Janob Payg'ambarimiz Muhammad mustafo Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o'z hadisi shariflarida: “To'rtta daryo – Sirdaryo, Amudaryo, Nil, Yevfrat – jannat daryolaridan," – deganlar. Yer kurasida 4ta okean, bir necha dengiz va ko'plab daryolar bo'lsada, planetamizni to'rtdan uch qismi suv bilan qoplangan bo'lsada, shulardan faqat to'rtta daryonigina Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam “jannat daryolaridan” dedilar. Yaxshi e'tibor bersak, mazkur to'rtta daryodan ham eng birinchi navbatda Sirdaryo va Amudaryo daryolarini aytdilar. Demak, bizni yurtimiz “jannatmakon yurt” deyilgani balandparvoz so'zlar emas ekan! Mazkur to'rtta jannat daryolaridan teng ikkitasi aynan bizni yurtimizda ekanligi ham – bu Yaratganning aynan bizning yurtimizga o'zgacha Ilohiy nazari bilan boqqani! Yer yuzining boshqa joylariga nisbatan Alloh taolo aynan bizni yurtimizga o'zgacha nazari bilan, o'zgacha rahmat nazari bilan boqqanini yaqqol belgisi, dalili, isboti va namunasi! Buni onglab tushunib etish uchun maxsus ilm dargohlarida, katta-katta institutlarda yoki islom universitetlarida o'qib, ta'lim olish shart emas! Bu – osmondagi Oy va Quyoshday butun insoniyatga ma'lum va mashhur bo'lgani kabi, dunyo xalqi uchun ochiq-oydin xaqiqatligi hammaga ayon!
O'zi nazar qilgan, O'zi o'zgacha nazar qilgan mana shu jannatmakon diyorni Alloh taolo O'z Ilohiy nazari va Ilohiy rahmati ila boqib, ushbu muqaddas zaminimizni insonning aqli ojizlik qiladigan ko'pgina behisob ne'matlar bilan ne'matlantirib qo'ygan. Aynan bizning jannatmakon yurtimizga, muqaddas zaminimizga, Hudo nazar qilgan diyorimizga, jonajon O'zbekistonimizga Alloh taboraka va taolodan ato etilgan bunday ne'matlarni nafaqat inson zoti, balki hech qanday, xatto oxirgi modeldagi yangi chiqqan eng zamonaviy komp'yuter ham sanab sanog'iga eta olmaydi!
Bunday behisob va bebaho, aziz va buyuk, mislsiz va beqiyos, tengi yo'q moddiy va ma'naviy ne'matlar ichida bittasi bu – “paxta” deb atalmish Ilohiy moddiy ne'mat. Yerdan o'nib-o'sib chiqadigan boshqa nabotot-o'simliklar qatori paxta ham, agar Hudo xoxlasa chiqadi, bo'lmasa yo'q! Shuning uchun ham paxta – Hudoi taoloning bandalariga beradigan nabotot olamidagi mo''jizaviy ne'matlaridan biri. Allox taoloning shu mo''jizaviy ne'matlari ichida eng kattalaridan va eng manfaatlilaridan biri!
Internet va entsiklopedik ma'lumotlarga qaraganda, fan tilida «Gossypium» deb nomlanadigan “paxta”ni er yuzida 39 dan ortik o'simliklari mavjud. Shulardan oltitasigina planetamizning oltita mintaqasida o'sadi xolos. Jahon miqyosida etishtirilayotgan paxtani 65 foizini 5 ta davlat etkazib beradi. Bular – Hitoy (4 mln. t), AKSh (4 mln. t.), Hindiston (2,5 mln. t.), Pokiston (1,5 mln. t.) va O'zbekiston (1,2 mln. t.). Jahon paxtasini qolgan 35 foizini 70 ta davlat etkazadi.
Olimlarning ilmiy tadqiqotlari va jahon statistika ma'lumotlariga ko'ra, paxtadan bugungi kunda inson hayotida darkor bo'ladigan 100 dan ziyod turli xil navdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Bu mahsulotlarga odam bolasini muhtojligi esa onasidan tug'ilishidan avvalroq boshlanib, vafot etganidan keyingi davr mobaynida bo'lar ekan! Bitta o'simlikdan shuncha turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladigan yana boshqa o'simlik bu dunyoda yo'q ekan! Ana! Qanday ulug' va beqiyos, xaqiqatda mo''jizaviy (!) ne'matni Alloh taolo bizni diyorimizga ravo ko'rgan!
Alloh taoloning inoyati ila davlatimiz va hukumatimiz tomonlaridan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar va tuman rahbarlarining boshchiliklarida mustaqilligimizni sharofati bilan jannatmakon yurtimizni tinchligi, muqaddas Vatanimizni ravnaqi, dono xalqimizni farovonligi, farzandlarimiz bizdan ham baxtliroq bo'lishlari uchun, bolalarimizni kelajagi uchun behisob-behisob, son-sanoqsiz, katta-katta savobli, xayrli va olijanob ishlar bajarilib kelinmoqda. Bu savobli ishlarga nafaqat butun dunyo hamjamiyati tan bermokda, balki O'zbekistondagi bu xayrli ishlarni har bir ko'zi ojiz inson ham ko'rmokda, har bir qulog'i og'ir odam ham eshitmoqda, har bir aqli zaif banda ham mohiyatini onglab, mazmunini tushunib, samaralarini sezib, to'la-to'kis his qilmoqda.
“Birni ko'rib shukr qil, birni ko'rib fikr qil” deganlariday yon-atroflarimizga qarab, ba'zi davlatlarda bo'layotgan ahvollarga qarab fikr qilaylik! “Ey, Allohim! Yurtimga berilgan tinchlikka shukr!” deb, tinch uxlab, eson-omon uyg'onayotganimizga shukr qilaylik! Ba'zi davlatlarda insonlar o'zini tinchligini-omonligini o'ylab, jon kuydirayotgan bir zamonda, bizni mamlakatimizda esa jahon andozalaridan ham ustun bo'lgan o'quv dargohlari bizni bolalarimiz uchun barpo etilayotgan bir paytda, xalqaro me'yorlaridan qolishmaydigan sport inshootlari biz uchun qurilayotgan bir paytda, bizda qo'sha-qo'sha imoratlar, qator-qator uylar, yangidan-yangi moshinalar, hashamatli to'yxonalar, dabdabali to'y-ma'rakalar, kelin-kuyovga hizmat qilayotgan chet ellarda faqat boylar minadigan avtomobillar, farzandlarimiz chet elma-chet el yurib, dunyoning turli chekkalarida obro'li-nufuzli o'quv dargohlarida o'qib turgan, qo'llarimizdagi dunyoda hozirgina chiqqan eng zamonaviy telefonlar kundan-kunga hayotimizni boyitib turgan bir paytda, Hudoi taolo sanoqligina davlatlar qatori bizning diyorimizga berayotgan mo''jizaviy paxta ne'matini nes-nobut qilmay, terib olmasdan, oyoqosti qilib, uvol qilsak, noshukrlik va isrofgarchilik qilgan bo'lmaymizmi?
Noshukrlik va isrofgarchilik esa Hudoga xush kelmasligi har bir aqli raso odamga ma'lum!
O'zbekistonni mag'ribdan mashriqgacha aylanib chiqsangiz ham, davlatimizni u chekkasidan bu chekkasigacha kezib chiqsangiz ham, mamlakatimizni barcha shahar-qishloqlarini ko'rib chiqsangiz ham bir narsaga guvoh bo'lasiz – har bir viloyat, har bir tuman, har bir shahar, har bir qishloq, har bir mahalla, har bir ko'chada yangilanish, chiroyli o'zgarish, katta qurilishlar bo'layotganini ko'rasiz! Bunday islohotlardan yurtimizni biror joyi ham chetda qolmagan!
Oq-qorani taniydigan, foyda-zararni biladigan, o'ng-chapni payqaydigan, og'ir-engilni his qiladigan, savob-gunohni ajrata oladigan, katta-kichikni farqiga etib boradigan, past-balandni tushunadigan, yaxshi-yomonni mazmunini onglaydigan, uzoq-yaqinni mohiyatiga etib boradigan har bir aql-zakovatli inson biladiki, O'zbekistonda bo'layotgan bunday ulug'vor ishlar o'z-o'zidan bo'lmaydi! Qisqa davr ichida asrlarga teng, savobi cheksiz-chegarasiz bo'ladigan bunchalik darajadagi ulkan va buyuk ishlarni amalga oshirish uchun ko'p narsalar ichida moddiy ta'minot ham bo'lishi darkor.
Ushbu nihoyatda mas'uliyatli, mashaqqatli va sharafli, og'ir va savobli, sermahsul va olijanob ish bo'lmish – xalqimizni rizqi, dasturxonimizni ko'rki, davlatimizni boyligi, yurtimizni xirmoni bo'lgan Alloh taoloning mo''jizaviy ne'mati bo'lgan «paxta»ni yig'im-terimida jamiyatimizning barcha a'zolari birgalikda, hammamiz ham bir tan-bir jon bo'lib, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz zarur. Zero «Ko'p biriksa, tog' qular», «To'pdan chiqsang xam, ko'pdan chiqma», «Ko'pdan ayrilgan ozar, ko'pga qo'shilgan o'zar», «Ko'pning haqi etimning haqidan yomon», «Ko'pchilik bir mushtdan ursa, o'ldirar, bir burdadan bersa, to'ydirar» deb dono xalqimiz bekordan-bekor, bejiz aytmagan.
Endi har birimiz o'z-o'zimizga: “O'zim yashab turgan yurtimni tinchligi uchun, ona-Vatanimni ravnaqi uchun, ajdodlarim yotgan muqaddas zaminim uchun, kindik qonim to'kilgan diyorim uchun, aziz bo'lgan el-xalqim uchun, farzandim mendan ham baxtliroq bo'lishi uchun, bolamni kelajagi uchun men nima ish qildim?” – deb savol beraylik.
Dono xalqimiz o'zining purhikmatli maqollarida «Bekor o'tirgandan bekor ishla!», «Bekorchidan Hudo bezor!» deb aytishlarida ham juda ko'p ma'nolar bor. Zero, bu ulug' hikmatlar elning ellik ming elagidan o'tkazilib, keyin muomalaga qo'yilgan.
Iloho o'zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz buyurgan, janob Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam tavsiya etgan, o'tmishda o'tganlarimizni ruhlari shod bo'ladigan, xalqimiz xursand bo'ladigan, ota-onalarimiz rozi bo'ladigan yo'llardan yurishimizni nasib etsin!
Muhtaram azizlar! Tinch bo'lib turgan yurtimizda musaffo osmonimiz ostida yashayotgan jannatmakon diyorimizni boyligi uchun, Hudoni o'zgacha Ilohiy nazari tushgan muqaddas Vatanimizni ravnaqi va xalqimizni farovonligi uchun, turmushimizni obodligi va ko'pchilikni rizqi uchun, elimizni mo'l hirmoni va oilamiz dasturxonini ko'rki uchun o'z hissamizni qo'shaylik! Shu jannatmakon diyor – muqaddas zaminda yashayotgan har birimiz, Alloh taolo O'zbekistonga bergan barcha behisob va betakror, mislsiz va beqiyos ne'matlaridan foydalanayotgan har bir odam bolasi o'zini munosib hissasini qo'shishi lozim ekanligini unutmaylik!
Ibrohimjon INOMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari
Insoniyat tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan buyuk allomalarimizdan biri Imom Abu Mansur Moturidiydir. Ul siymo faqat bir zamonning emas, balki barcha zamonlarning dolzarb va muhim masalalariga asosli hamda qat’iy javoblarni bera olgan mutafakkir olim.
U zotning dunyo ilm-faniga, ayniqsa, aqida ilmiga qo‘shgan hissasi, aql va naqlni uyg‘unlashtirishdagi o‘rni haqida zamondoshlari hamda muhaqqiq olimlar tomonidan yuksak baholar berilgan.
Ko‘pchilik «Abu Mansur» nisbasini eshitganda, u zotning o‘g‘li «Mansur» bo‘lganmi, degan savolga to‘xtaladi. Lekin manbalarda Imom Moturidiy rahimahullohning «Mansur» ismli o‘g‘li bo‘lgani aytilmagan. Ammo tadqiqotchilar manbalarga tayanib, u zotning qizi bo‘lganini ta’kidlagan. Lekin Imom Moturidiy o‘z tafsirida o‘g‘il farzandli bo‘lishni orzu qilganini va uni «Mansur» deb nomlashini aytib o‘tgan. Bu haqda «Ta’vilot al-Qur’on»da shunday deyiladi: «Abu Mansur» deb, unga «Mansur» ismli o‘g‘il tug‘ilishi umidida ishlatiladi».
Bu orzu amalga oshgan yoki yo‘qligi haqida tarixiy ma’lumot uchramaydi. Qayd etilgan jumla Imom Moturidiyning shaxsiy hayotidagi sodda bir orzuni ko‘rsatsa-da, uning tuyg‘ulari qanchalik samimiy ekanini bildiradi.
Imom Moturidiyning ilmdagi darajasi haqida u zotning shogirdlari va izdoshlaridan yetishib chiqqan yetuk olimlar yuksak baholar bergan. «Sayful-haq» (Haqiqat qilichi) degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan olim Abu Muin Nasafiyning ta’kidlashicha: «Agar ahli sunna olimlari orasida faqat Imom Abu Mansur Moturidiyning o‘zi bo‘lganida ham, yetarli bo‘lar edi». Bu ta’rif Imom Moturidiyning ahli sunna va jamoa asosini barpo etishdagi o‘rnini yorqin namoyon qiladi.
Undan tashqari, Abu Muin Nasafiy Imom Moturidiyga: «Ilm ummoniga sho‘ng‘ib, undagi noyob durlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan, dinning hujjat-dalillarini bayon etib, ularni o‘z fasohati, chuqur ilmi va yuksak aql-zakovati bilan sayqallashtirgan olim», degan ta’rifni bergan.
Ustozi Abu Nasr Iyoziyning u zotga nisbatan hurmati va e’tirofi ham juda ta’sirli. U dars majlislarida Moturidiy hozir bo‘lmaguncha gapirmas edi. Har gal uni uzoqdan ko‘rib, hayrat bilan nazar tashlar va Qur’oni karimdan quyidagi oyatni tilga olardi: «Parvardigoring xohlaganini yaratadi va ixtiyor etadi» (Qasos surasi 68-oyat).
Abdulhay Laknaviy «al-Favoidul-bahiya» asarida Imom Abu Mansur Moturidiyni mutakallimlar imomi va musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma sifatida tavsiflaydi. Uning ta’kidlashicha, Imom Moturidiy benazir asarlar yaratib, botil aqida vakillarining buzg‘unchi g‘oyalariga raddiyalar bergan.
Ayrim manbalarda Imom Moturidiy tariqat shayxlari tomonidan ham ummatni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llovchi shaxs sifatida e’tirof etilgani aytiladi. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq ibn Solih Juzjoniy Imom Moturidiyning tasavvufdagi ustozlaridan biri bo‘lgan.
Zamonaviy moturidiyshunos olimlardan Ahmad Sa’d Damanhuriy o‘zining Imom Moturidiyga bag‘ishlab yozgan asarida shunday deydi: «Imom Moturidiy fiqh, ilm, taqvo, dinu diyonat, fazilat va yaxshilikda peshqadam bo‘lib, u bilan hamfikr yoki unga qarshi bo‘lganlarning barchasi uning benazir olim ekanini e’tirof etgan. U sunnatning keskir qilichi, bid’at va gumrohlikka qarshi kurashgan alloma bo‘lgan. Ul zot ko‘plab kitoblar yozib, islom dinini himoya qilgan, unga qarshi chiqqanlarni mag‘lub etgan».
Moturidiyshunos olim So‘nmas Qutlug‘ esa shunday deydi: «Imom Moturidiy Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan eng ulug‘ in’om, bebaho tuhfadir».
Ayrimlar «Kitob at-tavhid»ning kirish qismidagi aqliy dalillarga qarab, u zot faqat aqlga tayangan deb xulosa qiladi. Lekin Yaratuvchining mavjudligini inkor qilayotgan insonga o‘sha mavjudlikni aql orqali isbotlash tabiiy va zaruriy uslubdir. Imom Moturidiy naqlni chetlatmagan, balki uni o‘z o‘rnida ishlatgan. Aksincha, Imom Moturidiy ilmda naql va aqlni mukammal tarzda uyg‘unlashtira olgan olim edi. U zot o‘zining sog‘lom e’tiqodga bag‘ishlab yozgan «Kitob at-Tavhid» asarida Qur’oni karimning 77 ta surasining, 350 ta oyatidan foydalangan. Bu esa Moturidiyning aqida masalasida naqlga naqadar e’tibor qilganini ko‘rsatadi. Turk olimi Bakr To‘pol ushbu ko‘rsatkichlarni tahlil qilib, hatto Imom Moturidiyning ishora qilib ketgan oyatlarini ham keltirgan va bu son yanada yuqori chiqqanini ta’kidlagan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan buyuk olimga yuksak hurmat ifodasi o‘laroq «Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingani, albatta, butun dunyo moturidiyshunoslarini cheksiz quvontirdi. Bu esa har bir insonning qalbida faxr va shodlik tuyg‘usini uyg‘otmay qolmaydi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Imom Abu Mansur Moturidiy – islom aqidasini himoya qilgan, ahli sunna val-jamoa ta’limotining ilmiy asoslarini tizimlashtirib, mustahkamlagan buyuk olimdir. U o‘z asarlari va ilmiy bahslari orqali turli bid’atchi toifalarning noto‘g‘ri aqidalarini rad etgan. Imom Moturidiy faqatgina raddiya beruvchi emas, balki aqidaviy masalalarga aql va naql asosida yechim topa bilgan buyuk shaxsiyat edi.
Ixtiyor Abdurahmonov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: uza.uz