Payg'ambar alayhissalom Alloh taolo Qur'onda:
وَمَا كُنْتَ تَتْلُو مِنْ قَبْلِهِ مِنْ كِتَابٍ وَلَا تَخُطُّهُ بِيَمِينِكَ إِذًا لَارْتَابَ الْمُبْطِلُونَ
ya'ni: “Siz ilgari biror kitobni tilovat qiluvchi emas edingiz va qo'lingiz bilan xat ham yozgan emas edingiz. Aks holda buzg'unchilar, albatta, shubhaga tushgan bo'lur edilar” (Ankabut surasi, 48-oyat), deb guvohlik berganidek, o'qishni ham, yozishni ham bilmaydigan besavod bir kishi edilar. Shuning uchun ham Rasululloh sallallohu layhi savallam o'zlariga kelgan vahiyni nozil bo'lish vaqtidayoq yodlab olishga harakat qilar edilar. Bunga quyidagi oyatda ishora qilingan:
لَا تُحَرِّكْ بِهِ لِسَانَكَ لِتَعْجَلَ بِهِ. إِنَّ عَلَيْنَا جَمْعَهُ وَقُرْآَنَهُ.فَإِذَا قَرَأْنَاهُ فَاتَّبِعْ قُرْآَنَهُ.ثُمَّ إِنَّ عَلَيْنَا بَيَانَهُ.
ya'ni: “(Ey, Muhammad! Qur'onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan (ko'p) harakatlantiravermang.Zero, uni (Sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizdagi) qiroati ham Bizning zimmamizdadir.Bas, qachon Biz (Jabroil tilida) uni o'qisak, Siz ham uni o'qishga ergashing!So'ngra uni (Qur'onni) bayon qilib berish ham, albatta, Bizning zimmamizdadir” (Qiyomat surasi, 16-19-oyatlar).
Rasululloh sallallohu layhi savallamning bir nechta kotiblari bo'lib, ular Qur'on oyatlarini suyak, hurmo barglari, yapaloq tosh va shunga o'xshash narsalarga yozib borar edilar. Yozilgan oyatlar Rasululloh sallallohu layhi savallamning uylarida turar, kotiblar ham o'zlari yodlashlari uchun undan ko'chirma olar edilar. Payg'ambar alayhissalom ularga har bir oyatni suraning qaysi joyiga qo'yilishini ko'rsatib berar edilar.
Ulamolar o'rtasida suralardagi oyatlarning joylashish tartibi tavqifiy (ya'ni, Rasululloh sallallohu layhi savallam tomonidan belgilangan) ekanligi haqida hech qanday ixtilof yo'q. Bunga Usmon ibn Os raziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadis dalil bo'ladi. U kishi shunday deganlar: “Men Rasululloh sallallohu layhi savallamning huzurlarida o'tirgan edim. Shu payt U zot ko'zlarini bir yumib ochdilar va shunday dedilar: “Hozir huzurimga Jabroil alayhissalom kelib mana bu oyatni mana bu suraga qo'yishimni buyurdilar”:
إِنَّ اللَّهَ يَأْمُرُ بِالْعَدْلِ وَالْإِحْسَانِ وَإِيتَاءِ ذِي الْقُرْبَى وَيَنْهَى عَنِ الْفَحْشَاءِ وَالْمُنْكَرِ وَالْبَغْيِ يَعِظُكُمْ لَعَلَّكُمْ تَذَكَّرُونَ
ya'ni: “Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyuradi hamda buzuqchilik, yovuz ishlar va zulmdan qaytaradi. Eslatma olursiz, deb (U) sizlarga (doimo) nasihat qilur” (Nahl surasi, 90-oyat).
Suralarning joylashishi tartibi haqida esa, ulamolar bir nechta fikrlar bildirishgan. Ba'zilari, uni sahobalarning ijtihodlari orqali tartib qilingan desa, boshqalar, tavqifiy deb aytishgan. Bu fikrlarning tavqifiy degani quvvatliroq. Darhaqiqat, Qur'onni to'liq yodlagan Ibn Mas'ud raziyallohu anhu kabi ba'zi sahobalar Payg'ambar alayhissalom bilan Jabroil alayhissalom o'rtalarida bo'ladigan Qur'on darslarida hozir bo'lishgan. O'shanda Qur'onning sura va oyatlari ana shu tartibda qiroat qilinar edi.
Rasululloh sallallohu layhi savallamning eng mashhur kotiblari to'rt xalifa, Ubay ibn Ka'b, Zayd ibn Sobit, Muoviya ibn Abu Sufyon, Yazid ibn Abu Sufyon, Mug'ira ibn Shu'ba, Zubayr ibn Avvom, Holid ibn Valid raziyallohu anhumlardir. Abdulloh ibn Mas'ud, Solim ibn Ma'qal, Muoz ibn Jabal, Ubay ibn Ka'b, Zayd ibn Sobit raziyallohu anhumlar Payg'ambar alayhissalomning davrlarida Qur'onni mukammal yodlagan sahobalar jumlasidandir.
Qur'ondagi Makkiy va Madaniy suralar
Yuqorida aytib o'tildiki, Qur'oni karim qariyib yigirma uch yil davomida nozil bo'ldi. Bu muddat ikki qismga bo'linadi: Rasululloh sallallohu layhi savallam Makkada hijratdan oldin yashagan o'n uch yil va hijratdan keyin Madinada yashagan o'n yil. Aynan mana shu jihatdan Qur'on suralari Makkiy va Madaniyga ajratiladi. Qur'oni karimni tushunishda suralarning Makkiy va Madaniyga ajratish katta ahamiyat kasb qiladi. Oyatning nosix (bekor qiluvchi) va mansux (bekor qilingan) ekanligi uni Makkiy yoki Madaniy ekanligini bilishga bog'liqdir.
