Anbar Otin, Jahon Otin Uvaysiy, Zebuniso, Nodirabegimlar zukko ayollar bo'lishgan. Ular din, dunyo, siyosat va madaniyat sohasida ma'rifatli otinlar bo'lib, zamonasining ayol-qizlariga fiqhiy, ijtimoiy masalada yo'l-yo'riq ko'rsatishgan. Nodirai davronning etuk bilimga ega ekani uning asarlarini o'qiganimizda yaqqol ko'zga tashlanadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalar qatori diniy jabhada ulkan o'zgarishlar amalga oshirilmoqda. Aholining diniy-ma'rifiy saviyasini oshirish, bid'at va xurofotlarga barham berish, qalblarga sog'lom islomiy aqidani singdirishga ahamiyat berilmoqda. Bu jarayonda diniy soha xodimlari faol ishtirok etishlari lozim.
Otinoyilar ma'suliyatli vazifani tirikchilik manbaiga aylantirib olmasligi kerak. Ular zimmasida ma'raka yo ehsonlarda ikki og'iz duo qilish emas, balki din va jamiyat ravnaqi uchun xolis xizmat qilish bor. Bugungi otinoyidan diniy, dunyoviy ilmlarni egallash, yangiliklardan xabardor, o'z tarixini yaxshi bilgan, katta tajribaga ega, fidokor, xalqparvar bo'lish talab etiladi.
Afsuski, nafaqaga chiqib zerikib qolgan ham, hayotdan alamzada ayol ham muqaddas dinimizni o'rganmasdan otinoyilikka talabgor bo'lmoqda. Otinoyilikka bu tarzda biryoqlama yondashish din rivoji va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilmaydi.
Kechagina turli bid'at va xurofotlarni el orasida yoyib yurib, bugun davralarning to'rida “otin” bo'lib o'tirganlar oramizda yo'q emas. Otinoyi zimmasidagi mas'uliyat birgina ro'mol, go'zal qofiyadosh duo yoki notiqlik san'ati bilan so'zlash emas, balki xotin-qizlarning e'tiqodini to'g'ri shakllantirishdir. Buning uchun otinlarimiz Islom tarixidan yaxshi xabardor bo'lib, sahobiya onalarimizning hayotlarini chuqur bilishlari kerak.
Shukrki, farovon yurtda, ma'rifatli el orasida yashayapmiz. Bunday sharoitda dinga xizmat qilish ota-bobolarimizning orzusi bo'lgan.
Otinoyilarning bilimlari imtihon qilib ko'rilganda, aksariyatining bilim saviyasi pastligi sezilib qoldi. Ularning bilim va tajribalarini oshirish maqsadida malaka oshirish kurslari tashkil etildi. Bugungi otinoyi nafs balosidan, ilmsizlikdan uzoq bo'lishi, diniy-ma'rifiy tizimga doir qabul qilinayotgan qarorlardan, yangiliklardan xabardor bo'lishi lozim. Otinoyi o'zi o'rganmasa – o'rgatolmaydi, o'rgatolmasa – faoliyat yuritolmaydi.
Otinoyilarning diniy-ma'rifiy bilim va ko'nikmalarini shakllantirishda quyidagi jihatlarga e'tibor berilsa, maqsadga muvofiq bo'ladi:
Otinoyi keng diniy va dunyoviy bilimlarga ega bo'lsagina, insonlarga ma'rifat ulasha oladi.
Zilola SUYaROVA
Toshkent islom instituti talaba-qizlar bilan ishlash bo'yicha uslubchi
Cavol: Otam bilan Madinai munavvarada umra uchun ehromga kirib, Makkaga yo‘lga tushdik. Lekin yo‘lda havo sovub ketib, otam do‘ppi, kurtka va paypoq kiyib olishga majbur bo‘ldilar. Bu hol Makkaga yetib borgunimizcha davom etdi va ehromda umra qilib oldik. Savolim shuki, otam kiygan kiyimlarining har biri uchun alohida kafforat berilishi lozim bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Erkak kishi haj yoki umraga ehrom bog‘laganda zarurat sababli bir nechta tikilgan kiyimni bir kunduz yoki bir kecha (yoki jami 12 soat)dan kam muddat kiyib yursa bitta sadaqa – yarim so’ (2 kg atrofida) bug‘doy yoki uning qiymatini haram chegarasida faqirlarga sadaqa qilishi kifoya qiladi.
Agar bir kunduz yo kecha (12 soat)dan ko‘p muddat kiyib yurgan bo‘lsa, haram chegarasi ichida bitta jonliq so‘yishi yetarli. Kiyimlar bir nechta bo‘lishi bilan sadaqa yoki so‘yiladigan jonliqlar soni ko‘paymaydi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, erkak kishi ehromdalik holida sovqotib qolsa, tikilgan kiyim kiyib olmasdan, adyolga o‘xshash biror yopinchiq o‘ranib olish yoki keng kiyimni yengiga qo‘llarini kiritmasdan, yelkasidan tashlab olish ham mumkin. Buni kiyim kiyish deb hisoblanmagani uchun jinoyat sanalmaydi va kafforot ham lozim bo‘lmaydi (“Kamolud diroya” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.