 1700 nafar ustozi bor edi («Tazkiratul-xuffoz», 3-jild, 1032-bet).
4). Abdulloh ibn Muborak rahimahulloh 4 ming ustozdan ilm olgan («Tazkiratul-huffoz», 1-jild, 276-bet).
5). Imom Abu Hanifa rahimahullohning birgina tobe’inlardan 4 ming nafar ustozi borligi xabarlarda kelgan (Ibn Hajar Haysamiy «Al-Xayratul-hison»; «Asorul-hadis», 176-bet).
6). Hofiz Iroqiy rahimahulloh Imom Qosim ibn Dovud Bag‘dodiy rahimahulloh haqida yozadi: «U zot: «6 ming shayxdan hadis yozdim», dedilar («Safohat»ga izoh, 64-bet).
24. Zamonamizning beqiyos muhaddisi Shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh «Adabul ixtilof» kitobida alohida ta’kidlab bunday yozadi: «Ular (ulamolar) ustozi bo‘lmagan kishiga hech qachon e’tibor bermaganlar va bunday kishini hatto u bilan gaplashishga ham loyiq ko‘rmaganlar, chunki u xato qilishga moyil edi».
25. Abu Ja’far Dovudiy o‘z davrining nufuzli ulamolarining fikriga e’tiroz bildirganda, ular bunday javob berdilar: «Ovozingizni o‘chiring! Sizing ustozing yo‘q!» («Adab al-ixtilaf», 164-bet).
26. Shayx Avvoma rahimahulloh aytadilar: «Har bir insonning nasl-nasabi bor. Talaba o‘z bilimi uchun o‘qituvchilaridan olinadigan nasl-nasabga ham muhtoj. O‘qituvchisi bo‘lmagan kishi, kimligi betayin va nasl-nasabi noma’lum odam kabidir. Uning hech qanday qadri ham, vazni ham yo‘q» («Oltin qo‘llanma», Angliya, 8-bet; «Ma’olim irshodiya», 160-bet va «Adab al-ixtilaf», 164-bet).
Xatolarning kelib chiqish sababi
27. Muhammad ibn Sirin, Hakam ibn Atiyya va Voqiy ibn al-Jarroh rahimahulloh singari imomlar Bani Isroilning adashib ketishlariga asosiy sabab ota-bobolaridan qolgan kitoblardir, deganlar («Taqyid al-ilm», 61-bet).
28. Darhaqiqat, ilmlarning jamlanishi ham odamlarning ulamolar darslariga kam qatnasha boshlagani sabab bo‘lgani uchun Imom Avzoiy rahimahulloh aytdilar: «Ilm ilmli kishilarning og‘zidan chiqqanida ulug‘ edi. Lekin u kitoblarga ko‘chganida nuri (ilohiy nuri) yo‘qoldi» («Taqyid ul-ilm», 64-bet).
Boshqa rivoyatda bunday deyiladi: «...kitoblarga kirganida, unga huquqi bo‘lmaganlar unga yo‘l olishdi!» («Sunani Dorimiy», 467-hadis).
Eslatma! Yuqorida kelitirilgan ikki iqtibosdan maqsad kitoblarni o‘zboshimcha o‘rganish noto‘g‘ri ekanini isbotlash va kitoblarni bilimdon ustoz hamrohligida o‘rganish kerakligini tushuntirishdir.
29. Shayx Muhammad Avvoma aytadi: «Olimlardan ilm olmagan, ularning huzurida uzoq vaqt bo‘lmagan, odatlarini o‘zlashtira olmaydigan odamdan qanday hurmat kutish mumkin? Bunday odam olimlarning qadrini qanday tan oladi? Shuning uchun, bunday odamlarning olimlarni tanqid qilishi ajablanarli holat emas! Kimki ulamolar majlislariga qatnashsa, haqiqatdan ham ularni hurmat qila boshlashi kafolatlanadi» («Adab al-ixtilof», 172-bet; «Ma’olim irshodiya», 172-bet).
30. Alloma Ibn Hajar al-Haytamiy rahimahulloh aytadilar: «Kimki ilmni faqat kitobdan olgan bo‘lsa, o‘zgalarni yo‘ldan ozdiruvchilardan bo‘libdi» («Fatvo Hadisiya»; «Adab al-ixtilaf», 165-bet).
31. Imom ash-Shotibiy rahimahulloh yozadi: «Sunnatga qarshi bo‘lgan aksariyat buzuq toifa va guruhlarning hech qachon tayinli ustozi bo‘lmagan («Adab al-ixtilaf», 176-bet).
32. Imom Shofe’iy rahimahulloh aytadilar: «Ey birodarim! Ushbu oltita asossiz hargiz bilimga ega bo‘lmaysiz: Sabab, istak, qashshoqlik, sargardonlik, muallim va uzoq muddat ustoz nazorati ostida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar» («Adab al-ixtilof», 162-bet; «Ma’olim Irshodiya», 174-bet).
Xulosa
33. Bugungi kunda ayrim odamlarning diniy ilmlarni mustaqil ravishda o‘rganishi urf bo‘lmoqda. Eng yomoni, ba’zilar hech qanday ustoz yoki sohadagi malakali mutaxassisning nazoratisiz «fatvo» yoki «maqola»larini o‘qib olib, o‘zicha ilm tarqatmoqda.
Alloh taolo muhtaram ustozlarimizning umrini ziyoda qilsin, ularning ilmidan foydalanishimizga tavfiq ato etsin.
Davron Nurmuhammad
«Hilol» jurnali 5 (62) son