✨Otalari: Abdulloh ibn Abdulmuttolib payg'ambarimiz alayhissalom tug'ilmaslaridan oldin olamdan o'tganlar.
✨Onalari: Omina binti Vahb payg'ambarimiz alayhissalomning 6 yoshliklarida vafot qilganlar.
✨Bobolari: Abdulmuttolib ibn Hoshim payg'ambarimiz alayhissalom 8 yoshliklarida dunyodan o'tgan.
✨Amakilari: Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning 9 ta amakilari bo'lgan. Ularining ismlari: Horis, Zubayr, Hamza, Ziror, Abu Tolib (Abdu¬manof), Abu Lahab (Abduluzzo), Abdulka'ba, Mug'iyra va Navfal.
✨Ammalari: Umayma, Baro, Ummu Hakiym, Safiya, Arvo, Otika.
✨Ayollari: Hadiyja bintu Havaylid, Savda bintu Zam'a, Oisha bintu Abu Bakr, Hafsa bintu Umar, Zaynab bintu Huzayma, Ummu Salama (Hind bintu Abu Umayya), Zaynab bintu Jahsh, Maymuna bintu Horis, Juvayriya bintu Horis, Ummu Habiba (Ramla bintu Abu Sufyon), Moriya bintu Sham'un, Sofiya bintu Huyay.
✨O'g'illari: Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning uchta o'g'illari bo'lgan ammo ular yoshliklarida vafot qilganlar. Ular: Qosim, Abdulloh, Ibrohim.
✨Qizlari: Zaynab, Fotima, Ruqayya, Ummu Kulsum roziyalloh anhunna.
✨Kuyovlari: Abul Oss ibn Robi' roziyallohu anhu – Zaynab bintu Muhammad alayhissalomning turmush o'rtoqlari.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu – Fotima bintu Muhammad alayhissalomning turmush o'rtoqlari.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu – avval Rasululloh solallohu alayhi va sallamning Ruqayya ismli qizlariga uylanadilar, bir qancha vaqt o'tib Ruqayya roziyallohu anho vafot etganlaridan so'ng Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning kenja qizlari Ummu Kulsum roziyallohu anhoga uylanadilar. Shu sababli Usmon roziyallohu anhu «Zinnurayn» - ikki nur sohibi degan nom bilan sharaflanganlar.
✨ Nabiralari: Abul Oss ibn Robi' va Zaynab bintu Muhammad alayhissalomning farzandlari: Ali, Umoma.
Ali ibn Abu Tolib va Fotima bintu Muhammad alayhissalomning farzandlari: Hasan, Husayn, Muxassin, Zaynab, Ummu Kulsum.
Usmon ibn Affon va Ruqayya ibn Muhammad alayhissalomning farzandlari: Abdulloh.
Imom Termiziyning«Shamoili Muhammadiya» asari asosida tayyorlandi.
mehrob.uz
Toshkent islom instituti jamoasi Buxoro va Samarqand viloyatlariga uch kunlik ilmiy safarga chiqishdi.
Muftiy hazratlari xayrixohligi va institut rektori tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan ilmiy safarning birinchi kunida Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Sayyid Mir Kulol, Bahouddin Naqshband, Abu Hafs Kabir hamda Chor Bakr kabi tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar ziyorat qilindi. Ulamolar hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Mir Arab madrasasida ham talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi.
An’anaga muvofiq, Muhammadrasul Abdullayev, Faxriddin Mamanosirov, Jahongir Ne’matov, Jahongir Ro‘ziyev va boshqa o‘qituvchilar ishtirokida talabalar Masjidi Kalonda Imom Buxoriyning buxorolik ustozlaridan rivoyat qilgan hadislarni o‘qishdi.
Imom Buxoriy mana shu masjidda minglab talabalarga "Sahihi Buxoriy"dan dars bergani tarixdan ma’lum. Aynan shu yerda tahsil olish bugungi talabalar uchun ilm barakasidan nasibador bo‘lishga umidvorlik bor.
Toshkent islom instituti jamoasining safari Samarqandda davom etdi. Ustoz va talabalar Hadis ilmi maktabida ham bo‘lishib, “Sahihul Buxoriy” kitobidan oxirgi hadislarni o‘qishdi. Shundan so‘ng 70 dan ortiq bitiruvchi kurs talabalariga “Sahihul Buxoriy” bo‘yicha ijoza shahodatnomalari topshirildi.
Qur’on xatmlari nihoyalanib, xalqimiz farovonligi va yurtimiz osoyishtaligini tilab duolar qilindi.
Ma’lumot uchun, Toshkent islom institutida diniy ta’limning “xatmi kutub” uslubi bo‘yicha hadis, fiqh, aqida, tafsir, faroiz, tasavvuf kabi fanlarga oid mo‘tabar kitoblar dars jarayonlari va to‘garaklarda to‘liq o‘qib tugatiladi. “Sahihul Buxoriy” kitobi 2 yil mobaynida “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi o‘qituvchilari ustozligida o‘qib xatm qilindi. “Sahihul Buxoriy” bo‘yicha ijoza shahodatnomalari har yili Buxoro va Samarqanddagi ilmiy safar yakunida topshiriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati