Ona tilim – jonu dilim
Til har kuni, har lahzada millionlar tomonidan qo'llanib, tinimsiz o'zgarib turadigan ulkan jarayon. Hususan, keyingi o'n-o'n besh yil mobaynida ijtimoiy hayotda ro'y berayotgan yangiliklar tilimizga zo'r ta'sir o'tkazdi. Masalan, dinga aloqador talay so'zlar yozilishida ancha o'zgarish yuz berdi.
Gapni “Bismilloh”dan boshlaylik.
Ilgari kitoblarda “Bismillohir rahmonir rahim” deb yozilar edi. Endi bo'lsa, o'n kitobda o'n xil: “Bismillahir rohmanir rohiym” (Fariduddin Attor, “Tazkiratul avliyo”. “O'zbekiston milliy entsiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, T., 1997). “Bismillohirrahmonirrahim” (“Tahorat va namoz o'qish qoidalari”. “Honaqoh” masjidi, 1990), “Bi-smi-l-lahi-r-rahmonir-rahiym” (Zahiriddin Muhammad Bobur, “Kitobu-s-salot”. Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, T., 1993), “Bismillohir-rahmonir-rahim” (Alisher Navoiy. “Mukammal asarlar to'plami”. O'zR FA “Fan” nashriyoti, 20 tomlik, XIV tom, T., 1998, 7-b), “Bismillahir Rahmanir Rohim” (S.S. Buxoriy, “Dilda yor”. G'afur G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyoti), “Bismillahir rahmaanir rohiiym” (“Islom. Payg'ambarimiz duolari”, “Islomda e'tiqod, Ikki hayit va juma namozi xutbalari”, Marg'ilon, “Masjidul Furqon”) va hokazo.
Taajjubki, avvalgining teskarisi: oldin qayerda “a” yozilgan bo'lsa, endi “o” qilib, “o” ni esa “a” deb yozish kerak emish. (Rahmon – Rohman). Birgina “Rahim” so'zida nihoyati beshta tovush bo'lsa, buning eski va yangi shakli o'rtasida uchta harf tafovuti yuzaga kelyapti. Ya'ni, o'zgarish 60 foiz. Olloh-Alloh, din-diyn, imon-iymon, vali-valiy, tariqat-tariyqat, rasul-rosul va hokazolar haqida ham shunday gaplarni aytish mumkin.
Ho'p, bu o'zgarishlar yaxshi niyat bilan – diniy kalimalarni asl arabcha yoki unga yaqin ifodalashga intilishdan kelib chiqadi, deylik. Ammo, o'zingiz o'ylab ko'ring, arab tilidan kirib kelgan so'zlarni xuddi arablardek talaffuz qila olamizmi? Shunga urinish to'g'rimi o'zi?
Diniy atamalar imlosi sof ilmiy masala bo'lish bilan birga, ko'p hamdir. Dunyoning hamma xalqlari chetdan kirgan so'z va atamalarni o'z tiliga moslashtirib, talaffuz qiladi, shunday yozadi ham. Arablar “javhar” deydi, “Shosh” deydi, chunki “gavhar”, “Choch” deyishga tili kelishmaydi. Biz esa, nima uchundir, qaysi tildan so'z olar bo'lsak, o'shanga moslashishga urinamiz, ona tilimiz xossalari poymol bo'layotgani bilan ishimiz yo'q.
Bilmadim, ba'zilarning tabiati shunaqa shekilli. Har kimga tobe bo'lishga shay. Butun dunyo: inglizlardan tortib, arablargacha Rossiya poytaxtini “Moskov” deydi, ruslarning o'zi ham jumla ichida “Moskovskiye novosti” deb ataydi, ammo biz hijjalab: “Moskva”, deymiz.
O'zbek tilidagi nutqda – u og'zaki bo'ladimi yoki yozma – o'zbek tili xususiyatlari ustun bo'lishi kerak. Bu hol arabchadan kirgan diniy kalimalar imlosiga ham to'la taalluqli. Fonetika sohasida shunday tajribalar o'tkazilganmi yo yo'qligini bilmayman, ammo men uchun “rohiym” deyishdan ko'ra “rahim” deyish qulayroq.
Otalarimiz “Alloh”, “rasul”, “tariqat” degan va bu shakl o'zbek tilining orfoepiyasiga to'la muvofiq keladi. Bugunga kelib “tariqat” emas, “tariyqat” to'g'ri deb topiladigan bo'lsa, unda “haqiqat”ni “haqiyqat”, “Farida”ni “Fariyda” deb yozishga to'g'ri keladi va hokazo. Yuz-yuzlab so'zlar shakli o'zgaradi, o'zbek imlosi parokanda bo'ladi.