Ulamolar o'rtasida Makkiy va Madaniy suralar haqida uch xil atama mavjud:
Birinchi, Makkiy deb Makkada nozil bo'lgan suraga aytiladi, garchi u hijratdan keyin nozil bo'lgan bo'lsa ham. Madaniy deb, Madinada nozil bo'lgan suraga aytiladi. Bu fikrga binoan safar vaqtida (Makka va Madinadan tashqarida) nozil bo'lgan suralar Makkiy ham emas, Madaniy ham emas, balki u alohida uchinchi qismdir.
Ikkinchi, Makkiy – Makka aholisiga qarata xitob qilingan oyatlar, Madaniy – Madina aholisiga qarata xitob qilingan oyatlar.
Uchinchi, eng mashhur fikr, Makkiy – hijratdan oldin nozil bo'lgan sura, Madaniy – hijratdan keyin nozil bo'lgan sura, garchi u Makkada nozil bo'lgan bo'lsa ham. Misol uchun, Niso surasi, Moida surasining 3-oyatidagi “Bugun men sizlarga diningizni komil qilib berdim” jumlasi. Yahyo ibn Salamdan shunday rivoyat ham bor: Makkada va Payg'ambar alayhissalom Madinaga etib bormay turib yo'lda nozil bo'lgan suralar Makkiy, Madinaga kelganlaridan keyingi safarlari davomida nozil bo'lgan suralar Madaniydir. Bundan hijrat safari mobaynida nozil bo'lgan surani ham Makkiy deb atash ma'lum bo'ladi.
Ulamolar Qur'on suralarining qaysilari Makkiy va qaysilari Madaniy ekanligi ustida tortishganlar. Ba'zilar Qur'ondagi 19ta sura Madaniy ekanligiga ulamolar ittifoq qilganlarini aytishgan. Ular: Baqara, Oli Imron, Niso, Moida, Anfol, Tavba, Nur, Ahzob, Qitol, Fath, Hujurot, Mujodala, Hashr, Mumtahana, Jum'a, Munafiqun, Taloq, Tahrim, Nasr. Qolgan suralar Makkiy bo'lib, ularning ba'zisiga ittifoq qilingan bo'lib, ularning soni 71ta, ba'zisi ustida ixtilof bor, ular 24ta. Makkiy ekanligi ustida ixtilof bo'lgan suralar quyidagilar: Fotiha, Yunus, Ra'd, Haj, Furqon, Yosin, Hadid, Sof, Tag'obun, Inson, Mutaffifin, Balad, Vallayl, Qadr, Bayyina, Zalzala, Odiyot, Takosur, Ma'un, Kavsar, Ixlos, Falaq, Nos. Ehtimol bu suralar ustidagi ixtilofning asosiy sababi, bu suralarning ko'pchiligining ba'zi oyatlari Makkiy, ba'zilari Madaniy bo'lganligidir.
Makkiy va Madaniy suralarning bir-biridan farqi
Ulamolar suralarning Makkiy yoki Madaniy ekanligini ajratadigan belgilarni aniqlashgan bo'lib, ular quyidagicha;
O'zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o'rinbosari
Homidjon Ishmatbekov
https://t.me/tuhur
Turk tili instituti Ilmiy kengashi a’zosi, filolog olim, professor Zeki Kaymaz O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– Avvalo, O‘zbekiston xalqini istiqlolning 35 yilligi munosabati bilan chin ko‘ngildan tabriklayman. O‘ttiz besh yil oz vaqt emas. Men yuz yildan oshgan mustaqil Turkiya fuqarosi sifatida Sizlarga ham yana ko‘p asrlar mustaqillik shodiyonasini nishonlashingizni tilayman.
Tarixga nazar tashlasak, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan yaqin munosabatda bo‘lib kelganmiz. Ayniqsa, Turkiyadagi milliy ozodlik kurashi davrida bizga bu diyordan jo‘natilgan ko‘makni doimo katta minnatdorlik bilan yodga olamiz.
Qardosh o‘zbek xalqi biz uchun doimo yaqin birodar, qalin do‘st bo‘lib kelgan. O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti bizni juda mamnun qiladi. Ushbu zaminga har borganimda go‘zal va obod mamlakatni ko‘ramaz. Yurtingizda madaniyat va ma’rifat o‘choqlari bisyor. Albatta, bu tamaddun va sivilizatsiyaning ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi.
Markaziy Osiyodagi ilk o‘rta asrlardagi Birinchi renessans hamda Amir Temur asos solgan Ikkinchi renessans davrlarida bu zaminda buyuk sivilizatsiya shakllandi. Toshkentda bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi, Imom Moturidiy ziyoratgohi kabi madaniy-ma’naviy maskanlar islom olamida muhim ahamiyatga ega.
Geostrategik mavqei nuqtayi nazaridan, men kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyo, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari orasida yorqin yulduz sifatida ko‘raman.
Buning sabablari bor, albatta. Avvalo, mamlakatdagi kuchli iqtisodiyot. Qolaversa, chuqur ildizlarga ega bo‘lgan boy madaniyat va tarix. Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va yaqin hamkorlik aloqalari ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Tilagim – do‘stlik rishtalarimiz yanada mustahkamlansin, davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yuqori darajaga ko‘tarilsin.
Yana bir bor mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman va o‘zbek xalqiga samimiy salomlarimni yo‘llayman.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati