frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Qohiradagi o'zbek mahallalari

19.10.2020   3427   8 min.
Qohiradagi o'zbek mahallalari

Qohira shahrining markazida o'zbek etnosi nomi bilan bog'liq katta bog', uning ichida esa teatr va bog'ga tutash hududda mashhur kitob yarmarkasi bor. Bu hududni qohiraliklar o'zbeklar mahallasi deb atashadi. Qohiraliklar orasida o'rta asrlarda bu mahallada o'rta osiyoliklar, jumladan o'zbeklar yashaganligi, bu erdagi bog'ni o'zbeklar bunyod etganligi haqida turli hikoyalar mavjud. Bundan tashqari, Damashq shahrida ham o'zbeklar bilan bog'liq bo'lgan masjidlar, ko'chalar va mahallalar mavjud. Bu madaniy maskanlarning o'z tarixi bo'lib, ularning kelib chiqishiga oid rivoyat va hikoyalar ham bor. Qohira markazida o'zbeklar bilan bog'liq madaniy “orolcha”larning qanday paydo bo'lganini misrlik taniqli tarixchi olima Mojida Maxluf o'zining “Misr tarixida o'zbeklar” nomli maqolasida batafsil tahlil qilgan. Maqolada olima asosiy e'tiborni X-XVIII asrlarda Misr davlatchiligida o'rta osiyolik bir nechta sulolalarning egallagan mavqeiga, ularning davlat siyosiy hayotidagi ishtirokiga qaratadi.

Mazkur maqola muallifi misrlik olimaning tadqiqotlariga hamda arab tilida chop etilgan boshqa manbalarga tayangan holda, Qohira va Damashqdagi o'zbeklar tarixiga oid qo'shimcha ma'lumotlarni, jumladan, ularning XIX – XX asrlardagi ijtimoiy vaziyati va bugungi kuni haqida ma'lumotlarni to'pladi.

Ushbu maqolada o'rta osiyolik hamda o'zbek etnosiga mansub muhojirlarning Qohira va Damashq shaharlarida qoldirgan moddiy-madaniy merosi, XIX – XX asrlarda ularning ijtimoiy holati, shuningdek, bugungi kundagi turmush tarzi haqida hikoya qilinadi.

O'zbakiya mahallasi

Hozirgi kunda Qohira shahrining markazida o'zbeklar bilan bog'liq qadimiy mahalla saqlanib qolgan bo'lib, bu mahalla aholisining orasida shoshlik, buxorolik, farg'onalik, tarozlik oilalar bor, ular yurtiga berilgan nomlarni hamon saqlab kelishyapti. Misrlik tarixchilarning yozishicha, ushbu mahallaning tashkil etilish tarixi XIV asrning oxirlariga borib taqaladi. Mamluk davlati hukmronligi davrida, Sulton Qaytbay Atabek qo'shin qo'mondoni Sayfiddin O'zbekni janglardagi katta g'alabalari uchun mukofotlashga qaror qilgan va unga Qohira markazidan 60 akr erni hadya qilgan, tez orada bu erda hovuz hamda uning atrofida bog' qurilib “O'zbakiya” (o'zbek) nomi bilan atala boshlangan. 1495 yilga kelib, O'zbakiya Qohira shahrining markazida joylashgan katta mahallaga aylandi.

Tarixchi olima Mojida Maxlufning yozishicha, markaziy osiyoliklarning Yaqin Sharq hududiga kirib kelishi uzoq tarixga ega bo'lib, Abbosiylar sulolasi boshqaruvi yillarida qo'shin tarkibida o'rta osiyolik turkiylar alohida nufuzga ega edilar. Ular abbosiy hukmdorlar bilan birgalikda va ulardan keyingi yillarda Mamluklar saltanati tarkibida islom dini ravnaqi yo'lida xizmat qilib, Yaqin Sharq hududlarida mustaqil amirliklarni tashkil qildi. Shuningdek, mavjud hukmdor sulolalari saroyida nufuzli mansablarda xizmat qilishgan. Huddi shunday amirliklardan biri Tuluniya edi. Asli buxorolik Ahmad ibn Tulun oilasi Misrda mustaqil davlat barpo etib, 868 yili Tuluniya amirligiga asos soldi. Bu oila Misrda o'ttiz sakkiz yil hukmronlik qildi. Manbalarda aytilishicha, o'rta osiyolik bu hukmdor “Misrdan Furotgacha, bu yog'i esa Marokash yurtlarigacha hukmronlik qilib, adolat o'rnatgan, hatto Bag'dod xalifaligiga nomzodi qo'yilgan, u xalqiga adolatli, saxovatpesha dilbar bir shaxs bo'lgan”. Ahmad ibn Tulun va o'g'li Humorviya davri Misr tarixidagi oltin davr hisoblanadi. Huddi shu davrdan, Misr tarixida o'rta osiyoliklar, jumladan o'zbeklar ma'lum ahamiyat kasb eta boshlagan.

Tuluniylardan so'ng Misrda “ixshidiy” nomi bilan mashhur, asli farg'onalik Muhammad ibn Tog'och ibn Jaf Ixshidlar davlatiga asos soldi. U Misrda o'ttiz besh yil hukmronlik qildi. Mojida Maxlufning yozishicha,“o'zbeklar Qora va O'rta er dengizi bo'yida joylashgan podshohliklar sultonlarining doimiy e'tiborida bo'lishgan. Aslida aksariyat sultonlarning kelib chiqishi qipchoq (o'zbek) diyoridan bo'lgan”. Masalan, Misr sultoni Zohir Beybars o'zbeklar bilan ittifoq tuzishga intilgan. Misrlik olim Zaki Muhammad Hasanning fikriga ko'ra, o'zbeklarning Misr podshohlari idoraviy hayotida ham o'z o'rni bo'lgan. Ular podshohlik kengashi amiri, qo'shin qo'mondoni, qurol-yarog' amiri, karvonlar amiri, haj amiri kabi e'tiborli va oliy mansablarga ega bo'lishgan. O'zbeklarning davlat boshqaruvi tizimida xizmat qilishi, boshqaruv san'atidan tortib, me'morchilik an'analarigacha o'z ta'sirini ko'rsatgan[3].

Misr tarixining keyingi davrlarida ham o'zbeklar nufuzli oilalardan bo'lishgan. Usmoniylar davrida ham Misrda o'zbek oilalari mavjud edi. Usmoniylar davridagi arxiv hujjatlarida Qohiradagi O'zbek mahallasi O'rta Osiyodan kelgan barcha o'zbeklarni yaxshi kutib olganligi haqida ma'lumotlar bor. Ucmoniylar davlati ularga Sultonlar vaqfidan mablag' ajratgan. Hususan, manbalarda Qohiraning markazida joylashgan, Qozi Muhiddin Abd al-Qodir O'zbekiy tomonidan qurilgan “ash-Sha'roniy” takyasi doimiy ravishda hukumdorlar e'tibori va homiyligida bo'lganligi to'g'risida, bu takyada o'rta osiyolik hojilar, naqshbandiya tariqati sufiylari domiy ravishda kelib turganligi to'g'risida ma'lumotlar bor. Davrlar o'tib, Yaqin Sharqda, jumladan Qohira shahrida yashagan o'rta osiyoliklar mahalliy aholiga singib ketdi – til, madaniyat va urf- odatlarining ma'lum bir belgilari saqlanib qoldi. Shunday belgilardan biri bu o'zbek etnosi bilan bog'liq bo'lgan joy nomlaridir.

Suratda: Qohiradagi O'zbakiya mahallasi, 1867 yil.

Al-O'zbakiya (o'zbek) mahallasi Qohiradagi eng mashhur mahallalardan biri hisoblanadi, uning katta qismi Hadiv Ismoil poshsho davrida bunyod qilingan. Mahalla Al-Ataba maydoni, O'zbakiya bog'i hamda O'zbakiya teatrini o'z ichiga qamrab olgan. Usmoniylarning Misrdagi hukmronligi boshlanar ekan, bu mahallaning ravnaqi yanada jonlandi.

Manbalarda aytilishicha, shu davrlarda bu mahallada asli kelib chiqishi O'rta Osiyodan bo'lgan turli turkiy xalqlar yashab ular umumiy nom bilan o'zbeklar deb atalgan. Davr o'tishi bilan ular mahalliy xalq orasiga shu qadar chuqur singib ketganki, natijada o'zbeklar alohida etnik guruh sifatidagi xususiyatini yo'qotgan. Biroq, o'zbek nomi hali hamon saqlanib kelmoqda[4]. Masalan, O'zbakiya bog'i shunday joylardan biridir. Taxminan XIV asrda O'rta Osiyodan kelgan o'zbeklar avlodidan bo'lgan Sayfiddin O'zbek tomonidan katta bog' va hovuz barpo qilingan. Keyinchalik uning o'rnida frantsuz uslubidagi yangi bog' barpo qilingan. Bog' nomi esa hozirga qadar o'zbek nomi bilan saqlanib qolgan . “Bu bog' hozirda juda kichik bo'lib qolgan, deydi – muallif bilan Twitter orqali suhbatda ushbu bog' yaqinida bolalik yillari o'tgan Yosin – Shunday bo'lsada, bu joy hamon Qohiraning eng so'lim va salqin manzillaridan biri, bog' atrofida XVIII-XIX asrlarda o'rta osiyolik turkiylar yashaganligi to'g'risida ma'lumotlarni eshitganman, ammo hozir ularni farqlab bo'lmaydi. Ba'zan O'zbakiya mahallasida yashovchi mahalliy aholi orasida buxoriylar, turkistoniylar va o'zbakilar nomli guruhlarni uchratish mumkin. Ular arab tilida so'zlashadi, urf-odatlari ham biznikidan farq qilmaydi”.

Shavkat Ikromov,

 Yaqin Sharq davlatlari bo'yicha tadqiqotchi, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining o'qituvchisi, O'zbekiston Fanlar akademiyasi huzuridagi O'zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz doktoranti.

 

azon.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Muz nega suvda cho‘kmaydi? Beruniy va Ibn Sinoning ming yil oldingi ilmiy bahsi

14.08.2026   15611   6 min.
Muz nega suvda cho‘kmaydi? Beruniy va Ibn Sinoning ming yil oldingi ilmiy bahsi

Xorazmlik yosh mutafakkir Abu Rayhon Beruniyning Aristotel fizikasiga bildirgan tajribaviy e’tirozlari va Ibn Sino bilan yozishmalari X-XI asrlar bo‘sag‘asida Markaziy Osiyoda shakllangan mustaqil tanqidiy ilmiy fikrning eng yorqin namunasi hisoblanadi, xabar bermoqda O‘zA.

X asrning oxiri va XI asrning boshlarida Xorazm va Buxoro ilmiy muhitida antik davr yunon falsafasi hamda tabiiy fanlar merosini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan qiziqish nihoyatda kuchaydi. Aristotelning “Osmon va olam haqida” hamda “Fizika” asarlaridagi ayrim xulosalar o‘sha davr tadqiqotchilari tomonidan so‘zsiz haqiqat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda, taxminan 24–26 yoshlardagi Beruniy antik muallifning ayrim qarashlarini amaliy kuzatuv va matematik mantiq yordamida shubha ostiga oldi. Beruniy o‘z e’tirozlari va savollarini xat orqali Buxoroda yashab ijod qilayotgan, o‘sha vaqtda 17–19 yoshlarda bo‘lgan Ibn Sinoga yubordi. Ushbu tarixiy muloqotning bizgacha yetib kelgan matni Ibn Sinoning Beruniy tomonidan berilgan savollarga qator javoblaridan iborat. Manbashunos va sharqshunos Yu.Zavadovskiy ushbu qo‘lyozma matnini rus tiliga o‘girgan va u ilk bor 1957 yilda Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik, 1973 yilda Beruniy tavalludining 1000 yillik yubileyi munosabati bilan falsafa fanlari nomzodi A.Sharipov tomonidan tayyorlangan qayta nashrda ushbu yozishmalarning ilmiy ahamiyati yanada aniqroq yoritilgan.

Beruniyni Aristotel ta’limotidagi ba’zi fizik qoidalarning kuzatuv va tajribaga zid kelishi alohida tashvishga solgan edi. Xususan, “Fizika” bo‘limiga oid savollar orasida moddalarning nur sindirishi va issiqlik yig‘ish xususiyatiga oid aniq tajriba bayon qilinadi. Xorazmlik olim dumaloq va shaffof shisha idishni olib, uni suv bilan to‘ldirganda u billur lupa kabi quyosh nurlarini bir nuqtaga to‘plab, alanga oldirish xususiyatiga ega bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Agar ushbu idish suv o‘rniga havo bilan to‘ldirilsa, hech qanday nur yig‘ilmaydi va olov hosil bo‘lmaydi. Beruniy Ibn Sinoga murojaat qilib, suvning bunday o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatishi sababini va nega aynan suv mavjud bo‘lganda nurlar to‘planishini so‘raydi. Sharqshunos A.Sharipov tadqiqotlarida ta’kidlanganidek, bu kabi savollar Beruniyning shunchaki nazariy mulohaza yuritmagani, balki aniq fizik hodisalarni tajribada tekshirib ko‘rganini tasdiqlaydi.

Ibn Sino Beruniyning bu savoliga javob berar ekan, suvning tabiatan tiniq, zich va silliq jism ekanini, shu sababli u o‘zidan o‘tayotgan nurni akslantirish va qaytarish xususiyatiga egaligini tushuntiradi. Optimika masalalarida olimlar o‘rtasidagi bahs Platon va Aristotel maktablarining qarashlarini qiyoslash darajasigacha yetib boradi. Ibn Sino ko‘rish jarayoni ko‘zdan nur chiqishi orqali yuz bermaydi degan Aristotel pozitsiyasini himoya qiladi va bu borada Platon qarashlaridan farqli yondashuvni ilgari suradi.

Beruniyning yana bir e’tiborga loyiq tajribaviy savoli suv va muzning zichligi hamda og‘irligi o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan. Aristotel nazariyasiga ko‘ra, sovuq va toshsimon qattiq shaklga ega bo‘lgan muz o‘z mohiyatiga ko‘ra tuproq elementiga yaqinroq bo‘lishi va suv tubiga cho‘kishi kerak edi. Lekin Beruniy amaliyotda muzning suv yuzida suzib yurishini ko‘rib, bu hodisaning fizik sababini so‘raydi. Ibn Sino o‘z javobida suv muzlagan paytda uning tarkibida havo zarralari qotib qolishini va aynan shu suyuqlik ichidagi havo pufakchalari muzni suv tubiga cho‘kishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi. Yu.Zavadovskiy tomonidan o‘rganilgan ushbu ommaviy munozara o‘sha davr uchun moddalarning fizik holati va termodinamika boshlang‘ich tushunchalari bo‘yicha muhim qadam edi.

Kosmologiya va fazoviy geometriya sohasida ham Beruniy Aristotel da’volarini jiddiy sinovdan o‘tkazadi. Aristotel fazoda osmon sferasi og‘irlikka ham, yengillikka ham ega emas, chunki u markazga yoki markazdan atrofga harakat qilmaydi deb hisoblar edi. Beruniy esa xayoliy tafakkur nuqtayi nazaridan osmon jismi eng og‘ir jismlardan biri bo‘lishi mumkinligini, uning markazga tushmasligi uning vaznsizligini anglatmasligini ilgari suradi. Shuningdek, Beruniy fazo shakli borasida ham to‘xtalib, osmon sferasi mukammal sharsimon bo‘lishi shartligi, u tuxumsimon yoki yasmiqsimon shaklda ham bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ibn Sino esa geometriya va fizika dalillarini keltirib, agar sfera sharsimon bo‘lmasa, uning harakati paytida bo‘shliq hosil bo‘lishi zaruriyatini isbotlashga urinadi.

Aristotelning fazoda olamning o‘ng va chap tomonlari haqidagi qarashlari ham Beruniyning keskin tanqidiga uchraydi. Aristotel jismning o‘ng tomoni harakat boshlanadigan joy deb ta’rif berib, keyinchalik Osmon harakati sharqdan boshlanadi, demak Sharq – bu o‘ng tomon degan xulosa chiqargan edi. Beruniy bunday xulosa chiqarish logikada “mantiqiy aylana” xatoligiga olib kelishini ko‘rsatib o‘tadi. Ibn Sino o‘z javobida Aristotel osmon sferasini tirik jism sifatida tasavvur qilganini aytib, antik muallif mantig‘ini himoya qilishga harakat qiladi.

Ushbu yozishmalar matni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 2385-raqamli qo‘lyozmalar fondida saqlanib qolgan. Mazkur manbaning bizgacha yetib kelishida xatlarni ko‘chirib yozgan faqih Ma’sumiyning xizmati borligi xat oxiridagi qaydlarda eslatib o‘tiladi. Yu.Zavadovskiy va A.Sharipov tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XI asr boshidagi bu ilmiy bahs nafaqat ikki mutafakkirning shaxsiy muloqoti, balki Turonda tabiatshunoslik fanlari va kuzatuv tajribalariga asoslangan yangi ilmiy uslub shakllanganining tarixiy isbotidir.

Beruniy va Ibn Sino o‘rtasidagi yozishmalar X-XI asrlarda Xorazm va Buxoroda shakllangan ilmiy tafakkur darajasi antik davr falsafasini shunchaki o‘zlashtirish bilan cheklanmay, uni aniq tajriba va mantiqiy tahlil vositasida tanqidiy qayta ko‘rib chiqish bosqichiga ko‘tarilganini anglatadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar