Rahbarga qarshi isyon ko'tarish xavorijlarning amalidir. Havorijlar hazrat Ali roziyallohu anhuning rahbariyatini tan olmay, u kishiga qarshi chiqib, tarixda isyonga asos solgan birinchi toifa bo'lgan. Ular haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldindan: "Havorijlar — jahannam ahlining itlari", deb ogohlantirganlar. Ming afsuslar bo'lsinki, hazrat Ali roziyallohu anhudek ulug' sahobaning rahbarligiga qarshi chiqish bilan peshonalariga "xavorij" degan tamg'ani ilib ketgan bid'atchilarning izdosh avlodlari hozirgacha davom etib kelmoqda. Ho'sh bunday fitnalar qiyomatgacha davom etar ekan, bunday vaqtda musulmon banda nima qilishi kerak?
Sahobalardan Huzayfa ibn al-Yamoniy roziyallohu anhu Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “sirlari sohibi”dir. Bu sahoba Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Yo, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam! Biz oddiy bir basharmiz. Alloh bizga yaxshilik qildi, shu yaxshilikning ichidamiz. Ana shu yaxshilikdan keyin yomonlik ham keladimi?” deb so'radi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ha!” deb javob berdilar. Huzayfa roziyallohu anhu: “Mana shu yomonlikdan keyin ham yaxshilik keladimi?” deb yana so'radi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunga ham: “Ha!” deb javob berdilar. Uchinchi marta Huzayfa roziyallohu anhu: “Ana shu yaxshilikdan keyin ham yomonlik keladimi?” deb so'ragan edi Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunga ham: “Ha!” deb javob berdilar. Shunda Huzayfa roziyallohu anhu bu qanday bo'lishini so'radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar:
يكون بعدى ائمة لا يهتدون بهداى و لا يستنون بسنتى و سيقوم فيهم رجال قلوبهم قلوب الشياطين فى جثمان إنس
"Mendan keyin rahbar(imom)lar mening yo'limda yurmaydilar, mening sunnatimni qilmaydilar. Ularning orasida inson jussasidagi shaytoniy qalbli kishilar bo'ladi".
Shunda Huzayfa roziyallohu anhu: “Agar o'sha davrda men bo'lsam, nima qilay?” deb so'radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga bunday buyurdilar:
تسمع و تطيع للأمير و إن ضرب ظهرك و أخذ مالك فاسمع و أطع
“Amiringni eshitasan, unga itoat qilasan! Agar orqangga ursa ham, mol-dunyongni olib qo'ysa ham, eshitgin va itoat qilgin!” (Imom Muslim, 3/1847; Imom Bayhaqiy, 8/16394; Imom Hokim, 8/8533).
Mazkur hadisda davlat raxbariga itoat qilish aytilmoqda. Yana bazi bir odamlar bugun ijtimoiy tarmoqdan turib oshkora podshohga murojaat, shikoyat yoki nasihatlar tanbehlar qilmoqdalar.
O'z o'rnida shuni ham ta'kidlash joizki, oddiy fuqaroning sultonga nasihati hech qachon jamoatchilikka oshkor qilinmaydi. Nasihat qilish imkoni bo'lsa, faqat podshohning yolg'iz o'zigagina aytiladi xolos. Nasihat ommaga oshkora bo'lsa, buning oqibati fitna bo'ladi. Halqning birdamligiga futur etadi. Shuning uchun ahli sunna aqidasida podshohga oshkora nasihat qilishdan qaytariladi. Bu ham ahli sunna aqidaviy mazhabining asl qoidalaridan biridir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu haqda bunday deganlar:
مَنْ أَرَادَ أَنْ يَنْصَحَ لِسُلْطَانٍ بِأَمْرٍ فَلَا يُبْدِ لَهُ عَلَانِيَةً وَلَكِنْ لِيَأْخُذْ بِيَدِهِ فَيَخْلُوَ بِهِ فَإِنْ قَبِلَ مِنْهُ فَذَاكَ وَإِلَّا كَانَ قَدْ أَدَّى الَّذِي عَلَيْهِ لَهُ
"Kimki saltanat egasiga nasihat qilishni istasa, bas, uni oshkora qilmasin. Balki uning qo'lidan ushlab xoli erga o'tsin. Agar qabul qilsa juda yaxshi, agar qabul qilmasa u zimmasidagi ishni ado qilgan bo'laveradi" (Imom Ahmad rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning "bas, uni oshkora qilmasin" deb nasihatni oshkor e'lon qilishdan qaytarishlari uni maxfiy qilish vojibligiga dalolat qiladi.
Bu haqiqatlarni zamonamiz xavorijlari yaxshi bilib olishlari shart! Yana bilib qo'ysinlarki, ularning internet va OAV orqali mamlakat rahbariga qarshi tashviqotlari asli ahli sunna aqidasiga teskari va xilofdir!
Yunusxon domla YuSUFHON o'g'li,
Farg'ona viloyati, Toshloq tumani bosh imom-xatibi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimizda inson qadri, e’tiqodi va vijdon erkinligini ta’minlab beruvchi asosiy qonun sifatida muhim o‘rin tutadi. Asosiy qonunimizning 31-moddasida har bir fuqaroga vijdon erkinligi kafolatlanishi belgilangan bo‘lib, bu insonning qaysi din va e’tiqodga amal qilishi yoki umuman dinga e’tiqod qilmasligi uning shaxsiy tanlovi ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Islom ta’limotida ham inson irodasi va e’tiqod erkinligi alohida qadrlanadi. Qur’ondagi “Dinda majburlash yo‘q” (Baqara surasi, 256) degan oyat e’tiqodning faqat ixlos bilan bo‘lishi, majburlashga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi illohiy qoidani belgilaydi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam Madinada turli din vakillari bilan tinchlik va o‘zaro hurmat asosida yashaganlari bu tamoyilning amaliy namunasidir.
So‘nggi yillarda, xususan, 2025 yilda yurtimizda vijdon erkinligi borasida muhim huquqiy qadamlar tashlandi. Shu yilda “Fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” tasdiqlandi. Ushbu hujjatda dinlar o‘rtasida tenglik, diniy tashkilotlar faoliyatining shaffofligi, konfessiyalararo totuvlik va davlatning neytral, adolatli pozitsiyasi aniq belgilab berildi.
2023–2025 yillar davomida diniy sohada qator amaliy islohotlar amalga oshirildi: diniy adabiyotlar ekspertizasi soddalashtirildi, Haj va Umra tadbirlarining tashkil etilishi yanada qulaylashtirildi, diniy ta’lim markazlari faoliyati kengaytirildi. Bu o‘zgarishlar Konstitutsiyada belgilangan vijdon erkinligi tamoyillarining hayotdagi amaliy ifodasi ekanini ko‘rsatadi.
Bugun O‘zbekistonda e’tiqod erkinligi nafaqat qonunlarda, balki amalda ham kafolatlangan. Konstitutsiya va islomiy ma’naviyatdagi inson sha’ni, adolat va bag‘rikenglik tamoyillari bir-birini to‘ldirib, yurtimizda totuvlik, hamjihatlik va ma’naviy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bu ishlar mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz o‘rtasidagi birdamlikning muhim asosidir.
Jahongir Hotamov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Huquqshunoslik bo‘limi boshlig‘i