Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Aprel, 2025   |   23 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:35
Peshin
12:27
Asr
17:10
Shom
19:13
Xufton
20:32
Bismillah
21 Aprel, 2025, 23 Shavvol, 1446

YaNGI MASJIDLAR OChILIShI DAVOM ETADI! Yoxud masjid ochishga to'siq bor deguvchilarga munosabat

19.10.2020   5792   7 min.
YaNGI MASJIDLAR OChILIShI DAVOM ETADI! Yoxud masjid ochishga to'siq bor deguvchilarga munosabat

Masjid – mo'min-musulmonlar uchun qadrli joy. Faqat ibodat maskani sifatida emas, balki ruhiy ozuqa oladigan va o'zaro birodarlik rishtalarini bog'laydigan makon sifatida tabarruk maskandir. Shunga ko'ra, yangi masjid ochish, jomelarni bunyod etish va mavjudlarini go'zal holatga keltirish savobi ulug' amal hisoblanadi. Oxirgi vaqtlarda diyorimizdagi masjidlarda etarli shart-sharoitlar hozirlash, ibodat qilish uchun qulayliklar qilib berish va va'z-nasihatlar tinglash uchun keng imkoniyatlar muhayyo etilmoqda.

Afsuski, shunday ne'matlarni qalbdan his etmagan ayrim mualliflar tomonidan shu kunlarda ba'zi saytlarda go'yoki masjidlar soni kam ekani va yangi masjid ochishga to'siqlar borligi haqidagi “Mamlakat namozxonlari uchun masjidlar etarlimi?” nomli maqola e'lon qilindi. Undagi fikrlar to'la asosga ega emasligini oxirgi yillarda va xususan joriy yilda mo'min-musulmonlarning talab va istaklarini inobatga olgan holda yangi jomelarni ochish borasida qilingan ishlarni muxtasar bayon etamiz.

Ta'kidlash kerakki, so'nggi yillarda 40 taga yaqin jome masjid ochildi, shu bilan masjidlar soni 2077 taga etdi. Jumladan, Toshkent shahrida “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf”, “Fayzulla xo'ja o'g'li Murod hoji”, “Abu Talha”, “Labi zah”, Surxondaryo viloyatida “Imom Termiziy”, “Hakim Termiziy”, “Shayx Shamsiddin”, “Qadimiy Darband”, “Tolli ota”, “Sayyid Muhiddinxon”, “Abdurahmon ibn Avf”, “Mulla Abdukarim Oxund”, “Islom ota”, “Hidirsho ota”, “Ahatxon”, “Ahmad Yassaviy”, “Imom Nizomiddin Sangardakiy”, Namangan viloyatida “Muhammad al-Amin”, Farg'ona viloyatida “Chiligijiyda”, Navoiy viloyatida “Abu Bakr Siddiq”, “Tomdi”, “Hashman”, Toshkent viloyatida “Abu Hurayra”, “Firdavs”, “Do'stlik”, Sirdaryo viloyatida “Ahmad ibn Malik” va Buxoro viloyatida “Umar ibn Hattob” kabi yangi jome masjidlar ish boshlagani mo'min-musulmonlarni bag'oyat xursand etmoqda.

Joriy yilning 10 oyida Buxoro viloyatida “Abdulloh ibn Muborak”, Surxondaryo viloyatida “Do'stmuhammad bobo”, “Domla Shohqosim”, “Imom Rabboniy”, “Varroq Termiziy”, Namangan viloyatida “Usmon Zunnurayn”, Buxoro viloyatida “Usmon ibn Affon”, Toshkent viloyatida “Hilol”, “Muoz ibn Jabal” va Samarqand viloyatida “Yangiobod” kabi 12 ta jome masjid ochilgani bu boradagi ishlar juda jadallik ila ketayotganini anglatadi.

O'tgan hafta juma kuni ham juda katta xursandchilik bo'ldi – Curxondaryo viloyatining olis Muzrabot tumanida “Sayyid Habibulloxon” jome masjidi davlat ro'yxatidan o'tkazilib, mo'min-musulmonlarga tuhfa etildi. 

Shu o'rinda aytish lozimki, mana shunday ketma-ket jome masjidlar ochilayotganini ko'rmaslik yoki anglamaslik yoxud e'tirof etib, shukrona keltirmaslik chin mo'minlik sifati emas. Albatta, Haq taoloning bunday ne'matlariga shukr qilish orqali yanada ziyodasiga erishiladi.

Bayon etilganlardan tushunish mumkinki, muallif o'z maqolasida 2018 yil 31 maydagi Vazirlar Mahkamasining “O'zbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish, qayta ro'yxatdan o'tkazish va tugatish tartibi to'g'risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 409-son qarori va 2018 yil 27 sentyabr' kuni Adliya vazirligida 3071-son bilan ro'yxatdan o'tkazilgan “Diniy tashkilotlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun rozilik berish tartibi to'g'risida” Nizom kabi hujjatlar ishlamayapti, degan da'voni qilishi ham asossiz va haqiqatga to'g'ri kelmaydi.

Aslida masjidlar borasidagi yaxshi xabarlar bisyor, o'lkamizning qaysi go'shasiga tashrif buyurmang, jome masjidlarda obodonlashtirish va  bunyodkorlik ishlari jadal davom etayotganiga guvoh bo'lasiz. Jumladan, oxirgi yillarda respublikamiz bo'ylab 300 dan ziyod jome masjid binosi butunlay qaytadan bunyod etilib, 300 ta masjid kapital ta'mirdan chiqarildi. Joriy yilda esa 281 ta jome masjid qayta qurilmoqda. O'tgan haftada ham poytaxtdagi 4 ta jome masjid qayta qurilayotgani to'g'risida xabar e'lon qilindi. Mamlakatimizda yangi masjidlar ochilishi, qayta bunyod etilishi va ta'mirlanishiga oid yangiliklar O'zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo'limi tomonidan Internet saytlari, “Feysbuk” sahifalari va “Telegram” kanallari orqali uzviy ravishda e'lon qilib borilmoqda.

O'z navbatida aytish mumkinki, muallif o'z maqolasida ayrim mamlakatlarda masjidlar soni nisbatan ko'p ekanini izohlagan. Lekin, ayrim davlatlarda ko'p qavatli uyning bir xonadoni, katta inshootning bir qismi yoki ayrim foydalanilmayotgan imoratlardan ham vaqtincha masjid sifatida foydalanish holatlari ko'p kuzatiladi. Bunday joylar avval boshqa maqsadda foydalanilgan bo'lsa, kelgusida esa yana turli yo'nalishlarda ishlatilishi mumkin. Ushbu o'lkalarda mana shunday joylar ham masjidlar soniga kiritiladi. Bizda esa, diyorimizda yangi masjidlar ochish va qurish masalasida Islom shariatida jome masjidlarga qo'yilgan talablar, namozxonlar huzur-halovat ila ibodat qilishi uchun zarur bo'lgan shart-sharoitlar, mo'min-musulmonlar xavfsizligi va ikki masjid orasidagi masofa, xullas jahon andozasi va dinimizdagi barcha talablar inobatga olinadi. Hatto yurtimizdagi masjidlarda fuqarolarga xizmat ko'rsatish xonalari, tahoratxonalar, xavfsizlik va sanitar talablarga yuksak did bilan e'tibor qilinadi.

Qayd etganimizdek, so'nggi yillarda 40 taga yaqin jome masjid ayni fuqarolarimiz talab va istaklari asosida ochildi. Nafaqat poytaxtimizda, balki olis Qoraqalpog'iston Respublikasi, uzoq Surxondaryo viloyati yoki Buxoro va Navoiy viloyatlarining chekka tumanlarida yo vodiy viloyatlarining chegara oldi hududlarida ham yangi jome masjidlar ochilmoqda.

Ayni kunlarda ham O'zbekiston musulmonlari idorasi sa'y-harakati bilan mamlakatimizning turli hududlarida ehtiyojdan kelib chiqib, yangi jome masjidlarni davlat ro'yxatidan o'tkazishga hozirlik ko'rilmoqda. Yaqin kunlarda ushbu jomelar ochilishini ham matbuotda e'lon qilamiz.

Hulosa qilib aytish mumkinki, ma'rifat va ruhiy tarbiya maskani bo'lmish Allohning uylarini obod etish va yangisini ochish kabi xayrli ishlar yurtimizda bardavom bo'lmoqda va bunday xushxabarlar ortib bormoqda.

Alloh taolo barchamizni to'g'ri yo'lda sobitqadam aylasin.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma

21.04.2025   1207   5 min.
Musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma

Insoniyat tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan buyuk allomalarimizdan biri Imom Abu Mansur Moturidiydir. Ul siymo faqat bir zamonning emas, balki barcha zamonlarning dolzarb va muhim masalalariga asosli hamda qat’iy javoblarni bera olgan mutafakkir olim.

U zotning dunyo ilm-faniga, ayniqsa, aqida ilmiga qo‘shgan hissasi, aql va naqlni uyg‘unlashtirishdagi o‘rni haqida zamondoshlari hamda muhaqqiq olimlar tomonidan yuksak baholar berilgan.

Ko‘pchilik «Abu Mansur» nisbasini eshitganda, u zotning o‘g‘li «Mansur» bo‘lganmi, degan savolga to‘xtaladi. Lekin manbalarda Imom Moturidiy rahimahullohning «Mansur» ismli o‘g‘li bo‘lgani aytilmagan. Ammo tadqiqotchilar manbalarga tayanib, u zotning qizi bo‘lganini ta’kidlagan. Lekin Imom Moturidiy o‘z tafsirida o‘g‘il farzandli bo‘lishni orzu qilganini va uni «Mansur» deb nomlashini aytib o‘tgan. Bu haqda «Ta’vilot al-Qur’on»da shunday deyiladi: «Abu Mansur» deb, unga «Mansur» ismli o‘g‘il tug‘ilishi umidida ishlatiladi».

Bu orzu amalga oshgan yoki yo‘qligi haqida tarixiy ma’lumot uchramaydi. Qayd etilgan jumla Imom Moturidiyning shaxsiy hayotidagi sodda bir orzuni ko‘rsatsa-da, uning tuyg‘ulari qanchalik samimiy ekanini bildiradi.

Imom Moturidiyning ilmdagi darajasi haqida u zotning shogirdlari va izdoshlaridan yetishib chiqqan yetuk olimlar yuksak baholar bergan. «Sayful-haq» (Haqiqat qilichi) degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan olim Abu Muin Nasafiyning ta’kidlashicha: «Agar ahli sunna olimlari orasida faqat Imom Abu Mansur Moturidiyning o‘zi bo‘lganida ham, yetarli bo‘lar edi». Bu ta’rif Imom Moturidiyning ahli sunna va jamoa asosini barpo etishdagi o‘rnini yorqin namoyon qiladi.

Undan tashqari, Abu Muin Nasafiy Imom Moturidiyga: «Ilm ummoniga sho‘ng‘ib, undagi noyob durlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan, dinning hujjat-dalillarini bayon etib, ularni o‘z fasohati, chuqur ilmi va yuksak aql-zakovati bilan sayqallashtirgan olim», degan ta’rifni bergan.