Bu kabi “tahrir” va “isloh”larni quloq qoqmay qabul etaveradigan bo'lsak, hademay forsiycha so'zlarni ham taftish qilishga kirishamiz: payg'ambar – payg'ombarga, rahbar – rohbarga aylanadi.
Arab so'zlarini, harchand urinmaylik, kirillu lotin alifbolarida baribir mukammal ifodalab bo'lmaydi. Binobarin, diniy kalimalarni, hozirgacha yozib kelinganiday, lug'atlarga muvofiq beraverish maqsadga muvofiq.
* * *
Fors-tojik, rus va boshqa tillardan kirgan qo'shma so'zlarni o'zbek so'zi kabi yozamiz (xushomad, nuqtai nazar, elektrostantsiya, interaktiv). Ammo arab tilidan olingan aksar so'z birikmalari, nima uchundir, defis (-) bilan ifodalanadi (“Mahbub ul-qulub”, “Yatimimat ad-dahr”). Aslida, arab yozuvida defis degan narsaning o'zi yo'q. Ruslarning arabcha kishi ismlari (Sayfiddin, Hudoyorxon, Ummi Kulsum) va joy nomlari (Qo'qonqishloq) orasiga defis qo'yishi (Sayf-ed-din, Hudayar-Han, Umm-al' Kul'sum, Kokan-kishlak)ning ham arab imlosiga aloqasi yo'q. Bu g'arblik sharqshunoslar ixtirosi bo'lib, so'z o'zagidan artiklni farqlash uchun oraga chiziqcha qo'yishgan. Masalan, Alisher Navoiy asarini “Nazm-al'-Djavaxir” deb yozadi. Keyinchalik Sharqqa tegishli har qanday so'z birikmasi, hatto arabiy bo'lmasa ham, defis bilan yoziladigan bo'ldi (“Babur-name”). Ajabki, Yevropaning o'zidagi joy nomlari, hatto qo'shma otlardan tashkil topgan bo'lsa ham, defissiz yoziladi (Budapesht, Shtutgart, Volgograd).
Bugina emas. G'arb imlosida nafaqat arab, balki umuman Sharqqa (xitoy, yapon, hind, v'etnam, koreys…) tegishli har qanday so'zni defis bilan parchalab yozish an'anaga aylangan. Ular “Uchquduq”ni ham “Uch-kuduk” deb yozadi.
Hullas, til millat ko'zgusi. Ajnabiy tildan o'zlashtirilgan yoki o'zlashtirilayotgan har qanday so'z o'zbek tili grammatikasiga moslashishi shart. Aks holda ma'naviyatimizga, o'zligimizga darz ketadi. Bu esa juda xavflidir.
Zuhriddin ISOMIDDINOV,
adabiyotshunos olim
Mol-dunyo masalasida o‘zingizdan pastroqdagilarga qarang, dedik. Lekin dinu diyonat masalasida doim o‘zingizdan oldindagilarga qarang, ulardan ibrat oling, ularga yetib olishga intiling. Dunyo, boylik, sog‘lik va go‘zallik borasida o‘zingizdan quyidagilarga qarab, cheksiz marhamati uchun Allohga shukr qilsangiz, hayotingiz baxt-saodatga to‘ladi, Alloh taolo sizni shukr va sabr qiluvchilar safiga yozib, fazlu marhamati bilan ularga beriladigan mukofotlaridan sizga ham beradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
«Kimda ikki xislat bor bo‘lsa, Alloh uni shukr qiluvchi, sabr qiluvchi deb yozib qo‘yadi. Kimda bu ikki xislat bo‘lmasa, Alloh uni shukr qiluvchi ham, sabr qiluvchi ham deb yozmaydi. Dinu diyonatda o‘zidan yuqoridagilarga qarab, ularga ergashsa; mol-dunyoda esa o‘zidan pastdagilarga qarab, o‘zini ulardan afzal qilgan Allohga hamd aytsa, Alloh uni shukr qiluvchi, sabr qiluvchi deb yozib qo‘yadi. Kim din borasida o‘zidan pastdagilarga, dunyo borasida esa o‘zidan yuqoridagilarga qarab, o‘zi yetisha olmagan narsaga afsuslansa, Alloh uni shukr qiluvchi ham, sabr qiluvchi ham deb yozmaydi» (Imom Termiziy rivoyati).
Uch xil qarash qalbingizdagi mahzunlikni ketkazadi:
- birovlardagi narsalarga rozilik ko‘zi bilan qarash;
- musibatga uchraganlarga ibrat ko‘zi bilan qarash;
- ahvoli sizdan yomonroq, holi xarobroq odamlarga qarash.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.