Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Olmoniya sharqshunos olimalaridan bo'lmish Sigrid Hunke o'zining “Alloh taoloning g'arbga porlagan quyoshi” asarida arablarning fazilati borasida shunday deydi: “Salohiddin Ayyubiy Baytul Maqdisni milodiy 1187 yilda egallab oladi (qaytarib oladi). Undan avval 1099 yilda salbchilar u erni misli ko'rilmagan vahshiyliklar, qon to'kishlar bilan egallashgan edi. Ammo vahshiylarcha to'kilgan musulmonlar qoni intiqomi uchun Salohiddin Ayyubiy bu erdagi nasroniylarning qonini to'kmadi. Balki, ularga o'zining odamiyligini, saxiyligini va mehribonligini ko'rsatdi hamda oliy sarkardalik ruhi bilan xulqlanishda zarbul masal va o'rnak bo'ldi. Lekin, musulmonlardan farqli o'laroq, nasroniy sarkardalar ulug' kalima va asirlar qarshisida hech qanday oliyjanob xulqqa ega emasliklarini mamoyon etdilar. Masalan, ularning boshlig'i bo'lmish “Sher yurak” laqabi bilan tanilgan Richard musulmonlardan 3000 asirni omon qoldirishga o'zining ulug'ligi bilan qasam ichadi. Lekin to'satdan kayfiyati o'zgarib, ularning barchasini o'ldirishga buyuradi.
BAYTUL MAQDISDA
Baytul Maqdisdagi ahli zimmalardan biri o'z xo'jayiniga musulmonlarning Salohiddin Ayyubiy boshchiligida Baytul Maqdisga kirayotgan paytdagi hodisani shunday rivoyat qiladi: Masjiddagi voqealarni o'z ko'zi bilan ko'rgan va eshitgan guvoh kelib aytdi: “Men masjidga kirganimda meni hech kim to'smadi va surishtirmadi. Natijada musulmonlar bilan aralashib ketdim. Ular bir erda jamlanib o'tirishar, barchalarining o'tirgan erlari bir xil, hatto boshliqlarini ham ajratishning iloji yo'q edi. Ularning a'zolari va harakatlari sukunatda, Alloh taologa toatda edi. Men ulardan ajablandim: qanday qilib urush maydonida dushmanlaru shaytonlarni aqldan ozdiradilar-u bu erda bo'ysungan dindorga aylanadilar?! U erda voizni ko'rdim. U minbarga chiqib xutba qildi. Agar ushbu mav'izani cho'ldagi qumlarga qilinganda, albatta, ular harakatga kelar, otliqlarga aylanar, shu hol davom etib, hatto er yuzasi ochilib qolardi. Agar shuni hech narsani eshitmaydigan tosh eshitganda, unda hayot paydo bo'lib, ruh hosil bo'lar edi!
Men ularni, modomiki, musulmon ekanlar, agar-chi ularga qarshi butun dunyo davlatlari jamlansa ham, hech qachon mag'lub bo'lmasliklarini bildim. Chunki ulardagi iymon quvvati o'zlaridagi har qanday quvvatdan kuchlidir. Aksar insonlar o'limdan qo'rqadilar. Lekin ularni biror narsa cho'chita olmaydi. Chunki ular o'limni yaxshi ko'radilar va unga intiladilar, ya'ni Robbilarining visoli tomon oshiqadilar.
Yo'q! Bizning qavmimiz bu diyorni hargiz umid qilmasin. Men sizlarga aytyapman. Darhaqiqat, men u qavm borasida juda yaxshi ma'lumotga ega bo'ldim, ular bilan aralashib, o'zaro suhbat qurdim hamda diyonatlari va go'zal xislatlaridan voqif bo'ldim. Yo'q! Biz uchun u erda nasiba yo'q”.
Batahqiq, shu kuni salbchilar yuz yil muqimlikdan so'ng bu erdan ketishdi va hech qachon qaytishmadi. Bu qubbada nasroniylarning ham, yahudiylarning ham emas, balki Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shiorlari oliy bo'ldi. Albatta, bu erdagi har bir maskan o'zgardi va bu erdagi har bir tug'ilajak bola Salohiddinga aylandi. Bizning qavmimiz qonlarni bekorga to'kmadi va insonlarni bekorga o'ldirmadi.
Ali Tantoviyning “Tarixdan qissalar” kitobidan
Farhodbek ASATULLAYeV tarjimasi
Islom.uz saytidan olindi
Al-Azhar universiteti huzuridagi Xorijiy talabalar ta’limini rivojlantirish markazida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti professor-o‘qituvchilari uchun tashkil etilgan arab tili bo‘yicha malaka oshirish dasturi yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ikki hafta davom etgan o‘quv kursi arab tili o‘qituvchilarining kasbiy salohiyatini oshirish, zamonaviy pedagogik yondashuvlar va til o‘qitishning ilg‘or metodikalarini o‘rganishga qaratildi.
Dastur yakunida o‘tkazilgan tantanali marosimda markaz rahbari, professor-doktor Nahla as-Saidiy ishtirokchilarga sertifikatlarni topshirdi. U mazkur tashabbus Al-Azharning arab tilini xalqaro miqyosda ommalashtirishga qaratilgan loyihalari doirasida amalga oshirilganini ta’kidladi.
Tadbir davomida ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Nahla as-Saidiy Toshkent islom instituti bilan akademik aloqalarni mustahkamlash va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish maqsadida hamkorlik memorandumini imzolash tashabbusini ilgari surdi.
O‘z navbatida, Toshkent islom instituti vakillari dastur yuqori saviyada tashkil etilgani uchun Al-Azhar universiteti rahbariyatiga minnatdorlik bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati