Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2025   |   22 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:05
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2025, 22 Muharram, 1447

Insoniyatning eng sharaflisi va ulug'i

20.10.2020   2560   8 min.
Insoniyatning eng sharaflisi va ulug'i

On hazrat sollallohu alayhi vasallamning o'zlari ham insoniyatning eng sharaflisi, sayyidi va ulug'i ekanliklarini ta'kidlaydilar.

 

انا سيد ولد آدم القيمة و لا فحر (داموز الاحاديث: 2/102)

 

Ana sayyidi valadi odama yavmal qiyamah vala faxra – Men bani Odam, bani basharning sayyidi, peshvosi, ulug'iman, lekin bu bilan iftixor qilmayman. Bu Allohning amri!..

Ilk Payg'ambar – Odam alayhissalomdan to mengacha kelgan sulolaning hammasi asl oilalardan, birorta ham zino farzand tug'ilmagan; (vala faxro) lekin bu Allohning inoyati, bundan faxrlanish yo'q!

Oxiratda menga shu-shu narsalar beriladi; Bundan ham faxrlanish yo'q... – deya marhamat qilganlar. Zero, insonda ba'zi narsalar uchun maqtanish, faxrlanish hissi bo'ladi. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu narsadan yiroq, juda kamtarin inson bo'lganlar. Kamtarona hayotda yashaganlar. Bularga ham misollar keltiraman:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juda oddiy kiyimlar, yung matodan liboslar kiyardilar... Oyoq kiyimlarini o'zlari yamar edilar. Tuya, ot turgan joyda eshakka ham minib ketaverardilar.

Orqalariga biror kishini mingashtirib ham olardilar. Abdulloh ibni Abbos kabi kishilarni mingashtirib yurganlarini rivoyatlardan bilamiz. Qo'y sog'ardilar. Hizmatkor qullar bilan birga  o'tirib ovqatlanar, ularga yaxshi qarab, yaxshi munosabatda bo'lardilar. Qullar bilan birga ovqat eyish, ularni ozod qilish xususida ulug' tavsiyalari bor...

Boy, kambag'al hammaga bir xil muomalada bo'lar, hammasi bilan qo'l berib salomlashar edilar. Odamlarga birinchi bo'lib salom berardilar. Biror erga chaqirilsalar, albatta u erga borardilar. Hatto bu xususda o'zlari shunday deganlar:

«Bir tuya pochasiga chaqirilsam ham, boraman». Bilamizki, u paytda tuya pochasiga hammaning ham qurbi etgan va oddiy, tayyorlanishi oson, tez pishadigan ovqat bo'lgan. Shu ovqatga ham chaqirsalar rad etmasdan borar ekanlar.

Bir marotaba mehmonga chaqirilganlarida oldilariga sirka bilan non qo'yildi. Shunda nonni sirkaga botirib (qo'shib) eydilar va «sirka qanday ajoyib oziq»,– deb maqtaydilar. Hech qaysi ovqatni «yoqtirmayman» demasdilar va maqtab, yoqtirib erdilar.

Qahqaha urib, qattiq ovozda kulmaganlar, faqat tabassum bilan kulardilar. Bizning Bomdoddan keyin o'qiydigan avrod (duolar, zikrlar, virdlar) kitobimizda yozilgan:

Min ma'dina mantiqin va muktasabin.  Ya'ni:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, go'zal (xush) suhbat va tabassum sohibi (ma'dani) edilar», – deyilgan. Chehralaridan tabassum balqib turadigan, ko'ngli ochiq va saxiy inson bo'lganlar. Saxiyliklari shu darajada ediki, ta'rifiga so'z ojiz... O'zlariga kelgan sovg'a, hadya va boshqa narsalarning hammasini kelishi bilan kechgacha tarqatib yuborardilar.

Agar kechqurun kelsa, ertalabgacha qoldirmay, tarqatib yuborardilar.

Vafotlari yaqinlashganda, uylarida uch dirham borligi eslariga tushib, darrov o'sha uch dirhamni sadaqa qilib yuborishni buyurdilar. «Payg'ambarlar meros qoldirmaydi», – der edilar. Ya'ni mol-dunyo to'plashni, boylik asrashni yoki ko'paytirishni xohlamaganlar, yoqtirmaganlar va o'zlari bu ishga qo'l urmaganlar.

Bir kuni xizmatkorlari bir kun oldingi ovqatni olib kelganida: «Nega bu ovqatni kecha  faqirlarga ulashmasdan, bir kun asradinglar, olib o'tirdinglar? Alloh har kun yangi rizq beradi-ku?», – deganlar. Hatto ovqatni saqlab qo'yishni, jamg'arib qo'yishni ham xush ko'rmaganlar, ma'qul demaganlar.

Biror narsadan xafa bo'lgan vaqtlarida qovoq solmasdilar. Ko'p gapirmasdan fikr yuritardilar, o'yga tolardilar.

Bir marotaba bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ning yonlarida o'tlab yurgan qo'ylarni ko'rib, havas bilan:

 – Buncha chiroyli suruv ekan, yo, Rasululloh! – deydi.

– Juda yoqtirdingmi? – deya so'radilar.

– Judayam yoqtirdim, juda chiroyli qo'ylar ekan! – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

– Ol, unday bo'lsa, senga berdim! – deydilar.

– Hammasinimi, yo Rasululloh?!

– Ha, hammasi senga! – deb javob berdilar. Va u kishi suruvni haydab, qalbi sevinchga to'lib, qabilasiga qaytdi. Yo'lda ko'rganlar:

– Yo tavba, sen bu suruvni biron erdan o'g'irladingmi?.. Ertalab hech narsang yo'q holda chiqib ketgan eding, kechqurun shuncha qo'y bilan qaytayapsan. Nima gap o'zi? – deyishadi.

Shunda u odam:

– Buni menga Hazrat Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam hadya qildilar, tavakkulchi, faqirlikdan qo'rqmaydigan olijanob bir himmat bilan sovg'a qildilar, – deb javob berdi.

Ertangi kun uchun biror narsa saqlamasdilar. Ba'zan bir necha kunlar uylarida qozon qaynamasdi.

– Yo Rasululloh! Faqat xurmo eyaverib, ichimiz kuydi. Har doim meva eymiz, eganimiz quruq xurmo... – deyishadi faqirlar.

– Men ham sizdek, ikki oydir faqat meva eyman. Uyda eyishga boshqa narsa yo'q, – deb javob berdilar.

Bir kishi ochlikdan qorniga tosh bog'lab oladi. Issiq toshni qorniga bog'laganda, ozgina (oshqozonidan) ochlikning ta'siri yo'qoladi, shekilli... Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga qornidagi toshni ko'rsatib, shikoyat qilganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham muborak qorinlarini ochib, bog'lab qo'ygan toshlarini ko'rsatdilar. Ya'ni yashash tarzlari jihatidan insonlarning hayotlaridan farq qilmas ekan... Bu narsa boy yoki kambag'al bo'lganliklaridan emas, balki dunyoga, boylikka ahamiyat bermaganliklaridan. Agar u kishi Allohu Taolodan mol-dunyo istaganlarida behisob berar edi.

Zero, Allohu Taolo Jabroil alayhissalom orqali rasuliga: “Agar rasulim boylikni xohlasa, Makka atrofidagi tog'larni oltinga aylantirib beraman”, – deb bildirganida, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam esa, bu taklifni qabul qilmaganlar. Foniy dunyodan ko'ra boqiy oxiratni, ummatlar g'amini afzal ko'rganlar.

Bir marta bir kishi Payg'ambarimizga yumshoq to'shak hadya qilganda, o'sha kecha qattiq uyquga ketib, tahajjud namoziga turolmaydilar. Boshqa bu to'shakka yotmayman, kecha meni tahajjud namozidan qoldirdi, – deb egasiga muloyimlik bilan tushuntirib,  tashakkur aytib, qaytarib beradilar. Rohat-farog'at emas, kamtarona hayot kechirishni yoqtirardilar.

Tul, beva ayollarga, etimlarga nisbatan juda saxiy, marhamatli edilar. O'z nafslari uchun jahli chiqmas, kechirimli va o'ch olmas edilar, lekin Allohning buyrug'i bajarilmaganidan qattiq g'azablanardilar. Makka fath qilinganida, intiqom olish mumkin bo'lganda ham hammasini kechirgan edilar. Islom qo'shinidagi ba'zi sarkardalar: “Agar dushman ustidan g'olib kelib, qo'lga tushirsak, qiyma-qiyma qilib tashlaymiz!”, – deyishgandi. Faxri olam sollallohu alayhi vasallam bunday g'azabga minganlarni yomon harakatlar sodir qilishmasin, deb qo'mondonlikdan olib,  qo'shin ortidagi xizmatlarga jo'natganlar.

Makka fath bo'lgach, qarshilarida dir-dir titragan kishilarni o'ldirmadilar, kechirdilar, avf etdilar. Ularga islomni ta'lim berib, to'g'ri yo'l ko'rsatdilar. Doimiy hayotiy faoliyatlari ana shunday shafqat, marhamat va ma'rifiy asosda edi...

 

"Islom va axloq" kitobidan olindi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Haj” va “Umra” markazi yangi umra mavsumini 2025 yil avgust oyidan boshlanishini e’lon qiladi

15.07.2025   6277   1 min.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Haj” va “Umra” markazi yangi umra mavsumini 2025 yil avgust oyidan boshlanishini e’lon qiladi

So‘nggi yillarda umra safarlarini yuqori saviyada tashkil etish, ziyoratchilarga sifatli va qulay xizmatlar ko‘rsatish hamda ibodatlarni shariat talablariga muvofiq ado etish ishlari “Haj” va “Umra” markazi tomonidan amalga oshirib kelinmoqda.

30 yildan ziyod amaliy tajriba asosida ziyoratchilarimiz uchun 10 kunlik maxsus umra dasturi taklif etilmoqda.

Dastur doirasida quyidagi qulayliklar nazarda tutilgan:

“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi orqali Toshkent–Jidda–Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar;

3 kecha Madina, 7 kecha Makkada bo‘lish;

Jidda–Madina, Madina–Makka va Makka–Jidda yo‘nalishlarida zamonaviy avtobuslar xizmati;

Makka va Madina shaharlarida barcha sharoitlarga ega mehmonxonalar;

3 mahal mazali taomlar;

Madina shahrida Nabaviy masjidi, “Ravza”, Qubo, Qiblatayn masjidlari va Uhud maydoniga ziyorat;

Makka shahrida Arafot, Mino, Muzdalifa vodiylari hamda Nur va Savr tog‘lariga ziyorat;

Jidda shahridagi Qizil dengizga sayohat.

Umra safari davomida ziyoratchilarga tajribali ishchi guruhi, taniqli imom-xatiblardan iborat guruh rahbarlari, malakali shifokorlar hamrohlik qilib, ibodat va safarni oson va xotirjam o‘tishini ta’minlaydilar.

Umra safariga borish niyatida bo‘lgan barcha yurtdoshlarimizni ushbu imkoniyatdan foydalanishga taklif etamiz.

Murojaat uchun telefonlar:

Haj va Umra Markazi
+998778821858
+998998821858

Hududiy mas’ullar:
Andijon vil. +998999012979
Farg‘ona vil. +998902723477
Namangan vil. +998902181117
Sirdaryo vil. +998911012816
Jizzax vil. +998941955554
Samarqand vil. +998979121674
Qashqadaryo vil. +998995803520
Surxondaryo vil. +998915861007
Buxoro vil. +998906116486
Navoiy vil. +998997516005
Xorazm vil  +998910941100
Qoraqalpog‘iston Res. +998973490457