Masjid – mo'min-musulmonlar uchun qadrli joy. Faqat ibodat maskani sifatida emas, balki ruhiy ozuqa oladigan va o'zaro birodarlik rishtalarini bog'laydigan makon sifatida tabarruk maskandir. Shunga ko'ra, yangi masjid ochish, jomelarni bunyod etish va mavjudlarini go'zal holatga keltirish savobi ulug' amal hisoblanadi. Oxirgi vaqtlarda diyorimizdagi masjidlarda etarli shart-sharoitlar hozirlash, ibodat qilish uchun qulayliklar qilib berish va va'z-nasihatlar tinglash uchun keng imkoniyatlar muhayyo etilmoqda.
Afsuski, shunday ne'matlarni qalbdan his etmagan ayrim mualliflar tomonidan shu kunlarda ba'zi saytlarda go'yoki masjidlar soni kam ekani va yangi masjid ochishga to'siqlar borligi haqidagi “Mamlakat namozxonlari uchun masjidlar etarlimi?” nomli maqola e'lon qilindi. Undagi fikrlar to'la asosga ega emasligini oxirgi yillarda va xususan joriy yilda mo'min-musulmonlarning talab va istaklarini inobatga olgan holda yangi jomelarni ochish borasida qilingan ishlarni muxtasar bayon etamiz.
Ta'kidlash kerakki, so'nggi yillarda 40 taga yaqin jome masjid ochildi, shu bilan masjidlar soni 2077 taga etdi. Jumladan, Toshkent shahrida “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf”, “Fayzulla xo'ja o'g'li Murod hoji”, “Abu Talha”, “Labi zah”, Surxondaryo viloyatida “Imom Termiziy”, “Hakim Termiziy”, “Shayx Shamsiddin”, “Qadimiy Darband”, “Tolli ota”, “Sayyid Muhiddinxon”, “Abdurahmon ibn Avf”, “Mulla Abdukarim Oxund”, “Islom ota”, “Hidirsho ota”, “Ahatxon”, “Ahmad Yassaviy”, “Imom Nizomiddin Sangardakiy”, Namangan viloyatida “Muhammad al-Amin”, Farg'ona viloyatida “Chiligijiyda”, Navoiy viloyatida “Abu Bakr Siddiq”, “Tomdi”, “Hashman”, Toshkent viloyatida “Abu Hurayra”, “Firdavs”, “Do'stlik”, Sirdaryo viloyatida “Ahmad ibn Malik” va Buxoro viloyatida “Umar ibn Hattob” kabi yangi jome masjidlar ish boshlagani mo'min-musulmonlarni bag'oyat xursand etmoqda.
Joriy yilning 10 oyida Buxoro viloyatida “Abdulloh ibn Muborak”, Surxondaryo viloyatida “Do'stmuhammad bobo”, “Domla Shohqosim”, “Imom Rabboniy”, “Varroq Termiziy”, Namangan viloyatida “Usmon Zunnurayn”, Buxoro viloyatida “Usmon ibn Affon”, Toshkent viloyatida “Hilol”, “Muoz ibn Jabal” va Samarqand viloyatida “Yangiobod” kabi 12 ta jome masjid ochilgani bu boradagi ishlar juda jadallik ila ketayotganini anglatadi.
O'tgan hafta juma kuni ham juda katta xursandchilik bo'ldi – Curxondaryo viloyatining olis Muzrabot tumanida “Sayyid Habibulloxon” jome masjidi davlat ro'yxatidan o'tkazilib, mo'min-musulmonlarga tuhfa etildi.
Shu o'rinda aytish lozimki, mana shunday ketma-ket jome masjidlar ochilayotganini ko'rmaslik yoki anglamaslik yoxud e'tirof etib, shukrona keltirmaslik chin mo'minlik sifati emas. Albatta, Haq taoloning bunday ne'matlariga shukr qilish orqali yanada ziyodasiga erishiladi.
Bayon etilganlardan tushunish mumkinki, muallif o'z maqolasida 2018 yil 31 maydagi Vazirlar Mahkamasining “O'zbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish, qayta ro'yxatdan o'tkazish va tugatish tartibi to'g'risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 409-son qarori va 2018 yil 27 sentyabr' kuni Adliya vazirligida 3071-son bilan ro'yxatdan o'tkazilgan “Diniy tashkilotlarni davlat ro'yxatidan o'tkazish uchun rozilik berish tartibi to'g'risida” Nizom kabi hujjatlar ishlamayapti, degan da'voni qilishi ham asossiz va haqiqatga to'g'ri kelmaydi.
Aslida masjidlar borasidagi yaxshi xabarlar bisyor, o'lkamizning qaysi go'shasiga tashrif buyurmang, jome masjidlarda obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari jadal davom etayotganiga guvoh bo'lasiz. Jumladan, oxirgi yillarda respublikamiz bo'ylab 300 dan ziyod jome masjid binosi butunlay qaytadan bunyod etilib, 300 ta masjid kapital ta'mirdan chiqarildi. Joriy yilda esa 281 ta jome masjid qayta qurilmoqda. O'tgan haftada ham poytaxtdagi 4 ta jome masjid qayta qurilayotgani to'g'risida xabar e'lon qilindi. Mamlakatimizda yangi masjidlar ochilishi, qayta bunyod etilishi va ta'mirlanishiga oid yangiliklar O'zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo'limi tomonidan Internet saytlari, “Feysbuk” sahifalari va “Telegram” kanallari orqali uzviy ravishda e'lon qilib borilmoqda.
O'z navbatida aytish mumkinki, muallif o'z maqolasida ayrim mamlakatlarda masjidlar soni nisbatan ko'p ekanini izohlagan. Lekin, ayrim davlatlarda ko'p qavatli uyning bir xonadoni, katta inshootning bir qismi yoki ayrim foydalanilmayotgan imoratlardan ham vaqtincha masjid sifatida foydalanish holatlari ko'p kuzatiladi. Bunday joylar avval boshqa maqsadda foydalanilgan bo'lsa, kelgusida esa yana turli yo'nalishlarda ishlatilishi mumkin. Ushbu o'lkalarda mana shunday joylar ham masjidlar soniga kiritiladi. Bizda esa, diyorimizda yangi masjidlar ochish va qurish masalasida Islom shariatida jome masjidlarga qo'yilgan talablar, namozxonlar huzur-halovat ila ibodat qilishi uchun zarur bo'lgan shart-sharoitlar, mo'min-musulmonlar xavfsizligi va ikki masjid orasidagi masofa, xullas jahon andozasi va dinimizdagi barcha talablar inobatga olinadi. Hatto yurtimizdagi masjidlarda fuqarolarga xizmat ko'rsatish xonalari, tahoratxonalar, xavfsizlik va sanitar talablarga yuksak did bilan e'tibor qilinadi.
Qayd etganimizdek, so'nggi yillarda 40 taga yaqin jome masjid ayni fuqarolarimiz talab va istaklari asosida ochildi. Nafaqat poytaxtimizda, balki olis Qoraqalpog'iston Respublikasi, uzoq Surxondaryo viloyati yoki Buxoro va Navoiy viloyatlarining chekka tumanlarida yo vodiy viloyatlarining chegara oldi hududlarida ham yangi jome masjidlar ochilmoqda.
Ayni kunlarda ham O'zbekiston musulmonlari idorasi sa'y-harakati bilan mamlakatimizning turli hududlarida ehtiyojdan kelib chiqib, yangi jome masjidlarni davlat ro'yxatidan o'tkazishga hozirlik ko'rilmoqda. Yaqin kunlarda ushbu jomelar ochilishini ham matbuotda e'lon qilamiz.
Hulosa qilib aytish mumkinki, ma'rifat va ruhiy tarbiya maskani bo'lmish Allohning uylarini obod etish va yangisini ochish kabi xayrli ishlar yurtimizda bardavom bo'lmoqda va bunday xushxabarlar ortib bormoqda.
Alloh taolo barchamizni to'g'ri yo'lda sobitqadam aylasin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Alloh taoloning go‘zal ismlaridan biri “As-Sattor”dir. Marhamatli robbimiz ushbu sifati bilan bandalarning ayblarini bu dunyoda yashirib, kamchiliklarini yopuvchidir. Oxiratda esa o‘zining fazli va rahmati bilan kechirib yuboradi. Chin, haqiqiy musulmon ham robbimizning ushbu go‘zal sifati bilan xulqlanib, birodarlarining ayblarini qidirmasdan, balki bilgan ayblarini ham yashiradi. Zero, Alloh taolo bu dunyoda musulmonlarning ayblarini yashirgan bandasini qiyomat kuni odamlar oldida sharmandalikdan asraydi.
Bu haqda suyukli, mehribon payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:
وَعَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «لَا يَسْتُرُ عَبْدٌ عَبْدًا فِي الدُّنْيَا إِلَّا سَتَرَهُ اللَّهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ». رَوَاهُ مُسْلِمٌ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Banda boshqa bir bandaning aybini shu dunyoda berkitar ekan, Alloh qiyomat kuni uning aybini berkitadi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Bandalarning ayblarini yashirish deganda, banda bilan Robbining o‘rtasida sodir bo‘lgan ayblar tushuniladi. Allohga nisbatan banda tomonidan gunoh, biror ayb sodir etilganda, ularni fosh etib, sharmanda qilinmaydi, balki Alloh taoloning marhamati, kechirimli ekaniga suyanib, fazlidan umid qilinadi. Shu niyatda musulmon birodarining aybini yashirish ijobiy xislat sanaladi.
Ammo, haqiqat berkitilib, odamlarning huquqlari zoye qilinganini ko‘rganda, buni yashishirish, oshkor qilmaslik fazilat sanalmaydi, aksincha razolat sanaladi. Ammo bandalarning haq-huquqlari poymol bo‘lganda aybu kamchiliklar yashirilmasdan, ro‘yirost gapiriladi. Garchi o‘zining yaqinlari tomonidan sodir etilgan bo‘lsa ham. Bu ham o‘z navbatida go‘zal fazilatdir.
Hadisdan biz o‘rgangan foydali o‘gitlar:
1. Musulmon kimsa birodarining ayblarini yashirib, odamlar oldida sharmanda qilmaydi.
2. Bu dunyoda birodarining aybini yashirsa, buning mukofoti qiyomat kunida Alloh uning ham aybini yashirishini bilgan banda albatta bu amalini oxiratiga zaxira qilib qo‘yadi.
3. Musulmon kishi odamlarning aybini yashiradi, chunki bu amalni Alloh yaxshi ko‘radi.
4. Odamlarning aybini yashirar ekan, ularning uyat narsalarini ham fosh qilmasligi undan ham muhim. Inson bu bilan o‘zi yashab turgan jamiyatda parokandalik, qo‘shnilar, qarindoshlar orasida xusumat, janjalning oldini olgan bo‘ladi.
5. Odamlarning huquqlari zoye qilinganini ko‘rib, haqiqatni yashirish, haqiqatni oshkor qilmaslik fazilat emas, aksincha razolat sanaladi.
6. Insonlarning haq-huquqlarini poymol qilayotgan kishi garchi o‘zining yaqinlari, aka-uka, qarindoshlari bo‘lsa ham uning aybu-kamchiliklari yashirilmasdan, o‘ziga ro‘yirost gapiriladi.
Beknazar Muhammad Shakur,
Hadis ilmi maktabi katta o‘qituvchisi.