Ustozi Abu Nasr Iyoziyning u zotga nisbatan hurmati va e’tirofi ham juda ta’sirli. U dars majlislarida Moturidiy hozir bo‘lmaguncha gapirmas edi. Har gal uni uzoqdan ko‘rib, hayrat bilan nazar tashlar va Qur’oni karimdan quyidagi oyatni tilga olardi: «Parvardigoring xohlaganini yaratadi va ixtiyor etadi» (Qasos surasi 68-oyat).

Abdulhay Laknaviy «al-Favoidul-bahiya» asarida Imom Abu Mansur Moturidiyni mutakallimlar imomi va musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma sifatida tavsiflaydi. Uning ta’kidlashicha, Imom Moturidiy benazir asarlar yaratib, botil aqida vakillarining buzg‘unchi g‘oyalariga raddiyalar bergan.

Ayrim manbalarda Imom Moturidiy tariqat shayxlari tomonidan ham ummatni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llovchi shaxs sifatida e’tirof etilgani aytiladi. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq ibn Solih Juzjoniy Imom Moturidiyning tasavvufdagi ustozlaridan biri bo‘lgan.

Zamonaviy moturidiyshunos olimlardan Ahmad Sa’d Damanhuriy o‘zining Imom Moturidiyga bag‘ishlab yozgan asarida shunday deydi: «Imom Moturidiy fiqh, ilm, taqvo, dinu diyonat, fazilat va yaxshilikda peshqadam bo‘lib, u bilan hamfikr yoki unga qarshi bo‘lganlarning barchasi uning benazir olim ekanini e’tirof etgan. U sunnatning keskir qilichi, bid’at va gumrohlikka qarshi kurashgan alloma bo‘lgan. Ul zot ko‘plab kitoblar yozib, islom dinini himoya qilgan, unga qarshi chiqqanlarni mag‘lub etgan». 

Moturidiyshunos olim So‘nmas Qutlug‘ esa shunday deydi: «Imom Moturidiy Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan eng ulug‘ in’om, bebaho tuhfadir».

Ayrimlar «Kitob at-tavhid»ning kirish qismidagi aqliy dalillarga qarab, u zot faqat aqlga tayangan deb xulosa qiladi. Lekin Yaratuvchining mavjudligini inkor qilayotgan insonga o‘sha mavjudlikni aql orqali isbotlash tabiiy va zaruriy uslubdir. Imom Moturidiy naqlni chetlatmagan, balki uni o‘z o‘rnida ishlatgan. Aksincha, Imom Moturidiy ilmda naql va aqlni mukammal tarzda uyg‘unlashtira olgan olim edi. U zot o‘zining sog‘lom e’tiqodga bag‘ishlab yozgan «Kitob at-Tavhid» asarida Qur’oni karimning 77 ta surasining, 350 ta oyatidan foydalangan. Bu esa Moturidiyning aqida masalasida naqlga naqadar e’tibor qilganini ko‘rsatadi. Turk olimi Bakr To‘pol ushbu ko‘rsatkichlarni tahlil qilib, hatto Imom Moturidiyning ishora qilib ketgan oyatlarini ham keltirgan va bu son yanada yuqori chiqqanini ta’kidlagan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan buyuk olimga yuksak hurmat ifodasi o‘laroq «Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingani, albatta, butun dunyo moturidiyshunoslarini cheksiz quvontirdi. Bu esa har bir insonning qalbida faxr va shodlik tuyg‘usini uyg‘otmay qolmaydi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Imom Abu Mansur Moturidiy – islom aqidasini himoya qilgan, ahli sunna val-jamoa ta’limotining ilmiy asoslarini tizimlashtirib, mustahkamlagan buyuk olimdir. U o‘z asarlari va ilmiy bahslari orqali turli bid’atchi toifalarning noto‘g‘ri aqidalarini rad etgan. Imom Moturidiy faqatgina raddiya beruvchi emas, balki aqidaviy masalalarga aql va naql asosida yechim topa bilgan buyuk shaxsiyat edi.

Ixtiyor Abdurahmonov,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Manba: uza.uz

MAQOLA