Qur'oni karimning birinchi nozil bo'lgan oyatida Alloh taolo Payg'ambarimiz alayhissalomga: “O'qing (ey Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo'lmish Rabbingiz ismi bilan! (U) insonni laxta qondan yaratdi. O'qing! Rabbingiz esa karamlidir. U insonga qalam bilan (yozishni ham) o'rgatdi. U insonga bilmagan narsalarini bildirdi (“Alaq” surasi, 1 – 5 oyatlar), deya marhamat qilib, butun insoniyatni ilm-ma'rifat egallashga buyuradi. Qolaversa, Qur'oni karimning har bir surasida ochiq yoki ishora bilan ilmning qadr-qimmati, ahamiyati xususida so'z yuritiladi. Shundan anglash mumkinki, Islom – ilm dini, zotan, banda ilm vositasida Rabbini taniydi, dinu diyonat, dunyo va oxirat sinoatlarini teranroq anglab, zimmasidagi farz amallarini bajarishga muvaffaq bo'ladi.
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qiladi: “Alloh taolo, avvalo, qalamni yaratib, “Yoz!” dedi, qalam: “Nimani yozaman?” dedi, Alloh dedi: “Qadarni yoz, bo'lib o'tganni ham, endi bo'ladiganni ham”. Hadisda ilmning fazilati naqadar yuksak ekanligi e'tirof etilmoqda. Demak, kishi zahmat chekib bo'lsa ham har doim ilm egallashi, to'g'rilik va halollikni eng oliy maqsad qilib olishi lozim.
«Alloh adolatda (barqaror) turib, shunday guvohlik berdi: “Allohdan o'zga iloh yo'qdir”, farishtalar va ilm egalari ham. (Albatta), Undan o'zga iloh yo'q. U Aziz (qudratli) va Hakim (hikmatli)dir» (Oli Imron surasi, 18-oyat).
Ushbu oyatda esa Alloh taolo avval o'zini, keyin farishtalarni, so'ng ilm ahlini zikr etmoqda. Bu esa ilmning sharaf va oliy maqom ekanini anglatadi.
Payg'ambarimiz alayhissalom: “Ilm Chin-Mochin (Hitoy)da bo'lsa ham, uni izlab topib, egallangiz. Zero, ilmni talab qilish har bir musulmonga farzdir”, – deganlar (Imom Ibn Adiy va Imom Bayhaqiy rivoyatlari). Inson qanday mushkul bo'lmasin, hamisha bilim olishga intilishi, hatto bu yo'lda musofirlikning ham achchiq sinovlarini boshdan kechirsa ham nadomad qilmasligi lozim. Boisi, dinimiz bizni ilm qayerda bo'lmasin, borib egallang, deb undamoqda.
Ulug' ajdodlarimiz bekorga ilm-fan, madaniyat, san'at va boshqa sohalarda ulkan muvaffaqiyatlarga erishmaganlar. Ularning ma'rifatga bo'lgan muhabbati hamisha alangalanib turgan va bu kuch barcha sinovlarni engib o'tishga, tinimsiz mehnat qilishga undab turgan. Qolaversa, aytish joizki, qadimgi bobolarimiz, momolarimiz farzandlarining kelajakda olimu fuzalo bo'lishlari uchun mudom duoda bo'lishgan. Demoqchimizki, ilm egallashda duoning ham beqiyos o'rni bor. Qur'oni karimning Baqara surasi, 186-oyatida shunday deyiladi: “Sizdan (ey Muhammad!) bandalarim Mening haqimda so'rasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman. Bas, ular ham Meni (da'vatlarimni) ijobat (qabul) etib, Menga imon keltirsinlar, shoyad (shunda) to'g'ri yo'lga tushib ketsalar”. Biz duolarimizda Alloh taologa iltijo bilan topinsak, suyansak va Undan madad so'rasak, albatta, murodimiz hosil bo'ladi. Demak, duolarning afzali bo'lgan farzandlarimizning baxtu iqboli porlashini, ilmi yanada ziyoda bo'lishini so'rashdan tolmasak, inshaalloh, bobolarimizning munosib vorislari etishib chiqaveradi.
Holbuki, ota-onaning farzandi haqqiga qilgan duosi, shubhasiz, ijobat bo'ladi. Bolalarimizni salohiyatli, taqvoli, elu yurtga xizmat qiladigan ma'rifatli qilib tarbiyalashga katta e'tibor qaratishimiz, ota-onalar o'g'il-qizlarining haqqiga ko'proq duo qilishlari lozim.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam ilm talab qilishga undab: “Kim ilm talabida yo'lga chiqsa, Alloh unga jannat yo'lini (topishni) engil qiladi. Farishtalar qanotlarini tolibi ilmning oyog'i ostiga poyandoz qilib to'shaydilar. Olim haqiga osmonlar va Yerdagi barcha narsalar istig'for aytur. Hatto suvdagi baliqlar ham. Olimning obidga nisbatan ustunligi oyning yulduzlarga nisbatan fazilatiga o'xshashdir. Olimlar payg'ambarlarning merosxo'rlaridir. Albatta, payg'ambarlar dinor va dirham meros qoldirmaydilar, ular ilmni meros qoldiradilar. Kim uni tutsa, to'la nasibasini olibdi” (Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Ta'lim olish uchun yo'lga chiqqan insonning darajasi Alloh taoloning huzurida nihoyatda baland ekan. Ularning ishlari o'nglanishi, yurishi uchun Butun Olam qo'llab-quvvatlab turarkan.
Hulosa o'rnida aytishimiz lozimki, Alloh taoloning ilk amriga bo'ysungan, unga to'la-tukis amal qilgan banda borki, u, shubhasiz, eng baxtli, saodatli odamdir. Ularning hayot tarzi, tutumlari barchamizga ibrat maktabi, saboq mayog'i bo'lmog'i lozim. Zotan, ilm – nur, u bizni nurli manzillar sari etaklaydi.
Dilmurod SODIQOV
I. Tanlovda qatnashish uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:
Amaldagi qonunchilikka muvofiq zarurat bo‘lsa, qo‘shimcha hujjatlar talab etilishi mumkin.
II. Mahsulotlar (erkaklar va ayollar nimchasi) uchun qo‘yilgan talablar:
III. Mahsulotlar (erkaklar va ayollar sumkasi) uchun qo‘yilgan talablar:
Tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan korxona va tashkilotlar 2025 yil 1 avgust kuniga qadar yuqoridagi talablar asosida hujjatlarni O‘zbekiston musulmonlari idorasiga taqdim etishlari mumkin.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Qorasaroy ko‘chasi, 47-uy. Telefon: 71-240-04-75, 98-140-04-75