(Mavlud oyining kirib kelishi va mavludxonlik o'qishlarining boshlanishi munosabati bilan)
****
Ey, siz, ahli diyor, Mavlud kelibdur,
Nurga cho'mib bahor Mavlud kelibdur,
Baxtga bo'lib savor Mavlud kelibdur,
Dilga naqshu nigor Mavlud kelibdur,
Iqbol aylab nisor Mavlud kelibdur.
Mavludning har oni qutlug' biz uchun,
Savoblar koniga to'lug' biz uchun,
Ko'ngilni poklashga bo'lug' biz uchun,
Olgan har bir nafas ulug' biz uchun,
Elga sohib osor(1) Mavlud kelibdur.
Bul kun Rasululloh bo'yi kelmoqda,
Tongdan hazratimning o'yi kelmoqda,
Barcha musulmonning to'yi kelmoqda,
Dilga shariatning ro'yi kelmoqda,
Fayzu futuhga yor Mavlud kelibdur.
Tilda takrorlanur bul kun salovot,
Dildan yot fikrlar bo'lur bari yot,
Dilni tirgizmoqda bu obihayot,
Deymiz, as-salotu hamda va-s-salot,
Chunki, aylab bedor Mavlud kelibdur.
Dildan o'qigaymiz Mavlud un -Nabiy,
Hohi shayxu shobbmiz,(2) xohi biz sabiy,(3)
Dilga ilhom solur olami g'aybiy,(4)
Orom olma aslo, tinma, ey qalbiy,
Savob to'la bihor(5) Mavlud kelibdur.
Mavlud oyi, bilsang, zarnigor oydir,
Qalbni yorituvchi navbahor oydir,
Ahli muslim uchun e'tibor oydir,
Ming yil o'tar, ammo barqaror oydir,
Kuchga to'la mador Mavlud kelibdur.
Nabiyga ehtirom izhor qilurmiz,
Dilni ibodatga bedor qilurmiz,
Shaytonning qalbiga ozor qilurmiz,
Iymon, e'tiqodga mador qilurmiz,
Chunki, bizga g'amxor Mavlud kelibdur.
Rasulga salot de, o'n salot olgin,(6)
Boqiy jannat ichra, kel, hayot olgin,
Samoga uchginu samovot olgin,
Huru g'ilmon olgin, iltifot olgin,
Bog' kabi beg'ubor Mavlud kelibdur.
Ey do'stu birodar Mavludga keling,
Sizni kutar samar Mavludga keling,
Boshlar osmon qadar Mavludga keling,
G'amlar ketsin badar Mavludga keling,
Ichi to'la asror Mavlud kelibdur.
Bugun barcha tildan o'tar Barzanjiy,(7)
Ichi to'la duru yoqutdir ganjiy,
Dilga shodlik etar, etmagay ranjiy,
Nabiymiz haqida xo'b suxansanjiy,(8)
Bizga olib axbor Mavlud kelibdur.
Bizga Mavlud oyi doim bor bo'lsin,
Uni o'qiganlar baxtiyor bo'lsin,
Abri bahor kabi xush nisor bo'lsin,
Maxdum so'zlari ham guharbor bo'lsin,
Fayzi Parvardigor Mavlud kelibdur.
Mahmud HASANIY (MAHDUM)
1 Sohib osor - ta'sir egasi.
2 Shayxu shobb -knksa va yosh yigit.
3 Sabiy -yosh bola
4 Olami g'aybiy - g'ayb olami.
5 Bihor - dengizlar.
6 Rasulullohga bitta salavot ii aytilsa, Alloh unga o'nta salovot aytadi (hadis).
7 Barzanjiyning "Mavlud un-Nabiy" kitobiga ishora.
8 Suxansanj -chiroyli gapiruvchi, so'z ustasi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyat vakilligida viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov rahbarliklarida viloyat Adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlar mutavallilari uchun yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda viloyat Adliya boshqarmasi mutaxassisi Z.Axmedxodjayeva, Yangi Namangan tumani kadastr bo‘limi boshlig‘i O.Usmanov, notarius A.Artiqovlar ishtirok etdilar.
Unda notiqlar tomonidan mutavalli masjid imom-xatibining xo‘jalik ishlari bo‘yicha yordamchisi, masjidlarning iqtisodiy faoliyatini yaxshilash, xodimlarning oylik ish xaqi bilan ta’minlash, qurilish-ta’mirlash ishlarini belgilangan tartib va me’yorlarga rioya qilgan holda amalga oshirish, masjid mulkini iqtisod qilish maqsadida geleokollektorlar o‘rnatish, mavjud qozonxonalarni xavfsiz hududlarga olib chiqish, ish yuritish nomenklaturasiga, ichki mehnat tartib qoidalariga va muomala madaniyatiga rioya qilish, masjidlarning tozalik va obodonlashtirish ishlariga mas’ul ekanini aytib o‘tildi.
Masjidlarning ta’sis xujjatlari, ish haqlarini me’yorlashtirish, yangi xodim ishga qabul qilinganda Adliya boshqarmasini onlayn xabardor qilish, masjidlardagi mavjud “tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi”ni yuritish tartibi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Yig‘ilish davomida masjidlarning qo‘shimcha yer maydonlarini qonuniylashtirish, kadastr hujjatini rasmiylashtirish tartib-qoidalari va huquqiy oqibatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Yig‘ilish davomida qatnashchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati