Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyul, 2025   |   30 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:35
Quyosh
05:12
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:51
Xufton
21:20
Bismillah
25 Iyul, 2025, 30 Muharram, 1447

Alloh va Uning Rosulidan yuz o'git I 17-o'git: Yomon gumondan chetlaning!

21.10.2020   2132   3 min.
Alloh va Uning Rosulidan yuz o'git I 17-o'git: Yomon gumondan chetlaning!

Alloh va Uning Rosulidan yuz o'git!  17-o'git: Yomon gumondan chetlaning!

Alloh taolo shunday marhamat qilgan: Ey, mo'minlar, ko'p gumon(lar)dan chetlaninglar! Chunki ba'zi gumon(lar) gunohdir! (Hujurot surasi 12-oyat)

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan bir hadisda shunday jumlalar keladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Badgumonlikdan saqlaning. Albatta, badgumonlik eng yomon yolg'onchilikdir.....  dedilar». (To'rtovlari rivoyat qilgan)

         Hulosa:

  1. Hitob xossatan mo'minlarga bo'lmoqda. Ushbu xitob orqali Alloh taolo O'ziga iymon keltirgan kishilarni yana bir jirkanch amalni tark qilishlikka buyurmoqda.
  2. Gumondan murod badgumonlik, ya'ni, kishilar yoki ularning amallari, gap so'zlari va boshqa holatlari haqida aniq ma'lumotga, arzirli asosga ega bo'lmagan holda shubhalanish, hadiksirashdir.
  3. Alloh taolo bizni aynan shu narsadan qaytarmoqda. Chunki, badgumonlik sababli bir kishiga yoki jamiyatga nisbatan tuhmat, ig'vo va hasad kabi boshqa illatlar paydo bo'ladi. Bu esa musulmonlar orasida hamjihatlik va birdamlikni yo'qolishiga, o'zaro ishonchsizlik va tafriqalanishga sabab bo'ladi.
  4. Shu va shu kabi boshqa illatlarning paydo bo'lishligiga sabab bo'lgani uchun yomon gumon qilishning o'zi ham gunohdir.
  5. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam badgumonlikni yolg'onning eng yomonidir dedilar. Chunki, gumonda aniq asos bo'lmaydi. Asosi yo'q har qanday gapni gapirish, hox eshitgani bo'lsin, hox u qalbidagi o'y hayol bo'lsin, yolg'on deyiladi va bunday so'zga ishonishlik, o'zgalarga etkazishlik hamda xulosa qilishlik mumkin emas.
  6. Din faqat aniq asoslarga, faktlarga suyanadi. Har xil dedi-dedi, mish-mish yoki kishining qalbidagi gumoni sabab hech kimga xulosa yoki jazo bermaydi. Aksincha, har qanday mujmallikni qoralaydi.

Alloh taolo qalbimizni salomat qilsin. Musulmon birodarlarimizga nisbatan yomon gumonda bo'lishlikdan, gumon sababli kimnidir yomon ko'rishdan, o'zgalarga shubha bilan qarashdan O'zi asrasin!

 

Olmazor tumanidagi

“Mevazor” masjidi imom noibi:

Yorbek Islom

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Shayx Alijon qorining singlisi vafoti munosabati bilan ta’ziya

21.07.2025   8655   2 min.
Shayx Alijon qorining singlisi vafoti munosabati bilan ta’ziya

"AlQuran.uz" portali rahbari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limi boshlig‘i Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdumning singlisi, "AlQuran.uz" portali xodimi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumning opasi, shuningdek, "AlQuran.uz" ilmiy xodimi Abdusamad qorining zavjalari vafoti munosabati bilan marhumaning yaqinlariga ta’ziya bildiramiz.

Marhuma al-Azhar universiteti talabasi bo‘lib, Osim qiroatining  Hafs va Shu’ba rivoyatlari hamda "al-Muqaddima al-jazariyya", "Tuhfatul-atfol" va "al-Arba’iyn an-nabaviyya" kabi ko‘plab asarlar bo‘yicha ijoza sohibasi sifatida 20 yildan beri Qur’onga xizmat qilib kelayotgan edi. Xususan, Qur’on ta’limi yo‘lida samarali mehnat qilib, ko‘plab shogirdlarni yetishtirdi.

Shuningdek, "AlQuran" mobil ilovasidagi "Al-Fatiha online" dasturining uztozalaridan bo‘lib, ko‘plab ayollarning qiroatini to‘g‘rilashga o‘z hissasini qo‘shganini alohida e’tirof etish lozim.

Turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori bilan birga uch nafar qiz farzandni tarbiyalab, barchalarini hofizi Qur’on qilib yetishtirdi.

Uzoq vaqt og‘ir dard bilan kurashganiga qaramay, Qur’on xizmatida bardavom bo‘ldi. Bemorlik mashaqqatlariga sabr qilib, Allohdan savob umidida ilm tarqatishdan to‘xtamadi. Shubhasiz, bu go‘zal xotima, ya’ni shahidlikning bir belgisi. Zero, hadisi sharifda bunday deyilgan: "Kim bemor holatda vafot etsa, shahid holda vafot etadi, qabr fitnasidan saqlanadi va ertayu kech jannatdan rizqi kelib turadi" (Ibn Moja rahimhulloh rivoyati).

"Muslim.uz" portali marhumaning akasi Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum va ukasi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumga, shuningdek, turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori va barcha oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.

Alloh taolo marhumaning Qur’on yo‘lida qilgan xizmatlarini qabul aylab, Barzax hayotida va oxiratda Qur’oni karim shafoati bilan mukofotlasin! Qur’on bilan jannatdagi darajalarini yuksak qilsin! Bemorlikda chekkan mashaqqatlari jannatdagi martabasining baland bo‘lishiga sababchi bo‘lsin!

Janoza marosimi ertaga seshanba 22 iyul kuni asr namozida, soat 17:45 da Ustoz Shayx Alijon qorining Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Boylarovul qishlog‘idagi xonadonida bo‘lib o‘tadi.

Alloh taolo musibat ahliga sabri jamil ato qilsin! Qazo va qadarga rozi bo‘lishlarida Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin!

Marhumaga quyidagi hadisda zikr qilingan ulug‘ darajalarni tilaymiz: "Qur’on sohibiga o‘qi va ko‘taril va  dunyoda tartil qilganing kabi tartil qil. Albatta, sening manziling oxirgi o‘qigan oyatingdadir", deyiladi" (Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rahimahulloh rivoyati).